Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
Buyrugʻi
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI AUDITORLIK FAOLIYATI MILLIY STANDARTI (80-SON AFMS) “MAXSUS SAVOLNI TEKShIRISh NATIJALARI BOʻYIChA AUDITOR HISOBOTI”NI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2003-yil 19-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1220]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 43-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3316, 30.07.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-sentabrdagi 365-son “Auditorlik faoliyatini takomillashtirish va auditorlik tekshiruvlarining ahamiyatini oshirish toʻgʻrisida”gi qaroriga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-martdagi PQ-2847-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq buyuraman:
1. Ilova qilinayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standarti (80-sonli AFMS) “Maxsus savolni tekshirish natijalari boʻyicha auditor hisoboti” tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2003-yil 27-yanvar,
13-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2003-yil 27-yanvardagi 13-son buyrugʻi bilan
“TASDIQLANGAN”
“TASDIQLANGAN”
Oʻzbekiston Respublikasi auditorlik faoliyatining milliy standarti (80-son AFMS) “Maxsus savolni tekshirish natijalari boʻyicha auditor hisoboti”
Mazkur Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standarti (80-son AFMS) Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-sentabrdagi 365-son “Auditorlik faoliyatni takomillashtirish va auditorlik tekshirishlarining ahamiyatini oshirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini meʼyoriy tartibga solishni belgilaydi.
§-1. UMUMIY QOIDALAR
1. Standartning maqsadi maxsus savolni tekshirish natijalari boʻyicha auditor hisobotini tuzish tartibini aniqlash hisoblanadi.
2. Mazkur standart talablari xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy axborotlarini auditorlik tekshiruvidan oʻtkazish chogʻida maxsus savolni (matn davomida — maxsus savol deb yuritiladi) tekshirishda barcha auditorlik tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
21. Auditorlik tashkilotlari maxsus savolni tekshirish chogʻida auditorlik xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq xalqaro audit standartlarini qoʻllashlari mumkin.
§-2. MAXSUS SAVOLNI TEKShIRISh NATIJALARI BOʻYIChA AUDITOR HISOBOTI
3. Auditor hisoboti quyidagilarning auditorlik tekshiruvlari yakunlari boʻyicha tuziladi:
a) moliyaviy hisobotning ayrim hisobvaraqlari yoki boʻlimlari (keyinchalik “moliyaviy hisobotning komponentlari yoki ayrim koʻrsatkichlari” deb yuritiladi) ularning toʻgʻriligini baholash maqsadida;
b) unumdorlikni va samaradorlikni baholash maqsadida xoʻjalik tizimining ayrim qismlari;
v) shartnoma shartlariga rioya qilish;
g) xoʻjalik yurituvchi subyekt xoʻjalik tizimining ayrim qismlari (elementlari) qonun hujjatlariga, shuningdek xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariyati tomonidan belgilangan meʼyor va qoidalarga mos kelishi;
d) konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobotning ayrim hisobvaraqlari yoki boʻlimlari;
e) boshqa moliyaviy axborot.
4. Maxsus savolni tekshirish buyurtmachisi moliyaviy axboroti tekshiriladigan xoʻjalik yurituvchi subyekt, uning mulkdori, ishtirokchi va aksiyadorlari, mazkur xoʻjalik yurituvchi subyektda maxsus savolni tekshirishni oʻtkazish tashabbuskori boʻlgan nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar boʻlishi mumkin.
5. Maxsus savolni tekshirishni oʻtkazish boʻyicha ishlarga tegishli tekshiruv buyurtmachisi hisobidan haq toʻlanadi.
§-3. MAXSUS SAVOLNI TEKShIRISh NATIJALARI BOʻYIChA AUDITOR HISOBOTINING MAZMUNI
6. Maxsus savolni tekshirish natijalari boʻyicha auditor hisoboti quyidagi elementlarni oʻz ichiga olishi lozim:
a) hisobotning nomi (tekshirilayotgan savolni koʻrsatgan holda, masalan, “XXX” korxonaning debitorlik va kreditorlik qarzlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani tekshirish natijalari boʻyicha auditorlik tashkilotining hisoboti”);
b) adresat;
v) kirish qismi:
auditorlik tashkilotining nomi, pochta manzili va boshqa rekvizitlari (auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziya raqami va berilgan sanasi, auditorlik tashkilotining davlat roʻyxatidan oʻtganligi haqidagi guvohnomasi raqami, hisob-kitob varagʻining raqami, telefonlar);
tekshiruvda ishtirok etgan auditor (auditorlar), shuningdek auditorlik tashkiloti rahbarining familiyasi, ismi-sharifi;
auditorlik tekshiruviga olingan maxsus savolning tavsifi (bayoni);
xoʻjalik yurituvchi subyekt auditorlik tashkilotiga taqdim etayotgan axborotning toʻgʻriligi uchun javobgar boʻlishi, auditorlik tashkiloti esa maxsus savolni tekshirish natijalari boʻyicha oʻz hisoboti uchun javobgarligiga oid koʻrsatma;
g) tahliliy qism:
maxsus savolni tekshirish chogʻida auditor tomonidan bajarilgan taomillar roʻyxati;
tekshiruv chogʻida qoʻllanilgan standartlarga havola;
aniqlangan qoidabuzarliklar (aniq dalillar);
d) yakuniy qism:
maxsus savolni tekshirish natijalari haqida auditorlik tashkilotining fikri;
e) maxsus savolni tekshirish natijalari boʻyicha auditor hisoboti topshirilgan sana;
j) auditor (auditorlar) va auditorlik tashkilotining rahbari imzolari.
(6-bandning “j” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2019-yil 27-fevraldagi 26-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1220-2, 25.03.2019-y.) tahrirda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.03.2019-y., 10/19/1220-2/2813-son)
7. Maxsus savolni tekshirish boʻyicha auditor hisobotining har bir sahifasi maxsus savol tekshiruvini oʻtkazgan auditor (auditorlar) tomonidan imzolanishi kerak.
8. Zarurat boʻlganda auditor hisobotda tekshiruv chogʻida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha belgilangan tartibga koʻra oʻtkaziladigan, tekshiruv obyektining unumdorligi va samaradorligi takomillashishiga va oshishiga olib keladigan tavsiyalar va takliflar berishi lozim.
9. Agar auditor tekshiruv obyekti boʻyicha bir xilda fikr bildira olmasa, u yakuniy qismdan oldin mazkur qarorining muhim asoslari tushuntiriladigan qoʻshimcha qismni kiritishi lozim. Auditor yakuniy qismdagi fikrni shakllantirishda qoʻshimcha qismda bayon qilingan asoslardan foydalanadi.
10. Auditorlik tashkiloti maxsus savolni tekshirish natijalari boʻyicha auditor hisoboti shaklining bir xilda boʻlishiga rioya qilishi lozim.
§-4. MAXSUS SAVOLNI TEKShIRISh NATIJALARI BOʻYIChA AUDITOR HISOBOTI UChUN JAVOBGARLIK
11. Auditorlik tashkiloti maxsus savolni tekshirish natijalari boʻyicha ataylab yolgʻon yoki notoʻgʻri hisobot tuzganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.