OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
Urbanizatsiya va uy-joy qurilishi sohasida islohotlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Urbanizatsiya sohasida nazariy va amaliy koʻnikmalarni oʻzida mujassam etgan zamonaviy kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish, aholi punktlarining hududlarini rivojlantirish va qurilishini shaharsozlik jihatidan rejalashtirishni yanada takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu qarorning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) bosh reja, hududlarning arxitektura-rejalashtirish loyihalari va bosh sxemalarini hamda batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish uchun barqaror moliyalashtirish mexanizmini yoʻlga qoʻyish;
(b) aholi punktlarining bosh rejalarini roʻyobga chiqarish mexanizmini yoʻlga qoʻyish;
(v) urbanizatsiya, kadastr va geodeziya sohalari uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash tizimini yaratish;
(g) urbanistika (geourbanistika), arxitektura va loyihalashtirish sohalaridagi subyektlarni kreativ yondashuv asosida yagona platformada birlashtirish.
II. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tartibini takomillashtirish
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) 2026-yil 1-noyabrdan boshlab Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Milliy qoʻmita) tomonidan master rejalarning yagona elektron reyestri yuritiladi va ularning raqamlashtirilgan nusxalari Milliy qoʻmitada saqlanadi. Bunda roʻyxatdan oʻtkazilmagan master rejalarni amalga oshirishga, shuningdek, ular asosida shaharsozlik, qurilish, investitsiya va boshqa faoliyatni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi;
(b) aholi punktining bosh rejasi tasdiqlangan kundan boshlab uch oy muddatda bosh rejani roʻyobga chiqarish boʻyicha kompleks dastur (keyingi oʻrinlarda — Kompleks dastur) ishlab chiqilib, belgilangan tartibda tasdiqlanadi. Bunda:
(i) Kompleks dastur uch yildan besh yilgacha boʻlgan muddatga moʻljallangan holda ishlab chiqiladi;
(ii) Kompleks dasturda belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish manbalari va muddatlari aniq koʻrsatib oʻtiladi;
(iii) Kompleks dasturning bajarilishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar kengashlarining majlislarida koʻrib chiqilishi hamda ommaviy axborot vositalarida yoritilishi lozim;
(v) bosh rejalari mavjud boʻlmagan yoki ishlab chiqilganiga 10 yil va undan ortiq muddat boʻlgan aholi punktlarining bosh rejalari va batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqilishi respublika budjeti hisobidan amalga oshiriladi;
(g) tasdiqlangan bosh rejalar va batafsil rejalashtirish loyihalariga belgilangan muddatdan avval oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hududlarning tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmalari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
(d) Milliy qoʻmita huzuridagi Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi (keyingi oʻrinlarda — Urbanizatsiya markazi) “Davlat shaharsozlik geoaxborot tizimi” idoralararo geoaxborot dasturiy kompleksining administratori hisoblanadi.
3. Master rejalarning yagona hisobi yuritilishini taʼminlash maqsadida 2026-yil yakuniga qadar:
(a) Hisob palatasi Milliy qoʻmita, Bosh prokuratura, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Turizm qoʻmitasi bilan birgalikda 2024 — 2026-yillarda budjet mablagʻlari hisobidan ishlab chiqilgan master rejalarni xatlovdan oʻtkazib, ularga sarflangan mablagʻlar samaradorligi yuzasidan oʻrganish oʻtkazsin;
(b) Milliy qoʻmita tasdiqlangan master rejalarning asl nusxalari oʻzida jamlanishini taʼminlasin.
III. Qurilish sohasini tartibga solish
4. Quyidagilar:
(a) qurilish bosqichlarini kuzatib borish maqsadida “Uy-joy” yagona raqamli urbanizatsiya platformasida (keyingi oʻrinlarda — “Uy-joy” AAT) shakllanadigan va “Shaffof qurilish” tizimi bilan integratsiya qilinadigan Istiqbolli qurilish hududining yagona identifikatori (keyingi oʻrinlarda — Yagona identifikator), Loyihaning raqamli pasporti va Kapital qurilish obyekti raqamli pasporti joriy etilsin;
(b) 2026-yil 1-oktabrdan boshlab Yagona identifikatorda identifikatsiya raqami olmasdan qurilishni boshlash uchun ruxsatnoma berish taqiqlansin;
(v) Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Milliy qoʻmita bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Yagona identifikatorda identifikatsiya raqami berish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(i) Loyihaning raqamli pasporti va Kapital qurilish obyekti raqamli pasporti tavsifi, ularni shakllantirish va yangilab borish;
(ii) davlat xizmatlarini koʻrsatishda, shuningdek, “Uy-joy” AAT va “Shaffof qurilish” tizimida qurilish obyektlarini hisobga olishda Yagona identifikatordan majburiy foydalanish;
(iii) kapital qurilish obyektlari klassifikatorini hamda ularni tegishli toifalarga kiritish mezonlari va metodologiyasini ishlab chiqish.
IV. Sohada kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish
5. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Milliy qoʻmitaning 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tarkibida Zamonaviy urbanistika va aglomeratsiyalarni boshqarish fakultetini (keyingi oʻrinlarda — fakultet) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
6. Belgilansinki:
(a) fakultet urbanizatsiya, shaharsozlik, aglomeratsiyalarni kompleks boshqarish, shahar iqtisodiyoti, yerdan samarali foydalanish, uy-joy bozorini rivojlantirish, shahar infratuzilmasini rejalashtirish hamda hududlarni barqaror rivojlantirish sohalarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashtiriladi;
(b) Milliy qoʻmita raisi lavozimiga koʻra Toshkent arxitektura-qurilish universitetining Kuzatuv kengashi raisi hisoblanadi. Bunda Kuzatuv kengashi Toshkent arxitektura-qurilish universitetining taʼlim dasturlarini amaliyot bilan uzviy bogʻlash, davlat organlari, loyiha tashkilotlari va xususiy sektor bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, bitiruvchilarni sohaviy tashkilotlarga yoʻnaltirish hamda fakultetlarning ilmiy-amaliy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻradi.
7. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumi Milliy qoʻmita tizimidagi Toshkent urbanistika, geodeziya va kadastr texnikumi (keyingi oʻrinlarda — Texnikum) etib qayta tashkil etilsin. Bunda Texnikum va “Fazoviy maʼlumotlar infratuzilmasi, geodeziya, kadastr yoʻnalishida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi” davlat muassasasi joylashgan Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Mirzo Ulugʻbek shoh koʻchasi, 82-uy manzilidagi binolar majmuasi ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga bir oy muddatda Milliy qoʻmitaga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul oʻtkaziladi.
V. Kreativ parkni tashkil etish
8. Milliy qoʻmita huzurida Urbanistika, arxitektura va loyihalashtirish kreativ parki (keyingi oʻrinlarda — Kreativ park) tashkil etilsin.
9. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) Kreativ park Toshkent shahridagi urbanistika, arxitektura va loyihalashtirish sohalari subyektlarini kreativ yondashuv asosida birlashtiruvchi, respublika hududida eksterritoriallik prinsiplari asosida faoliyat koʻrsatadigan, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan alohida institutsional maydon hisoblanadi;
(b) Kreativ park rezidentlariga amaldagi qonunchilikka muvofiq soliqlar hamda boshqa toʻlovlar va tariflar boʻyicha imtiyoz va preferensiyalar qoʻllaniladi;
(v) Kreativ park faoliyatini tashkiliy taʼminlash va uni boshqaruvchi direksiya funksiyalarini bajarish Urbanizatsiya markazi tomonidan amalga oshiriladi.
10. Milliy qoʻmita Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi bilan birgalikda 2027-yil yakuniga qadar Toshkent shahri tajribasi asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlarida ham kreativ parklar faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Kreativ park rezidentlarining laboratoriyalari, konstruktorlik ustaxonalari va maʼlumotlar bazasini yuritishga masʼul boʻlinmalarini joylashtirish uchun Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Ravnaq koʻchasi, 1a-uy manzilida joylashgan maʼmuriy (ishlab chiqarish) bino Milliy qoʻmitaga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul oʻtkazilsin. Bunda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi binoda joylashgan tashkilotlarni boshqa davlat obyektlariga joylashtirish choralarini koʻrsin.
12. Milliy qoʻmita Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda:
(a) bir oy muddatda Kreativ park rezidenti maqomini berish tartibini tasdiqlasin;
(b) 2027-yil 1-yanvarga qadar Kreativ park faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, shuningdek, Kreativ park rezidenti maqomini berish jarayonlarini raqamlashtirish boʻyicha veb-portalni ishga tushirsin.
VI. Milliy qoʻmita faoliyatini tartibga solish
13. Milliy qoʻmitaning vazifa va funksiyalari kengayishi munosabati bilan, shuningdek, boshqaruv jarayonlarini kuchaytirish hamda faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida:
(a) Milliy qoʻmitaga Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan qoʻshimcha 110 ta shtat birligi (shundan 2026-yil 10-iyulga qadar — 50 ta, 2027-yil 1-yanvardan — 30 ta, 2027-yil 1-iyuldan — 30 ta) ajratilsin;
(b) Milliy qoʻmita tuzilmasiga qoʻshimcha 1 nafar Milliy qoʻmita raisining oʻrinbosari lavozimi kiritilsin.
14. Milliy qoʻmita Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura va shaharsozlik kengashi bilan kelishgan holda:
(a) aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha roʻyxatni shakllantirishda birinchi navbatda viloyat va tuman markazlariga, ikkinchi navbatda ularning aglomeratsiyasi hududidagi shahar, shaharcha va qishloqlarga ustuvorlik bersin;
(b) uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PQ-299-son qarori bilan tasdiqlangan quyidagi ilovalarni qayta koʻrib chiqsin va takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin:
(i) 2023 — 2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturining yigʻma parametrlari;
(ii) 2023 — 2027-yillarda shahar va shaharchalarning bosh reja loyihalarini hamda qishloq aholi punktlarining hududlarini shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalarini ishlab chiqish jadvallari. Bunda tashabbuskor tadbirkorlik subyektlari bilan birgalikda 50 ta aholi punktining shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishi inobatga olinsin.
15. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PQ-73-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan kompleks qurilish hududlarida yer usti va yer osti topogeodeziya muhandislik qidiruv ishlari Kadastr agentligi tizimidagi Respublika aerogeodeziya markazi tomonidan amalga oshiriladi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining 2026-yil II chorak yakunlari bilan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan Urbanizatsiya markazining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bilan bogʻliq, shu jumladan, loyiha tashkilotlari oldida hosil boʻlgan qarzdorliklarini qoplash uchun 138 mlrd soʻm ajratilsin, bunda 50 mlrd soʻmi ushbu qarzdorliklarni toʻlash uchun tegishli moliyaviy hujjatlar rasmiylashtirilgandan soʻng moliyalashtirilishi inobatga olinsin.
VII. BMTning Aholi punktlari boʻyicha dasturi — “UN-Habitat” bilan hamkorlikni tashkil etish
17. Milliy qoʻmitaning shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini zamonaviy va arzon uy-joy bilan taʼminlash, shahar muhiti sifatini oshirish, iqlim barqarorligini mustahkamlash, ijtimoiy va transport infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Aholi punktlari boʻyicha dasturi — “UN-Habitat” (keyingi oʻrinlarda — “UN-Habitat” dasturi) bilan yaqin hamkorlik oʻrnatish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
18. Belgilansinki, “UN-Habitat” dasturi bilan hamkorlik doirasida:
(a) Milliy qoʻmita faoliyatiga “UN-Habitat” dasturining bir nafar xalqaro eksperti jalb etiladi hamda urbanizatsiya, shaharsozlik va uy-joy siyosati sohalarida xalqaro tajriba va standartlarni joriy etish uning koʻmagida amalga oshiriladi;
(b) “UN-Habitat” dasturi xalqaro eksperti Milliy qoʻmitaning maʼmuriy binosida begʻaraz asosda joylashtiriladi hamda uning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur tashkiliy va texnik shart-sharoitlar taʼminlanadi;
(v) “UN-Habitat” dasturi xalqaro eksperti faoliyati bilan bogʻliq barcha xarajatlar “UN-Habitat” dasturining hisob-kitoblariga koʻra, Davlat budjetidan Milliy qoʻmitaga ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplab beriladi;
(g) Milliy qoʻmita va Tashqi ishlar vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda “UN-Habitat” dasturi bilan hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash va amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, tasdiqlanishini taʼminlaydi. Bunda 2030-yilda Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini (WUF15) oʻtkazish uchun eʼlon berilgandan soʻng Milliy qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ariza yuborilishi taʼminlansin.
VIII. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
19. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tasdiqlanganiga besh yildan ortiq boʻlmagan aholi punktlarining bosh rejalarini roʻyobga chiqarish boʻyicha kompleks dasturlarni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
21. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qoʻchqorov, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi raisi Sh.D. Kudbiyev belgilansin.
22. Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 7-iyul,
PQ-252-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 7-iyuldagi PQ-252-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi “Koʻp kvartirali turar joy majmualarini qurishda kompleks qurilish mexanizmlarini joriy etish va shaffoflikni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-73-son qarorida:
(a) 13-bandning “g” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“(g) “Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi” davlat muassasasiga shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishdan oldin tayyorlanadigan hujjatlarni (konsepsiya, strategik rejalar va boshqalar) tayyorlash maqsadida soʻrov-tanlov tamoyili asosida xorijiy loyiha institutlari va konsultantlarni jalb qilish huquqi beriladi. Bunda Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi master rejalarni ishlab chiquvchi tashkilotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri tanlaydi va ularni ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachi hisoblanadi”;
(b) 14-bandning “a” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“(a) zamonaviy urbanizatsiya, arxitektura va shaharsozlik amaliyotlarini integratsiya qilish va innovatsion yondashuvlarni joriy etish hamda ushbu jarayonlarga yosh, bilimli mutaxassislarni jalb qilish maqsadida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi Urbanizatsiya laboratoriyasini (keyingi oʻrinlarda — “Urban Lab” MCHJ) tashkil etish va uni “Uy-joy” AAT operatori etib belgilash. Bunda “Uy-joy” AATni ishlab chiqish, ishga tushirish va texnik qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq ishlar va xizmatlar “Urban Lab” MCHJ tomonidan tender hamda tanlov savdolarini oʻtkazmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida amalga oshiriladi”;
(v) 2-ilovada:
(i) 6-bandning “v” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“(v) kompleks qurilish hududidagi har bir obyekt boʻyicha huquq egalarining kamida 80 foizidan notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi olingandan soʻng investitsiya kompaniyasi batafsil rejalashtirish loyihasini (master reja), qurilish loyihasini ishlab chiqishga buyurtma beradi”;
(ii) 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Investitsiya kompaniyalari va Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi “Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi” davlat muassasasiga Milliy qoʻmita bilan kelishilgan holda kompleks qurilish hududining batafsil rejalashtirish loyihasi (master rejasi) va qurish loyihasini ishlab chiqish uchun eng yaxshi takliflarni tanlab olish orqali loyiha tashkilotlarini jalb qilish huquqi beriladi. Bunda mazkur shartnomalar boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish quyidagi miqdorlarda boʻlishi shart:
(a) 30 foizi — shartnoma tuzilganda;
(b) 50 foizi — shartnomaga muvofiq batafsil rejalashtirish loyihasi, master rejasi va/yoki qurish loyihasi toʻliq taqdim etilganda;
(v) 10 foizi — elektron onlayn auksion savdolariga qoʻyilgan lot yutib olinganda;
(g) 10 foizi — hududda qurilish ishlari boshlanganda (belgilangan tartibda ruxsatnoma berilganda)”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-347-son qarorida:
(a) 3-bandning “a” kichik bandidagi “50” raqami “160” raqamiga almashtirilsin;
(b) ilovada:
(i) 10-bandning “l” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“(l) Milliy qoʻmita vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha aniqlangan qonun buzilishi va boshqa holatlar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari hamda boshqa tuzilmalarga ogohlantirish, xulosa hamda bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar yuborish”;
(ii) 13-bandda “ikki” soʻzi “uch” soʻzi bilan almashtirilsin;
(iii) 18-banddagi “4” va “3” raqamlari tegishincha “5” va “4” raqamlari bilan almashtirilsin;
(iv) 19-band quyidagi mazmundagi “v1” kichik band bilan toʻldirilsin:
“(v1) budjetdan tashqari mablagʻlar”;
(v) 20-band quyidagi mazmundagi “l” kichik band bilan toʻldirilsin:
“(l) Milliy qoʻmitaning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan Milliy qoʻmita xodimlariga shaxsiy ustamalar va mukofotlar belgilaydi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023 — 2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-299-son qarorining 7-bandi uchinchi xatboshisidagi “5” raqami “10” raqamiga oʻzgartirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-noyabrdagi “Arxitektura-qurilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-416-son qarorining 14-bandi quyidagi mazmundagi “g” kichik band bilan toʻldirilsin:
“g) Toshkent arxitektura-qurilish universitetiga davlat buyurtmachilari, davlat tashkilotlari, mahalliy hokimliklar, ustav fondida davlat ulushi mavjud boʻlgan jamiyatlar va davlat korxonalariga qurilish, shaharsozlik va arxitektura sohalarida ilmiy-tadqiqot, loyiha-qidiruv ishlari, muhandislik-texnik tahlil, laboratoriya sinovlari oʻtkazish, texnik xulosa, konsepsiya, bosh reja, master reja, eskiz loyiha, loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish yuzasidan pullik xizmat koʻrsatish huquqi beriladi”.
5. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-noyabrdagi 732-son qarori bilan tasdiqlangan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi toʻgʻrisidagi nizomda:
(a) 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Quyidagilar axborot tizimi ishtirokchilari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi;
hududiy qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmalari, tuman va shahar qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimlari;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi va uning hududiy nazorat qilish inspeksiyalari;
ekspertiza idoralari;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda vazirliklar va idoralar huzuridagi Buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyalari;
buyurtmachi, loyihachi va pudrat tashkilotlari va boshqa shaharsozlik faoliyati subyektlari”;
(b) quyidagi mazmundagi 81-band bilan toʻldirilsin:
“81. Oʻzbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi urbanizatsiya va kompleks qurilish tamoyillariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida axborot tizimi orqali:
axborot tizimi tarkibiga kiruvchi axborot tizimlaridagi maʼlumotlar, shu jumladan, tegishli hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashiga (keyingi oʻrinlarda — Kengash) kelib tushgan loyiha hujjatlari bilan tanishadi;
Kengash tomonidan qabul qilingan qarorlar, xulosalar va ularga ilova qilingan materiallarni tahlil qiladi;
tahlil natijalari boʻyicha aniqlangan qonun buzilishi va boshqa holatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar koʻradi”.
6. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi 214-son qarori bilan tasdiqlangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmalari va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlarining namunaviy tarkibining izoh qismi beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Kengash faoliyatida Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi masʼul xodimi uy-joylar (koʻp kvartirali va massiv shakldagi yakka tartibdagi uylar)ni barpo etish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan ishtirok etadi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.07.2026-y., 07/26/252/0741-son)