Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-390-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish hamda strategik ahamiyatga ega ilmiy yoʻnalishlarni barqaror moliyalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-390-son qaroriga muvofiq:
a) ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, yosh olimlarni jalb qilish va strategik ahamiyatga ega ilmiy yoʻnalishlarni barqaror moliyalashtirish maqsadida Fanlar akademiyasi jamgʻarmasi tashkil etilishi belgilangani;
b) Fanlar akademiyasining jamgʻarmasi:
Davlat budjetidan har yili ajratiladigan 80 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻlar;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, xorijiy homiylarning xayriya mablagʻlari;
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik koʻmak mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantirilishi nazarda tutilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi;
Jamgʻarma faoliyatini boshqarish va uning mablagʻlarini taqsimlash tartibi;
Jamgʻarma mablagʻlarining hisobi va hisobotini yuritish;
Fanlar akademiyasining boshqaruv apparati va Qoraqalpogʻiston boʻlimi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibi.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Fanlar akademiyasi prezidenti Sh.A. Ayupov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 20-may,
260-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-maydagi 260-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish, yosh olimlarni jalb qilish va strategik ahamiyatga ega ilmiy yoʻnalishlarni barqaror moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish, Jamgʻarma faoliyatini boshqarish, uning mablagʻlarini taqsimlash, hisobi va hisobotini yuritish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochilgan Fanlar akademiyasining budjetdan tashqari shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida jamlanadi hamda ushbu Nizomda belgilangan maqsadlar uchun sarflanadi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi
3. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Davlat budjetidan har yili Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratiladigan transfertlarni qisqartirish hisobidan ajratiladigan 80 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlar;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, xorijiy homiylarning xayriya mablagʻlari;
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik koʻmak mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagilarga yoʻnaltiriladi:
xorijdagi iqtidorli vatandosh olimlarning Oʻzbekistonga qaytib kelishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan reintegratsiya grantlarini tashkil etish;
tayanch doktorantlar uchun nomli stipendiyalar hamda yosh tadqiqotchilar uchun grantlar va mukofotlar taʼsis qilish;
ilmiy tadqiqot jarayonlarini raqamlashtirishni qoʻllab-quvvatlash, maʼlumotlarni saqlash va tahlil qilish uchun innovatsion axborot texnologiyalarini joriy etish, raqamli arxivlar va maʼlumotlar bazalarini rivojlantirish;
ilmiy asbob-uskunalar, reagent, reaktiv, xomashyo, sarflash materiallari va butlovchi qismlarni xarid qilish;
dolzarb ilmiy tadqiqot natijalariga oid monografiya va kitoblar chop etish;
olimlarning malakasini oshirish uchun kurslar, seminarlar va treninglar tashkil etish;
akademik almashinuv dasturlarini tashkil etish, xalqaro ilmiy markazlar bilan qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish va chet el mutaxassislarini jalb qilish;
Fanlar akademiyasi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va xorijga xizmat safarlariga yuborish xarajatlarini qoplash;
ochiq maʼruzalar hamda ilmiy anjumanlar oʻtkazish, ilmiy-ommabop adabiyotlar nashr etish, ilmni targʻib qilishda raqamli platformalarni rivojlantirish, ilm-fanni ommalashtirish;
“Scopus”, “Web of science” va boshqa maʼlumotlar bazalariga obuna boʻlish xarajatlarini qoplash hamda xalqaro tashkilotlarda vakillik xarajatlarini moliyalashtirish.
5. Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi jamgʻarmasining kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kengash) tomonidan tasdiqlangan Jamgʻarmaning daromad va xarajatlari yillik parametrlariga muvofiq sarflanadi.
6. Jamgʻarma mablagʻlari yoʻnaltiriladigan xarajatlarni moliyalashtirish tartibi Kengash qarori bilan tasdiqlanadi.
7. Jamgʻarmaning joriy yilda foydalanilmagan mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga olib qoʻyilmaydi va ulardan keyingi yilda foydalaniladi.
3-bob. Jamgʻarma faoliyatini boshqarish va uning mablagʻlarini taqsimlash tartibi
8. Jamgʻarma faoliyatini boshqarish va uning mablagʻlarini taqsimlash uchun Kengash tashkil etiladi.
9. Kengash aʼzolari oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
10. Jamgʻarmaning mablagʻlarini sarflash masalalarini hal etishda barcha aʼzolarning teng huquqliligi taʼminlanadi.
11. Kengash rais, rais oʻrinbosari, kotib va aʼzolardan iborat boʻladi.
12. Kengash Akademiya ilmiy tashkilotlarining 9 nafar direktori hamda tegishli nodavlat notijorat tashkilotlarining masʼul xodimlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Kengashning tarkibi bir yilda bir marta Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
13. Fanlar akademiyasi prezidenti lavozimiga koʻra Kengash raisi hisoblanadi.
14. Kengash raisi:
Kengash majlisi kun tartibini belgilaydi va tasdiqlaydi;
Kengash qarorlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Kengash aʼzolariga yuklangan vazifalar bajarilishi yuzasidan ularning ishini muvofiqlashtiradi.
15. Kengash aʼzolari:
Kengash majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal etishda ishtirok etadi;
dolzarb masalalar boʻyicha Kengashga takliflar kiritadi;
Kengash tomonidan koʻrib chiqiladigan masalalar boʻyicha ovoz beradi.
16. Kengash aʼzolari majlisda shaxsan qatnashadilar.
Bunda qatnashishning imkoni boʻlmagan taqdirda, Kengash aʼzosi majlisning kun tartibi boʻyicha oʻz fikrini yozma ravishda taqdim etishga haqlidir.
17. Kengash kotibi:
Kengash majlisiga barcha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
majlisni oʻtkazish muddatlari va joyini Kengash raisi bilan kelishadi;
kun tartibi masalalari boʻyicha Kengash majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
Kengash aʼzolari va taklif etilgan shaxslarni majlisning sanasi, vaqti, joyi va kun tartibi loyihasidan xabardor qiladi;
Kengash bayonnomalarini rasmiylashtiradi, tasdiqlangan bayonnomalarni kengash aʼzolariga hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarga yuboradi;
Kengash qarorlari bajarilishi monitoringini yuritadi.
18. Kengash kotibi Kengash aʼzosi hisoblanadi.
19. Kengash oʻz majlislarini zaruratga koʻra, biroq har chorakda kamida bir marotaba oʻtkazadi.
20. Kengash majlisini Kengash raisi, u boʻlmagan taqdirda esa, Kengash raisi oʻrinbosari boshqaradi.
21. Kengash majlisi unda Kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashganda, oʻtkazilgan hisoblanadi.
22. Majlisni oʻtkazish uchun kvorum yoki rais va uning oʻrinbosari boʻlmaganda, Kengash majlisini oʻtkazishning yangi sanasi eʼlon qilinadi.
23. Kengash majlisida koʻrib chiqiladigan masalalarning xususiyatiga koʻra davlat organlari va boshqa tashkilotlarning rahbarlari, mutaxassislari hamda ilmiy tashkilotlarning xodimlari ham taklif etilishi mumkin.
Kengash qarori Kengashning majlisda qatnashgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlarining yillik moliyaviy rejasini, shuningdek, Kengash mablagʻlaridan foydalanilishini tasdiqlash masalalari boʻyicha qarorlar Kengashning majlisda qatnashgan aʼzolarining uchdan ikki qismi ovozi bilan qabul qilinadi.
Kengash qarorlari Kengash majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
Kengash majlisining bayonnomasi Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi hamda Fanlar akademiyasi prezidenti buyrugʻi asosida amalga oshiriladi.
Bunda Kengash majlisining bayonnomasi Fanlar akademiyasining rasmiy veb-saytida joylashtirilgandan keyin unda nazarda tutilgan maqsadlarga mablagʻlar ajratilishiga ruxsat beriladi.
24. Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
hisobot yili yakuni boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlarining daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisidagi hisobotlarni koʻrib chiqish va tasdiqlash;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qilish.
Akademiyaning Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish boʻlimi Jamgʻarmaning ishchi organi hisoblanadi.
25. Ishchi organ quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlarining yillik moliyaviy rejasini ishlab chiqadi;
daromadlar va xarajatlar smetalarini tayyorlaydi, shuningdek, ularga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritadi;
Jamgʻarma tushumlarini koʻpaytirish va uning mablagʻlaridan samarali foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
ilmiy tashkilotlar hamda Jamgʻarmadan saqlash xarajatlari moliyalashtiriladigan tashkilotlarning Jamgʻarmadan mablagʻ ajratishga oid murojaatlarini umumlashtiradi va Kengashda koʻrib chiqish uchun materiallar tayyorlaydi;
Jamgʻarmaning tushumlar manbalari boʻyicha daromadlari hamda asosiy xarajatlar yoʻnalishlariga asosan hisobini yuritadi;
har yil yakuni boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida hisobot tayyorlaydi hamda Kengashga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun taqdim etadi.
26. Ishchi organ Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish uchun vazirlik va idoralar hamda oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar vakillaridan iborat ekspert guruh(lar)ini tuzishi mumkin.
Ekspert guruh(lar)i faoliyatini tashkil etish tartibi Kengash qarori bilan tasdiqlanadi.
Bunda ekspert guruh(lar)ining har bir aʼzosiga yil yakuni boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari doirasida bir martalik mukofot puli (barcha soliqlar ushlab qolingan holda) beriladi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlarining hisobi va hisobotini yuritish tartibi
27. Jamgʻarma mablagʻlarining hisobi va hisobotini yuritish hamda joriy xizmat koʻrsatish ishlari Akademiyaning Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish boʻlimi tomonidan amalga oshiriladi.
28. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha hisob va hisobotlar Fanlar akademiyasining budjetdan tashqari boshqa mablagʻlaridan alohida yuritiladi.
29. Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot Kengash tomonidan koʻrib chiqiladi hamda har yili 15-martga qadar Fanlar akademiyasi Prezidiumi majlisida tasdiqlanadi.
30. Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasi hamda uning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar, shuningdek, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni xarid qilish boʻyicha tuzilgan shartnomalar roʻyxatlari Fanlar akademiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
31. Jamgʻarma mablagʻlaridan oqilona va maqsadli foydalanish yuzasidan davlat moliyaviy nazorati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
5-bob. Fanlar akademiyasining boshqaruv apparati va Qoraqalpogʻiston boʻlimi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibi
32. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-390-son qaroriga 6-ilovaga asosan Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati va Qoraqalpogʻiston boʻlimi xodimlarining lavozim maoshiga oylik ustamalar quyidagi maqsadlar uchun va shakllarda toʻlanadi:
a) lavozim maoshiga 200 foizgacha miqdorda oylik ragʻbatlantirish ustama;
b) lavozim maoshiga nisbatan koʻp yillik ishlaganlik uchun quyidagi hajmda oylik ustama toʻlovlari (xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlardan tashqari):
1 yildan 3 yilgacha — 0,3;
3 yildan 5 yilgacha — 0,6;
5 yildan 10 yilgacha — 0,8;
10 yildan 15 yilgacha — 1,0;
15 yildan 20 yilgacha — 1,2;
20 yildan yuqori — 1,5.
Bunda lavozim maoshiga nisbatan koʻp yillik ishlaganlik uchun oylik ustama toʻlovlari koeffitsiyentini hisoblashda mazkur xodimlarning Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlaridagi rasmiy mehnat faoliyati davri hisobga olinadi.
33. Fanlar akademiyasi xodimlariga hisobot davri uchun (choraklik) mukofot pullari lavozim maoshiga (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda) nisbatan 200 foiz miqdorda toʻlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasi birinchi qismida belgilangan bayram kunlari munosabati bilan Fanlar akademiyasi xodimlariga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining oʻn baravari miqdorida mukofot pullari toʻlanadi.
34. Boshqa ijtimoiy, kompensatsiya va ragʻbatlantiruvchi tusdagi toʻlovlarga bir martalik moliyaviy yordam shaklida Fanlar akademiyasi Kasaba uyushmasining taklifiga binoan mablagʻlarning mavjudligiga qarab quyidagilar kiradi:
a) mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining oʻn baravari miqdorigacha:
xodim nikohdan oʻtishi munosabati bilan;
xodimlar va ularning yaqin qarindoshlari (otasi, onasi, turmush oʻrtogʻi, farzandlari) kasal boʻlgan taqdirda;
xodim yubiley yoshiga toʻlganda (50, 60 va 70 yosh) va nafaqaga chiqqanda;
b) bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravigacha — kuz mavsumida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olishga.
35. Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati va Qoraqalpogʻiston boʻlimi rahbar va xodimlarining lavozim maoshlariga har oylik shaxsiy ustamalar va choraklik ragʻbatlantirishlar miqdori quyidagicha belgilanadi:
Fanlar akademiyasi prezidentiga — Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan bir yillik uchun;
Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati va Qoraqalpogʻiston boʻlimi raisiga — Fanlar akademiyasi prezidentining buyrugʻiga muvofiq belgilanadi.
Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi xodimlariga Qoraqalpogʻiston boʻlimi raisining buyrugʻiga muvofiq belgilanadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
36. Mazkur Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
37. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-maydagi 260-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 8-iyundagi 366-son qaroriga kiritilayotgan qoʻshimchalar
30-ilovaning “Lavozim nomi” ustunida:
4-pozitsiya “bosh marketolog, xorijiy aloqalar boʻyicha bosh mutaxassis” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
5-pozitsiya “yetakchi marketolog, xorijiy aloqalar boʻyicha yetakchi mutaxassis” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
6-pozitsiya “marketolog, xorijiy aloqalar boʻyicha mutaxassis” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2026-y., 09/26/260/0516-son)