Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining
Qarori
Ochiq maydonlarda oʻrnatiladigan monitor, sahna, sunʼiy archa va boshqa vaqtinchalik inshootlarni oʻrnatish, montaj qilish va ulardan xavfsiz foydalanish qoidalarini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 3-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3805]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PQ-186-son “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Ochiq maydonlarda oʻrnatiladigan monitor, sahna, sunʼiy archa va boshqa vaqtinchalik inshootlarni oʻrnatish, montaj qilish va ulardan xavfsiz foydalanish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Madaniyat vazirligi, Milliy gvardiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi va Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran bir oy oʻtgach kuchga kiradi.
Rais A. RAFIQOV
Toshkent sh.,
2026-yil 19-mart,
33-son
Kelishildi:
Ichki ishlar vaziri A. TASHPULATOV
2026-yil 18-mart
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2026-yil 11-mart
Milliy gvardiya qoʻmondoni B. TASHMATOV
2026-yil 3-mart
Favqulodda vaziyatlar vaziri B. KUDRATXODJAYEV
2026-yil 23-yanvar
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil A. BURIYEV
2026-yil 23-yanvar
Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi D. ISAQULOV
2026-yil 20-yanvar
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZAXIDOV
2025-yil 30-dekabr
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi birinchi oʻrinbosari J. JABBOROV
2025-yil 26-dekabr
Madaniyat vaziri O. NAZARBEKOV
2025-yil 25-dekabr
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 24-dekabr
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining 2026-yil 19-martdagi 33-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ochiq maydonlarda oʻrnatiladigan monitor, sahna, sunʼiy archa va boshqa vaqtinchalik inshootlarni oʻrnatish, montaj qilish va ulardan xavfsiz foydalanish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar ochiq maydonlarda oʻrnatiladigan monitor, sahna, sunʼiy archa va boshqa vaqtinchalik inshootlarni oʻrnatish, montaj qilish va ulardan xavfsiz foydalanish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoida
1. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ochiq maydonlar — bino va inshootlardan tashqarida ochiq havoda joylashgan va ommaviy tadbirlarni oʻtkazish uchun ajratilgan va foydalanishga moʻljallangan hududlar;
vaqtinchalik inshootlar — ochiq maydonlarda muayyan muddatga moʻljallab oʻrnatiladigan, foydalanish zarurati tugaganidan soʻng demontaj qilinishi mumkin boʻlgan obyektlar;
sahna — ochiq maydonlarda ommaviy tadbirlarni (musiqiy, adabiy va boshqa festivallar, konsert, teatr, milliy namoyishlar, koʻriktanlovlar va boshqalar) oʻtkazish uchun ajratilgan maxsus hudud;
monitor — vizual axborot taqdim etish uchun moʻljallangan ekranli qurilma;
sunʼiy archa — dekorativ maqsadlar uchun oʻrnatiladigan inshoot;
yoritish tizimi — yoritish uchun qoʻllaniladigan elektr jihozlari;
evakuatsiya yoʻllari — favqulodda vaziyatlarda odamlarni ochiq maydonlardan xavfsiz chiqarish uchun belgilangan yoʻllar.
2-bob. Monitor, sahna, sunʼiy archa va vaqtinchalik inshootlarni oʻrnatish va montaj qilish
2. Monitor, sahna, sunʼiy archa va vaqtinchalik inshootlarni oʻrnatish va montaj qilish faqat maxsus tayyorgarlikka ega mutaxassislar tomonidan amalga oshirilishi lozim.
Bunda montaj ishlari boshlanishidan oldin har bir monitor, sahna, sunʼiy archa va vaqtinchalik inshootlar boʻyicha ommaviy tadbirlarni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi kerak.
3. Loyiha hujjatlarida quyidagilar hisobga olinishi kerak:
ochiq maydonlarning relyefi va geotexnik holati;
ochiq maydonlardagi shamol yuklamasi va seysmik faollik darajasi;
ochiq maydonlardagi elektr taʼminoti, evakuatsiya yoʻllari va odamlarning harakat yoʻnalishi;
monitor, sahna, sunʼiy archa va vaqtinchalik inshootlarni konstruktiv jihatdan mustahkamligi.
4. Ochiq maydonlarda monitor, sahna va vaqtinchalik inshootlarni oʻrnatishda mazkur Qoidalarning 1-ilovasida keltirilgan eskizlardan foydalanish kerak.
Ochiq maydonlarda sunʼiy archani oʻrnatishda ushbu Qoidalarning 2-ilovasida keltirilgan sxemadan foydalanish tavsiya etiladi.
5. Vaqtinchalik inshootlar ikki qavatdan ortiq boʻlsa, ulardagi zinapoyalar marshining kengligi quyidagicha boʻlishi kerak:
yuz nafar va undan ortiq odamlar boʻladigan vaqtinchalik inshootlarda — 1,35 metr;
yuz nafardan kam odamlar boʻladigan vaqtinchalik inshootlarda — 1,2 metr.
Zinapoyalar marshining uzunligi 35 santimetrdan kam boʻlmasligi lozim.
6. Vaqtinchalik inshootlarning zinapoyalari marshining orasidagi oraliq maydonning kengligi kamida 1 metr etib belgilanishi kerak.
7. Vaqtinchalik inshootlardagi yoʻlaklarning uzunligi 30 metr va undan ortiq boʻlsa, yoʻlaklarning kengligi 1,6 metr boʻlishi zarur.
Agar yoʻlaklarning uzunligi 30 metrdan kam boʻlsa, yoʻlaklarning kengligi 1,2 metr boʻlishi lozim.
8. Vaqtinchalik inshootlardagi evakuatsiya yoʻlaklarning butun uzunligi boʻylab balandligi 1,5 sm dan ortiq boʻlgan ostonalar (porog) va chiqish joylarida zinapoyalar oʻrnatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Vaqtinchalik inshootlarda tomoshabinlar uchun kursilar mavjud boʻlsa, ularning oldi va orqa qatorlari orasidagi masofa yoʻlakchalar hosil qilingan holda 0,45 metrdan kam boʻlmasligi kerak.
Yon kursilar orasidagi yoʻlaklarning kengligi 0,9 metrdan kam boʻlmasligi lozim.
Qatorlardan chiqish bir tomonlama boʻlganda ushbu qatorlarga uzluksiz oʻrnatiladigan oʻrindiqlar soni 26 tadan oshmasligi, qatordan chiqish ikki tomonlama boʻlganda uzluksiz oʻrnatiladigan oʻrindiqlar soni 50 tadan oshmasligi kerak.
10. Vaqtinchalik inshootlarning balandligi 10 metr va undan yuqori boʻlganda ularning tom qismida qorni tutib qoluvchi toʻsiqlar oʻrnatilishi zarur.
11. Monitor, sahna, sunʼiy archa va vaqtinchalik inshootlarni montaj qilishni boshlashdan oldin barcha uskunalar va konstruksiyalar koʻzdan kechirilishi kerak.
12. Monitor, sahna, sunʼiy archa va vaqtinchalik inshootlarni montaj qilish jarayonida quyidagilar taʼminlanishi kerak:
yer asosi mustahkamligi va tekisligi;
shamol va yomgʻir taʼsirida monitor, sahna, sunʼiy archa va vaqtinchalik inshootlarning barqarorligi.
13. Montaj va demontaj qilish ishlarini amalga oshiruvchi shaxslar shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
14. Balandligi 3 metrdan yuqori boʻlgan monitor, sahna, sunʼiy archalar va vaqtinchalik inshootlarni montaj qilishda xavfsizlik arqonlari va maxsus ustunlardagi platformalardan foydalanilishi kerak.
15. Maxsus tayyorgarlikka ega mutaxassislar tomonidan metall konstruksiyalarni montaj qilishdan oldin barcha mahkamlash elementlarining (bolt, gayka va boshqalar) mustahkamligi tekshirilishi kerak.
Bunda nosoz, zanglagan yoki deformatsiyalangan elementlardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
16. Monitor, sahna, sunʼiy archa va vaqtinchalik inshootlarni montaj qilish jarayonida vaqtinchalik ustunlar, beton yoki metall asoslardan foydalanishda ularning yuk koʻtarish qobiliyati inobatga olinishi lozim.
17. Ochiq maydonlarda shamol bosimi 25 m/s gacha boʻlgan holatlarda monitor, sahna, sunʼiy archalar va vaqtinchalik inshootlar barqarorligini saqlash choralari koʻrilishi lozim.
18. Montaj qilish jarayonida elektr taʼminoti uskunalari faqat yerga ulangan holda ishlatilishi kerak.
19. Sunʼiy archa va vaqtinchalik inshootlarni montaj qilish jarayonida ularning qulab tushishining oldini olish maqsadida sunʼiy archa va vaqtinchalik inshootlar qoʻshimcha mahkamlovchi troslar yordamida mustahkamlanishi zarur.
20. Maxsus tayyorgarlikka ega mutaxassislar tomonidan montaj qilish jarayoni yakunlangach, monitor, sahna, sunʼiy archa va vaqtinchalik inshootlarning barqarorligi, yuk koʻtarish qobiliyati hamda elektr xavfsizligi tekshirilishi lozim.
21. Monitor, sahna, sunʼiy archa va vaqtinchalik inshootlardan foydalanish davrida ularning holati muntazam monitoring qilib borilishi, shamol, yomgʻir va seysmik taʼsirlardan keyin ular qoʻshimcha koʻrikdan oʻtkazilishi kerak.
22. Ochiq maydonlarda shaxslarning jamoat transportidan foydalanish imkoniyatini, yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari, tez tibbiy yordam va maxsus xizmatlar transport vositalarining oʻtish yoʻllarining mavjudligi hisobga olinishi kerak.
3-bob. Monitor, sahna, sunʼiy archa va vaqtinchalik inshootlarning materiallari va ularning konstruksiyalari
23. Konstruksiya elementlari mustahkam, barqaror, olovbardosh va mexanik taʼsirlarga bardoshli boʻlishi kerak.
Konstruksiya elementlarining yuk koʻtaruvchi qismlari loyiha yuklamasining kamida 1,5 barobar zaxirasiga ega boʻlishi kerak.
24. Metall elementlar korroziyaga qarshi va yogʻoch elementlar yonish xususiyatini pasaytiruvchi kimyoviy moddalar bilan ishlovdan oʻtkazilgan boʻlishi kerak.
25. Materiallar va konstruksiyalar shamol yuklamasi 25 m/s va seysmik yuklamasi 7 ballgacha boʻlgan holatlarda barqarorligini saqlashi kerak.
26. Monitorlar va ularning yoritish toʻsiqlari shamol yuzasini qisqartiruvchi yopiq panellar bilan jihozlanishi kerak.
27. Elektr yoritish va audio tizimlari mexanik tebranishlardan himoya qilingan boʻlishi kerak.
28. Maxsus tayyorgarlikka ega mutaxassislar tomonidan materiallar hamda konstruksiyalardagi barcha tutashuvchi joylar, bolt birikmalari va ustun asoslari montajdan soʻng muhrlanishi kerak.
29. Monitor, sahna, sunʼiy archa va vaqtinchalik inshootlarda deformatsiya yoki tarqoq yoriqlar aniqlangan taqdirda ulardan foydalanish taqiqlanadi.
4-bob. Elektr va yongʻin xavfsizligi
30. Monitor, sahna, sunʼiy archa va vaqtinchalik inshootlarni oʻrnatish, montaj qilish va ulardan foydalanish ishlari elektr xavfsizligi boʻyicha kamida III guruhga mansub mutaxassislar tomonidan amalga oshirilishi kerak.
31. Elektr liniyalaridagi noqonuniy ulanish, izolyatsiyaning buzilishi yoki ruxsat etilgandan ortiq miqdorda yuklama ulanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
32. Yoritish tizimlari IP44 darajasidan past boʻlmagan himoya koʻrsatkichiga ega boʻlishi kerak.
Suvli yoki nam muhitda IP65 va undan yuqori darajadagi himoya koʻrsatkichiga ega boʻlgan yoritish tizimlaridan foydalanish lozim.
33. Elektr shchitlar va generatorlar odamlar harakatlanish yoʻlidan kamida 2 metr uzoqlikda joylashtirilishi va toʻsiq bilan ajratilishi kerak.
34. Yoritish va audio tizimlar quvvati elektr sxemasida koʻrsatilgan yuklama meʼyorlaridan ortiq boʻlmasligi kerak.
35. Elektr uskunalaridan foydalanishdan oldin maxsus elektr oʻlchov asboblari bilan yerga ulanish konturi va izolyatsiya qarshiligi oʻlchanishi zarur.
36. Vaqtinchalik inshootlarning har birida yongʻin xavfsizligini taʼminlash uchun kamida ikkita oʻt oʻchirish vositasi boʻlishi lozim.
37. Elektr uzilishlar yoki favqulodda vaziyatlarda elektr tizimlari xavfsiz oʻchirish tizimi bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
38. Vaqtinchalik inshootlarda foydalaniladigan elektr simlari izolyatsiya qoplamasi bilan, oyoq ostida joylashtirilganlari maxsus qoplama bilan himoyalangan boʻlishi lozim.
39. “Yangi yil” bayramini nishonlashda sunʼiy archalardan foydalanilganda sunʼiy archalar elektr taʼminotining taxminiy rejasi mazkur Qoidalarning 3-ilovasiga muvofiq boʻlishi kerak.
40. Vaqtinchalik inshootlarda yongʻin xavfsizligini taʼminlash maqsadida masʼul shaxs tayinlanishi lozim.
5-bob. Xavfsizlik belgilari va evakuatsiya talablari
41. Vaqtinchalik inshootlarni montaj qilish ishlarida quyidagi xavfsizlik belgilari oʻrnatilishi kerak:
“Begona shaxslar kirishi taqiqlanadi!” — montaj qilish ishlari olib borilayotgan joylarning kirish qismiga;
“Yuk koʻtarish ishlari olib borilmoqda!” — montaj qilish ishlarida yuk koʻtarish jarayonlari olib borilayotgan joylarning oldiga;
“Himoyaviy bosh kiyim (shlem) kiying!” — montaj qilish ishlari olib borilayotgan joylarning kirish qismiga;
“Ehtiyot boʻling, elektr xavfi!” — montaj qilish ishlari olib borilayotgan joylardagi elektr jihozlari oldiga;
“Balandlikda ishlashda ehtiyot boʻling!” — montaj ishlari olib borilayotgan balandlikdagi joylarga.
Vaqtinchalik inshootlarni montaj qilish ishlari yakunlangach quyidagi belgilar oʻrnatilgan boʻlishi lozim:
“Chiqish” — vaqtinchalik inshootlardan chiqish joylari oldiga;
“Evakuatsiya yoʻli” — vaqtinchalik inshootlaridagi evakuatsiya yoʻllari oldiga;
“Qoʻl bilan ushlamang, yuqori kuchlanish!” — vaqtinchalik inshootlardagi elektr jihozlari oldiga.
Sahna va sunʼiy archa atrofiga “Ogoh boʻling, harakatlanuvchi qismlar!” belgisi oʻrnatilgan boʻlishi zarur.
Ushbu belgilarning matni umum qabul qilingan xorijiy tillarda ham ifodalanishi mumkin.
42. Mazkur Qoidalarning 41-bandida keltirilgan belgilar barcha xodimlar va tashrif buyuruvchilar uchun aniq koʻrinib turishi hamda tunda ushbu belgilar yoritiladigan yoki fotolyuminessensiya materiallardan tayyorlangan boʻlishi kerak.
43. Vaqtinchalik inshootlarni montaj qilish ishlari yakunlangach xavfsizlik belgilari olib tashlanishi kerak va montaj qilish ishlari yakunlangach oʻrnatiladigan belgilar hamda sahna va sunʼiy archa atrofiga oʻrnatiladigan belgilar doimiy saqlanishi lozim.
44. Eshitish va signalizatsiya tizimlari hamda monitor ommaviy tadbir vaqtida xavf haqidagi ogohlantiruvchi audio va vizual signallarni uzatish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
Bunda eshitish va signalizatsiya tizimlari hamda monitordagi audio va vizual signallar ochiq maydonning hamda vaqtinchalik inshootning barcha nuqtalarida eshitarli va koʻrinadigan darajada boʻlishi lozim.
6-bob. Favqulodda vaziyatlar
45. Ommaviy tadbirlar tashkilotchisi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan vaqtning oʻzida, bu haqida zudlik bilan favqulodda vaziyatlar organlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining hududiy organlariga xabar berishi shart.
46. Ommaviy tadbirlar tashkilotchisi tomonidan monitor, sahna, sunʼiy archa va vaqtinchalik inshootlarning qismlari yonib ketgan yoki yemirilgan taqdirda fotosuratga yoki videoga olinishi, keyin “Noxush hodisa dalolatnomasi” rasmiylashtirilishi kerak.
47. Favqulodda vaziyatlarda odamlarning evakuatsiya yoʻllari orqali 5 daqiqa ichida ochiq maydonlarni va vaqtinchalik inshootlarni tark etish imkoniyati yaratilishi kerak.
7-bob. Sanitariya-gigiyena talablari
48. Ochiq maydonlarda sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilinishi hamda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi va chiqindilarni yigʻish, shuningdek ularni tashish uchun maxsus konteynerlar mavjud boʻlishi kerak.
49. Ochiq maydonlarda tozalik saqlanishi va ushbu maydonlar muntazam ravishda tozalanishi shart.
8-bob. Yakuniy qoida
50. Mazkur Qoidalarning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Ochiq maydonlarda oʻrnatiladigan monitor, sahna, sunʼiy archa va boshqa vaqtinchalik inshootlarni oʻrnatish, montaj qilish va ulardan xavfsiz foydalanish qoidalariga
1-ILOVA
1-ILOVA
Ochiq maydonlarda monitor va sahnani oʻrnatishda tavsiyaviy eskizlar

Izoh: Mazkur eskizlarda ochiq maydonlarda monitor va sahnani oʻrnatishda ularning minimal va maksimal oʻlchamlar holati keltirilgan.
Unga koʻra:
sahnaning maydoni:
minimal — 6 x 4 metr;
maksimal — 30 x 20 metr;
monitorning oʻlchami:
minimal — 2 x 2.5 metr;
maksimal — 10 x 10 metr boʻlishi kerak.
Ochiq maydonlarda vaqtinchalik inshootlarni oʻrnatishda tavsiyaviy eskiz

Izoh: Mazkur eskizda ochiq maydonlarda vaqtinchalik inshootlarni oʻrnatishda ularning minimal va maksimal oʻlchamlar holati keltirilgan.
Unga koʻra, vaqtinchalik inshootlarning maydoni:
minimal — 3 x 2 metr;
maksimal — 10 x 6 metr boʻlishi kerak.
Ochiq maydonlarda oʻrnatiladigan monitor, sahna, sunʼiy archa va boshqa vaqtinchalik inshootlarni oʻrnatish, montaj qilish va ulardan xavfsiz foydalanish qoidalariga
2-ILOVA
2-ILOVA
Ochiq maydonlarda sunʼiy archani oʻrnatishda foydalaniladigan sxema

Ochiq maydonlarda oʻrnatiladigan monitor, sahna, sunʼiy archa va boshqa vaqtinchalik inshootlarni oʻrnatish, montaj qilish va ulardan xavfsiz foydalanish qoidalariga
3-ILOVA
3-ILOVA
“Yangi yil” bayramini nishonlashda sunʼiy archalardan foydalanilganda sunʼiy archalar elektr taʼminotining taxminiy rejasi

Izoh: 1-ustun, 2-umumiy ajratuvchi moslamasi (rubilnik), 3-kabel, 4-elektr kabel ustiga yopiladigan himoya qoplamasi, 5-elektrorozetkaning saqlagichi, 6-umumiy himoya apparati, 7-elektr taqsimlash qutisi, 8-girlyanda, 9-rozetkalar; 10-shina N nolʼ, 11-yerlantirish, 12-archa qurilmasi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3805/0314-son)