OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANK BOSHQARUVINING
Qarori
TIJORAT BANKLARI TOMONIDAN YIRIK INVESTITSIYA LOYIHALARINI SINDITSIYALASHTIRILGAN KREDITLASHNI AMALGA OSHIRISH TARTIBI TOʻGʻRISIDA NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2005-yil 20-avgustda 1509-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 4-dekabrdagi 29/2-sonli “Banklar tomonidan sindikatlashgan kreditlarni ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3730, 18.12.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida”, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlari asosida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 15-apreldagi “Bank tizimini yanada isloh qilish va erkinlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-56-sonli qaroriga muvofiq Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Tijorat banklari tomonidan yirik investitsiya loyihalarini sinditsiyalashtirilgan kreditlashni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizom (yangi tahrirda) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror kuchga kirishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2000-yil 27-maydagi “Tijorat banklari tomonidan yirik investitsiya loyihalarini sinditsiyalashtirilgan kreditlashni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizom”ni (2000-yil 29-iyun, roʻyxat raqami 941 — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2000-yil, 5-son) tasdiqlash toʻgʻrisidagi 9/6-sonli va “Tijorat banklari tomonidan yirik investitsiya loyihalarini sinditsiyalashtirilgan kreditlashni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizom”ga kiritilayotgan qoʻshimchani (2003-yil 31-yanvar, roʻyxat raqami 941-1 — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2003-yil, 1-2-son) tasdiqlash toʻgʻrisidagi 2002-yil 26-dekabrdagi 28/15-sonli qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan oʻn kun oʻtgach amalga kiritilsin.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2005-yil 16-iyul,
15/4-son
Tijorat banklari tomonidan yirik investitsiya loyihalarini sinditsiyalashtirilgan kreditlashni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
(yangi tahrir)
1. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 54-modda) qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 15-apreldagi PQ-56-son “Bank tizimini yanada isloh qilish va erkinlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 15-16-son, 112-modda) muvofiq tijorat banklari tomonidan yirik investitsiya loyihalarini sinditsiyalashtirilgan kreditlashni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2010-yil 23-oktabr 34/3-sonli qarori (roʻyxat raqami 1509-1, 06.11.2010-y.) tahririda —OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 399-modda)
2. Ushbu Nizom maqsadlariga koʻra quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
sinditsiyalashtirilgan kredit — bir necha banklar tomonidan yirik investitsiya loyihalarini birgalikda kreditlash;
yirik investitsiya loyihasi — umumiy qiymati tijorat banklarining birinchi darajali kapitalining 25 foizidan oshadigan investitsiya loyihasi;
bank sindikati — sinditsiyalashtirilgan kredit berish borasida ikki yoki undan ortiq banklar oʻrtasida oʻzaro kelishuv;
yetakchi bank — sinditsiyalashtirilgan kreditlash tashabbusi bilan chiqqan va zimmasiga ishtirokchi-banklar nomidan kredit hujjatlarini yuritish masʼuliyati yuklatilgan qarz oluvchining asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga xizmat koʻrsatuvchi bank;
ishtirokchi bank — sinditsiyalashtirilgan kredit berishda qatnashuvchi bank.
3. Sinditsiyalashgan kreditlar faqat yuridik shaxslarga beriladi.
4. Tijorat banklari tomonidan sinditsiyalashtirilgan kreditlash qaytarishlik, toʻlovlilik, taʼminlanganlik, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlari asosida amalga oshiriladi.
5. Sinditsiyalashtirilgan kreditni berish qarz oluvchi va ishtirokchi banklar oʻrtasida tuziladigan kredit shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
6. Sinditsiyalashtirilgan kredit berish muddati yirik investitsiya loyihalarini qoplanish muddatiga bogʻliq holda kredit shartnomasida belgilanadi.
7. Sinditsiyalashtirilgan kreditdan foydalanganlik uchun foiz stavkasi miqdori sinditsiyalashtirilgan kredit toʻgʻrisidagi kelishuv shartlariga koʻra qarz oluvchi va ishtirokchi banklar oʻrtasida tuziladigan kredit shartnomasi asosida belgilanadi.
8. Zarar koʻrib ishlovchi, nolikvid balansga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga hamda samarasiz investitsiya loyihalarini taqdim qilgan xoʻjalik subyektlariga sinditsiyalashtirilgan kreditlar berilmaydi. Sinditsiyalashtirilgan kredit olgandan keyin moliyaviy ahvoli yomonlashgan qarzdordan berilgan kreditlar oʻrnatilgan tartibda muddatidan avval undirib olish chora-tadbirlari koʻrilishi lozim. Bu qoida kredit shartnomasida albatta qayd etilgan boʻlishi kerak.
2. Sinditsiyalashtirilgan kreditlashni amalga oshirish uchun bank sindikatini tashkil etish tartibi
9. Qarz oluvchi oʻziga xizmat koʻrsatuvchi bankka yirik kredit berishni soʻrab murojaat qilganidan keyin, bank kreditlash uchun lozim boʻlgan standart tadbirlarni: oʻzining ichki kredit siyosatiga mos ravishda mijozning kreditga qobiliyatliligi tahlilini, biznes-rejasi tahlilini, kredit qaytarilishini taʼminlanganligi tahlilini va boshqalarni amalga oshiradi.
Sinditsiyalashtirilgan kreditlashni amalga oshirishning mumkinligi toʻgʻrisida kredit qoʻmitasi qaror qabul qilgan taqdirda, bank bir vaqtning oʻzida ushbu bitimga boshqa banklarni (keyingi matnda — ishtirokchi banklar) jalb etish hamda sinditsiyalashtirilgan kreditlash tashkilotchisi (bundan keyingi matnda — yetakchi bank) sifatida bank sindikatini tashkil etish haqida qaror qabul qiladi.
10. Ishtirokchi banklarni ushbu bitimga jalb etish va bank sindikatini tashkil etish toʻgʻrisida yetakchi bank kredit qoʻmitasi qaror qabul qilinganidan keyin, yetakchi bank sinditsiyalashtirilgan kreditlashda ishtirok etish xohishini bildirgan banklarni aniqlaydi va ularga sindikatda qatnashish taklifi bilan birga tayyorlangan qarz oluvchi toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etadi. Shundan keyin yetakchi bank ishtirokchi banklar bilan investitsiya loyihasi boʻyicha barcha kredit hujjatlarini taqdim etadi. Taqdim etilayotgan maʼlumotlar bank siri hisoblanadi.
Sinditsiyalashtirilgan kreditni berishga xorijiy banklar va boshqa xorijiy moliyaviy institutlar jalb etilishi mumkin. Bu holda sinditsiyalashtirilgan kreditlashni amalga oshirish xorijiy banklar va moliyaviy institutlar bilan tuzilgan bitimlarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
11. Ishtirokchi banklar bilan muzokaralar boshlangunga qadar yetakchi bank tomonidan bankning ichki kredit siyosati bilan belgilangan tartibda kredit paketini tahlili asosida barcha kredit hujjatlari hamda ishtirokchi banklar oʻrtasida tuziladigan investitsiya loyihasini birgalikda kreditlash borasidagi oʻzaro kelishuv loyihasi tayyorlab qoʻyilgan boʻlishi kerak.
Yetakchi bank ishtirokchi banklarga taklif yoʻllashdan oldin qarz oluvchi haqidagi maʼlumotlarni Banklararo kredit byurosi maʼlumotlari bilan solishtirishi lozim.
12. Kredit shartnomasining yakuniy variantini ishlab chiqish va imzolash faqatgina yetakchi bank va ishtirokchi banklar oʻrtasida mazkur investitsiya loyihasini sinditsiyalashtirilgan kreditlash toʻgʻrisida oʻzaro bitim tuzilgandan keyin amalga oshiriladi.
13. Ishtirokchi banklar oʻrtasida mazkur investitsion loyihani birgalikda kreditlash borasida bitim imzolangandan keyin bank sindikati tuzilgan hisoblanadi va ushbu bitimni imzolagan barcha ishtirokchi banklar oʻzlariga sinditsiyalashtirilgan kreditlash borasida majburiyat olgan hisoblanadilar.
Bank sindikati tuzilgandan keyin ushbu bitimdan chiqish, yaʼni sinditsiyalashgan kredit berish borasidagi kredit shartnomasini imzolashdan bosh tortilgan taqdirda ishtirokchi bank qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa ishtirokchi banklar oldida boy berilgan foydani qoplab berish borasida javobgar boʻladi.
3. Kreditlarni rasmiylashtirish tartibi
14. Yirik investitsiya loyihasi uchun sinditsiyalashtirilgan kredit olish uchun, qarz oluvchi yetakchi bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
kredit buyurtmasi;
loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishi;
qarz oluvchining bank hisobvaragʻiga pul tushumlari (pul oqimi) taxmini albatta koʻrsatilgan biznes-reja;
Oldingi tahrirga qarang.
qarz oluvchining kreditga layoqatliligini aniqlash maqsadida oxirgi 3 yillik hisobot davri uchun tegishli davlat soliq inspeksiyasiga taqdim qilgan buxgalteriya balansi (1-son shakl), 90 kundan ortiq muddatdagi qarzlarga doir solishtirish dalolatnomalari, moliyaviy natijalar toʻgʻrisida hisobot (2-son shakl), yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar, yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat yuritayotgan dehqon xoʻjaliklari bundan mustasno;
(14-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2016-yil 26-noyabrdagi 38/4-sonli qarori (roʻyxat raqami 1509-2, 06.12.2016-y.) tahririda —OʻR QHT, 2016-y., 49-son, 564-modda)
mazkur Nizomning 15-bandida koʻrsatib oʻtilgan taʼminot shakllaridan birini;
yetakchi bankning kreditlashni tashkil etishga doir ichki qoidalarida koʻzda tutilgan boshqa hujjatlar.
15. Olingan kreditni qaytaraolmaslik xatarining oldini olish maqsadida qarz oluvchi tez va erkin sotilish talablariga javob beradigan taʼminotga ega boʻlishi kerak. Qarz oluvchi bankka quyidagi taʼminot turlarini taqdim etish huquqiga ega:
mulk yoki qimmatli qogʻozlar garovi;
bank yoki sugʻurta tashkiloti kafolati;
uchinchi shaxsning kafilligi;
sugʻurta kompaniyasining qarz oluvchining kreditni qaytaraolmaslik xatarini sugʻurta qilingani toʻgʻrisidagi sugʻurta polisi.
Yirik investitsion loyihani moliyalashtirish maqsadida xorijiy bank yoki boshqa moliyaviy institutlar ishtirokida sinditsiyalashtirilayotgan kredit amalga oshirilayotgan boʻlsa, kreditni qaytarish majburiyatining taʼminoti sifatida hukumat kafolati taqdim etilishi mumkin.
16. Taʼminot turlaridan biri kreditni qaytarish taʼminoti sifatida ishtirokchi banklar talab qilayotgan summani qoplash uchun yetishmasa, qarz oluvchi yetakchi bank roziligi bilan uning yetishmayotgan qismini qoplash uchun qoʻshimcha ravishda mazkur Nizomning 15-bandida sanab oʻtilgan taʼminot turlarining biri yoki bir nechtasini bir-birini toʻldirishi asosida taqdim etishi mumkin.
17. Oʻzbekiston Respublikasining “Garov toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, muomaladan chiqarilgan buyumlardan tashqari, har qanday mulk, shu jumladan, buyumlar va mulkiy huquqlar (talablar), qimmatli qogʻozlar (ishtirokchi banklar emitent boʻlgan qimmatli qogʻozlardan tashqari) va boshqalar garov predmeti boʻlishi mumkin. Bunda garov shartnomasi bir tomondan qarz oluvchi va ikkinchi tomondan ishtirokchi banklar tomonidan imzolanadigan shaklda tuziladi.
18. Kafolat Fuqarolik kodeksining 299-moddasiga muvofiq kafolat beruvchining yetakchi va ishtirokchi banklar oldidagi yozma majburiyati shaklida rasmiylashtiriladi. Yozma majburiyat yetakchi bankda saqlanadi.
19. Kafillik Fuqarolik kodeksining 292-moddasiga muvofiq, yetakchi va ishtirokchi banklar — benifitsiarlar foydasiga kafil, yetakchi, ishtirokchi banklar va qarz oluvchi tomonidan imzolanadigan yozma shakldagi kafillik shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
20. Yetakchi bank ishtirokchi banklar bilan kelishgan holda ularga eng qulay boʻlgan taʼminot shaklini tanlash huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda yetakchi bank ishtirokchi banklar bilan birgalikda tavsiya etilayotgan taʼminot turini tahlil qilishi shart. Jumladan, garov taqdim etilgan taqdirda, yetakchi bank garov sifatida taklif etilayotgan mulkni qarz oluvchi hamda ishtirokchi banklar vakillari ishtirokida birgalikda baholashi yoki qonunchilikda belgilangan tartibda litsenziyaga ega boʻlgan baholovchi tashkilotni jalb etgan holda baholashni amalga oshirishi mumkin. Kafolat, sugʻurta yoki uchinchi shaxsning kafilligi taqdim etilgan taqdirda, yetakchi bank kafolat beruvchining, sugʻurta kompaniyasining yoki qarz oluvchiga kafil boʻlayotgan shaxsning moliyaviy ahvolini batafsil tahlil qilishi va oʻz xulosasini ishtirokchi banklarga maʼlum etishi lozim.
(20-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2010-yil 23-oktabr 34/3-sonli qarori (roʻyxat raqami 1509-1, 06.11.2010-y.) tahririda —OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 399-modda)
21. Bank sindikati kredit jildidagi barcha hujjatlarni koʻrib chiqib kredit berish toʻgʻrisida qaror qabul qilganidan, yetakchi va har bir ishtirokchi bankning sinditsiyalashtirilgan kreditdagi ulushi aniqlangandan keyin, yetakchi va ishtirokchi banklar va qarz oluvchi oʻrtasida kredit shartnomasi imzolanadi.
Kredit shartnomasida kreditning umumiy summasi, maqsadi, foiz stavkasi, muddati, har bir ishtirokchi bank tomonidan ajratiladigan kredit miqdori, kredit maqsadsiz ishlatilganligi aniqlanganda ishtirokchi banklar tomonidan koʻriladigan jazo choralari va jarimalar, kredit shartnomada belgilangan muddatlarda ajratilmagan hollarda ishtirokchi banklarga nisbatan qoʻllaniladigan jarima miqdori va boshqalar belgilangan boʻlishi shart.
Kredit yigʻma jildi yetakchi bankda yuritiladi va unda saqlanadi. Kredit yigʻma jildining nusxasi har bir ishtirokchi bankda saqlanadi.
22. Ishtirokchi banklar tomonidan qarz oluvchi bilan sinditsiyalashtirilgan kredit berish toʻgʻrisida kredit shartnomasi tuzilgandan soʻng, ishtirokchi bankning ichki tartibida belgilangan tarzda tegishli masʼul xodimi tomonidan buxgalteriyaga kreditning miqdori, muddati va foiz stavkasini koʻrsatgan holda, ssuda hisob raqamini ochish toʻgʻrisida farmoyish beradi.
23. Sinditsiyalashtirilgan kredit hisobidan investitsion loyihalarni moliyalashtirish har bir ishtirokchi bank tomonidan Markaziy bankning Adliya vazirligida 2000-yilning 2-martida 906-raqam bilan davlat roʻyxatiga olingan “Oʻzbekiston Respublikasi banklarida kredit hujjatlarini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom (yangi tahriri)” asosida barcha zarur loyiha-smeta va boshqa hujjatlar nusxalari yetakchi bankka taqdim etilgandan keyin boshlanadi.
4. Sinditsiyalashtirilgan kreditlash, uning hisobini yuritish, monitoringini olib borish va uni qaytarish tartibi
24. Ishtirokchi banklar va qarz oluvchi oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgandan soʻng, har bir ishtirokchi bank sinditsiyalashtirilgan kreditlash toʻgʻrisidagi kelishuvda qayd etilgan shartlar asosida qarz oluvchiga oʻz bankida belgilangan tartibda alohida ssuda hisobvaragʻi ochadi.
25. Ishtirokchi banklar tomonidan kreditlashni amalga oshirish kredit shartnomasida belgilangan maqsadlar va muddatlarda har bir ishtirokchi bank uchun belgilangan kalendar muddatida qarz oluvchining toʻlov topshiriqnomalari asosida tovar-moddiy boyliklar, bajarilgan ishlar va xizmatlar uchun ssuda hisobvaragʻidan naqd pulsiz shaklda toʻlash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
26. Sinditsiyalashtirilgan kreditning summasi har bir ishtirokchi bank balansida, uning tomonidan berilgan kredit miqdoriga teng ulushda aks ettiriladi.
27. Har bir ishtirokchi bank tomonidan berilgan sinditsiyalashtirilgan kredit ushbu bank balansida kredit muddatiga qarab mos ravishda quyidagi balans hisob raqamlarida olib boriladi:
12700 “Davlat korxona, tashkilot va muassasalariga berilgan qisqa muddatli kreditlar” va 15100 “Davlat korxona, tashkilot va muassasalariga berilgan uzoq muddatli kreditlar”;
12900 “Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalarga berilgan qisqa muddatli kreditlar” va 15300 “Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalarga berilgan uzoq muddatli kreditlar”;
13100 “Xususiy korxonalar, xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlarga berilgan qisqa muddatli kreditlar” va 15500 “Xususiy korxonalar, xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlarga berilgan uzoq muddatli kreditlar”.
28. Alohida ssuda hisobvaraqlari boʻyicha berilgan kreditlar kredit boʻlimi xodimining koʻrsatmasi asosida muddatli majburiyatnomalar shaklida rasmiylashtiriladi va ular kreditlash muddatlariga qarab, kreditlar toʻla qaytarilguniga qadar 91901 — “Qarz oluvchilarning qisqa muddatli kreditlar boʻyicha majburiyatlari” va 91905 — “Qarz oluvchining uzoq muddatli kreditlar va lizinglar boʻyicha majburiyatlari” nomli koʻzda tutilmagan holatlar hisobvaragʻida hisobga olinadi.
Qaytarish muddatlari pul oqimining kelib tushish istiqboliga qarab, bir necha bosqichda qoplanishini koʻzda tutuvchi jadval shaklida taqdim etilishi mumkin.
Qaytarish muddati yetib kelganda va qarz oluvchining pul mablagʻlari mavjud boʻlmagan taqdirda, kredit muddati oʻtgan ssudalar hisobvaragʻi orqali undirib olishga taqdim etiladi, u boʻyicha muddatli majburiyatnomalar esa 2-kartotekaga joylashtiriladi va qonunchilikda belgilangan tartibda undiriladi.
29. Yetakchi bank tomonidan qarz oluvchining kreditni qaytarish qobiliyatini, berilgan kreditdan maqsadli foydalanishi va garov holati yoki kafilning moliyaviy holati boʻyicha kreditdan foydalanishning butun muddati davomida monitoring amalga oshiriladi. Ushbu monitoring ishtirokchi banklar talabi asosida, ular ishtirokida yoki kredit shartnomasida belgilangan tartibda har bir ishtirokchi bank tomonidan mustaqil amalga oshirilishi mumkin.
30. Monitoring jarayonida yetakchi bank va har bir ishtirokchi bank tomonidan qarzdorning xoʻjalik-moliyaviy faoliyati, uning tomonidan tuzilgan shartnomalarga (buyurtmalarga) muvofiq mahsulot yetkazib berish majburiyatlarini bajarilishi, ishlab chiqarish hajmlari, noishlab chiqarish xarajatlari va yoʻqotishlar, muomala chiqimlari, foyda, oʻz aylanma mablagʻlarining mavjudligi dinamikasi, tovar-moddiy boyliklar zaxiralari ahvoli, aylanma mablagʻlarning aylanishi, barcha bank hisobvaraqlaridagi harakatlarni tahlil qiladi va ushbu koʻrsatkichlarni qarzdorning kredit yigʻmajildida umumlashtirib boradi.
Bankka taqdim etilgan garovning holati va kreditdan samarali hamda maqsadli foydalanishi kredit shartnomasida kelishilgan shartlarga muvofiq joyiga chiqib oʻrganiladi.
31. Qurilishni moliyalashtirish uchun berilgan kreditlar boʻyicha yetakchi va ishtirokchi banklar monitoring jarayonida kreditlangan obyektda bajarilgan ishlar hajmini nazorat oʻlchovini kredit shartnomasida qayd etilgan muddatlar va shartlar asosida amalga oshiradi.
32. Monitoring natijalari yetakchi bank tomonidan ishtirokchi banklarga hamda ishtirokchi banklar tomonidan boshqa sindikat aʼzolariga sinditsiyalashtirilgan kredit haqidagi kelishuvda belgilangan muddatlarda yuboriladi.
Monitoring sifati va muammoli kreditlarni oʻz vaqtida aniqlanishi boʻyicha javobgarlik har bir ishtirokchi bank zimmasida boʻladi.
Monitoringni amalga oshirish bank sindikati kelushivida yoki kredit shartnomasida yetakchi bank zimmasiga yuklatilishi mumkin. Bunda monitoring sifati va muammoli kreditlarni oʻz vaqtida aniqlash borasidagi javobgarlik yetakchi bank zimmasida boʻladi.
33. Berilgan kreditlardan boshqa maqsadlarda foydalanganlik holati aniqlanganda, ishtirokchi banklar yoki yetakchi bank kredit shartnomasida belgilangan tartibda, kreditning maqsadga nomuvofiq ishlatilgan qismini qarz oluvchining talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻidan muddatidan oldin undirib olish huquqiga ega.
34. Sinditsiyalashtirilgan kredit boʻyicha oʻz vaqtida toʻlanmagan hisoblangan foizlarni undirish va kreditni qaytarish yetakchi va ishtirokchi banklar tomonidan ularning mazkur kredit umumiy summasidagi ulushiga mos holda qarzdorning asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻida mavjud mablagʻlar hisobidan, kredit shartnomasida belgilangan tartibda va muddatlarda undiriladi.
35. Hisoblangan foizlar va kredit qoldigʻi boʻyicha barcha majburiyatlarini bajarish uchun qarz oluvchining mablagʻlari yetarli boʻlmagan taqdirda kredit uchun hisoblangan foizlar va kredit qarzi qoldigʻini toʻlash boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorlikni qaytarish Fuqarolik kodeksining 784-moddasiga muvofiq belgilangan navbat tartibida amalga oshiriladi.
36. Yetakchi bank tomonidan muammoli kreditni paydo boʻlishini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar boshqa ishtirokchi-banklar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
37. Yetakchi bank, uning tomonidan kreditlash jarayonini notoʻgʻri tashkil etilishi va uning natijasida zarar koʻrilishiga olib keladigan quyidagi harakatlar boʻyicha javobgar boʻladi: kredit hujjatlarini notoʻgʻri rasmiylashtirish, yuzaki monitoring oʻtkazish, ishtirokchi banklarga kredit qaytarilishi bilan bogʻliq boʻlgan muammolar borligi haqida maʼlum qilmaslik, qarz oluvchining depozit hisobraqamida mablagʻlari boʻlgan taqdirda, kreditlarni qaytarish uchun mablagʻlarni oʻz vaqtida oʻtkazmaganlik yoki umuman oʻtkazmaganlik va h. k.
38. Qarzdorning toʻlovga layoqatsizligi tufayli kreditni va uning foizlarini oʻz vaqtida toʻlay olmaganligi uchun masʼuliyat sinditsiyalashtirilgan kredit toʻgʻrisidagi kelishuv asosida barcha ishtirokchi banklar zimmasida boʻladi.
39. Yetakchi bank mazkur bitimni tashkil etish paytidagi bevosita va qoʻshimcha vaqt va mablagʻ sarflarini qoplashi uchun qarz oluvchidan vositachilik haqi undirish huquqiga ega. Vositachilik haqi miqdori sinditsiyalashtirilgan kreditlash haqidagi kelishuvda va kredit shartnomasida nazarda tutiladi.
40. Qarz oluvchi tomonidan asosiy qarzni va unga hisoblangan foizlarni kredit shartnomasida kelishilgan muddatda qaytarilmasa, yetakchi bank boshqa ishtirokchi banklar bilan kelishilgan holda Fuqarolik kodeksining 280-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq sudga murojaat qilmasdan, undirishni mustaqil ravishda garov predmetiga qaratishga haqlidir.
Garovga qoʻyilgan mulkni sotishdan tushgan mablagʻ summasi barcha hisoblab yozilgan foizlar va kredit qarzi qoldigʻini qoplash uchun yetarli boʻlmagan taqdirda u ishtirokchi banklar oʻrtasida ularning mazkur sinditsiyalashtirilgan kredit boʻyicha qarzdorlik qoldigʻidagi ulushiga nisbatan mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Sinditsiyalashtirilgan kreditni qaytarilishini taʼminlashning boshqa shakllarida ham ishtirokchi banklar talablarini qondirish xuddi shu tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
41. Ishtirokchi banklar sinditsiyalashtirilgan kredit boʻyicha qarz oluvchining toʻlovga qobiliyatlilik darajasida muammolar paydo boʻlganligi aniqlangan taqdirda ehtimolli yoʻqotishlarni qoplash uchun Tijorat banklarida aktivlar sifatini tasniflash va aktivlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2696, 2015-yil 14-iyul) muvofiq sinditsiyalashtirilgan kreditdagi ulushi hajmida zaxiralar yaratishga majburdirlar.
(41-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2016-yil 26-noyabrdagi 38/4-sonli qarori (roʻyxat raqami 1509-2, 06.12.2016-y.) tahririda —OʻR QHT, 2016-y., 49-son, 564-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 34—36-son, 265-modda; 2010-y., 44-45-son, 399-modda; 2016-y., 49-son, 564-modda)