Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi tashkil etilgani munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 8-maydagi PQ-149-son hamda 2025-yil 11-dekabrdagi “Paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-373-son qarorlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi negizida Milliy antidoping agentligi tashkil etilgani;
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari belgilangani munosabati bilan qonunchilik hujjatlarini oʻzaro muvofiqlashtirish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi direktori A.A. Sadikov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 5-fevral,
45-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 5-fevraldagi 45-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018-yil 23-fevraldagi 141-son qarorida:
b) muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 8-maydagi PQ-149-son qarorini ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi”;
v) 3-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
g) 4-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q.V. Akmalov” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi direktori A.A. Sadikov” soʻzlari bilan almashtirilsin;
d) 1-ilovada:
2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Agentlik davlat organi hisoblanadi va sportda dopingni oldini olish hamda dopingga qarshi kurashish sohasida yagona davlat siyosatini taʼminlash va amalga oshirishda ishtirok etadi. Biroq oʻz faoliyatida Butunjahon antidoping kodeksiga (va unga vaqt-vaqti bilan kiritiladigan oʻzgartirishlarga) muvofiq ravishda mustaqil harakat qiladi”;
4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Agentlik oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 8-maydagi PQ-149-son qaroriga muvofiq amalga oshiradi”;
5-banddagi “Butunjahon dopingga qarshi agentligining” soʻzlari “Butunjahon antidoping agentligining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Agentlik Butunjahon antidoping kodeksini imzolovchi tashkilot hisoblanib, sportda dopingga qarshi kurashish sohasida Butunjahon antidoping agentligi hamda boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasini ifoda etadi”;
8-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Agentlikning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq — Oʻzbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi, qisqartirilgan — Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi (OʻzMADA);
b) ingliz tilida:
toʻliq — The National Anti-Doping Agency of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgan — Uzbekistan National Anti-Doping Agency (UzNADA);
v) rus tilida:
toʻliq — Natsionalnoye antidopingovoye agentstvo Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgan — Natsionalnoye antidopingovoye agentstvo Uzbekistana (UzNADA)”;
1-kichik banddagi “doping qoʻllanishining oldini olish” soʻzlari “dopingni oldini olish” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2-kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2) doping nazoratining samarali tizimini, sportda taqiqlangan modda va usullari qoʻllanilishini hamda dopingni boshqa shakllarini nazorat qilish dasturlari va uslublari, shuningdek, sportchilar va sport tashkilotlari uchun intizomiy reglamentni ishlab chiqish va joriy etish”;
3-kichik banddagi “Butunjahon dopingga qarshi agentligining” soʻzlari “Butunjahon antidoping agentligining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
4-kichik banddagi “antidoping” soʻzi “doping” soʻzi bilan almashtirilsin;
5-kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5) sport federatsiyalari, klublari va jamoalari tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga koʻmaklashish, ularga sportda dopingni oldini olish va doping nazoratini amalga oshirish borasida uslubiy yordam koʻrsatish, taʼlim dasturlarini amalga oshirish, sogʻlom va halol sportni targʻib qilish”;
6-kichik banddagi “antidoping” soʻzi “doping” soʻzi bilan almashtirilsin;
ikkinchi, toʻqqizinchi, oʻn ikkinchi, oʻn uchinchi, oʻn oltinchi va yigirma birinchi xatboshilardagi “doping qoʻllanishining oldini olish” soʻzlari “dopingni oldini olish” soʻzlari bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi va oltinchi xatboshilardagi tegishli kelishikdagi “Butunjahon dopingga qarshi agentligi” soʻzlari tegishli kelishikdagi “Butunjahon antidoping agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“taqiqlangan modda va usullar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasining doimiy yangilanib borilishini taʼminlaydi”;
oʻninchi xatboshidagi “uslublar” soʻzi “usullar” soʻzi bilan almashtirilsin;
oʻn toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Butunjahon antidoping agentligi (WADA) hamda doping nazorati boʻyicha boshqa xalqaro tashkilotlarga Oʻzbekiston Respublikasining aʼzolik badallarini toʻlaydi”;
oʻn yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“doping nazorati natijalarini boshqarish tartib-taomillarini amalga oshiradi, shu jumladan antidoping qoidabuzarligi sodir etganlik uchun tegishli intizomiy choralar koʻradi”;
oʻn sakkizinchi xatboshidagi “doping qoʻllanishini aniqlash” soʻzlari “dopingni aniqlash va oldini olish” soʻzlari bilan almashtirilsin;
yigirma ikkinchi xatboshidagi “antidoping” soʻzi “doping” soʻzi bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “uslublarni, farmakologik taʼsirga ega dori preparatlari va boshqa moddalar qoʻllashga” soʻzlari “sportda taqiqlangan modda va usullarni qoʻllanishiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oʻn birinchi xatboshidagi “farmakologik taʼsirga ega dori preparatlari va boshqa moddalarning qoʻllanishini” soʻzlari “taqiqlangan dori hamda boshqa modda va usullar qoʻllanishini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
13-bandning yettinchi xatboshisidagi “Butunjahon dopingga qarshi agentligining” soʻzlari “Butunjahon antidoping agentligining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
birinchi xatboshidan “bosh” soʻzi chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 8-maydagi PQ-149-son qarorida yuklangan vazifa va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish”;
oʻninchi — oʻn ikkinchi xatboshilardagi tegishli kelishikdagi “Butunjahon dopingga qarshi agentligi” soʻzlari tegishli kelishikdagi “Butunjahon antidoping agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oʻn beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
oʻn oltinchi — oʻttiz sakkizinchi xatboshilar tegishlicha oʻn beshinchi — oʻttiz yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
beshinchi xatboshidan “bosh” soʻzi chiqarib tashlansin;
toʻqqizinchi xatboshidagi “Butunjahon dopingga qarshi agentligining” soʻzlari “Butunjahon antidoping agentligining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oʻn ikkinchi va oʻn uchinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
oʻn toʻrtinchi — yigirma oltinchi xatboshilar tegishlicha oʻn ikkinchi — yigirma toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
oʻn toʻrtinchi xatboshidagi “doping qoʻllanishining oldini olish” soʻzlari “dopingni oldini olish” soʻzlari bilan almashtirilsin;
23-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“23. Agentlikda quyidagi Komissiyalar tashkil etiladi:
sportchilarning terapevtik maqsadlarda taqiqlangan modda(lar) yoki usul(lar)dan foydalanish uchun bergan arizalari va ularni tasdiqlovchi hujjatlarni koʻrib chiqadigan hamda ushbu foydalanish xalqaro terapevtik istisnolar standartiga muvofiq ravishda ruxsat etilishi mumkin yoki yoʻqligini aniqlaydigan Terapevtik istisnolar boʻyicha komissiya;
antidoping qoidalarining buzilishi holatlarini oʻrganadigan va ular boʻyicha qaror qabul qiladigan, faoliyatida mustaqil boʻlishi shart boʻlgan Axloq komissiyasi”;
34-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“34. Agentlik direktori Agentlik faoliyatining natijalari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi oldida muntazam ravishda hisobot beradi.”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-yanvardagi 23-son qarori bilan tasdiqlangan Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha sport sinovlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 26-bandi beshinchi xatboshisidan “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2022-yil 22-avgustdagi 465-son qarorida:
a) quyidagi tahrirdagi 21-band bilan toʻldirilsin:
“21. Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi huzuridagi Apellyatsiya boʻyicha komissiya toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
b) 3-banddagi va 2-ilovaning koʻrsatkichidagi “2-ilovaga” hamda “2-ilova” soʻzlari tegishlicha “3-ilovaga” hamda “3-ilova” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) quyidagi mazmundagi 2-ilova bilan toʻldirilsin:
“Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 465-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi huzuridagi Apellyatsiya boʻyicha komissiya toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi huzuridagi Apellyatsiya boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda — Apellyatsiya boʻyicha komissiya) tomonidan koʻrib chiqiladigan masalalar turlari, Apellyatsiya boʻyicha komissiyaning maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Apellyatsiya boʻyicha komissiya Milliy antidoping agentligining milliy antidoping qoidalariga muvofiq shikoyat qilish huquqiga ega shaxslar tomonidan milliy antidoping qoidalariga muvofiq shikoyat qilinishi mumkin boʻlgan har qanday qarorlar, shuningdek, bu bilan cheklanmagan holda, sportda antidoping qoidabuzarliklari hamda Milliy antidoping agentligi huzuridagi Axloq va Terapevtik istisnolar boʻyicha komissiyalar qarorlari yuzasidan kiritilgan apellyatsiya va arizalarni koʻrib chiqadi.
Apellyatsiya boʻyicha komissiya aʼzolari oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
3. Apellyatsiya boʻyicha komissiya Butunjahon antidoping kodeksida nazarda tutilgan tartibda operatsion va institutsional jihatdan mustaqil boʻlishi shart hamda qarorlar qabul qilishda va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga hamda Oʻzbekiston Respublikasining shu sohaga doir xalqaro shartnomalariga amal qiladi.
4. Apellyatsiya boʻyicha komissiya faoliyati qarorlar qabul qilishda teng huquqlilik, xolislik, betaraflik, qonuniylik, kollegiallik prinsiplariga asoslanadi.
2-bob. Apellyatsiya boʻyicha komissiyaning huquqlari va majburiyatlari
5. Apellyatsiya boʻyicha komissiya apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqishda quyidagi huquqlarga ega:
apellyatsiya yoki ariza bergan shaxslardan, shuningdek, boshqa manfaatdor shaxslardan apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha materiallar va maʼlumotlarni soʻrab olish;
qoʻshimcha ekspertiza tayinlash, uni oʻtkazish uchun mustaqil ekspert va maslahatchilarni jalb etish;
zarurat boʻlganda, apellyatsiya yoki arizalarni koʻrib chiqishda qatnashish uchun davlat organlari, ilmiy va taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlardan mutaxassislar va ekspertlarni taklif qilish.
Apellyatsiya boʻyicha komissiya apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqishda qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
6. Apellyatsiya boʻyicha komissiya apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqish jarayonida quyidagilarga majbur:
apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqish jarayonida Butunjahon antidoping kodeksi, Natijalarni boshqarish boʻyicha xalqaro standart, qonunchilik hujjatlari, Milliy antidoping agentligining milliy antidoping qoidalari va mazkur Nizom talablariga qatʼiy rioya qilish;
sportchilarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitishga, ularning shaxsiy hayotiga aralashuvga yoʻl qoʻymasligi;
apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqish yuzasidan qabul qilingan qarorlar haqqoniyligini va asoslanganligini taʼminlash;
davlat organi va uning mansabdor shaxslarining oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradigan faoliyatiga aralashmasligi;
davlat organi va uning mansabdor shaxslari faoliyat koʻrsatishi uchun toʻsqinlik qilmasligi;
apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqish davomida olingan axborotning, agar bunday axborotni tarqatish qonun bilan cheklangan boʻlsa, sir saqlanishiga rioya qilishi.
Apellyatsiya boʻyicha komissiyaga apellyatsiya yoki arizani koʻrib chiqishda qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
3-bob. Apellyatsiya boʻyicha komissiyaning faoliyatini tashkil etish tartibi
7. Apellyatsiya boʻyicha komissiya 5 kishidan kam boʻlmagan toq sondagi (komissiya raisi, komissiya raisi oʻrinbosari, kotibi va aʼzolari) tarkibda Oʻzbekiston Respublikasi sport vazirining buyrugʻi bilan tuziladi.
Apellyatsiya boʻyicha komissiya tarkibiga davlat organlari va boshqa tashkilotlarning malakali xodimlari, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport sohasida katta amaliy tajribaga yoki ilmiy salohiyatga ega mustaqil olim va ekspertlar kiritiladi.
8. Apellyatsiya boʻyicha komissiya faoliyati apellyatsiya yoki ariza kelib tushganda majlislar oʻtkazish yoʻli bilan tashkil etiladi.
Bunda majlislar zaruriyatga koʻra, Apellyatsiya boʻyicha komissiya raisi tomonidan, u boʻlmagan taqdirda esa uning oʻrinbosari tomonidan chaqiriladi.
9. Apellyatsiya boʻyicha komissiya majlislari, agar ularning ishida komissiya aʼzolarining umumiy sonining yarmi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
10. Apellyatsiya boʻyicha komissiya majlisida bayonnoma yuritiladi, uni Apellyatsiya boʻyicha komissiya raisi imzolaydi. Majlisda Komissiya raisi ishtirok etmagan taqdirda, bayonnoma majlisga raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
11. Quyidagi holatlarda Apellyatsiya boʻyicha komissiyaning raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va aʼzolari uning tarkibidan chiqarilishi mumkin:
ular tomonidan Apellyatsiya boʻyicha komissiya tarkibidan chiqish toʻgʻrisida ariza berilganda;
asosiy ish joyi bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinganda;
Apellyatsiya boʻyicha komissiyaning majlislarida muntazam ravishda ishtirok etmaganda;
mazkur Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganda;
ularga nisbatan chiqarilgan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
ular tomonidan Butunjahon antidoping kodeksi va milliy antidoping qoidalari buzilganida;
ular tomonidan Butunjahon antidoping kodeksida nazarda tutilgan operatsion va institutsional mustaqil boʻlish talablariga rioya etilmaganda;
sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida ular muomalaga layoqatsiz, bedarak yoʻqolgan yoki vafot etgan deb topilganda;
vafot etganda.
12. Quyidagi hollarda Apellyatsiya boʻyicha komissiya aʼzosi komissiya kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan majlisda ishtirok etishi mumkin emas va rad qilinishi lozim, agar u:
Apellyatsiya boʻyicha komissiya aʼzosi ishning natijasidan shaxsan, bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlsa, shuningdek uning xolisligi va begʻarazligiga shubha tugʻdiradigan boshqa holatlar mavjud boʻlsa;
Apellyatsiya boʻyicha komissiya aʼzosi taraf yoki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning qarindoshi boʻlsa yoki ishda ishtirok etuvchi biron bir taraf yoki ishda ishtirok etuvchi tarafga aloqador boʻlgan biron bir tashkilot bilan shaxsiy, toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita munosabatlarga ega boʻlsa.
13. Apellyatsiya boʻyicha komissiya raisi:
Apellyatsiya boʻyicha komissiyaning majlislarini chaqiradi va unda raislik qiladi;
Apellyatsiya boʻyicha komissiya vakolatiga taalluqli masalalarni uning koʻrib chiqishi uchun kiritadi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarda Apellyatsiya boʻyicha komissiya nomidan ish koʻradi;
Apellyatsiya boʻyicha komissiya aʼzolari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Apellyatsiya boʻyicha komissiya nomidan xulosalarni, majlislar bayonnomalarini va boshqa hujjatlarni imzolaydi;
Apellyatsiya boʻyicha komissiya majlislari kun tartibini belgilaydi;
Apellyatsiya boʻyicha komissiya tomonidan qabul qilingan xulosalarning ijrosini monitoring qiladi;
yuklangan vazifalarning bajarilishi boʻyicha Apellyatsiya boʻyicha komissiya aʼzolari ishini muvofiqlashtiradi;
Apellyatsiya boʻyicha komissiya ishining samaradorligini oshirishga qaratilgan boshqa harakatlarni bajaradi.
14. Apellyatsiya boʻyicha komissiya ishlari komissiya kotibi tomonidan yuritiladi. Apellyatsiya boʻyicha komissiya kotibi:
apellyatsiya va arizalarni qabul qiladi hamda roʻyxatdan oʻtkazadi;
kun tartibiga muvofiq Apellyatsiya boʻyicha komissiya majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
Apellyatsiya boʻyicha komissiya majlisi oʻtkaziladigan sana, joy va taklif etiladigan shaxslar roʻyxatini Apellyatsiya boʻyicha komissiyaning raisi bilan kelishadi;
Apellyatsiya boʻyicha komissiyaning aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni Apellyatsiya boʻyicha komissiya majlisi oʻtkaziladigan joy, sana va vaqt haqida xabardor qiladi;
Apellyatsiya boʻyicha komissiya majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalar boʻyicha zarur materiallarni tayyorlaydi;
kun tartibidagi masalalarni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan materiallarni Apellyatsiya boʻyicha komissiya aʼzolariga tarqatadi;
manfaatdor shaxslarga ishni koʻrish natijalari boʻyicha Apellyatsiya boʻyicha komissiya qarorlarini yuborish choralarini koʻradi;
Apellyatsiya boʻyicha komissiya hujjatlari but saqlanishini taʼminlaydi.
Apellyatsiya boʻyicha komissiya kotibi komissiyaning samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha boshqa vakolatlarni amalga oshirishi mumkin.
15. Apellyatsiya boʻyicha komissiya kotibi komissiya tomonidan qarorlar qabul qilishda ovoz berish huquqiga ega emas.
16. Apellyatsiya boʻyicha komissiya apellyatsiyani Butunjahon antidoping kodeksi va Natijalarni boshqarish boʻyicha xalqaro standart asosida koʻrib chiqadi.
17. Milliy antidoping agentligining milliy antidoping qoidalariga muvofiq shikoyat qilish huquqiga ega jismoniy va yuridik shaxslar nizoli masalani Apellyatsiya boʻyicha komissiyada koʻrib chiqish uchun Apellyatsiya boʻyicha komissiya kotibiga yozma (elektron) tarzda murojaat qiladi. Barcha apellyatsiya va arizalar ushbu Nizom talablariga muvofiq taqdim etilishi lozim.
18. Apellyatsiya yoki ariza Apellyatsiya boʻyicha komissiyaga kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oy ichida, qoʻshimcha oʻrganish va (yoki) tekshirish, qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish talab etilganda esa uch oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqiladi. Ushbu bandda belgilangan muddatlarga rioya qilmaslik apellyatsiya yoki arizani yoxud Apellyatsiya boʻyicha komissiyaning ushbu apellyatsiya yoki ariza boʻyicha qaror qabul qilish vakolati bekor qilinishiga olib kelmaydi.
19. Nizoli holatni koʻrib chiqish uchun tekshirish oʻtkazish, qoʻshimcha materiallarni soʻrab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar koʻrish zarur boʻlgan hollarda, ularni koʻrib chiqish muddatlari apellyatsiya boʻyicha komissiyaning raisi tomonidan, istisno tariqasida, koʻpi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga darhol yozma yoki elektron xabar yuboriladi.
20. Apellyatsiya boʻyicha komissiya majlislarida apellyatsiya yoki ariza bergan shaxs yoki uning vakili, boshqa manfaatdor shaxslar qatnashishga haqlidir. Apellyatsiya yoki ariza bergan shaxs va koʻrib chiqilayotgan ish boʻyicha tomonlar hisoblangan boshqa shaxslar majlis boʻlishidan kamida uch kun oldin majlis oʻtkaziladigan joy, sana va vaqt toʻgʻrisida apellyatsiya boʻyicha komissiya kotibi tomonidan xabardor qilinishi kerak.
21. Apellyatsiya yoki ariza bergan shaxs, boshqa manfaatdor shaxslar iltimosnomasiga binoan Apellyatsiya boʻyicha komissiya majlisi bir oydan koʻp boʻlmagan muddatga koʻchirilishi mumkin. Bunda apellyatsiya yoki arizalarni koʻrib chiqishning belgilangan muddati oʻtishi Apellyatsiya boʻyicha komissiya majlisining yangi sanasigacha toʻxtatib turiladi.
22. Apellyatsiya boʻyicha komissiya raisi tashabbusiga koʻra, shuningdek apellyatsiya yoki ariza bergan shaxsning yoki boshqa manfaatdor shaxslar iltimosnomasiga asosan Apellyatsiya boʻyicha komissiya majlisida audio yoki videoyozuv olib borilishi mumkin.
23. Apellyatsiya boʻyicha komissiya majlisida audio yoki videoyozuv vositalaridan foydalanilganda ishda ishtirok etuvchi shaxslar va boshqa ishtirokchilar bu haqda ogohlantiriladi.
24. Apellyatsiya boʻyicha komissiya majlisida ishtirok etayotganlar yozma qaydlar qilish huquqiga ega. Apellyatsiya boʻyicha komissiya majlisini fototasvirga tushirish, audio- va videoyozuvini amalga oshirishga taraflarning roziligi va Apellyatsiya boʻyicha komissiya majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
25. Qoʻshimcha materiallar va maʼlumotlar zarur boʻlgan taqdirda ular Apellyatsiya boʻyicha komissiya belgilagan muddatlarda manfaatdor shaxslar tomonidan taqdim etilishi kerak.
26. Ishni koʻrib chiqish quyidagi hollarda Apellyatsiya boʻyicha komissiyaning navbatdagi majlisi sanasi va vaqti koʻrsatilgan holda Apellyatsiya boʻyicha komissiya tomonidan boshqa kunga koʻchirilishi mumkin:
vakilning majlisda qatnasha olmasligi sababli ishni koʻrib chiqish boshqa kunga koʻchirilishi toʻgʻrisida apellyatsiya yoki ariza bergan shaxsning asoslangan iltimosnomasi munosabati bilan;
qoʻshimcha dalillar olish zaruriyati munosabati bilan;
ishni koʻrib chiqish qatnashchilaridan birortasining hozir boʻlmaganligi yoki tomonning vakilida ishonchnoma yoʻqligi munosabati bilan;
Apellyatsiya boʻyicha komissiya fikriga koʻra ishni koʻrib chiqishga ekspertlarni jalb etish yoki boshqa shaxslarning ishtiroki zarurligi munosabati bilan;
ishni ushbu majlisda hal etish mumkin boʻlmaganda.
27. Ishni koʻrib chiqish quyidagi hollarda toʻxtatilishi mumkin:
Apellyatsiya boʻyicha komissiya tomonidan xulosalari ishni koʻrib chiqish natijalari uchun ahamiyatli boʻlgan boshqa ish koʻrilayotganda;
ekspertizadan oʻtkazish yoki tegishli ekspertning yoki mutaxassisning xulosasi zarur boʻlganda;
materiallarni qoʻshimcha oʻrganish va soʻrash talab qilinadigan holatlar vujudga kelganda.
Ishni koʻrib chiqish uni toʻxtatishga sabab boʻlgan holatlar bartaraf etilgandan keyin davom ettiriladi.
28. Ishni koʻrib chiqish Apellyatsiya boʻyicha komissiya tomonidan quyidagi hollarda toʻliq yoki qismlari boʻyicha tugatilishi mumkin:
apellyatsiya yoki ariza bergan shaxs ishni koʻrib chiqishni toʻliq yoki qismlari boʻyicha tugatilishi toʻgʻrisida ariza berganda;
tomonlardan biri vafot etganda, yuridik shaxs tugatilganda, agar huquqiy vorislari bilan almashtirish imkoni boʻlmasa yoki mumkin boʻlmasa;
Apellyatsiya ishi boʻyicha sud tomonidan qaror qabul qilinganda.
29. Apellyatsiya yoki arizalarni Apellyatsiya boʻyicha komissiyaga taqdim qilish hamda ularni Apellyatsiya boʻyicha komissiya tomonidan koʻrib chiqish boʻyicha qoʻshimcha tartib taomillar mazkur Nizomga muvofiq Apellyatsiya boʻyicha komissiya tomonidan tasdiqlanadi.
30. Apellyatsiyalarni yoki arizalarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Apellyatsiya boʻyicha komissiya quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
apellyatsiya yoki ariza qanoatlantiriladi va birinchi qaror oʻzgartiriladi;
apellyatsiya yoki ariza qisman qanoatlantiriladi va birinchi qaror oʻzgartiriladi;
apellyatsiya yoki arizani qanoatlantirish rad etiladi.
31. Apellyatsiya boʻyicha komissiya qarori apellyatsiya yoki ariza mohiyatini koʻrib chiqish tugagandan soʻng komissiya aʼzolarining yopiq yigʻilishi natijasi boʻyicha koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda Apellyatsiya boʻyicha komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Apellyatsiya boʻyicha komissiya raisi va aʼzolari ovoz berishda betaraf qolish huquqiga ega emas. Apellyatsiya boʻyicha komissiya raisi eng oxirida ovoz beradi.
32. Apellyatsiya boʻyicha komissiya qarori Apellyatsiya boʻyicha komissiya raisi va ishni koʻrib chiqishda qatnashgan Apellyatsiya boʻyicha komissiyaning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi va manfaatdor shaxslar qaror haqida tegishli tarzda xabardor qilingan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi.
33. Apellyatsiya boʻyicha komissiyada apellyatsiya yoki arizalarni koʻrib chiqish ushbu nizomga ilovada koʻzda tutilgan sxema asosida amalga oshiriladi.
34. Apellyatsiya boʻyicha komissiya qarorlari qabul qilingan kundan boshlab oʻn ish kuni mobaynida apellyatsiya yoki ariza bergan shaxslarga va boshqa manfaatdor shaxslarga yuboriladi. Ushbu bandda belgilangan muddatlarga rioya qilmaslik apellyatsiya yoki arizani yoki Apellyatsiya boʻyicha komissiyaning ushbu apellyatsiya yoki ariza boʻyicha qaror qabul qilish vakolati bekor qilinishiga olib kelmaydi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
35. Apellyatsiya boʻyicha komissiyani qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.02.2026-y., 09/26/45/0153-son)