O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘zgartirish va o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 4-oktabrdagi 386-sonli “O‘zjamg‘armabank”ni O‘zbekiston Respublikasi Xalq bankiga aylantirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasining “Bank tizimini takomillashtirish va pul-kredit munosabatlarini barqarorlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1994-yil 18-martdagi 146-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan ilova qilinayotgan o‘zgartirishlar tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublikada kassa a’mollarini tartibga solishning kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1992-yil 24-iyuldagi 346-son qarorning 2-bandi va 4-bandning uchinchi xatboshi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1994-yil 12-avgust,
411-son
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 12-avgust 411-son qarori bilan TASDIQLANGAN
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritiladigan
O‘ZGARTIRISHLAR
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 27-avgustdagi 430-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi mehnat jamg‘armalari va aholiga kredit berish davlat-tijorat banki (“O‘zjamg‘armabank”)ning Ustavida (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1993-y., 8-son, 32-modda):
1-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“1. O‘zbekiston jamg‘arma banki (“O‘zjamg‘armabank”) O‘zbekiston Respublikasi mehnat jamg‘armalari va aholiga kredit berish davlat-tijorat banki hisoblanadi hamda kredit-moliya muassasasi maqomiga egadir”;
14-bandning birinchi xatboshi “kreditlarni jalb qiladi va beradi” so‘zlaridan keyin “shu jumladan kichik korxonalar tashkil etish va ularni rivojlantirish, fuqarolar tomonidan davlat mulkining xususiylashtirilishi, turar joy binolari qurilishi va ularni tuzatish hamda aholining boshqa ehtiyojlarini qondirish bilan bog‘liq kreditlarni jalb qiladi va beradi,” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
21-band ikkinchi xatboshidan keyin quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“kredit resurslaridan jismoniy va yuridik shaxslarga kredit berishda foydalanishga, shuningdek, kredit resurslarini banklararo pul bozorida kimoshdi savdosi orqali sotishga;
aholining omonatlari bo‘yicha eng kam foiz stavkalarini yuqori chegara bilan cheklanmasdan mustaqil ko‘paytirishga;”
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalq xo‘jaligida hisob-kitoblarni yaxshilashning kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlari va korxonalarning moliyaviy ahvoli uchun ularning javobgarligini oshirish to‘g‘risida” 1992-yil 23-iyuldagi 342-son qarori 9-bandining ikkinchi xatboshida, “0,1 foiz” so‘zi “3 foiz” so‘zi bilan almashtirilsin.