Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKADA DORI-DARMONLAR VA TIBBIY BUYuMLAR BILAN TAʼMINLAShNI VA ULARNI TAQSIMLAShNI YaXShILAShGA DOIR KEChIKTIRIB BOʻLMAYDIGAN ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-sonli “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2016-yil 4-yanvardagi OʻRQ-399-son Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2017-yilning 1-iyulidan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada dori-darmonlar sotishni tartibga solish toʻgʻrisida” 1994-yil 14-iyuldagi Farmonini ijro etish yuzasidan hamda respublika aholisini dori-darmonlar, vaksinalar va tibbiy buyumlar bilan taʼminlashni yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar tasdiqlansin:
Respublika dorixona muassasalarida dori-darmonlar va tibbiy buyumlar sotish qoidalari 1-ilovaga muvofiq;
cheklangan chakana narxlarda sotiladigan va barcha dorixona muassasalarida mavjudligi majburiy boʻlgan eng zarur dori-darmonlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 15 kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi kodeksiga Dori-darmonlar va tibbiy buyumlar sotish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga oid oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda:
bir hafta muddatda eng zarur dori-darmonlar va tibbiy buyumlarning cheklangan chakana narxlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, barcha dorixona muassasalariga yetkazsin;
ikki hafta muddatda ushbu qarorning 2-ilovasiga kiritilgan eng zarur dori-darmonlar va tibbiy buyumlarni berish va ularning cheklangan chakana narxlari oʻrtasidagi farqning oʻrnini qoplash uchun “Dori-darmon” davlat-aksionerlik uyushmasi huzuridagi narxlarni tartibga solish jamgʻarmasini tuzish va undan foydalanish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. “Oʻzfarmsanoat” davlat-aksionerlik konserni:
2-ilovada qayd etilgan dori-darmonlar va tibbiy buyumlarni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining buyurtmanomasi hajmida ishlab chiqarishni taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi va xalqaro “EKOSAN” jamgʻarmasi bilan birgalikda respublikada oʻsimliklardan olinadigan mahalliy dori-darmon xomashyosi asosida oʻzimizning farmatsevtika ishlab chiqarishimizni tashkil etish dasturini ishlab chiqsin va 1994-yilning 1-oktabrigacha Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birgalikda 1994-yilning 15-sentabrigacha boʻlgan muddatda respublikaga dori-darmonlar va tibbiy asbob-uskunalarni import boʻyicha keltirish uchun Yevropa Hamjamiyati Komissiyasi tomonidan beriladigan 68 million AQSh dollari miqdoridagi kreditning rasmiylashtirilishini va keyinchalik toʻldirilishini tugallasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va “Dori-darmon” davlat-aksionerlik uyushmasi 3-ilovaga* muvofiq dorixona muassasalarini 1994-yilning ikkinchi yarim yilligida davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishga oid tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar.
* Ilova berilmaydi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi “Dori-darmon” davlat-aksionerlik uyushmasining dori-darmonlarning sifatini nazorat qilish inspeksiyasini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi dori-darmonlar sifati boʻyicha nazorat komissiyasiga aylantirsin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 4-ilovaga* muvofiq dori-darmonlar, vaksinalar va tibbiy buyumlar sotib olish uchun “Dori-darmon” davlat-aksionerlik uyushmasiga va uning hududiy boʻlinmalariga markazlashtirilmagan manbalardan Rossiya rubli summasiga teng miqdorlarda pul mablagʻlari, shu jumladan, xorijiy valyuta, shuningdek, moddiy resurslar ajratsinlar.
* Ilova berilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-iyundagi 236-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2002-y., 11-12-son, 97-modda)
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M. Q. Qoraboyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 6-avgust,
404-son
Respublika dorixona muassasalarida dori-darmonlar va tibbiy buyumlar sotish
QOIDALARI
1. Oʻzbekiston Respublikasida dori-darmonlar va tibbiyot buyumlarini sotish bilan shugʻullanishga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan dorixona muassasalariga ruxsat etiladi.
Qayd etib oʻtilgan dorixona muassasalarida dori-darmonlarni sotishga faqat maxsus farmatsevtik maʼlumotga ega boʻlgan shaxslarga ruxsat beriladi.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 20-maydagi 131-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 21-son, 150-modda)
2. Dori-darmonlar va tibbiy buyumlarning jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan dorixona muassasalaridan tashqarida bozorlarda, koʻchada, jamoat joylarida va uyda sotilishi qatʼiyan taqiqlanadi.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan va yoxud muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlmagan dori-darmonlar va tibbiy buyumlarni sotish;
dorixona muassasalari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslardan muvofiqlik sertifikatlari boʻlmagan dori-darmonlar va tibbiy buyumlarni qabul qilib olish;
qalbakilashtirilgan va roʻyxatdan oʻtkazilmagan dori vositalarini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini sotish taqiqlanadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 16-fevraldagi 18-sonli qarori tahrirda — OʻR QHT, 2010-y., 6-7-son, 50-modda)
4. Dori-darmonlarni aholiga vrachning retsepti va retseptisiz berish, shuningdek, davolash-profilaktika muassasalariga beriladigan dori-darmonlar roʻyxati va ularni berish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
5. Dori-darmonlarni litsenziyalarsiz sotish, shuningdek qalbakilashtirilgan va roʻyxatdan oʻtkazilmagan dori vositalarini sotish bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 16-fevraldagi 18-sonli qarori tahrirda — OʻR QHT, 2010-y., 6-7-son, 50-modda)
6. Barcha dorixona muassasalari qaysi idoraga qarashliligi va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, majburiy assortimentdagi dori-darmonlar va tibbiy buyumlarga majburiy tartibda ega boʻlishlari va ularning erkin sotilishini taʼminlashlari shart.
Dorixona muassasalarida mavjud boʻlishi shart boʻlgan dori-darmon vositalari boʻlmaganda belgilangan tartibda ularni shunga oʻxshashlari bilan almashtirishga ruxsat etiladi.
7. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan vrachning retseptisiz berishga ruxsat etilgan dori-darmonlardan tashqari barcha dori-darmonlar dorixonalardan faqat belgilangan shakllardagi retseptlarga koʻra beriladi.
8. Vrach retseptisiz beriladigan dori-darmonlar va tibbiy buyumlar tayyor dori-darmon beriladigan vitrinaga narxi koʻrsatilgan holda qoʻyiladi.
81. Dorixona muassasalari idoraviy mansubligidan va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar belgilangan narxlari bilan Ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining tasdiqlangan roʻyxatini davlat va rus tillarida 12-shrift oʻlchamidan kam boʻlmagan oʻlchamda koʻrinadigan joyga osib qoʻyishlari shart.
(81-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi PQ-2773-sonli qaroriga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2017-y., 7-son, 87-modda)
82. Dori-darmon vositalari yoki tibbiyot buyumlari bilan birga sotib oluvchiga identifikatsion maʼlumotlar (nomi, dozasi, qadoqlash, miqdori) bilan birga dori-darmon vositalari yoki tibbiyot buyumlarining nomi, ularni beruvchi shaxsga oid maʼlumotlar, berish sanasi va narxi koʻrsatilgan tovar cheki beriladi.
Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan tekshirish uchun xarid qilish yoki nazorat ostida olish natijalari boʻyicha olingan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining narxini belgilash boʻyicha tartibni buzish faktini tasdiqlovchi tovar va kassa cheklari dorixona muassasasining litsenziyasini toʻxtatib turish yoki tugatish uchun asoslardan biri boʻlib xizmat qiladi.
(82-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi PQ-2773-sonli qaroriga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2017-y., 7-son, 87-modda)
9. Davolash-profilaktika muassasalari vrachlariga kasalxonada dori-darmonlar boʻlmaganda statsionar davolanishda boʻlgan bemorlarga retsept yozib berishga ruxsat etiladi. Bunda dori naqd pulga sotib olinganligi haqidagi maʼlumot kasallik tarixiga yozib qoʻyilishi shartdir.
10. Ayrim toifadagi shaxslarga dorixona muassasalaridan dori vositalarini imtiyozli berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 22-iyuldagi 204-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 30-son, 387-modda)
11. Agar retseptda zaharli, narkotik va boshqa ingrediyentlar qoʻshilmasidagi kuchli taʼsir qiluvchi vositalar yozib berilgan boʻlsa, ularni tayyorlangan dori tarkibiga kiritmay alohida berish taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Vrach tomonidan zaharli, yoki kuchli taʼsir etuvchi moddani bir marta qabul qilishdan ortiqcha dozada, bu retseptda tegishli ravishda rasmiylashtirilmay yozilgan boʻlsa, dorixona xodimi dorini bir martalik qabul qilish uchun belgilangan dozaning yarmi miqdorida berishga majbur.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 18-iyuldagi 276-sonli qarori tahririda)
13. Pushti rangdagi maxsus retsept blanklarida yozib berilgan narkotik dori-darmon vositalari hududiy davolash-profilaktika muassasalariga faqat shu maqsadlar uchun biriktirib qoʻyilgan dorixonalardan beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(13-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 20-maydagi 131-sonli qaroriga muvofiq chiqarilgan — OʻR QHT, 2005-y., 21-son, 150-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat nazoratidan oʻtkazilishi kerak boʻlgan narkotik vositalar, psixotrop moddalar shahar (shahar yoki qishloq tumani) doirasida faoliyatning tegishli turiga ruxsatnomasi boʻlgan dorixonalar tomonidan ularning hududidagi davolash-profilaktika muassasalari retseptlari boʻyicha beriladi.
(13-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 18-iyuldagi 276-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Tarkibida narkotik moddalar boʻlgan dorilar uchun berilgan retseptlar — yozib berilgan kundan boshlab 7 kun mobaynida, zaharli moddalar boʻlgan dorilar boʻyicha — 10 kun, barcha qolganlari boʻyicha esa — bir oy mobaynida haqiqiy hisoblanadi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 18-iyuldagi 276-sonli qarori tahririda)
15. Vrach retseptlari boʻyicha dorixonalardan dori-darmonlarni berish normasi davolashning bir kursi uchun belgilanadi.
Favqulodda hollarda (bemorning shahardan joʻnab ketishi, dorixonaga muntazam qatnashining iloji yoʻqligi va boshqalar) dorixona xodimlariga vrach tomonidan tayinlangan dori-darmonni uzoq muddat amalda boʻladigan retseptlar boʻyicha ikki oy davomida davolanish uchun zarur boʻlgan miqdorda bir yoʻla berishga ruxsat etiladi.
16. Tibbiy etil spirti:
ambulatoriyaga qatnab davolanadigan uzoq davom etadigan kasalga chalingan bemorlarga vrachning “Maxsus koʻrsatma boʻyicha” deb yozib qoʻyilgan, imzolangan va davolash-profilaktika muassasasining muhri qoʻyilgan retseptlari boʻyicha, sof holda — 100 grammgacha hamda “Kompress qilish uchun” deb yozib qoʻyilgan (aralashtirishi miqdori koʻrsatilgan holda) yoki “Terini ishqalash uchun” deb yozib qoʻyilgan retseptlar boʻyicha, ingridiyentlar aralashmasida — 100 grammgacha;
tibbiyot maqsadlari uchun tibbiyot muassasalari va tashkilotlariga — Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan normativlar boʻyicha beriladi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 18-iyuldagi 276-sonli qarori tahririda)
17. Tarkibida zaharli, narkotik moddalar va etil spirti boʻlgan ekstemporal usulida tayyorlangan dorilarni berishda bemorlarga retsept oʻrniga yuqori qismida sariq yoʻli va unda qora shriftda “Signatura” degan yozuv boʻlgan signatura beriladi. Tayyor dori-darmonlarni berishda zarur boʻlgan hollarda dori-darmonni qoʻllash usuli koʻrsatilgan yorliq ilova qilinadi.
18. Uzoq vaqt amalda boʻladigan retsept boʻyicha dori-darmonlarni berishda retsept bemorga qaytarib beriladi, bunda uning orqa tomoniga berilgan preparatning soni va berilgan sana yozib qoʻyiladi. Bemor dorixonaga navbatdagi kelganda oldingi olingan dori-darmonlar haqidagi belgilar hisobga olinadi. Retseptning amalda boʻlish muddati tugagach “Retsept haqiqiy emas” degan tamgʻa bosiladi va dorixonada qoldiriladi.
19. Tarkibida narkotik vositalar, zaharli, psixotrop moddalar, etil spirti, uxlatadigan vositalar, steroid gormonlar, anabolik aktivlikka ega moddalar, tarkibida 8-oksixinol hosilasi boʻlgan dorilar, shuningdek shaxslarning ayrim toifalariga dori vositalarini imtiyozli berish uchun retseptlar dorixonada qoldiriladi.
(19-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 22-iyuldagi 204-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 30-son, 387-modda)
Shaxslarning ayrim toifalariga dori vositalarini imtiyozli berish uchun retseptlar dorixonalarda uch yil davomida, maxsus pushti rangdagi blanklar boʻyicha berilgan dorilar retseptlari — 5 yil, tarkibida zaharli moddalar, etil spirti boʻlgan dorilarga berilgan retseptlar, miyani aynitib qoʻyish quvvatiga ega boʻlgan preparatlar va anabolik vositalarga berilgan retseptlar bir yil davomida, boshqa dorilarga berilgan retseptlar — bir oy davomida saqlanadi.
(19-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 22-iyuldagi 204-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 30-son, 387-modda)
Retseptlar saqlash muddati tugagach yoʻq qilinadi.
(19-bandning uchinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 20-maydagi 131-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 21-son, 150-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 22-iyuldagi 204-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2013-y., 30-son, 387-modda)
20. Dorixona muassasalari va ularning xodimlari ushbu Qoidalar talablarini buzganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka tortiladilar.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 22-iyuldagi 204-sonli qaroriga asosan 20-band deb hisoblansin — OʻR QHT, 2013-y., 30-son, 387-modda)
21. Respublika hududida, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, barcha dorixona muassasalarida ushbu Qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga yuklanadi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 22-iyuldagi 204-sonli qaroriga asosan 21-band deb hisoblansin — OʻR QHT, 2013-y., 30-son, 387-modda)
Respublikaning barcha dorixona muassasalarida boʻlishi majburiy boʻlgan, cheklangan chakana narxlarda sotiladigan dori-darmonlar
ROʻYXATI
1. Aspirin
2. Analgin
3. Borli surtki
4. Har xil bintlar
5. Tibbiy paxta
6. Validol
7. Gorchichnik
8. Dimedrol
9. Dibazol
10. Levomitsetin
11. Valerian suyuqligi
12. Nitroglitserin
13. Yod suyuqligi
14. Inyeksiyalar uchun novokain
15. Papaverin
16. Ammiak eritmasi
17. Koʻk dori
18. Senadeksin
19. Eufillin
20. Ferramid