O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
RESPUBLIKADA DORI-DARMONLAR SOTIShNI TARTIBGA SOLISh TO‘G‘RISIDA
Dori-darmonlarni sotishda tegishli tartibni ta’minlash, ular bilan savdo qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish va respublika aholisini dori-darmonlar bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida:
1. Dori-darmonlar sotishga maxsus ruxsatnomalari — litsenziyalari bo‘lmagan jismoniy va yuridik shaxslarning dori-darmonlar hamda tibbiy buyumlar sotishi taqiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasining Sog‘liqni saqlash vazirligi dori-darmonlar, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, faqat dorixona muassasalarida sotilishini nazarda tutgan holda dori-darmonlar va tibbiy buyumlar sotishning hozir amalda bo‘lgan qoidalarini bir hafta muddat ichida qaytadan ko‘rib chiqib, Vazirlar Mahkamasining tasdiqlashi uchun taqdim etsin.
Dori-darmonlar sotishga maxsus ruxsatnomalar—litsenziyalar berish huquqi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklansin.
3. O‘zbekiston Respublikasining Davlat soliq qo‘mitasi va ichki ishlar vazirligi dori-darmonlar va tibbiy buyumlar sotish Qoidalarini buzish faktlariga, shuningdek ularni dorixona muassasalaridan tashqarida — bozorlarda, ko‘chalarda, jamoat joylarida va uylarda sotish hollariga qat’iyan chek qo‘ysinlar. Dori-darmonlar sotishda belgilangan qoidalarga rioya qilmayotgan shaxslar qat’iy javobgarlikka, shu jumladan jinoiy javobgarlikka tortilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Prokuraturasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddat ichida dori-darmonlar sotish borasida belgilangan qoidalarni buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risida takliflar kiritsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Dori-darmon” Davlat-aksionerlik uyushmasi aholiga dori-darmonlar sotish qoidalariga rioya etilishi uchun dorixona muassasalari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirsinlar.
Belgilab qo‘yilsinki;
dori-darmonlar va tibbiy buyumlar sotish Qoidalarini bir marta buzganligi uchun dorixona muassasasi rahbariga hayfsan e’lon qilinadi, takroriy buzgan taqdirda esa aybdor ishdan bo‘shatiladi;
xususiylashtirilgan dorixona muassasasi rahbari Qoidalarni bir marta buzganida unga jarima solinadi, takroriy buzgan taqdirda esa dori-darmonlar va tibbiy buyumlar sotishga berilgan litsenziyadan belgilangan tartibda mahrum etiladi,
6. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Dori-darmon” Davlat-aksionerlik uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda chegaralangan chakana narxlarda sotiladigan eng muhim dori-darmonlar va tibbiy buyumlarning zarur turlari ro‘yxatini tasdiqlasinlar. Har bir dorixona muassasasida shunday ro‘yxat osib qo‘yilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Dori-darmon” uyushmasi va respublikaning dorixona muassasalari rahbarlari zimmasiga dori-darmonlarning zarur turlari mavjudligini va ular respublika aholisiga erkin tarzda sotilishini ta’minlash vazifasi yuklansin.
Boshqa dori-darmonlarga va tibbiy buyumlarga erkin narxlar joriy etilsin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari dori-darmonlar va tibbiy buyumlar xarid qilish uchun pul mablag‘larini, jumladan chet el valyutasini qidirib topsinlar hamda “Dori-darmon” Davlat-aksionerlik uyushmasining hududiy bo‘linmalariga ajratib bersinlar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 10 kun muddat ichida “Dori-darmonlar va tibbiy buyumlar bilan ta’minlashni hamda ularni taqsimlashni yaxshilashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 14-iyul,
PF-916-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 7-son, 210-modda)