OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRINING
buyrugʻi
Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan bino va inshootlarni kapital taʼmirlashni moliyalashtirish va manzilli roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2001-yil 3-oktabrda 1073-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 27-dekabrdagi 214-sonli ““Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan bino va inshootlarni kapital taʼmirlashni moliyalashtirish va manzilli roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1073-2, 14.01.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-avgustdagi 305-son “Kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan Kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish tadbirlarining 1.2-bandining ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan bino va inshootlarni kapital taʼmirlashni moliyalashtirish va manzilli roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri M. NURMURODOV
Toshkent sh.,
2001-yil 19-sentabr,
107-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2001-yil 19-sentabrdagi 107-sonli buyrugʻi bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan bino va inshootlarni kapital taʼmirlashni moliyalashtirish va manzilli roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-avgustdagi 305-son qarorining ijrosini bajarish maqsadida ishlab chiqilgan va davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshirilayotgan binolar va inshootlarni kapital taʼmirlashni moliyalashtirish va manzilli roʻyxatlarni shakllantirish tartib-taomilini tartibga soladi.
2. Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga mablagʻ bilan taʼminlanadigan bino va inshootlarni kapital taʼmirlashning manzilli roʻyxatlari har yili moliya organlarida roʻyxatga olingan saqlash xarajatlari smetalarida koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida buyurtmachilar tomonidan shakllantiriladi.
3. Budjet tashkilotini saqlash xarajatlar smetasida koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida tuzilgan binolar va inshootlarni kapital taʼmirlashning manzilli roʻyxatlarida quyidagilar hisobga olinadi:
oʻtgan yilgi bino va inshootlarini kapital taʼmirlashning manzilli roʻyxatlarida koʻzda tutilgan bajarilgan ishlar va xizmatlar, obyektlar boʻyicha yetkazib berilgan qurilish materiallari va jihozlar uchun kreditorlik qarzdorligini qoplash;
oʻtgan yilgi aniq roʻyxatlarda hisobga olingan kapital taʼmirlash obyektlarining tugallanishi;
texnik pasportlari hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha hujjatlari, jumladan resurs smetasi (loyihani tasdiqlash kuniga Markaziy bank kursi boʻyicha kapital taʼmirlashning boshlangʻich qiymati 10 ming AQSh dollaridan ortiq summaga ekvivalent boʻlgan obyektlar) yoki kamchiliklar dalolatnomalari asosida tuzilgan kapital taʼmirlash boʻyicha ishlar roʻyxatiga (loyihani tasdiqlash kuniga kapital taʼmirlashning boshlangʻich qiymati Markaziy bank kursi boʻyicha 10 ming AQSh dollaridan ortiq boʻlmagan obyektlar uchun) ega boʻlgan kapital taʼmirlash obyektlari;
kamchiliklar dalolatnomalariga asosan kapital taʼmirlanishi zarur boʻlgan obyektlarning loyiha hujjatlarini, jumladan resurs smetasini ishlab chiqish.
Kapital taʼmirlashning manzilli roʻyxatlarini shakllantirish jarayonida budjet mablagʻlariga boʻlgan ehtiyoj ishlab berilmagan boʻnaklar boʻyicha debitorlik qarzini va yakunlangan yilda buyurtmachi xarid qilgan moddiy-texnik resurslar qiymatini chegirgan holda aks ettiriladi.
4. Obyektlarni kapital taʼmirlash manzilli roʻyxatlariga kiritishning majburiy shartlari boʻlib, belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha hujjatlari, jumladan resurs smetasi yoki ishlar va mablagʻ bilan taʼminlash manbalarining roʻyxati mavjudligi, shuningdek obyektlarni kapital taʼmirlanishini asosan hisobot yili davomida amalga oshirish hisoblanadi.
5. Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiradigan binolar va inshootlarni kapital taʼmirlashning shakllantirilgan manzilli roʻyxatlarini quyidagicha kelishilgan holda budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar tomonidan tasdiqlanadi:
a) Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtirishda — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar budjetlaridan moliyalashtirishda — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar hokimiyatlari moliya boshqarmalari va Toshkent shahar hokimiyati moliya bosh boshqarmasi bilan kelishib;
v) tuman va shaharlar mahalliy budjetlaridan moliyalashtirishda — tuman va shaharlar hokimiyatlari moliya boʻlimlari bilan.
Bino va inshootlarni kapital taʼmirlashning tasdiqlangan va kelishilgan manzilli roʻyxatlarini budjet tashkilotlari budjet tashkilotlarining xizmat koʻrsatuvchi banklariga taqdim etadilar.
6. Boshlangʻich qiymati 25 ming AQSh dollariga (loyihani tasdiqlash kunidagi Markaziy bank kursi boʻyicha) teng va undan ortiq boʻlgan obyektlar boʻyicha pudrat tashkiloti va kapital taʼmirlash ishlarining shartnomaviy qiymatini aniqlash pudrat tanlov savdolari asosida amalga oshiriladi, boshlangʻich qiymat 25 ming AQSh dollaridan (loyihani tasdiqlash kunidagi Markaziy bank kursi boʻyicha) kam boʻlganda esa, buyurtmachi tomonidan mustaqil ravishda, pudratchilar takliflarining tanlov soʻrovi asosida amalga oshirilishi mumkin.
Tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazish buyurtmachining mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi va ularga doir xarajatlar savdo predmeti qiymatiga kiritiladi.
Bino va inshootlarni kapital taʼmirlash boʻyicha shartnomalar tanlov savdolari natijalariga koʻra keyinchalik oʻzgarmaydigan shartnomaviy narx boʻyicha tuziladi.
7. Kapital taʼmirlashning manzilli roʻyxatlariga yil davomida qoʻshimcha obyektlar kiritilishga avariyali vaziyatlarda, shuningdek moliyalashtirish manbalari tasdiqlanganda yoʻl qoʻyiladi. Bino va inshootlarni kapital taʼmirlashning qoʻshimcha manbalari mavjud boʻlmaganida, qoʻshimcha obyektni inobatga olgan holda, ushbu maqsadlar uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida aniqlashtiriladi.
Bino va inshootlarni kapital taʼmirlashning aniqlashtirilgan aniq roʻyxatlarini budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar tomonidan moliyalashtiruvchi organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
8. Har chorakda budjet tashkilotlari bino va inshootlarni kapital taʼmirlashning manzilli roʻyxatlari kelishilgan tegishli moliya organlariga bino va inshootlarni kapital taʼmirlash mablagʻlarining shartnomaviy narxlarda oʻzlashtirilishi, shuningdek ushbu manzilli roʻyxatlarga muvofiq obyektlar kesimida moliyalashtirishning borishi toʻgʻrisida hisobotlar taqdim etadilar.
9. Bino va inshootlarni kapital taʼmirlashni moliyalashtirish davlat budjeti xarajatlarini iqtisodiy tasniflash 4-guruhi xarajatlarni mablagʻ bilan taʼminlash umumiy summasi doirasida qatʼiy amalga oshiriladi.
10. Mazkur Nizom talablariga rioya etmaganlik uchun masʼuliyat budjet tashkilotlarining birinchi rahbarlari — obyektlarni balansda saqlovchilari zimmasiga yuklanadi.
11. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Arxitektura va qurilish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi bilan kelishilgan.
Makroiqtisodiyot va statistika vazirining oʻrinbosari B. XODJAYEV
2001-yil 19-sentabr
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi A. TOXTAYEV
2001-yil 19-sentabr
“Oʻzkommunxizmat” Oʻzbekiston agentligi bosh direktori U. XOLMUXAMEDOV
2001-yil 19-sentabr