Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DEHQON VA FERMER XOʻJALIKLARI UYuShMASI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDa
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-dekabrdagi 369-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 22-oktabrdagi PF-4478-son Farmoni)” qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy tadbirkorlik, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 9-apreldagi PF-1987-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda dehqon va fermer xoʻjaliklarining qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirishdagi rolini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasining (bundan keyin Uyushma deb ataladi):
Uyushma va uning ijro etuvchi apparati tashkiliy tuzilmasi toʻgʻrisidagi taklifi 1 va 2-ilovalarga muvofiq;
Uyushmaning shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklari tegishli hududiy hamda tuman uyushmalari negizida tashkil etiladigan viloyat va tuman vakilliklari ijro etuvchi apparatlarining tashkiliy tuzilmasi toʻgʻrisidagi taklifi 3 va 4-ilovalarga muvofiq maʼqullansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Uyushma va uning hududiy vakilliklari dehqon va fermer xoʻjaliklarini birlashtiradilar, davlat tashkilotlarida va boshqa tashkilotlarda ularning manfaatlarini himoya qiladilar va ifodalaydilar, oʻz faoliyatlarini ustavlarga muvofiq, toʻliq xoʻjalik hisob-kitobi prinsiplarida tashkil etadilar;
Uyushmaning oʻz aʼzolari bilan oʻzaro huquqiy munosabatlari ularning ustavlari hamda xoʻjaliklar tomonidan Uyushmaning tuman vakilliklari bilan tuziladigan, Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq tomonlarning oʻzaro javobgarligini va manfaatlarini nazarda tutuvchi shartnomalar asosida amalga oshiriladi;
Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi raisi va uning oʻrinbosarlari syezd tomonidan saylanadilar va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tasdiqlanadilar hamda maqomi, maishiy taʼminot, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shart-sharoitlariga koʻra Uyushma raisi — vazirga, raisning birinchi oʻrinbosari — vazirning birinchi oʻrinbosariga, rais oʻrinbosari — vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladilar;
Dehqon va fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining direktori lavozimiga koʻra Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi raisining oʻrinbosari hisoblanadi;
hududiy vakilliklar rahbarlari tegishli hokimliklar bilan kelishilgan holda Uyushma raisi tomonidan tayinlanadilar.
3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi, Dehqon va fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklari uyushmasi hamda Shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan tuzilgan barcha shartnoma va majburiyatlar boʻyicha, Uyushmaning hududiy vakilliklari esa — tegishli ravishda shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklari tuman va hududiy uyushmalarining shartnomalar va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorislari hisoblanadilar;
Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi hamda uning hududiy vakilliklari ijro etuvchi apparatlarini mablagʻ bilan taʼminlash ular tomonidan taʼsis etilgan, dehqon, fermer xoʻjaliklariga va yakka tartibda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlar faoliyatidan olinadigan daromadlarning bir qismi, shuningdek Uyushma aʼzolarining ishlab chiqarish faoliyatidan ixtiyoriy ajratmalar, aʼzolik badallari hamda amaldagi qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa daromadlar hisobiga amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
dehqon va fermer xoʻjaliklarining respublika qonunchiligi bilan ularga berilgan huquqlarini va manfaatlarini himoya qilish;
dehqon va fermer xoʻjaliklari faoliyati, ularni tashkil etish va tugatish monitoringini yuritish;
dehqon va fermer xoʻjaliklarida yerlardan samarali foydalanilishini muntazam oʻrganish, yer uchastkalarini qoʻshimcha ravishda ajratish yoki qonunchilikda belgilangan tartibda olib qoʻyish toʻgʻrisida tegishli hokimliklarga takliflar kiritish;
mayda va oʻrta qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarini shartnoma asosida urugʻliklar, oʻgʻitlar, koʻchatlar, nasldor mollar va boshqa resurslar bilan taʼminlashga, ularga ishlab chiqarish texnologiya, transport, yuridik, axborot, marketing xizmatlari va boshqa xizmatlar koʻrsatishga koʻmaklashish;
dehqon va fermer xoʻjaliklariga ular yetishtirgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarda sotishga koʻmaklashish;
dehqon va fermer xoʻjaliklariga ularni kreditlar, shu jumladan xorijiy kreditlar olishida va ularni oʻzlashtirishida maslahat va uslubiy yordam koʻrsatish.
5. Uyushmaga quyidagi huquqlar berilsin:
yangidan tashkil etilayotgan va tugatilayotgan fermer xoʻjaliklarini roʻyxatdan oʻtkazish, shuningdek ularga qoʻshimcha yer uchastkalari ajratish yoki ularni olib qoʻyish uchun oʻzining tuman vakilliklari orqali tavsiyanomalar berish;
tuman statistika organlaridan dehqon va fermer xoʻjaliklarining ishlab chiqarish faoliyati toʻgʻrisida hisobotlar olish hamda ularni oʻrganib chiqqandan keyin qoʻshimcha uchastkalari ajratish (buyurtmanomalar mavjud boʻlganda) yoki ularni olib qoʻyish toʻgʻrisida tuman hokimliklariga takliflar kiritish.
6. Uyushmaga dehqon va fermer xoʻjaliklari oʻrtasida tashkiliy ishlar olib borish hamda ular tomonidan texnikaga birgalikda egalik qilish va ulardan foydalanish, yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tayyorlash, qayta ishlash, saqlash, sotish va eksport qilish, moddiy-texnikaviy taʼminlash, omixta ozuqa ishlab chiqarish boʻyicha fermerlar, dehqonlar va boshqa shaxslarning naqd pul mablagʻlaridan tijorat asoslarida, shuningdek bank kreditlaridan foydalangan holda ixtiyoriy asosda ixtisoslashtirilgan kooperativlar tashkil qilishda zarur yordam koʻrsatish tavsiya etilsin.
7. Quyidagilarga:
dehqon va fermer xoʻjaliklari tomonidan tashkil etilayotgan kooperativlarga, yetishtirilgan hosilni qayta ishlash sanoati korxonalariga sotish yuzasidan, tajriba tariqasida, ular nomidan shartnomalar tuzishga;
Uyushma aʼzolariga mustaqil ravishda yoki ular tomonidan tashkil etiladigan tayyorlov kooperativlari orqali meva-sabzavot mahsulotlarini hamda ularni qayta ishlab olingan mahsulotlarni, valyuta tushumining bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga sotmasdan, barter asosida eksport qilishga ruxsat berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi bilan birgalikda dehqon va fermer xoʻjaliklari tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini va ularni qayta ishlab olingan mahsulotlarni respublikadan chetga chiqarish uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston banklari uyushmasiga keyinchalik dehqon va fermer xoʻjaliklariga Oʻzbekiston vakolatli banklari orqali mikro va kichik kreditlar berish uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 40 million AQSh dollarigacha miqdordagi qoʻshimcha oʻrta muddatli kredit liniyasini ochish yuzasidan ikki oy muddatda takliflar kiritish tavsiya etilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” kompaniyasi, “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi, “Oʻzdonmahsulot” korporatsiyasi, “Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi, “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi, “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi, “Yogʻmoytamakisanoat” uyushmasi va boshqa manfaatdor idora va tashkilotlar Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi bilan birgalikda dehqon va fermer xoʻjaliklarini, ularning kooperativlarini zarur qishloq xoʻjaligi texnikasi, yonilgʻi-moylash materiallari, mineral oʻgʻitlar, urugʻliklar, koʻchatlar, zotli mollar, yem-xashak va boshqa moddiy resurslar bilan yanada toʻlaroq va oʻz vaqtida taʼminlash, shuningdek ularga xizmatlar koʻrsatish tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari dehqon va fermer xoʻjaliklariga ularning ishlab chiqarish — xoʻjalik faoliyatini rivojlantirishga har tomonlama koʻmaklashsinlar. Mahalliy hokimiyat organlarining dehqon va fermer xoʻjaliklari faoliyatiga aralashuviga yoʻl qoʻyilmasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining quyidagi qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
a) Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklarini davlat yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash hamda mamlakatni oziq-ovqat bilan taʼminlashda ularning rolini kuchaytirish borasidagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonini bajarishni tashkil etish masalalari haqida” 1997-yil 28-apreldagi 215-son qarorining barcha matnidagi “Shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklari uyushmasi” soʻzlari “Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) Vazirlar Mahkamasining “Shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni hamda uning mablagʻlarini jamgʻarish va ulardan foydalanish Tartibini tasdiqlash haqida” 1997-yil 25-oktabrdagi 486-son qarorida;
“Dehqon va fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisida nizom”ning Sh boʻlimi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“xorijiy mikrokreditlar olish shart-sharoitlarini taʼminlash uchun ularning garovga qoʻyiladigan mol-mulki yetishmagan taqdirda dehqon va fermer xoʻjaliklari ustav jamgʻarmalarini shakllantirishga ulush qoʻshish”;
v) Vazirlar Mahkamasining “Qishloq savdosida mulkchilik munosabatlarini, boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish va monopoliyadan chiqarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 24-martdagi 125-son qarorida 1-bandning oxirgi xatboshi chiqarib tashlansin.
12. Vazirlar Mahkamasining “Shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklari uyushmasi faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida” 1997-yil 15-apreldagi 192-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
13. Ommaviy axborot vositalari jahonning rivojlangan mamlakatlaridagi fermerlik harakati tajribasini yoritsinlar, respublikaning eng yaxshi xoʻjaliklari erishgan natijalarni muntazam koʻrsatib borsinlar, dehqon va fermer xoʻjaliklarining rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan muammolarni ochib bersinlar.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 22-aprel,
168-son
Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasining
tuzilmasi
Keyingi tahrirga qarang.
Dehqon va fermer xoʻjaliklari tomonidan ixtiyoriy asosda tashkil etiladi.
Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi ijro etuvchi apparati
TUZILMASI
* Uyushma ijro etuvchi apparati xodimlarining cheklangan soni — 35 kishi, xizmat koʻrsatuvchi xodimlar — 8 kishi.
Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar vakilliklari apparatining namunaviy
TUZILMASI
Xodimlar soni — 10 kishi doirasida
Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasining tuman vakilliklari apparatining namunaviy
TUZILMASI
Xodimlar soni —15 kishi doirasida.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1998-y.,4-son, 16-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 22-son, 159-modda; 2011-y., 45-46-son, 70-modda)