Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
MAXSUS YUKLAR VA HARBIY TARKIBLARNING TRANZITI TOʻGʻRISIDA
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonun maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti paytida Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini himoya qilish va xavfsizligini taʼminlash sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
maxsus yuklar — qurol-yarogʻ, harbiy texnika, harbiy mol-mulk, xavfli yuklar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalada boʻlishi davlat nazorati ostida boʻlgan ashyolar;
talabnoma beruvchi — maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranzitiga ruxsatnoma olish uchun murojaat etgan shaxs;
tranzit — Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida joʻnatish va yetib borish punktlari joylashgan maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali vakolatli organlar nazorati ostida barcha turdagi transportda oʻtishi;
tranzit ruxsatnomasi — maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti huquqini beruvchi hujjat;
tranzit ruxsatnomasining egasi — maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranzitiga ruxsatnoma olgan shaxs;
xavfli yuklar — oʻziga xos xossalari va xususiyatlari tufayli muayyan omillar mavjud boʻlgani taqdirda tashish, yuk ortish-tushirish ishlari jarayonida tashilayotgan yuklar, texnika vositalari, qurilmalar, bino va inshootlar, boshqa obyektlarning portlashi, yonishi yoki shikastlanishiga, shuningdek odamlar hayoti va sogʻligʻiga, atrof muhitga zarar yetkazilishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan moddalar, materiallar, buyumlar, chiqindilar;
qurol-yarogʻ va harbiy texnika — qurolli kuchlarni qurollantirishga moʻljallangan turli xil qurollarning va ularni jangovar qoʻllashni taʼminlovchi vositalarning majmualari, shu jumladan eltib qoʻyish vositalari, moʻljalga olish, uchirish, boshqarish tizimlari, shuningdek boshqa maxsus texnika vositalari, oʻq-dorilar va ularning tarkibiy qismlari, ehtiyot qismlar, asbob-uskunalar va ularning butlovchi buyumlari, mashq qurollari (turli xil qurol-yarogʻ va harbiy texnika maketlari, trenajyorlari va imitatorlari);
harbiy mol-mulk — qurolli kuchlarning shaxsiy tarkibi turmush faoliyatini taʼminlash tizimlari, maxsus maqsaddagi materiallar va ularni ishlab chiqarish uchun maxsus uskunalar, ommaviy qirgʻin qurolidan umumiy va yakka tartibda himoyalanish vositalari, ommaviy qirgʻin qurolini qoʻllash oqibatlarining oldini olish va davolash vositalari, front orqasida qoʻllaniladigan maxsus uskunalar, xarbiy kiyim va unga xos atributlar;
harbiy tarkib — xorijiy davlatlar harbiy tuzilmalarining shaxsiy tarkibi va harbiy xodimlari, shuningdek shu davlatlarda harbiy xizmatga chaqirilgan yoki zaxiraga boʻshatilayotgan shaxslar.
3-modda. Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining maxsus yuklar va harbiy tarkiblar tranziti toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda. Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti ustidan davlat nazorati
Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti ustidan davlat nazorati quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
tranzit ruxsatnomalari berish;
tranzit ruxsatnomasining egasi yoki u vakolat bergan shaxsning qonun hujjatlari talablariga rioya etishi ustidan nazorat qilish;
maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti paytida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan xavfsizlikni taʼminlash talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti toʻgʻrisidagi axborotni toʻplash, qayta ishlash va tahlil qilish.
5-modda. Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti sohasidagi boshqaruv
Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti sohasidagi boshqaruvni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va u vakolat bergan organlar amalga oshiradi.
6-modda. Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
boshqaruv organlarining maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
tranzit ruxsatnomalari berish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish va ularni bekor qilish tartibini belgilaydi;
tranziti taqiqlangan maxsus yuklarning, shuningdek tranziti faqat ruxsatnoma mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladigan maxsus yuklarning roʻyxatlarini tasdiqlaydi;
maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi;
maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti sohasida boshqaruv organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni, shuningdek ushbu Qonunning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilishni taʼminlovchi maxsus tuzilma tashkil etishi mumkin;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
7-modda. Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan organlar
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan organlar (bundan buyon matnda vakolatli organlar deb yuritiladi):
tranzit ruxsatnomasini berish toʻgʻrisida xulosalar taqdim etadi;
talabnoma beruvchining yuki tranzit tarzida tashilayotganida u davlat nazoratida boʻlmasligi haqida xulosalar beradi;
tranzit ruxsatnomalarining shartlari bajarilishi ustidan nazorat qiladi;
maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti paytida ular joylashtirilgan joylarni, tranzit shart-sharoitlari hamda holatini muntazam va tanlab tekshiruvdan oʻtkazishga, shuningdek belgilangan tartibni buzib amalga oshirilayotgan tranzitni toʻxtatib turishga haqli;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
8-modda. Tranzit ruxsatnomasi
Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki u vakolat bergan organ tomonidan beriladigan tranzit ruxsatnomasi asosida amalga oshiriladi.
Tranzit ruxsatnomasini olish uchun talabnoma beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yoki u vakolat bergan organga zarur hujjatlar ilova qilingan tegishli ariza bilan murojaat qiladi.
Tranzit ruxsatnomasini berish yoki uni berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ariza olingan kundan eʼtiboran oʻttiz kundan oshmaydigan muddatda qabul qilinadi. Zarur hollarda mazkur muddat uzaytirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Turkum qilib yuboriladigan maxsus yuklarning tranzitiga ruxsatnoma har bir turkum uchun alohida-alohida beriladi.
Qurol-yarogʻ, harbiy texnika, harbiy mol-mulk va xavfli yuklarning tranzitiga yengib boʻlmas kuch taʼsir etgan va belgilangan joyga eltib qoʻyishning imkoniyati boʻlmagan takdirda odamlar hayoti va sogʻligʻiga, atrof muhitga va Oʻzbekiston Respublikasining xavfsizligiga yetkazilishi mumkin boʻlgan zararni qoplashga moʻljallangan sugʻurta va boshqa moliyaviy kafolatlar, shuningdek oʻzga majburiyatlar talabnoma beruvchi tomonidan taqdim etilgan takdirda ruxsat etiladi. Koʻrsatib oʻtilgan kafolatlar sugʻurta polisi, bank kafolati shaklida yoxud qonun hujjatlarida belgilangan boshqacha shaklda boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
9-modda. Tranzit ruxsatnomasi berishni rad etish
Quyidagi hollarda tranzit ruxsatnomasini berish rad etiladi, agar:
qurol-yarogʻ, harbiy texnika, harbiy mol-mulk va harbiy tarkiblarni tashish vakolatli organlar bilan oldindan kelishilgan tashish rejalarida nazarda tutilmagan boʻlsa;
maxsus yuklar va harbiy tarkiblardan foydalanish maqsadi ular borishi tayinlangan davlatda inson huquqlari buzilishi, davlat ichkarisidagi yoki xalqaro koʻlamdagi beqarorlik kuchayishi bilan bogʻliq boʻlsa yoxud maxsus yuk Oʻzbekiston Respublikasi uchun nomaqbul shartlarda boshqa manzilga yoʻllanishi yoki reeksport qilinishi xavfi boʻlsa;
maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlariga yoki xavfsizligiga taxdid solsa;
maxsus yuklar tranziti odamlar hayoti va sogʻligʻiga, atrof muhitga xavf tugʻdirishi, shuningdek moddiy boyliklarga shikast yetkazishi yoki ularni yoʻq qilib yuborishi mumkin. boʻlsa;
taqdim etilgan hujjatlar qonun hujjatlari talablariga mos boʻlmasa.
Keyingi tahrirga qarang.
Tranzit ruxsatnomalari berish qonun hujjatlariga muvofiq boshqa hollarda ham rad etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
10-modda. Tranzit ruxsatnomasini bekor qilish
Tranzit ruxsatnomasi uni bergan organ tomonidan bekor qilinishi mumkin.
Tranzit ruxsatnomasini bekor qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:
tranzit ruxsatnomasi egasining maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranzitini amalga oshirishdan voz kechganligi;
tranzit ruxsatnomasi uni berish toʻgʻrisidagi qarorning qabul qilinishi uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan toʻla boʻlmagan yoki notoʻgʻri maʼlumotlar asosida berilganligi;
tranzit ruxsatnomasini berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish vaqtida maʼlum boʻlmagan, lekin uni berishni rad qilishga olib kelishi mumkin boʻlgan holatlar aniqlanganligi;
qonun hujjatlarida belgilangan tranzit tartibi buzilganligi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tranzit ruxsatnomasi bekor qilingan takdirda, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoidalar nazarda tutilgan boʻlmasa, tranzit ruxsatnomasining egasi olib kirilgan maxsus yuklar va harbiy tarkiblarni tranzit amalga oshirilgan davlat hududiga qaytarilishini oʻz hisobidan taʼminlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
11-modda. Tranzit ruxsatnomasining amal kilish muddati
Tranzit ruxsatnomasining amal qilish muddati koʻpi bilan oʻttiz kunni tashkil qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti ruxsatnomada koʻrsatilgan muddatda tugallanishi lozim. Tranzit ruxsatnomasi egasining asoslantirilgan iltimosnomasiga koʻra ruxsatnomaning amal qilish muddati bir marta, koʻpi bilan oʻttiz kunlik davrga uzaytirilishi mumkin.
12-modda. Transport vositalari oʻtadigan yoʻnalishlar
Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti tranzit ruxsatnomasida belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti amalga oshiriladigan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlari Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati bilan birgalikda boshqa vakolatli organlar bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
(12-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 287-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Belgilangan yoʻnalishlardan chetga chiqishga yoʻl qoʻyilmaydi, qonun xujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
13-modda. Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning havo transporti orqali tranziti
Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning havo transporti orqali tranziti belgilangan havo yoʻllari (samoviy oraliqlar) boʻyicha ushbu Qonunda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksiga muvofiq amalga oshiriladi.
Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning havo transporti orqali tranziti:
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari;
parvozlarni bajarish uchun belgilangan tartibda berilgan maxsus ruxsatnomalar;
tranzit ruxsatnomalari asosida hamda ularda belgilangan shartlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarni tashuvchi havo kemalarida parvozlarni bajarish uchun maxsus ruxsatnomalar tranzit ruxsatnomasi mavjud boʻlgan takdirda beriladi.
Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning havo transporti orqali tranziti Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻnib oʻtish bilan va qoʻnmasdan amalga oshirilishi mumkin. Tranzit ruxsatnomasi havo kemasining Oʻzbekiston Respublikasi hududida majburiy qoʻnishi toʻgʻrisidagi talabni nazarda tutishi mumkin.
14-modda. Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranzitiga nisbatan qoʻyiladigan talablar
Maxsus yuklarning tranziti oʻramlarda, transport vositalarida yoki konteynerlarda bojxona nazorati ostida amalga oshiriladi, bunda oʻramlar, transport vositalari yoki konteynerlar shunday ishlangan va jihozlangan boʻlishi kerakki, toki ularning ichidagi ashyolarni muhrlangan yuk xonasidan, transport vositasi yoki konteynerdan koʻzga tashlanadigan iz qoldirmasdan yoki bojxona taʼminotlariga shikast yetkazmasdan chiqarib olish yoxud u yerga joylashtirish mumkin boʻlmasin.
Tranzit tarzida oʻtayotgan harbiy tarkib Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishda qonun hujjatlariga muvofiq majburiy ravishda chegara, bojxona nazoratidan va nazoratning boshqa turlaridan oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Harbiy tarkib safida tranzit tarzida oʻtayotgan shaxslar ularning kuzatib borilishini amalga oshiruvchi yoxud ularning Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlishini boshqacha tarzda nazorat qiluvchi vakolatli mansabdor shaxslarning ruxsatnomasi asosida va faqat maxsus belgilangan toʻxtash joylarida transport vositasini tark etishga haqlidir.
Tranzit tarzida oʻtayotgan maxsus yuklarga nisbatan shubha tugʻilgan taqdirda, bojxona organlari amalda oʻtkazilayotgan yukning tranzit uchun maʼlum kilingan yukka muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa olish maqsadida tegishli vakolatli organga murojaat qiladi.
Tranzit tarzida oʻtayotgan maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning kuzatib borilishini vakolatli organlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda taʼminlaydi.
15-modda. Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning noqonuniy tranziti
Tranzit ruxsatnomasining egasi yoxud u vakolat bergan boshqa shaxs maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning noqonuniy tranzitini amalga oshirgan takdirda, mazkur yuklar va tarkiblarning ular joʻnatilgan davlatga qaytarilishi uning xisobidan amalga oshiriladi. Xavfli chiqindilarni ular joʻnatilgan davlatga qaytarishning imkoni boʻlmagan takdirda ularning ekologik jihatdan xavfsiz tarzda foydalanilishini yoki zararsizlantirilishini tranzit ruxsatnomasi egasi yoxud u vakolat bergan boshqa shaxs oʻz hisobidan taʼminlaydi hamda yetkazilgan zararni qoplaydi.
16-modda. Maxsus yuklarning tranziti paytida ularni bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish
Oldingi tahrirga qarang.
Maxsus yuklarning tranziti paytida ularni bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish tovarning kuzatuv hujjatlari, ularning tranzit ruxsatnomalari, maxsus yuklarning kelib chiqish sertifikati va bojxona rasmiylashtiruvi uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlar taqdim etilgan takdirda qonun xujjatlariga muvofiq bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.
(16-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 20-yanvardagi OʻRQ-401-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 3(I)-son, 32-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Sertifikatning yoki undagi maʼlumotlarning, shu jumladan maxsus yuk chiqarilgan mamlakat toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning aniqligiga shubha tugʻilgan xollarda Oʻzbekiston Respublikasining bojxona organi sertifikat bergan organlarga yoki tovar chiqarilgan mamlakat sifatida koʻrsatilgan mamlakatning vakolatli tashkilotlariga qoʻshimcha yoki aniqlashtiruvchi maʼlumotlarni xabar qilishni soʻrab murojaat etishi mumkin.
17-modda. Maxsus yuklarning tranziti paytida ularni qoʻriqlash va himoya qilish
Maxsus yuklarning tranziti paytida ularni qoʻriqlash va himoya qilish qonun xujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi hamda u qoʻporuvchilikning yoki maxsus yuklar talon-toroj qilinishining oldini olishga qaratilgan tashkiliy, muhandislik-texnikaviy tadbirlar, davlat organlari vositalari va harakatlari yigʻindisidan iborat boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
18-modda. Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranzitini cheklash
Quyidagilarning:
harbiy harakatlar olib borilayotgan, urush yoki qurolli toʻqnashuv xavfi mavjud boʻlgan mintaqalarga qurol-yarogʻ, harbiy texnika va harbiy mol-mulkning;
tranziti Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga zid boʻlgan maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranzitiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Maxsus yuklarni qonun hujjatlariga muvofiq tovarlari chiqarilishi mumkin boʻlmagan mamlakatdan chiqarilgan deb hisoblash uchun yetarli asoslar mavjud boʻlgan taqdirda bojxona organi ularni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali oʻtkazishni rad etishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
19-modda. Maxsus yuklar va harbiy tarkiblar toʻgʻrisidagi axborotdan foydalanish
Vakolatli organlar maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti bilan bogʻliq masalalarni hal etishda, shu jumladan axborot ayirboshlash orqali hamkorlik qiladilar.
Maxsus yukning egasi yoki talabnoma beruvchi maxsus yuklardan ommaviy qirgʻin qurolini yoki oddiy qurol-yarogʻlarni yaratish yoki ishlab chiqarish maqsadida foydalanilishi mumkin deb hisoblashga asos boʻladigan axborotga ega boʻlsa, u bu haqda vakolatli organni xabardor qilishi shart.
Maxsus yukning egasi hamda harbiy tarkiblarning kimga tegishliligi toʻgʻrisidagi ular tranziti bilan bogʻliq axborot quyidagi hollarda oshkor qilinishi mumkin:
maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranzitini nazorat qilish maqsadida vakolatli organlar oʻrtasida axborotdan foydalanilganda yoki uni ayirboshlanganda;
axborotdan dastlabki tergovda yoki sud ish yuritishida yoxud sud qarorlarini ijro etishda foydalanilganda;
maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranzitiga taalluqli axborot xalqaro tashkilotlarga yuborilganda, agar Oʻzbekiston Respublikasi oʻz zimmasiga shunday xalqaro majburiyat olgan boʻlsa.
Maxsus yukning egasi hamda xarbiy tarkiblarning kimga tegishliligi toʻgʻrisidagi ular tranziti bilan bogʻliq axborot qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hollarda ham oshkor qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
20-modda. Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti toʻgʻrisidagi qonun xujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti toʻgʻrisidagi qonun xujjatlarining buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 11-may,
213-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 82-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 287-modda; 2016-y., 3(I)-son, 32-modda, 2019-y., 2-son, 47-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 23.10.2025-y., 03/25/1090/0968-son)