Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 15-aprelda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 4-sentabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2025-yil 4-sentabrda maʼqullangan
Mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Bunda mahkumlarni va ilgari huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni axloqan tarbiyalash, ular tomonidan takroran jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish tizimini zamon talablari asosida yanada takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga mahkumlarning jazoni oʻtash muddati ular tuzalish yoʻliga oʻtganligi munosabati bilan qisqartirilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek ushbu Qonun bilan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga profilaktik hisobga olish asoslari maqbullashtirilishini hamda profilaktik hisobga olinadigan maʼmuriy huquqbuzarlik turlari ularning ijtimoiy xavflilik darajasi, xususiyati, kelgusida jinoiy qilmish sodir etilishi mumkinligi kabi mezonlardan kelib chiqqan holda belgilanishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun mahkumlarni axloqan tuzatish, ularda jamiyat qoidalari va anʼanalariga nisbatan hurmatni shakllantirish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga, profilaktik hisobga olingan shaxslar bilan olib boriladigan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish orqali mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashishga va huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2012-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 1, 3-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165-modda; 2002-yil, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 9, 171-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 314-modda, № 12, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 12, 656-modda; 2007-yil, № 4, 158, 166-moddalar, № 6, 248-modda, № 9, 416, 422-moddalar, № 12, 607-modda; 2008-yil, № 4, 187, 188, 189-moddalar, № 7, 352-modda, № 9, 485, 487, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 4, 128-modda, № 9, 329, 334, 335, 337-moddalar, № 12, 470-modda; 2010-yil, № 5, 176, 179-moddalar, № 9, 341-modda, № 12, 471, 477-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 343-modda; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 3, 47-modda, № 6, 300-modda, № 9, 506, 510-moddalar; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 218, 224-moddalar, № 7, 430-modda, № 10, 679-modda; 2019-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 3, 161-modda, № 5, 259, 267, 268-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 471-modda, № 9, 592-modda, № 11, 787-modda, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 3, 204-modda, № 7, 449-modda, № 10, 593-modda, № 11, 651-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 5, 14-moddalar, № 2, 142, 144-moddalar, № 3, 217-modda, 4-songa ilova, № 8, 800, 803-moddalar, № 10, 966, 968, 973-moddalar, № 12, 1193-modda; 2022-yil, № 2, 81-modda, № 3, 215, 216-moddalar, № 4, 337-modda, № 5, 464, 466-moddalar, № 6, 575-modda, № 10, 981-modda; 2023-yil, № 3, 184, 185, 187, 188-moddalar, № 4, 265-modda, № 5, 319-modda, № 10, 798-modda, № 11, 921-modda; 2024-yil, № 1, 8-modda, № 2, 111-modda, № 3, 245-modda, № 8, 818-modda, № 9, 954, 964-moddalar, № 10, 1070, 1071, 1073, 1077, 1079, 1083-moddalar, № 11, 1186-modda, № 12, 1280, 1287-moddalar; 2025-yil, № 2, 196-modda, № 3, 376, 377-moddalar) quyidagi mazmundagi 741-modda bilan toʻldirilsin:
“741-modda. Jazoni oʻtash muddatini shaxs tuzalish yoʻliga oʻtganligi munosabati bilan qisqartirish
Ushbu Kodeks 73-moddasining toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan shaxs (bundan umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilganlar mustasno) ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni oʻtash davrida mahkumlarda toʻgʻri maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan adabiyotlar roʻyxatidagi kitoblarni oʻqiganligi fakti tasdiqlangan taqdirda, unga nisbatan tayinlangan jazoni oʻtash muddati qisqartirilishi mumkin. Bunda jazoni oʻtash muddati har bir oʻqilgan kitob uchun uch kunga, biroq bir yilda koʻpi bilan oʻttiz kungacha qisqartirilishi mumkin”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2013-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 2, 5-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 269-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 11, 23-moddalar, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 9, 171-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 12, 418-modda; 2006-yil, № 6, 261-modda; 2007-yil, № 4, 166-modda, № 6, 248, 249-moddalar, № 9, 422-modda, № 12, 594, 595, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 177, 187-moddalar, № 9, 482, 484, 487-moddalar, № 12, 636, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 4, 136-modda, № 9, 335-modda, № 12, 469, 470-moddalar; 2010-yil, № 6, 231-modda, № 9, 334, 336, 337, 342-moddalar, № 12, 477-modda; 2011-yil, № 4, 103, 104-moddalar, № 9, 252-modda, № 12/2, 363-modda; 2012-yil, № 1, 3-modda, № 9/2, 244-modda, № 12, 336-modda; 2014-yil, № 9, 244-modda; 2015-yil, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 385-modda; 2017-yil, № 3, 47-modda, № 6, 300-modda, № 9, 506, 510-moddalar, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 5-moddalar, № 4, 218, 224-moddalar, № 7, 430, 431-moddalar, № 10, 679-modda; 2019-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161-modda, № 5, 259, 267-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 469-modda, № 9, 589, 592-moddalar, № 10, 671-modda, № 11, 787, 791-moddalar, № 12, 880, 881, 891-moddalar; 2020-yil, № 3, 204-modda, № 5, 296-modda, № 12, 689-modda; 2021-yil, № 1, 5, 11, 13, 14-moddalar, № 2, 142, 144-moddalar, 4-songa ilova, № 8, 800, 803-moddalar, № 9, 903-modda, № 10, 973-modda, № 12, 1193-modda; 2022-yil, № 2, 81-modda, № 3, 216-modda, № 4, 337-modda, № 6, 575-modda; 2023-yil, № 3, 184, 185-moddalar, № 4, 265, 269-moddalar, № 5, 319-modda, № 9, 713-modda; 2024-yil, № 1, 8-modda, № 2, 115-modda, № 9, 964-modda, № 10, 1070, 1073, 1077, 1083-moddalar, № 12, 1280, 1286, 1292-moddalar; 2025-yil, № 1, 8-modda, № 2, 196, 201-moddalar, № 3, 376-modda) quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:
1) quyidagi mazmundagi 5362-modda bilan toʻldirilsin:
“5362-modda. Jazoni oʻtash muddatini shaxs tuzalish yoʻliga oʻtganligi munosabati bilan qisqartirish tartibi
Jinoyat kodeksining 741-moddasida nazarda tutilgan hollarda mahkumga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni oʻtash muddatini qisqartirish jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyatining taqdimnomasiga yoxud qonunda belgilangan tartibda mahkumning yoki uning himoyachisining iltimosnomasiga koʻra sudya tomonidan amalga oshiriladi”;
2) 541-moddaning ikkinchi qismi “yengilroq jazo bilan almashtirish toʻgʻrisidagi” degan soʻzlardan keyin “jazoni oʻtash muddatini shaxs tuzalish yoʻliga oʻtganligi munosabati bilan qisqartirish toʻgʻrisidagi” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-aprelda qabul qilingan 409-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 6, 175-modda; 2003-yil, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 6, 248-modda, № 9, 422-modda, № 12, 595-modda; 2008-yil, № 4, 187-modda, № 12, 636, 641-moddalar; 2009-yil, № 4, 136-modda, № 12, 470-modda; 2010-yil, № 9, 334-modda; 2012-yil, № 9/1, 238-modda; 2014-yil, № 9, 244-modda; 2015-yil, № 8, 310-modda; 2017-yil, № 3, 47-modda, № 10, 605-modda; 2019-yil, № 3, 165-modda, № 5, 267-modda, № 8, 469-modda, № 9, 588, 592-moddalar, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 6, 337-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 11, 1061-modda, № 12, 1193-modda; 2022-yil, № 5, 464-modda; 2023-yil, № 2, 104-modda, № 3, 187-modda, № 4, 269-modda; 2024-yil, № 2, 115-modda, № 8, 818, 823, 828-moddalar, № 11, 1285-modda) quyidagi qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilsin:
1) 97-modda:
quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Jazoni ijro etish muassasalari adabiyotlar bilan, shu jumladan mahkumlarda toʻgʻri maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan adabiyotlar roʻyxatidagi kitoblar bilan taʼminlanishi shart”;
oltinchi qismi yettinchi qism deb hisoblansin;
2) 971-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“mahkumning mahkumlarda toʻgʻri maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan adabiyotlar roʻyxatidagi kitoblarni oʻqiganligi”;
3) quyidagi mazmundagi 1641-modda bilan toʻldirilsin:
“1641-modda. Jazoni oʻtash muddatini mahkum tuzalish yoʻliga oʻtganligi munosabati bilan qisqartirishga taqdim etish tartibi
Jinoyat kodeksi 73-moddasining toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan mahkumning (bundan umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilganlar mustasno) ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni oʻtash davrida kitob oʻqiganligi faktini aniqlash uning jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyatiga bergan arizasiga asosan, jazoni ijro etish muassasasi xodimlaridan, shuningdek jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Komissiya tarkibiga jamoatchilik vakillaridan, qoida tariqasida, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, jamoat tashkilotlarining hayotiy tajribaga va aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan vakillari kiradi.
Komissiya yigʻilishi yiliga kamida ikki marta oʻtkaziladi.
Imtihon natijalari boʻyicha komissiya tomonidan mahkumning kitob oʻqiganligi faktini tasdiqlash haqida xulosa qabul qilinadi.
Komissiya xulosasi mahkumning shaxsiy yigʻmajildiga qoʻshib qoʻyiladi. Xulosaning koʻchirma nusxasi prokurorga yuboriladi, mahkumga imzo qoʻydirib topshiriladi, shuningdek mahkumning himoyachisiga uning soʻroviga koʻra beriladi.
Mahkumning kitob oʻqiganligi faktini tasdiqlash haqida xulosa qabul qilinganda jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyati sudga jazoni oʻtash muddatini mahkum tuzalish yoʻliga oʻtganligi munosabati bilan qisqartirish toʻgʻrisida taqdimnoma yuboradi.
Mahkum yoki uning himoyachisi komissiya xulosasidan norozi boʻlgan taqdirda iltimosnoma bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Mahkum tuzalish yoʻliga oʻtganligi munosabati bilan uning jazoni oʻtash muddatini qisqartirish Jinoyat-protsessual kodeksining 5362-moddasida belgilangan tartibda sud tomonidan amalga oshiriladi.
Komissiyaning faoliyatini tashkil etish, shuningdek mahkumni imtihondan oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-mayda qabul qilingan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-371-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 5, 129-modda; 2015-yil, № 8, 310-modda; 2016-yil, № 12, 383-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda; 2019-yil, № 1, 5-modda, № 2, 47-modda, № 5, 267-modda, № 9, 589, 591-moddalar, № 10, 674-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 11, 1061-modda; 2022-yil, № 1, 5-modda, № 5, 466-modda; 2023-yil, № 4, 265-modda) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 3-modda:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“profilaktik hisob axborot tizimi — shaxsni elektron profilaktik hisobga olish va hisobdan chiqarish chogʻidagi axborotni toʻplash, saqlash, izlash, unga ishlov berish hamda undan foydalanish imkonini beradigan, tashkiliy jihatdan tartibga solingan axborot resurslari, axborot texnologiyalari va aloqa vositalari”;
uchinchi — yettinchi xatboshilari tegishincha toʻrtinchi — sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
2) 9-modda birinchi qismining oʻn toʻrtinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi” degan soʻzlar “ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi va uning hududiy boʻlinmalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
3) 19-modda:
nomidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi organlarining” degan soʻzlar “Ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining va uning hududiy boʻlinmalarining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
birinchi qismining birinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi organlari” degan soʻzlar “Ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi va uning hududiy boʻlinmalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
ikkinchi qismidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi organlari” degan soʻzlar “Ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi va uning hududiy boʻlinmalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
4) 35-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Profilaktik hisobga olish quyidagi shaxslarga nisbatan yuritiladi:
ilgari sudlanganlarga ular jinoiy jazoni oʻtaganidan soʻng, bundan oʻziga nisbatan maʼmuriy nazorat oʻrnatilgan shaxslar mustasno;
Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 592, 183, 1842, 1843, 1844, 1891, 190, 201, 202, 2021, 240, 241-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etganlarga;
Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 12810 va 131-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun sud tomonidan muayyan muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etish jazosi tayinlangan shaxslarga”;
5) 36-moddaning nomi va birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“36-modda. Shaxsni profilaktik hisobga olish asoslari
Shaxsni profilaktik hisobga olish uchun quyidagilar asos boʻladi:
vakolatli organning yoki mansabdor shaxsning ushbu Qonun 35-moddasining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori;
sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi;
shaxsning jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
probatsiya hisobidan chiqarilgan shaxsni profilaktik hisobga olish toʻgʻrisidagi topshiriq;
ushbu Qonun 35-moddasining toʻrtinchi xatboshisida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun sudning muayyan muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi qarori”;
6) 37-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“37-modda. Shaxsni profilaktik hisobga olish tartibi
Ushbu Qonun 36-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan asoslardan biri mavjud boʻlganda, profilaktik hisobga olishni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan shaxs shaxsni profilaktik hisobga olish toʻgʻrisida tuman (shahar) ichki ishlar organi boshligʻi tomonidan tasdiqlanadigan qaror chiqaradi. Mazkur qaror shaxsni profilaktik hisobga olish uchun asos mavjudligi toʻgʻrisida dalolat beruvchi hujjatlar mansabdor shaxs tomonidan olingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida chiqariladi. Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki probatsiya hisobidan chiqarilgan shaxslarga nisbatan shaxsni profilaktik hisobga olish toʻgʻrisidagi qaror ular jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilinganligi haqidagi maʼlumotnoma yoki probatsiya hisobidan chiqarilgan shaxsni profilaktik hisobga olish toʻgʻrisidagi topshiriq yashash joyidagi ichki ishlar organining huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasiga kelib tushgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida chiqariladi.
Shaxsni profilaktik hisobga olish toʻgʻrisidagi qarorda ushbu qarorni chiqargan shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi, qaror chiqarilgan sana va joy, profilaktik hisobga olinayotgan shaxs haqidagi maʼlumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, yashash, ish, oʻqish joyi) va profilaktik hisobga olish uchun asoslar koʻrsatiladi. Shaxsni profilaktik hisobga olish toʻgʻrisidagi qaror mazkur qarorni chiqargan shaxs tomonidan profilaktik hisob axborot tizimi orqali elektron shaklda imzolanadi.
Shaxsni profilaktik hisobga olish toʻgʻrisidagi qaror tasdiqlangan paytdan eʼtiboran uch ish kuni ichida, profilaktik hisobga olingan shaxs yashash joyida boʻlmagan hollarda esa, uning turgan joyi aniqlangan paytdan eʼtiboran uch ish kuni ichida tanishtiriladi va shu paytdan eʼtiboran kuchga kiradi.
Qaror bilan tanishtirilganlik faktini tasdiqlash uchun barmoqlar izlarini tanib olish tizimidan foydalaniladi.
Qaror bilan tanishtirilganda, shaxsga uning huquq va majburiyatlari tushuntirilib, bu haqda qarorda qayd qilinadi.
Shaxsning xulq-atvorini nazorat qilish va unga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari oʻz vaqtida qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida shaxs profilaktik hisobga olish uchun profilaktik hisob axborot tizimiga kiritilgan kunda ichki ishlar organlari tomonidan elektron shaklda profilaktika ishi ochiladi”;
7) 38-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Shaxsni profilaktik hisobga olish u profilaktik hisobga olingan paytdan eʼtiboran bir yil mobaynida amalga oshiriladi.
Agar profilaktik hisobga olish davrida ushbu Qonun 36-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan yangi asoslar vujudga kelsa, shaxsni profilaktik hisobga olish muddati shaxs yangi vujudga kelgan asoslar boʻyicha profilaktik hisobga olingan paytdan eʼtiboran hisoblanadi”;
8) 39-modda:
birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Quyidagi asoslardan biri mavjud boʻlganda shaxs profilaktik hisobdan chiqariladi”;
quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“shaxsni profilaktik hisobga olish uchun asos boʻlgan maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi sud qarorining bekor qilinishi”;
ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan asoslardan biri mavjud boʻlganda, profilaktik hisobga olish uchun masʼul boʻlgan shaxs shaxsni profilaktik hisobdan chiqarish toʻgʻrisida tuman (shahar) ichki ishlar organi boshligʻi tomonidan profilaktik hisob axborot tizimi orqali tasdiqlanadigan elektron shaklda qaror chiqaradi”.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ushbu Qonun 3-moddasi 3-bandining oʻn birinchi xatboshisida nazarda tutilgan komissiyaning faoliyatini tashkil etish, shuningdek mahkumni imtihondan oʻtkazish tartibini ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
6-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonunning 1, 2 va 3-moddalari ushbu Qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach amalga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 15-yanvar,
OʻRQ-1114-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2026-y., 03/26/1114/0047-son)