Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirining
buyrugʻi
Virusli va bakterial kasalliklardan xoli boʻlgan kartoshkaning mini-tuganaklarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun Qishloq xoʻjaligi vazirligiga respublika budjetidan ajratiladigan transfert mablagʻlarini ishlatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 26-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3714]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-269-son “Respublikada kartoshka yetishtirishni koʻpaytirish va urugʻchiligini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Virusli va bakterial kasalliklardan xoli boʻlgan kartoshkaning mini-tuganaklarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun Qishloq xoʻjaligi vazirligiga respublika budjetidan ajratiladigan transfert mablagʻlarini ishlatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Oʻzbekiston fermerlari kengashi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir I. ABDURAXMONOV
Toshkent sh.,
2025-yil 15-noyabr,
37-son
Kelishildi:
Iqtisodiyot va moliya vaziri J. KUCHKAROV
2025-yil 10-noyabr
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosari J. URUNOV
2025-yil 22-oktabr
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi H. TURAXUJAYEV
2025-yil 17-oktabr
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 16-oktabr
Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi A. VAXABOV
2025-yil 16-oktabr
Fermerlar kengashi raisi A. XAITOV
2025-yil 16-oktabr
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining 2025-yil 15-noyabrdagi 37-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Virusli va bakterial kasalliklardan xoli boʻlgan kartoshkaning mini-tuganaklarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun Qishloq xoʻjaligi vazirligiga respublika budjetidan ajratiladigan transfert mablagʻlarini ishlatish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom virusli va bakterial kasalliklardan xoli boʻlgan kartoshkaning mini-tuganaklarini (bundan buyon matnda mini-tuganaklar deb yuritiladi) yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun Qishloq xoʻjaligi vazirligiga (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi) respublika budjetidan ajratiladigan transfert mablagʻlarini ishlatish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoida
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
mini tuganaklar — “in-vitro” laboratoriyasida, masket toʻr bilan oʻralgan issiqxona yoki himoyalangan inshootda yetishtirilgan, Potato spindle tuber viroid (PSTV), Potato leaf roll virus (PLRV), Potato Virus Y (PVY), Potato Virus X (PVX), Potato Virus S (PVS) va Potato Virus M (PVM) kartoshka viruslari va bakterial kasalliklardan (qora son, halqali chirish va boshqalardan) xoli boʻlgan, ogʻirligi 5,0 grammdan kam boʻlmagan kartoshkaning birlamchi sogʻlom urugʻlik materiallari;
ilmiy muassasalar va tadbirkorlik subyektlari — “in-vitro” oʻsimligi yoki mikro tuganaklarini tayyorlovchi va ulardan mini tuganaklarini yetishtiruvchi, oʻzining yoki ijara shartnomasi asosida foydalanadigan “in-vitro” laboratoriyasi, masket toʻr bilan oʻralgan issiqxona yoki himoyalangan inshooti mavjud boʻlgan ilmiy muassasalar va tadbirkorlik subyektlari;
transfert mablagʻlari — Vazirlikka har yili Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan mini-tuganaklarni yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan pul mablagʻlari.
2-bob. Transfert mablagʻlariga boʻlgan talabni shakllantirish
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-269-son “Respublikada kartoshka yetishtirishni koʻpaytirish va urugʻchiligini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 2026-yildan boshlab har yili kartoshkaning “in-vitro” oʻsimliklari va mikrotuganaklaridan 10 million dona mini-tuganaklarni yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan Vazirlikka 1,5 million AQSH dollari ekvivalentida milliy valyutada transfert mablagʻlari ajratiladi.
3. Vazirlikka ajratilgan transfert mablagʻlari Vazirlik huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (bundan buyon matnda Milliy markaz deb yuritiladi) tomonidan tasarruf etiladi hamda Milliy markaz uchun ochilgan maxsus shaxsiy gʻazna hisobvaragʻi orqali mini-tuganaklarni yetishtirish xarajatlari moliyalashtiriladi.
4. Vazirlik mini-tuganaklarni yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksiga muvofiq kelgusi oʻrta muddatli davr uchun transfert mablagʻlarining har yili 1-mayga qadar dastlabki hamda 1-avgustga qadar yakuniy miqdorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi.
5. Kelgusi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinganidan soʻng, budjet parametrlariga muvofiq ajratilgan transfert mablagʻlari doirasida Milliy markaz Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallarini tuzish, tasdiqlash va roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2634, 2014-yil 15-dekabr) muvofiq xarajatlar smetasini tuzadi va tasdiqlaydi hamda roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlaydi.
3-bob. Transfert mablagʻlaridan foydalanish
6. Mini-tuganaklarni yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish ularni ilmiy muassasalar va tadbirkorlik subyektlaridan Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq xarid qilish orqali amalga oshiriladi.
7. Milliy markaz davlat buyurtmachisi sifatida har yili 10-yanvarga qadar mini-tuganaklarni xarid qilish boʻyicha davlat xaridlari (bundan buyon matnda davlat xaridlari deb yuritiladi) haqidagi axborotlarni Davlat xaridlari maxsus axborot portali, ommaviy axborot vositalari va oʻzining rasmiy veb-sayti orqali eʼlon qilib boradi.
8. Davlat xaridlarida talabgor sifatida Kartoshkaning “in-vitro” oʻsimligi, mikro va mini tuganaklarini tayyorlash hamda yuqori avlodli urugʻlik kartoshka yetishtiriladigan hududlar va yetishtiruvchi subyektlarga qoʻyiladigan talablarga (roʻyxat raqami 3712, 2025-yil 26-noyabr) javob beruvchi ilmiy muassasalar va tadbirkorlik subyektlari ishtirok etadi.
9. Milliy markaz transfert mablagʻlari hisobidan davlat xaridlarida gʻolib deb topilgan ilmiy muassasalar va tadbirkorlik subyektlaridan mini-tuganaklarni shartnoma asosida xarid qiladi.
10. Vazirlik Milliy markaz tomonidan transfert mablagʻlarini maqsadli sarflanishini doimiy nazorat qilib boradi.
4-bob. Yakuniy qoida
11. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.11.2025-y., 10/25/3714/1097-son)