Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 4-oktabrdagi PQ-347-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazi xodimlariga oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash miqdorlari tatbiq etiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B.E. Zaxidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 7-noyabr,
706-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 706-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, faoliyatini tashkil etish tartibi, shuningdek, rahbarlarining huquqlari, funksional vazifalari va javobgarligini belgilaydi.
2. Vazirlik kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligi va mehnat munosabatlari sohasida yagona siyosat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Vazirlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi.
3. Vazirlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, ushbu Nizom hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
4. Vazirlikning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.
5. Vazirlik hamda uning hududiy boʻlinmalari yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan, oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasining tegishli boʻlinmalarida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, shu jumladan, chet el valyutasidagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi.
Vazirlik huzuridagi jamgʻarmalarning mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida jamlanadi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahri Gʻaznachilik xizmati boshqarmalari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari uchun ochiladigan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga oʻtkazib beriladi.
6. Vazirlikning rasmiy nomi:
1) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi;
qisqartirilgan nomi — Bandlik vazirligi;
2) rus tilida:
toʻliq nomi — Ministerstvo zanyatosti i sokrasheniye bednosti Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Minzanyatosti.
3) ingliz tilida:
toʻliq nomi — Ministry of employment and poverty reduction of the Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Ministry of employment;
7. Vazirlikning joylashgan manzili (pochta manzili): 100031, Toshkent shahri, Nukus koʻchasi, 8-uy.
2-bob. Vazirlik tuzilmasi
8. Vazirlik tizimiga quyidagilar kiradi:
Vazirlik markaziy apparati;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari;
tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz);
malakani baholash markazlari;
Kambagʻallik va mehnat bozori tadqiqotlari instituti;
Milliy texnik malakani baholash va malaka oshirish markazi;
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini boshqarish direksiyasi;
Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Bandlik jamgʻarmasi);
Hokim yordamchilari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi;
Yangi ish oʻrinlari tashkil etishni ragʻbatlantirish hududiy jamgʻarmalari;
“Kambagʻallik va mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazi” MCHJ (keyingi oʻrinlarda — Loyihalarni boshqarish markazi);
Toshkent shahridagi xodimlarni boshqarish va mehnatni muhofaza qilish kolleji.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari, tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari Vazirlikka va tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, tumanlar (shaharlar) hokimliklariga boʻysunadi va hisob beradi.
9. Vazirlik oʻz vazifalari va funksiyalarini bajarishda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
3-bob. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari, tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlarining vazifalari va funksiyalari
1-§. Vazirlikning vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
mehnat bozorini, band va ishsiz aholini tarkibiy tahlil qilish, ishsizlarni manzilli aniqlash va ularning hisobini yuritish;
aholi bandligini taʼminlash dasturlarini shakllantirish, boʻsh ish oʻrinlari hisobini yuritish, ishsizlarni ishga joylashtirish;
kambagʻallikni qisqartirish;
mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchilari faoliyatini muvofiqlashtirish;
kasbiy standartlarni ishlab chiqish, vaucher va buyurtmalar asosida kasb-hunar va xorijiy tillarga oʻqitish, malakani baholash;
munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat meʼyorlariga rioya etilishini oʻrganish, mehnat huquqini taʼminlash hamda mehnatni muhofaza qilish;
mehnatga haq toʻlashni normalashtirish, mehnat standartlarini joriy etish va mehnat munosabatlarini takomillashtirish;
tomorqa yerlari va dehqon xoʻjaliklari yer maydonlaridan samarali foydalanish, sohaga zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish, mahallalarning ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda yuqori daromadli va eksportbop mahsulotlar yetishtirishni tashkil qilish;
qonunchilikda belgilangan boshqa vazifalar.
11. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
1) mehnat bozorini, band va ishsiz aholini tarkibiy tahlil qilish, ishsizlarni manzilli aniqlash va ularning hisobini yuritish yoʻnalishida:
mehnat bozorini tahlil qilish va ishsizlarning hisobini manzilli (nomma-nom) yuritadi;
iqtisodiyotning rivojlanib kelayotgan tarmoq va sohalarida mehnat resurslariga boʻlgan talabni prognoz qiladi;
mehnat bozoridagi tarkibiy muammolarni aniqlash va nomutanosibliklarning oldini oladi;
Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikni amalga oshirish va Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalari hamda tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qiladi;
respublikada demografik oʻzgarishlar, mehnat bozorida yuzaga kelayotgan tendensiyalar, ixtisosliklar boʻyicha mehnat resurslariga nisbatan talab va ehtiyojlar hamda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha har chorakda kamida bir marta tadqiqotlar oʻtkazadi;
mehnat bozoridagi oʻzgarishlarni tarkibiy tahlil qilish orqali bandlik va ishsizlik darajasi va tuzilmasiga taʼsir qiluvchi omillar va tendensiyalarni oʻrganadi;
respublikada amalga oshiriladigan islohotlarning maqsadlari va ustuvorliklaridan kelib chiqib, zamonaviy bozor mexanizmlari va vositalari asosida aholi bandligini va mehnat bozori barqaror rivojlanishini taʼminlashga doir strategik dasturlarni ishlab chiqishda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat, xoʻjalik birlashmalari, ilmiy-tadqiqot institutlari ishlarini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasining mehnat resurslari balansini ishlab chiqadi;
respublika va hududlarni demografik va iqtisodiy rivojlantirish prognozlaridan kelib chiqib, mehnat resurslari balanslarining asoslantirilgan prognoz parametrlarini, shuningdek, aholi bandligini taʼminlashga doir samarali kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;
mehnat bozorini tahlil qiladi, ishsizlar va ishga joylashishga muhtoj aholi hisobini yuritadi;
mehnat va bandlik masalalari yuzasidan Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan belgilangan tartibda hamkorlik qiladi va Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlari boʻyicha ish koʻradi;
Xalqaro mehnat tashkilotining Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalarining, mehnat va bandlik masalalari boʻyicha tuzilgan boshqa xalqaro shartnomalar bajarilishi monitoringi yuritilishini tashkil etadi, belgilangan tartibda tegishli hisobot va maʼruzalarni tayyorlaydi hamda taqdim etadi;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mehnat huquqlariga rioya etish masalalari boʻyicha xalqaro tashkilotlar missiyasi ishini tashkil etadi;
aholini ish bilan taʼminlash va mehnatni muhofaza qilishga koʻmaklashish maqsadlariga yoʻnaltiriladigan xorijiy donorlar va kredit tashkilotlari mablagʻlarining belgilangan tartibda jalb qilinishini va ulardan foydalanishni tashkil etadi;
kambagʻallikni qisqartirish va bandlik hamda mehnat munosabatlari sohasida xalqaro shartnomalar tuzish toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, manfaatdor vazirlik va idoralar hamda ish beruvchilar va xodimlarning respublika birlashmalari oʻrtasida respublika darajasidagi uch tomonlama ijtimoiy sheriklikda, shuningdek, uch tomonlama maslahatlashuvlarda xalqaro mehnat standartlarini qoʻllashga koʻmaklashish maqsadida ishtirok etadi;
chet davlatlarning tuzilmalari va xalqaro tashkilotlar bilan Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan hamkorlik qiladi;
xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining bandlik sohasiga oid koʻrsatkichlarida dunyo mamlakatlari orasida yuqori oʻrinlarni egallashiga toʻsqinlik qilayotgan muammolarni aniqlaydi hamda bartaraf etish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
mehnat bozorini tartibga solish, bandlik, kambagʻallikni qisqartirish, mehnat munosabatlari, mehnatni muhofaza qilish, kasb va mehnat standartlari, band boʻlmagan aholini kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ishsizlarni ijtimoiy himoya qilish sohasida bozor shart-sharoitlariga mos keladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;
2) aholi bandligini taʼminlash dasturlarini shakllantirish, boʻsh ish oʻrinlari hisobini yuritish, ishsizlarni ishga joylashtirish yoʻnalishida:
har yil uchun hududlar, tarmoq va sohalar kesimida aholi bandligini taʼminlash dasturini ishlab chiqadi va uning amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi;
mavjud boʻsh ish oʻrinlari hisobini yuritadi va monitoring qiladi, ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirishni tashkil etadi va ish beruvchilar bilan hamkorlik qiladi;
talab yuqori boʻlgan kasblar va mutaxassisliklarni aniqlash, taklif etilayotgan ish haqi, talab qilinadigan malaka talablari, mehnat sharoitlari, ish vaqti rejimi va boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan platformani shakllantiradi, yuritadi va doimiy takomillashtirib boradi;
manfaatdor davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyati bilan shugʻullanayotgan, tomorqa va dehqon xoʻjaliklarida mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnomani rasmiylashtirmay chorvachilik, dehqonchilik, parrandachilik, baliqchilik hamda tomorqa va dehqon xoʻjaliklarida boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqarolarning hisobga olinishini tashkil etadi;
respublika va maʼmuriy-hududiy tuzilmalar mehnat resurslari soni va tarkibini muntazam ravishda tahlil qiladi, uni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan birgalikda yoshlar va band boʻlmagan aholi qaysi kasbni maʼqul koʻrishini va mehnat yoʻnalishini aniqlash uchun muntazam ravishda ijtimoiy tadqiqotlar oʻtkazadi;
mehnat bozorida teng shartlar asosida raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini (kvota) belgilash boʻyicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda ularni ishga joylashtirish uchun ish beruvchilar tomonidan belgilangan miqdorda ish oʻrinlari ajratilishini nazorat qiladi;
tashkilotlarda eng kam ish oʻrinlarini ajratish va ularga ish izlashda muayyan qiyinchiliklarga duch kelayotgan va teng shartlar asosida mehnat bozorida raqobatlasha olmaydigan ayrim toifadagi shaxslarni qabul qilish masalalarini muntazam ravishda oʻrganadi va tahlil qiladi, bunday shaxslarni ishga joylashtirish yuzasidan tashkilotlar uchun kvotalar belgilashga doir takliflar ishlab chiqadi;
aholi bandligi darajasini va tarkibini toʻliq va xolis baholash, mehnat bozoridagi tarkibiy mavjud nomutanosibliklarni va ularning kelib chiqish sabablarini aniqlash, ishga joylashtirilishi zarur shaxslarni aniqlash maqsadida mehnat bozori rivojini muntazam ravishda tahlil qiladi va shu asosda tarmoqlar va hududlar boʻyicha yangi ish oʻrinlarini tashkil etish uchun yillik buyurtmalarni shakllantiradi;
ichki mehnat bozorini himoya qilish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida mehnat qilayotgan xorijiy fuqarolar hisobini yuritish maqsadida xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomani beradi;
ish beruvchilar tomonidan taqdim etilayotgan boʻsh (vakant) ish oʻrinlari hisobini yuritadi, tahlil qiladi va takomillashtiradi;
ish oʻrinlarini tashkil etish, aholini ishga joylashtirish jarayonlari va mehnat bozori holatini muntazam monitoring qiladi hamda ularni tahlil qiladi va shu asosda aholi bandligini oshirish boʻyicha samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;
ishsizlik va norasmiy bandlik darajasini va tarkibini muntazam ravishda, shu jumladan, aholi bandligini aholi oʻrtasida soʻrovlar oʻtkazish orqali tahlil qiladi;
aholi, shu jumladan, yoshlar, xotin-qizlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, ishdan boʻshatilgan shaxslar va boshqa toifadagi shaxslar bandligi va ularni ishga joylashtirish boʻyicha axborotni shakllantirishni va kompleks tahlil qilishni tashkil etadi;
manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda aholi bandligini taʼminlash, bandlikning samarali shakllarini rivojlantirish hududiy va tarmoq dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishning tizimli muvofiqlashtirib borilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ish oʻrinlari tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmalarini iqtisodiyotni tuzilmaviy isloh va diversifikatsiya qilish boʻyicha dasturlar, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir kompleks dasturlarni uzviy bogʻlagan holda, qisqa muddatli (bir yil), oʻrta muddatli (ikki, uch yil) va uzoq muddatli (uch yildan ortiq) davrlar uchun shakllantiradi;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalarini tashkil etadi va oʻtkazadi, mehnat organlari tomonidan aholiga va ish beruvchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va ulardan qulay foydalanishni taʼminlash orqali ishsizlarni, birinchi navbatda, yoshlarni, professional va oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilarini hamda aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda mehnat resurslari balansining prognoz parametrlari asosida hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha oliy va professional taʼlim yoʻnalishlari uchun mutaxassislar tayyorlash yuzasidan davlat buyurtmalarini shakllantiradi;
mehnat bozorida vaziyat tang boʻlgan mintaqalarda ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha maqsadli dasturlarni ishlab chiqishni muvofiqlashtiradi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda ularni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
iqtisodiyotni isloh qilish va tarkibiy qayta oʻzgartirish davomida, shuningdek, tashkilotlar qayta tashkil etilganda, toʻlovga qobiliyatsiz boʻlishi va tugatilishi natijasida ishdan boʻshatiladigan xodimlarni ish bilan taʼminlash va ijtimoiy muhofaza qilishga doir maqsadli mintaqaviy dasturlar ishlab chiqilishini muvofiqlashtiradi;
bandlik va ish oʻrinlarini tashkil etish hududiy dasturlarini ishlab chiqishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga metodik va amaliy yordam koʻrsatadi;
manfaatdor vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tijorat banklari bilan birgalikda oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlgan fuqarolarni, shu jumladan, kasbiy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilarini iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish boʻyicha maqsadli dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlariga ish izlab murojaat qilgan fuqarolarning ishga joylashtirilishiga koʻmaklashadi;
Vazirlikning yangi ish oʻrinlari tashkil etishni ragʻbatlantirish hududiy jamgʻarmalari hamda tadbirkorlik subyektlari bilan birgalikda, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida faoliyatni yangi ish oʻrinlarini tashkil etishga va aholini ish bilan taʼminlashga qaratilgan ijtimoiy yoʻnaltirilgan loyihalarni amalga oshiradi;
Bandlik jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ishsizlarni moddiy qoʻllab-quvvatlashni taʼminlashni belgilangan tartibda tashkil etadi;
kasanachilikni, oilaviy tadbirkorlikni, hunarmandchilik faoliyatini va aholining oʻzini oʻzi band qilishning boshqa shakllarini ragʻbatlantirish va rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
kasanachilik faoliyatini kengaytirish, shu jumladan, yirik korxonalar va fuqarolar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirish asosida kengaytirish masalalarida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarga koʻmaklashadi;
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ish oʻrinlari yaratishda va ularni ishga joylashtirishda nodavlat notijorat tashkilotlariga va boshqa tashkilotlarga koʻmaklashadi;
nogironligi boʻlgan shaxslar mehnatidan foydalanish, kasanachilik turlarini va nogironligi boʻlgan shaxslarni ish bilan taʼminlashning boshqa shakllarini rivojlantirish boʻyicha ixtisoslashtirilgan korxonalarni tashkil etish va rivojlantirishga koʻmaklashadi;
bandlikning yangi shakllarini joriy etishga va anʼanaviy shakllarini kengaytirishga qaratilgan aholi bandligini kengaytirishning uslubiy va normativ-huquqiy asoslarini ishlab chiqadi;
ijtimoiy sheriklik doirasida aholi bandligini taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishga hamda mehnat va bandlik masalalari boʻyicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning amalda bajarilishi yuzasidan jamoat nazoratini takomillashtirishga ish beruvchilarni jalb etishga koʻmaklashadi;
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiruvchi Boʻsh (vakant) ish oʻrinlari milliy bazasini shakllantiradi va muntazam yangilab boradi hamda aholining interaktiv rejimda undan foydalanishini taʼminlaydi;
mehnat va aholini ish bilan taʼminlash masalalari boʻyicha axborot-maʼlumotnoma tizimlari va interaktiv xizmatlarning yanada rivojlanishini taʼminlaydi;
ishga joylashtirish va aholini ish bilan taʼminlash sohasida aholiga xizmat koʻrsatishda nodavlat sektorni rivojlantirishga va uning rolini kuchaytirishga qaratilgan qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish va kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
ishga joylashtirish va bandlikka koʻmaklashish boʻyicha xizmatlar sohasiga axborot-kommunikatsiya xizmatlari keng joriy etilishini, fuqarolarga ishga joylashish jarayonlarini yengillashtiruvchi hamma uchun ochiq maʼlumotlar bazalari tashkil etilishini taʼminlaydi;
oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga ragʻbatlantiruvchi imtiyozlar berish choralarini koʻradi;
mehnat organlariga murojaat qilgan ishsizlarning ishga joylashtirilishini taʼminlashda, birinchi navbatda, yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yoʻl va uy-joy kommunal infratuzilma obyektlarini qurish, taʼmirlash va rekonstruksiya qilish, shahar va tumanlarni obod qilish, mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlarini tashkil etish sohalariga jalb qiladi;
3) kambagʻallikni qisqartirish yoʻnalishida:
kambagʻallik dinamikasi va tarkibini tahlil qiladi, kambagʻallik sabablari va omillarini bartaraf etish boʻyicha xorijiy tajribani hamda joylardagi holatni, shu jumladan, ilmiy-tadqiqot muassasalarini jalb etgan holda muntazam oʻrganib boradi;
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning ishlab chiqilishini tashkil etadi va ijrosini muvofiqlashtiradi, shu jumladan, ushbu rejalarning toʻgʻri, maqsadli, manzilli tuzilgani va natijadorligini hamda eng ogʻir ahvoldagi mahallalarning infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha ishlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini tahlil qiladi va takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
(11-band 3-kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
aholini kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni joylarga chiqqan holda oʻrganish hamda natijasi boʻyicha “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha respublika komissiyasiga har oyda maʼlumot kiritib boradi;
individual rejalarning ijrosini muvofiqlashtiradi, zarur hollarda ularga tegishli oʻzgartirishlar kiritish orqali samarali natijaga erishilishini taʼminlaydi;
individual rejalarni amalga oshirishda aniqlangan muammolarni mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda hal qiladi hamda tizimli muammolar yechimi boʻyicha takliflarni “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha respublika komissiyasiga kiritib boradi;
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy reyestrning “kambagʻal oila” toifasidagi oilalarga va eng ogʻir ahvoldagi mahallalarga biriktirilgan tashkilotlar rahbariyatining faoliyati samaradorligini monitoring qiladi;
(11-band 3-kichik bandining yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Vazirlik hududiy boʻlinmalarining kambagʻallikni qisqartirish va kasb-hunarga oʻqitish yoʻnalishlari boʻyicha faoliyatini loyihaviy yondashuv tamoyili asosida tashkil etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
mahallalarda aniqlangan, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni mazkur reyestrdan chiqarishga qaratilgan choralarni koʻradi;
(11-band 3-kichik bandining toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan tuman (shahar) yoki mahalla boʻyicha aniq chora-tadbirlardan iborat loyihaviy boshqaruv tizimini joriy etadi. Bunda eng ogʻir ahvoldagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, shu jumladan, tomorqalarni sugʻorishga, mahallalarni elektr energiyasi va internet bilan uzluksiz taʼminlashga mablagʻlar ajratilishi uchun aniq loyihalar ishlab chiqadi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida xalqaro va davlatlararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishda ishtirok etadi;
4) mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchilari faoliyatini muvofiqlashtirish yoʻnalishida:
mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi faoliyatini uslubiy jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi;
istiqbolli loyihalar bilan ishlash koʻnikmasi va malakasini oshirib borishni doimiy tahlil qiladi;
eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini ishlab chiqadi va baholaydi;
faoliyatida aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, hokim yordamchilari ishini samarali tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida yuqori natijalarga erishib kelayotgan, ijobiy tajribaga ega boʻlgan hokim yordamchilari orasidan tanlab olingan “loyiha menejerlari” va hokim yordamchilari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
tadbirkorlikni va iqtisodiy rivojlantirish borasida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlarga amaliy koʻmaklashadi;
tadbirkorlikni va mahallalarni iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha asosiy yoʻnalishlar yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
hududlarning xususiyatlari va salohiyatidan kelib chiqib, tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻnalishlarini aniqlaydi va rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan vositalarni joriy etishga oid ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganadi hamda amaliyotga tatbiq etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
hududlarda mahallabay ishlash asosida oilaviy tadbirkorlikni, yetakchi tadbirkorlik subyektlari va aholi oʻrtasida iqtisodiy kooperatsiyani rivojlantirish choralarini koʻradi;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan birgalikda mahallalarning “oʻsish nuqtalari”ni aniqlash, mavjud muammolarni hal etish orqali aholini kasb-hunarga oʻqitish, bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka jalb etish, “drayver” loyihalarni amalga oshirish boʻyicha yangi yoʻnalishlarning ishlab chiqilishida ishtirok etadi;
hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha davlat va hududiy dasturlar bajarilishini muvofiqlashtiradi, tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining amaldagi ijrosini taʼminlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqadi, ularning bajarilishi ustidan samarali monitoring yuritadi;
mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirishga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlaydi hamda bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik sohasida mavjud talablar va tartib-taomillarni soddalashtirish boʻyicha muntazam ravishda oʻrganishlar oʻtkazadi, muammolarni chuqur oʻrganish va aniqlangan byurokratik toʻsiqlar, gʻovlarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash loyihalarini amalga oshirishda, shuningdek, vazirlikka yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grantlari, kreditlari va texnik koʻmagini jalb etish yuzasidan hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi;
mahallabay ishlashning vertikal tizimi asosida mahalladagi iqtisodiy holatni, xonadonbay oʻrganishni, jumladan, aholining bandlik darajasini, oilalarning daromad manbalarini, tomorqa yerlaridan foydalanish holatlarini hamda daromadli mehnatga boʻlgan ehtiyojlarni tahlil qilish ishlarini tashkil qiladi va muvofiqlashtiradi;
aholini tadbirkorlikka jalb qilish va oʻzini oʻzi band qilish faoliyatiga yoʻnaltirish uchun belgilangan tartibda subsidiya ajratilishini tashkil etadi;
aholining daromadli mehnat bilan bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va oʻqitish hamda oʻzini oʻzi band qilishning boshqa shakllarini ragʻbatlantirish va rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
aholida tadbirkorlik sohasida zarur koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan oʻqitish jarayoniga nodavlat notijorat tashkilotlari va nodavlat taʼlim tashkilotlarini keng jalb qiladi;
hududlar kesimida aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlarining elektron reyestrini shakllantiradi va nazorat qilib boradi;
5) kasbiy standartlarni ishlab chiqish, kasb-hunar va xorijiy tillarga oʻqitish, malakani baholash yoʻnalishida:
xalqaro tan olingan kasb standartlarini ishlab chiqish uchun yuqori malakali xorijiy va mahalliy ekspertlarni shartnoma asosida jalb etadi;
talab yuqori boʻlgan kasb va xorijiy tillarga oʻqitish boʻyicha davlat buyurtmasini shakllantiradi;
standartlar asosida malakani baholash xizmatlari bozorini tartibga soladi, sohaga xususiy sektorni keng jalb qiladi;
ish beruvchilar talabiga moslashuvchan oʻqitish muddati va vaqtini nazarda tutuvchi vaucher va buyurtmalar asosida tezkor kurslarni yoʻlga qoʻyadi;
amaliy kasbiy koʻnikmalarni bevosita ish joyida shakllantirish imkonini beruvchi tizimni joriy etadi;
malakani baholash markazlarida xalqaro baholash tashkilotlari orqali xorijda tan olinadigan sertifikatlar (malaka pasportlari) berilishini taʼminlaydi;
yetakchi xorijiy tashkilotni jalb qilgan holda, Xalqaro standartlar boʻyicha kasbiy malakani baholovchi markazni tashkil qiladi va xorijiy davlatlarda tan olinadigan malaka sertifikati berishni yoʻlga qoʻyadi;
xalqaro tan olingan kasb standartlarini ishlab chiqish uchun yuqori malakali xorijiy va mahalliy ekspertlarni shartnoma asosida jalb etadi;
talab yuqori boʻlgan kasb va xorijiy tillar roʻyxati hamda ushbu jarayonga jalb etiladigan xususiy oʻquv markazlarining reyestrini shakllantiradi;
kasblar va xorijiy tillarga oʻqitish uchun Bandlik jamgʻarmasi hisobidan ajratiladigan grantlar qiymatini belgilaydi;
mehnat resurslarini kasblar boʻyicha tahlil qiladi, shuningdek, mehnat unumdorligi, mehnat munosabatlari va mehnatga haq toʻlash hamda ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
mehnat va kasbiy faoliyatning yordamchi tarmoqlararo turlari sohasida kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha tarmoq kengashi faoliyatiga oid tadqiqotlarni amalga oshiradi va tegishli takliflarni ishlab chiqadi;
mehnatga layoqatli aholi, ayniqsa, band boʻlmagan yoshlarga kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalar olishi uchun shart-sharoit yaratadi;
mehnat va kasbiy faoliyatning yordamchi tarmoqlararo turlari sohasida kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha tarmoq kengashi faoliyatiga oid tadqiqotlarni amalga oshiradi va tegishli takliflarni ishlab chiqadi;
mehnatga layoqatli aholi, ayniqsa band boʻlmagan yoshlarga kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalar olishi uchun shart-sharoit yaratadi;
ishsizlarni “usta-shogird” usulida kasbga yakka tartibda qayta tayyorlashni tashkil etadi;
mehnat bozorida teng shartlar asosida raqobatlasha olmaydigan ishsiz fuqarolar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa toifalarini kasbga oʻqitish va ularning malakasini oshirishning samarali tizimini tashkil etishda ishtirok etadi;
ishsizlarni va mehnat bozorida teng sharoitlar asosida raqobatlasha olmaydigan shaxslarni kasbga oʻqitishni tashkil etish masalalarida davlat-xususiy sheriklikning samarali mexanizmlarini shakllantirishda koʻmaklashadi;
mehnat bozoriga ilk bor kirib keluvchi, oʻz biznesini tashkil etishni xohlayotgan yoshlarni ragʻbatlantirish va ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish va kiritish, ishga muhtoj band boʻlmagan aholi manfaatlarini koʻzlab kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash samarali tizimini yaratish maqsadida Bandlik jamgʻarmasidan ushbu maqsadlarga ajratiladigan mablagʻlarni mutanosib tarzda yoʻnaltiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlarida roʻyxatga olingan ishsiz fuqarolarni, ayniqsa, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning aʼzosi boʻlgan xotin-qizlarni kasbga oʻqitishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish uchun Bandlik jamgʻarmasidan professional taʼlim tashkilotlariga grantlar ajratadi;
(11-band 5-kichik bandining yigirma birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlarida roʻyxatga olingan ishsiz va ish qidirayotgan fuqarolarni kasbga oʻqitishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish uchun Bandlik jamgʻarmasidan nodavlat taʼlim muassasalarga grantlar ajratadi;
tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari yoʻllanmasi boʻyicha ishga qabul qilingan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga mansub xodimlarni, shu jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslarni kasbga oʻqitish va ularning malakasini oshirish uchun sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish uchun ish beruvchilarga bir martalik subsidiyalar beradi;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda umumtaʼlim maktablari, oliy va oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari bandligini oʻrganadi va oʻrganish natijalari asosida oliy va oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlarida ishchi kadrlar va mutaxassislarni kasbga tayyorlash yoʻnalishlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
kelgusida mehnat faoliyati yoʻnalishlarini tanlash hamda mehnat bozori va bandlikni rivojlantirish istiqbollariga mutanosib kasbiy rejalarni shakllantirish masalalari boʻyicha yoshlar oʻrtasida targʻibot ishlarini va kasbga yoʻnaltirish ishlarini muvofiqlashtiradi;
mehnat bozorida kadrlarga boʻlgan, shu jumladan, yangi kasblarga boʻlgan ehtiyojlarni va ishchi kuchi taklifini aniqlash hamda baholash uslubiyotini ishlab chiqadi;
6) munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat meʼyorlariga rioya etilishini oʻrganish, mehnat huquqini taʼminlash hamda mehnatni muhofaza qilish yoʻnalishida:
munosib mehnat tamoyillari va xalqaro standartlarni joriy etadi;
mehnat munosabatlarini tartibga solishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqadi;
mehnat huquqlarini himoya qiladi;
fuqarolarning xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash boʻyicha huquqlarini himoya qiladi;
tashkilotlar buyurtmalariga binoan shartnoma asosida mehnatni meʼyorlash boʻyicha hujjatlarni ishlab chiqadi, ekspertizadan oʻtkazadi va amalga oshiradi;
mehnatni meʼyorlash boʻyicha normativ hujjatlarni ishlab chiquvchilar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
mehnat meʼyorlariga oid hujjatlar loyihalarini tayyorlashda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni, ilmiy-uslubiy koʻrsatmalarni ishlab chiqadi;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini amalga oshirish maqsadida normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;
mehnat munosabatlari va mehnatni muhofaza qilish sohasida davlat dasturlari, normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar, shuningdek, fuqarolarning xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash boʻyicha huquqlarini taʼminlashga qaratilgan takliflar hamda chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
mehnat va bandlik masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani kompleks va tizimli tahlil qilish asosida aholi bandligi oshishini taʼminlash uchun mavjud toʻsiq va gʻovlarni aniqlaydi hamda ularni yengib oʻtish choralarini belgilaydi;
manfaatdor vazirlik va idoralar hamda jamoat tashkilotlari bilan birgalikda majburiy mehnatning oldini olish va unga toʻliq barham berish, shu jumladan, aybdor mansabdor shaxslarni qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish boʻyicha choralar koʻradi;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlarini taʼminlash uchun qonunchilik bazasini yaratish maqsadida mehnat xavfsizligi masalalari yuzasidan texnik jihatdan tartibga solish sohasida normativ hujjatlar ishlab chiqilishini, qayta koʻrilishini, kelishilishini va tasdiqlanishini tashkil etadi;
oʻz vakolatlari doirasida yuridik va jismoniy shaxslarga mehnat va mehnatni muhofaza qilish qonunchiligini qoʻllash masalalari boʻyicha tushuntirishlar beradi;
mehnat, mehnatni muhofaza qilish va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan belgilangan tartibda tekshiruvlar oʻtkazadi;
mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish, aholi bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi boʻyicha kameral nazorat oʻtkazadi;
mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzgan, Davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalari mansabdor shaxslarining qonuniy faoliyatiga aralashgan, toʻsqinlik qilgan yoki taʼsir oʻtkazgan shaxslarga nisbatan javobgarlik belgilanishi tashabbusi bilan chiqadi;
“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi maʼlumotlaridan foydalangan holda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qurilayotgan, taʼmirlanayotgan yoki rekonstruksiya qilinayotgan obyektlardagi ishchilar sonining loyiha-smeta hujjatlari hamda pudrat ishlari hajmiga muvofiqligi yuzasidan nazorat tadbirlarini oʻtkazadi;
mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarning oldini olish hamda xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlash maqsadida mehnat xavfsizligi standartlarini ishlab chiqadi va joriy qiladi;
xodimlar vakillik organlari aʼzolari uchun qoʻshimcha mehnat kafolatlari taqdim etishga, ish beruvchi tomonidan biror-bir tarzda taʼqib qilishdan himoya qilishga, intizomiy jazolar berishga, vakillik organlari tarkibiga saylangan va ishlab chiqarish ishlaridan ozod etilmagan xodimlar bilan ish beruvchining tashabbusiga koʻra mehnat shartnomasini tugatishga, shuningdek, mahalliy mehnat organining oldindan roziligisiz oʻz saylov vakolatlari tugagandan keyin ikki yil ichida vakillik organlari tarkibiga saylangan xodimlar bilan ish beruvchining tashabbusiga koʻra mehnat munosabatlarini tugatishga rioya etilishini davlat tomonidan nazorat qiladi;
mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, tashkilotlar tomonidan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga va mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini, ish beruvchining fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurta qilinishini, shu jumladan, noqulay va oʻziga xos mehnat sharoitlaridagi ishlarda band boʻlgan xodimlarga imtiyozlar va kompensatsiyalar toʻgʻri va oʻz vaqtida berilishini nazorat qiladi;
xodimlarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlash, biror-bir shaklda majburiy mehnatdan foydalanish ehtimollarini oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish boʻyicha qonunchilik hujjatlari normalari amalga oshirilishini nazorat qiladi;
qishloq xoʻjaligi ishlari vaqtida xodimlar huquqlari va manfaatlariga rioya etish boʻyicha davlat organlari, shu jumladan, mahalliy davlat organlari faoliyatining tizimli monitoringini yuritadi;
monitoring yakunlari boʻyicha fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilgan holda ommaviy eshituvlarni, shu jumladan, hududlarda oʻtkazadi, eshituvlarda majburiy mehnatdan foydalanilgan har bir holatni tanqidiy oʻrganib chiqadi;
korxonalar, muassasalar, ishlar va kasblar, lavozimlar hamda imtiyozli shartlar asosida pensiya, qoʻshimcha taʼtil, qisqartirilgan ish kuni olish huquqini beruvchi koʻrsatkichlar roʻyxatlaridagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalarining takliflari boʻyicha xulosalar beradi;
imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlar, qoʻshimcha mehnat taʼtil hamda ish vaqtining cheklangan davomiyligining amaldagi roʻyxatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
kambagʻallikni qisqartirish, mehnat, mehnatni muhofaza qilish va aholi bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan mehnat munosabatlari subyektlari huquqlari doimiy monitoringi va himoyasini amalga oshiradi;
mehnat, aholi bandligi toʻgʻrisidagi bitimlar va ish beruvchilarning mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarining qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini tizimli tahlil qiladi;
jamoa shartnomalari va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
fuqarolarning xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlashga doir huquqlarini taʼminlash va xodimlarning huquqiy himoyalanganligini kuchaytirish boʻyicha takliflar va chora-tadbirlar ishlab chiqadi;
mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
ish oʻrinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish sifati ustidan davlat nazoratini va ekspertizadan oʻtkazilishini amalga oshiradi hamda uslubiy yordam beradi;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini qoʻllash va ularga rioya qilish masalalari boʻyicha xodimlar va ish beruvchilarga, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlariga maslahat va metodologik yordam beradi, mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarning oldini olish yuzasidan amaliy ishlarni bajaradi;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha hamkorlik qiladi va ularning bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarning maxsus tekshiruvi oʻtkazilishini va hisobga olinishini taʼminlaydi;
mehnat sharoitlari ekspertizadan oʻtkazilishini va tegishli xulosa berilishini taʼminlaydi;
mehnatni muhofaza qilish sohasida xizmatlar bozorining professional ishtirokchilari faoliyati yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda monitoring oʻtkazadi;
tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish holati boʻyicha monitoring yuritadi;
mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar sabablarini tahlil qiladi, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari, yuridik va jismoniy shaxslarga ularning oldini olish boʻyicha takliflar kiritadi;
ish beruvchilar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy ishchi kuchidan foydalanishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishini nazorat qiladi;
xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnatni muhofaza qilishni kuchaytirish, ish beruvchilar bilan xodimlar oʻrtasidagi muvozanatli mehnat munosabatlarini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda mehnat sohasidagi nizolarni hal etishni mediatsiya usulida, shu jumladan, videokonferensaloqa shaklida amalga oshiradi;
mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, barcha tashkilotlarda mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilishni taʼminlanganlik holatini onlayn reyting asosida baholaydi;
manfaatdor respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari bilan birgalikda eng muhim ijtimoiy-mehnat normalari va normativlarining roʻyxatini aniqlaydi va ularning ishlab chiqilishini muvofiqlashtiradi;
manfaatdor vazirlik va idoralar ishtirokida mehnat va bandlik sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqadi, mehnat sohasida xodimlarning ijtimoiy himoyalanganligini kuchaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
xodimlarning mehnat sohasida ijtimoiy himoyasini kuchaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
7) mehnatga haq toʻlashni normalashtirish, mehnat standartlarini joriy etish va mehnat munosabatlarini takomillashtirish yoʻnalishida:
belgilangan tartibda xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchi kasblar roʻyxati, tarmoqlararo xarakterga ega boʻlgan alohida lavozimlar va kasblar boʻyicha kasbiy-malakaviy tasniflarni ishlab chiqadi;
xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchi kasblar roʻyxatida koʻrsatilgan ishchi kasblari va xizmatchilar lavozimlari nomlarining ilgari normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarda ishlatilgan kasblar va lavozimlarga aynanligini va mutanosibligini belgilaydi;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga hamda boshqa tashkilotlarga mehnatni normalashtirish, zamonaviy mehnat standartlarini joriy etish, mehnatga haq toʻlashni tashkil etish, ishlar, kasblar va lavozimlarning tarif-malaka maʼlumotnomalarida aks ettirilmagan lavozimlar va ishlarni tarif setkasining tegishli razryadlariga kiritish masalalarida amaliy va uslubiy yordam beradi;
davlat organlari va tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarining inson resurslari bilan ishlashga masʼul tarkibiy tuzilmalarining rahbar va xodimlarini har uch yilda kamida bir marta mehnat munosabatlarini tashkil etish boʻyicha Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazida shartnoma asosida malakasi oshirib borilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda iqtisodiyotning alohida tarmoqlari hamda sektorlari uchun xodimlar sonining va mehnatga haq toʻlash fondining minimal normativlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
manfaatdor respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda ushbu organlar uchun lavozimlar kiritish va boshqaruv xodimlari, xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlar sonining normativlarini belgilash shartlarini ishlab chiqishda qatnashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarning eng kam miqdorini belgilash boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda aholi daromadlarini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlashda ishtirok etadi;
mehnatni moddiy ragʻbatlantirish mexanizmlarini va mehnatga haq toʻlashni tartibga solish usullarini takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
mehnatga haq toʻlash tizimini, yagona tarif setkasini takomillashtirish, ish haqini tuman boʻyicha tartibga solish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
mehnat shartnomalarini, shu jumladan, elektron shaklda (masofaviy) tuziladigan mehnat shartnomalarini tuzishning shakllarini ishlab chiqadi va joriy etadi;
ish vaqtini yarim yillik, choraklar va oylarga boʻlib chiqqan holda, kalendar yilga moʻljallangan ish vaqti normasi hisob-kitoblarini har yili ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
ish vaqtini hisobga olish masalalarida tashkilotlarga uslubiy yordam beradi;
fuqarolarning mehnat huquqlariga rioya qilish va xavfsiz mehnat shart-sharoitlarini yaratish va mehnatni muhofaza qilish zarurligi toʻgʻrisida jismoniy va yuridik shaxslar oʻrtasida keng axborot-tushuntirish ishlarini amalga oshiradi;
kambagʻallikni qisqartirish, mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini izohlovchi materiallar tayyorlaydi va aholi oʻrtasida, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlari orqali tarqatadi;
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni mazkur reyestrdan chiqarish, oilaviy tadbirkorlikka va hunarmandchilikka jalb qilish, shuningdek, oʻzini oʻzi band qilishning turli shakllarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha yakka tartibdagi dasturlarni mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarining oʻzini oʻzi boshqarish organlari, tijorat banklari, aholini ijtimoiy himoya qiluvchi va unga yordam koʻrsatuvchi boshqa davlat organlari, shu jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
(7-bandning oʻn yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha ishlarni hamda mehnatni muhofaza qilish xizmati faoliyatini muvofiqlashtiradi, ular bajarayotgan ishlar holatini oʻrganadi, qonunchilik hujjatlari talablari buzilgan holatlarni bartaraf etadi, shuningdek, aybdor shaxslarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka tortish choralarini koʻradi;
davlat organlari va muassasalarining mehnatni muhofaza qilish xizmatlari rahbarlari va xodimlarini lavozimga tayinlashda va lavozimdan ozod etishda ishtirok etadi;
tashkilotlarning mehnatni muhofaza qilish xizmatlari xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish masalasini mehnat organlari bilan kelishish tartibini belgilaydi;
tashkilotlarning mehnatni muhofaza qilish xizmatlari faoliyatini uslubiy jihatdan taʼminlaydi;
8) tomorqa yerlari va dehqon xoʻjaliklari yer maydonlaridan samarali foydalanish, sohaga zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish, mahallalarning ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda yuqori daromadli va eksportbop mahsulotlar yetishtirishni tashkil qilish yoʻnalishida:
aholi tomorqalari va dehqon xoʻjaliklaridagi yer maydonlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazadi va ularda yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hisobini yuritadi hamda “Online mahalla” platformasida aniq va batafsil maʼlumotlar bazasini shakllantiradi;
hududlarning ixtisoslashuv boʻyicha salohiyat va imkoniyatlaridan kelib chiqib, tomorqalarda yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirishni “yashil” va innovatsion yondashuvlar asosida tashkil etish orqali aholining yuqori daromadli mehnat bilan bandligini taʼminlaydi va ularni kambagʻallikdan chiqaradi;
mahallalarda har bir aholi tomorqasidan maqsadli va samarali foydalanish, jumladan, yerni tayyorlash, urugʻ, koʻchat va daraxtlar ekish, issiqxonalar qurish ishlarini tashkil etish va yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish boʻyicha vazifalar va chora-tadbirlarning ijrosi ustidan qatʼiy nazorat qilish tizimini yoʻlga qoʻyadi;
suv taʼminoti ogʻir boʻlgan mahallalarda sugʻorish tizimini yaxshilash hamda yetakchi eksport qiluvchi tadbirkorlarni jalb qilish orqali aholi tomorqalarida bir xil tur va standartdagi eksportbop mahsulotlar yetishtirishni taʼminlaydi;
tomorqalar va uzoq muddatga ijaraga berilgan ekin yer maydonlaridan foydalanishda aholi va yetakchi tadbirkorlarning koʻp yillik tajribasi va koʻnikmalari hamda hududning tabiiy va iqlim sharoitidan kelib chiqib, tashqi va ichki bozorlar uchun xaridorgir mahsulotlar yetishtirish boʻyicha ixtisoslashuvni chuqurlashtiradi;
yetakchi eksportchi tadbirkorlar salohiyatidan tomorqalarda yuqori daromadli va eksportbop mahsulotlarni yetishtirish bilan birga aholining tadbirkorlik koʻnikmasini shakllantirish va bank mijoziga aylanishiga koʻmaklashish maqsadlarida ham foydalanish amaliyotini kengaytiradi;
aholi tomorqalarida energotejamkor, yashil yondashuvlar asosidagi issiqxonalar qurish, kichik intensiv bogʻlar barpo etish va innovatsion sugʻorish texnologiyalaridan foydalanishni kengaytiradi;
9) boshqa vazifalar doirasida:
ishga muhtoj shaxslarni, ayniqsa, band boʻlmagan yoshlarni iqtisodiyot tarmoqlari va mehnat bozorining real ehtiyojlaridan kelib chiqib, kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari bilan birgalikda umumtaʼlim maktablari, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarini egallagan mutaxassisliklariga muvofiq ishga joylashtirish choralarini koʻradi;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini koʻrib chiqadi, shuningdek, Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qonunchilik hujjatlari buzilishini bartaraf etish yuzasidan zarur xatti-harakatlarni amalga oshiradi;
bandlik va ishga joylashtirish muammolarini hal qilish boʻyicha fuqarolarning va ish beruvchilarning fikrlari, takliflari va qonuniy talablarini oʻrganadi hamda tahlil qiladi va shu asosda ularni hal qilishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar yuzasidan takliflar ishlab chiqilishini taʼminlaydi;
manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda mehnat organlarining yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari bilan ishlashini takomillashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar va takliflar ishlab chiqadi;
Bandlik jamgʻarmasi faoliyatini, shu jumladan, mablagʻlarni sarflash samaradorligi va natijadorligini nazorat qiladi;
kadrlarning qayta tayyorlanishini va malakasi oshirilishini tashkil etadi, Vazirlik va idora boʻysunuvidagi tashkilotlar rahbarlari hamda mutaxassislarini attestatsiyadan oʻtkazadi;
oʻz vazifa va funksiyalari doirasida elektron hukumat sohasida axborot tizimlari va axborot resurslarining, shuningdek, elektron davlat xizmatlarining joriy etilishini, rivojlantirilishini hamda integratsiyalashuvini taʼminlaydi, elektron davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan axborot tizimlari va axborot resurslarining uzluksiz ishlashini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, boshqa vazirliklar, idoralar va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan birgalikda aholi turmush darajasi va farovonligini oʻrganishda hamda uni yanada oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadi;
mehnat jarayonida tazyiq va zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik hamda uni har qanday shaklda namoyon boʻlishining oldini oladi;
xorijiy va xalqaro tashkilotlarda mehnat masalalari boʻyicha Oʻzbekiston vakilining funksiyasi, vakolat va vazifalarini belgilab beradi;
Vazirlik va ularning boʻlinmalari faoliyatiga oid muhim va keng qamrovli maʼlumotlarni davriy ravishda nashr etib boradi;
chet el fuqarolarining Oʻzbekiston hududida ishlashi uchun ularning malaka talablariga mosligini baholash tizimini yoʻlga qoʻyadi;
Tasdiqlangan malakaga ega boʻlgan shaxslarning milliy reyestrini, Kasbiy standartlarning milliy registrini, Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozori professional ishtirokchilarining yagona reyestrini, Akkreditatsiya qilingan malakani baholash markazlarining registrini shakllantiradi va yuritadi;
mehnat bozorining holati, kasblar va mutaxassisliklarga boʻlgan talab va taklif dinamikasi, mehnatni muhofaza qilish, shu jumladan, mehnat jarayonida tazyiq va zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik va uning har qanday shaklda namoyon boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha har chorakda amalga oshirilgan ishlar hisobini yuritadi.
12. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarni bevosita, shuningdek, hududiy boʻlinmalar va uning boʻysunuvidagi boshqa tashkilotlar orqali amalga oshiradi.
Vazirlik qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajarishi mumkin.
2-§. Vazirlik markaziy apparatining vazifalari va funksiyalari
13. Quyidagilar Vazirlik markaziy apparatining vazifalari hisoblanadi:
1) hududiy boʻlinmalar va tizimiga kiradigan tashkilotlar bilan birgalikda Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishini taʼminlash;
2) mamlakat mehnat bozorining amaldagi holatini puxta tahlil qilish asosida aholini ish bilan taʼminlashga doir hududiy va tarmoq dasturlarini amalga oshirishni muvofiqlashtirish, ishga muhtoj fuqarolarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;
3) kambagʻallikni qisqartirish, mehnat bozorini tartibga solish, bandlik, mehnat munosabatlari, mehnatni muhofaza qilish, kasb va mehnat standartlari sohasida normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek, ular yuzasidan nazoratni amalga oshirish;
4) ilgʻor axborot texnologiyalarini kambagʻallikni qisqartirish va ishga joylashtirish jarayonlariga joriy etish;
5) kambagʻallikni qisqartirish, mehnat, mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish, kasbga oʻqitish va bandlik sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishini nazorat qilish, mehnat sharoitlari ekspertizasini amalga oshirish, mehnat munosabatlarini, mehnatni moddiy ragʻbatlantirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish;
6) mehnatga haq toʻlashni normalashtirish, mehnat standartlarini joriy etish va mehnat munosabatlarini takomillashtirish;
7) mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash;
8) mehnat, huquqlari, mehnat xavfsizligi hamda mehnatni muhofaza qilish hamda ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha aholi va ish beruvchilar oʻrtasida keng axborot-tushuntirish ishlarini amalga oshirish;
9) tashkilotlarning mehnatni muhofaza qilish xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda uslubiy taʼminlash;
10) hududiy boʻlinmalar va tizimiga kiradigan tashkilotlarda kadrlar bilan taʼminlashni muvofiqlashtirish;
11) ishga joylashtirish, oʻqitish va malaka oshirish boʻyicha xizmatlarga boʻlgan davlat buyurtmasini moliyalashtirish, ishsizlarni va band boʻlmagan aholini oʻqitishda vaucher va buyurtmalar asosida haq toʻlash;
12) ishga joylashtirish, oʻqitish va malaka oshirish boʻyicha xizmatlarga boʻlgan davlat buyurtmasini bajarish boʻyicha Vazirlikning hududiy boʻlinmalari va idoraviy boʻysunuvidagi tashkilotlar faoliyati nazorat va tahlil qilinishini taʼminlash;
13) tizimiga kiradigan tashkilotlar rivojlanishiga koʻmaklashish, ularni rivojlantirish konsepsiyalari va istiqbollarini belgilash;
14) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari, tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari va hokim yordamchilari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini tanqidiy tahlil qilish, tahlil natijalariga koʻra zarur choralar koʻrish.
14. Vazirlikning markaziy apparati oʻziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
1) Vazirlik va uning rahbariyati faoliyatini tashkiliy hamda axborot-tahliliy jihatdan taʼminlaydi;
2) hududiy boʻlinmalar va tizimiga kiradigan tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari bajarilishi yuzasidan muntazam nazoratni taʼminlaydi;
3) Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining (keyingi oʻrinlarda — Vazir) buyruqlari va koʻrsatmalari hamda vazir oʻrinbosarlarining topshiriqlari bajarilishini oʻz vakolatlari doirasida tashkil etadi;
4) Vazirlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan hujjatlarning sifatli va oʻz vaqtida qayta ishlanishini tashkil etadi, ularning iqtisodiy, moliyaviy, huquqiy, korrupsiyaga qarshi va gender ekspertizasini oʻtkazadi;
5) hududiy boʻlinmalar va tizimiga kiradigan tashkilotlar faoliyati monitoringini tashkil etadi;
6) kambagʻallikni qisqartirish, mehnat bozorini rivojlantirish maqsadida ilmiy-tadqiqot ishlarini oʻtkazishga koʻmaklashadi;
7) Vazirlik faoliyatini, shu jumladan, norma ijodkorligi sohasidagi faoliyatini huquqiy jihatdan taʼminlashni tashkil etadi;
8) kambagʻallikni qisqartirish, mehnat bozori rivojlanishi, aholini ish bilan taʼminlash darajasi va tuzilmasi, yangi ish oʻrinlari tashkil etilishi toʻgʻrisida Vazirlik rahbariyati uchun axborot toʻplaydi, umumlashtiradi va tahlil qiladi;
9) kambagʻallik darajasini qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash, mehnat munosabatlari, mehnatni muhofaza qilish va mehnatga haq toʻlash masalalari va markaziy apparat vakolatiga kiradigan boshqa masalalar boʻyicha tadbirkorlik subyektlarini axborot, uslubiy, tashkiliy va konsultativ jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi;
10) operativ, tashkiliy, kadrlar, moliyaviy, ishlab chiqarish xoʻjalik va Vazirlik vakolatiga kiradigan boshqa masalalarning hal etilishi bilan shugʻullanadi;
11) Vazirlik hududiy boʻlinmalari va tizimiga kiradigan tashkilotlar faoliyatini nazorat va tahlil qiladi;
12) Vazirlikning hududiy boʻlinmalari va tizimiga kiradigan tashkilotlar bilan birgalikda oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishini taʼminlaydi;
13) kambagʻallik darajasini qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish sohasida xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar bilan hamkorlik qiladi;
14) Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlarda moliyaviy nazoratni tashkil etadi va amalga oshiradi;
15) aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish, kasb-hunarga oʻqitish va malaka oshirish, malakani baholashga doir xizmatlarga boʻlgan davlat buyurtmasini bajarish boʻyicha Vazirlik hududiy boʻlinmalari va tizimiga kiradigan tashkilotlar faoliyatini nazorat va tahlil qiladi;
16) jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini koʻrib chiqadi va Vazirlik vakolati doirasida hal qilinishini tashkil etadi;
17) xorijiy investitsiyalar jalb etilishini tashkil qiladi va xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi;
18) qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
3-§. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalarining vazifalari hamda funksiyalari
15. Quyidagilar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
1) Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishini taʼminlashda ishtirok etish;
2) kambagʻallik darajasini qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi va ular vakolatiga kiradigan boshqa masalalarga doir qonunchilik hujjatlariga, normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etish yuzasidan monitoring va nazoratni amalga oshirish;
3) tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari va tizimiga kiradigan tashkilotlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
4) bandlikka koʻmaklashish, oʻqitish va malaka oshirish, malakani baholash xizmatlari uchun davlat buyurtmasini shakllantirish boʻyicha tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda tahlil qilish;
5) tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari va tizimiga kiradigan tashkilotlarda moliyaviy nazoratni tashkil etish va amalga oshirish;
6) aholi tomorqasi va dehqon xoʻjaliklari yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish.
16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari oʻziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
1) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari faoliyatini tashkiliy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlaydi hamda unga rahbarlik qiladi;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari hamda Vazirlik buyruqlarining tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari hamda tizimiga kiradigan tashkilotlar tomonidan bajarilishini tizimli nazorat qiladi;
3) tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari, tizimiga kiradigan tashkilotlar tomonidan kiritiladigan hujjatlarning sifatli va oʻz vaqtida ishlab chiqilishini, ularning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizasi oʻtkazilishini tashkil etadi;
4) tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari, tizimiga kiradigan tashkilotlar faoliyatiga rahbarlik qiladi, ularni muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
5) kambagʻallikni qisqartirish, aholini ishga joylashtirish sohasida xizmatlar koʻrsatish boʻyicha faoliyat yurituvchi yuridik shaxslar bilan hamkorlik qiladi;
6) tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari va tizimiga kiradigan tashkilotlarda moliyaviy nazoratni tashkil etadi va amalga oshiradi;
7) kambagʻallik darajasini qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash hududiy dasturlari bajarilishi monitoringini yuritish, band boʻlmagan aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish, mehnat munosabatlari va mehnatni muhofaza qilish boʻyicha tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari, tizimiga kiradigan tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
8) aholi bandligini taʼminlash, kasbga oʻqitish xizmatlariga boʻlgan davlat buyurtmasini shakllantirish, moliyalashtirish va amalga oshirish, keyinchalik tegishli ravishda ishsizlar va band boʻlmagan aholini oʻqitishga haq toʻlash boʻyicha tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
9) tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari va tizimiga kiradigan tashkilotlarning moddiy-texnik taʼminotini tashkil etadi;
10) tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari va tizimiga kiradigan tashkilotlar binolari va inshootlaridan joriy foydalanish boʻyicha ishlar monitoringini oʻtkazadi va muvofiqlashtiradi;
11) jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan bogʻliq ishlarni tashkil etadi;
12) operativ, tashkiliy, kadrlar, moliyaviy, ishlab chiqarish va oʻz vakolatiga kiradigan boshqa masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
13) qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
4-§. Tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlarining vazifalari va funksiyalari
17. Quyidagilar tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishini taʼminlashda ishtirok etish;
kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligi, mehnat munosabatlari, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi va oʻz vakolatiga kiradigan boshqa masalalarga doir tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
mehnat va aholining bandligi sohasidagi qonunchilik hujjatlariga, normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi yuzasidan monitoring va nazoratni amalga oshirish;
ishga joylashtirish, oʻqitish va malaka oshirish xizmatlariga boʻlgan davlat buyurtmasini moliyalashtirish;
aholini ishga joylashtirish sohasida xizmatlar koʻrsatish faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslarni qoʻllab-quvvatlash;
aholi tomorqasi va dehqon xoʻjaliklari yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish.
18. Tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari oʻziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari faoliyatini tashkiliy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlaydi hamda ularga rahbarlik qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda Vazirlik, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari buyruqlari bajarilishini taʼminlaydi;
kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari tomonidan tumanlar (shaharlar) hokimliklariga kiritiladigan hujjatlarning sifatli va oʻz vaqtida ishlab chiqilishini, ularning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizasi oʻtkazilishini tashkil etadi;
mehnat organlariga murojaat qilgan ishsizlarning ishga joylashtirilishiga koʻmaklashadi;
fuqarolarga mos ish tanlashda, zarur, malakali xodimlarni tanlashda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va boshqa ish beruvchilarga koʻmaklashadi;
mehnat organlariga murojaat qilgan fuqarolar va ish beruvchilarni ishga olish va ishchi kuchi bilan taʼminlash imkoniyatlari, xodimlarga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida va bandlikni taʼminlash bilan bogʻliq boshqa masalalar yuzasidan maslahat beradi;
ishlamaydigan fuqarolarni kasbga oʻqitish, qayta oʻqitish va ularning malakasini oshirish toʻgʻrisida oʻquv muassasalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan shartnomalar tuzadi;
ishsizlarning roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlaydi va ularga yordam beradi, shu jumladan, nafaqalar tayinlaydi va toʻlaydi;
mehnat bozorining holatini va uni rivojlantirish istiqbollarini baholaydi, uning monitoringini tashkil etadi va oʻtkazadi;
ish izlab murojaat qilgan fuqarolar, shuningdek, tegishli hududdagi boʻsh ish oʻrinlari (vakant lavozimlar) hisobini yuritadi;
aholini ish bilan taʼminlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturlariga kiritilgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan axborot, shuningdek, Milliy statistika qoʻmitasining maʼlumotlari asosida mazkur dasturlar bajarilishi monitoringini yuritadi;
mehnat organlariga murojaat qilgan fuqarolarni oʻz kasbiy tayyorgarligi va malaka darajasiga koʻra ishga joylashtirish uchun korxonalarga, muassasalarga va tashkilotlarga, agar ularda boʻsh ish oʻrinlari (vakant lavozimlar) boʻlsa, yuboradi;
ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni ishga qabul qilish uchun korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga eng kam ish oʻrinlari sonini belgilash toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqadi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga koʻrib chiqish uchun kiritadi, shuningdek, mazkur fuqarolarni ishga joylashtirish uchun korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga yuboradi;
Bandlik jamgʻarmasining mablagʻlarini belgilangan tartibda tasarruf etadi;
fuqarolarga ishsizlik nafaqasini belgilangan tartibda tayinlaydi;
mehnat va aholi bandligi sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga, mehnat munosabatlarini, moddiy ragʻbatlantirish va mehnatni muhofaza qilish mexanizmlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarga rioya etilishini nazorat qiladi;
kambagʻallikni qisqartirish, aholini ishga joylashtirish sohasida xizmatlar koʻrsatish boʻyicha faoliyat yurituvchi yuridik shaxslar bilan hamkorlik qiladi;
ishga joylashtirish, oʻqitish va malaka oshirish boʻyicha xizmatlarga boʻlgan davlat buyurtmasini moliyalashtiradi, keyinchalik tegishli ravishda xususiy bandlik agentliklariga, ishsizlarni va band boʻlmagan aholini oʻqitishga haq toʻlaydi;
ish bilan taʼminlash davlat dasturlari bajarilishi yuzasidan monitoring yuritadi;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan bogʻliq ishlarni tashkil etadi;
operativ, tashkiliy, kadrlar, moliyaviy, ishlab chiqarish, xoʻjalik, tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlarining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
4-bob. Vazirlik va uning hududiy boʻlinmalari huquqlari va majburiyatlari
19. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, boshqa hujjatlarni Vazirlar Mahkamasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga belgilangan tartibda kiritish;
kambagʻallikni qisqartirish, mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish masalalarida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini belgilangan tartibda muvofiqlashtirish;
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalarni hal qilish uchun respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalaridan belgilangan tartibda axborotni soʻrash va olish;
statistika organlaridan Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalarga doir zarur statistik axborotni bepul olish;
tashkilotlarda mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga, mehnat xavfsizligi standartlariga, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalarning qoidalari va talablariga rioya etilishini belgilangan tartibda oʻrganish va tekshirish;
mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarni maxsus tekshirish yoki tekshirishda ishtirok etish;
mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda maʼmuriy jazolar qoʻllash;
mehnatni muhofaza qilish talablariga javob bermaydigan va xodimlar sogʻligʻi yoki hayotiga xavf tugʻdiradigan tashkilotlar faoliyatini oʻz vakolatlari doirasida va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda toʻxtatish;
Vazirlik va uning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalardagi davlat mulkini bir boʻlinmadan boshqa boʻlinmaga bepul foydalanish huquqlari asosida oʻz tashkiliy tuzilmasi doirasida belgilangan tartibda oʻtkazish;
Bandlik jamgʻarmasi, Hokim yordamchilari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarini belgilangan tartibda tasarruf etish hamda ulardan maqsadli foydalanish yuzasidan nazoratni taʼminlash ishlarini tashkil etish;
Vazirlik va uning tizimiga kiradigan tashkilotlarning mol-mulkini begʻaraz foydalanish huquqi asosida bir boʻlinmadan boshqa boʻlinmaga, oʻz tashkiliy tuzilmasi doirasida balansdan balansga belgilangan tartibda oʻtkazish, shtat jadvallarini muvofiqlashtirish masalalarini, idora boʻysunuvidagi tashkilotlar moliya-xoʻjalik faoliyati balanslari va hisobotlarini koʻrib chiqish;
tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash tadbirlarini amalga oshirish;
tizimidagi tashkilotlar tomonidan markazlashgan kapital mablagʻlardan samarali foydalanish yuzasidan nazoratni taʼminlash;
Vazirlik tizimidagi obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha istiqbolli dasturlarni tayyorlash tashabbusi bilan chiqish;
Kambagʻallik va mehnat bozori tadqiqotlari institutida ilmiy ishlarni bajarish, Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha tadqiqotlar va soʻrovlar oʻtkazish;
Loyihalarni boshqarish markazida kambagʻallikni qisqartirish, bandlik va mehnat munosabatlari sohasiga oid loyihalarni ishlab chiqish, amalga oshirish va muvofiqlashtirish;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazida mehnat organlari xodimlari malakasini oshirish;
yangi ish oʻrinlari tashkil etgan ish beruvchilarga, shuningdek, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga kiruvchi shaxslarni, eng avvalo, kasbiy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarini, imkoniyatlari cheklangan shaxslarni, harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarni ijtimoiy ragʻbatlantirish, ularni Vazirlikning faxriy nishonlari, yorliqlari va guvohnomalari bilan taqdirlash, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida eng yaxshi ish beruvchilar toʻgʻrisida materiallar joylashtirilishini tashkil etish choralarini koʻrish;
ish beruvchilar oʻrtasida ijtimoiy javobgarlikni oshirishga hamda yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholini ishga joylashtirish boʻyicha samarali faoliyatni kengaytirishga ragʻbatlantirishni kuchaytirishga qaratilgan tanlovlarni belgilangan tartibda oʻtkazish;
belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish, mehnat, aholini ish bilan taʼminlash, mehnatni muhofaza qilish va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish sohasida belgilangan tartibda davriy nashrlar taʼsis etish;
kambagʻallikni qisqartirish, mehnat, aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha ijtimoiy reklama mahsulotlariga buyurtmalar berish, shuningdek, ularni davlat ommaviy axborot vositalarida, stendlarda, bannerlarda va aholi keng tanishishi mumkin boʻlgan boshqa usullarda bepul joylashtirish;
binolarga xizmat koʻrsatish, inventar va xoʻjalik asboblarini, avtotransportni, aloqa vositalarini, kompyuter va ofis texnikasini taʼminlab turish va ulardan foydalanish, dasturiy taʼminot xarid qilish, shu jumladan, autsorsing shartlari asosida xarid qilish boʻyicha ishlarni bajarish uchun belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalarni hal qilishga ilmiy tashkilotlarni, olimlar va mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish;
kambagʻallikni qisqartirish, mehnat, aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzgan holda qabul qilingan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarning buyruqlari va boshqa hujjatlarini bekor qilish toʻgʻrisida belgilangan tartibda koʻrsatmalar kiritish;
Internet jahon axborot tarmogʻida va ijtimoiy tarmoqlarda belgilangan tartibda rasmiy veb-saytlar yaratish;
Hukumat topshirigʻiga binoan xalqaro tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini ifodalash hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda va xalqaro huquq normalariga muvofiq boshqa davlatlarning vakolatli tashkilotlari bilan kambagʻallikni qisqartirish, mehnat, bandlik masalalari boʻyicha shartnomalar tuzish;
davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida yangi ish oʻrinlarini tashkil etishga va aholini ish bilan taʼminlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish;
korrupsiya va boshqa suiisteʼmolliklarning oldini olish va ularga yoʻl qoʻymaslik, xodimning shaxsiy va ishchanlik xususiyatlarini, uning faoliyati samaradorligini muntazam oʻrganish, shuningdek, malakaga va ishlash tajribasiga ega kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida xodimlar rotatsiyasini amalga oshirish;
yuridik shaxslarni taʼsis etish va ularning ishtirokchisi boʻlish;
mehnat organlari reytingini tuzish maqsadida ular faoliyatining samaradorligini oshirish mezonlarini tasdiqlash;
oʻz vakolati doirasida konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar, koʻrgazmalar, yarmarkalar oʻtkazish, shuningdek, boshqa tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etish;
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan uslubiy materiallar va tavsiyalar ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini bajarish boʻyicha Vazirlik hududiy boʻlinmalari va tizimiga kiradigan boshqa tashkilotlar faoliyatini belgilangan tartibda oʻrganish va tekshirish;
Vazirlik hududiy boʻlinmalari va uning tizimiga kiradigan tashkilotlari rahbarlari va vakillari ishtirokida kengashlar oʻtkazish;
Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi bilan bogʻliq boʻlgan hamda tezkor hal etishni talab qiladigan masalalar yuzasidan Vazirlik hududiy boʻlinmalari va tizimiga kiradigan boshqa tashkilotlar rahbarlariga belgilangan tartibda topshiriqlar berish;
Vazirlik qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
20. Vazirlik respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi shart boʻlgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz vakolatlari doirasida qabul qilishga haqli.
Vazirlik zarur hollarda boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda qoʻshma qarorlar va boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda qabul qilishga haqli.
5-bob. Vazirlik rahbarlarining asosiy funksional vazifalari
21. Quyidagilar vazirning asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etish;
2) Vazirlikning faoliyatini umumiy boshqarishni amalga oshirish va rahbarlik qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan Vazirlikka yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Vazirlik faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha tanqidiy va chuqur tahlillarni oʻtkazish;
4) Vazirlik, uning hududiy boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlari, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlariga erishishni soʻzsiz taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy boʻlinmalari va Vazirlar Mahkamasi, shuningdek, tegishli respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan Vazirlik faoliyati sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida masalalarning koʻrib chiqilishida ishtirok etish;
6) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari (maslahatchisi) topshiriqlarini bajarish;
7) oʻz oʻrinbosarlari vakolatlarini belgilash, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlash, Vazirlikning boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilash, Vazirlik faoliyatining maʼlum bir sohalarini boshqarishda oʻz oʻrinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy masʼuliyati darajasini belgilash;
8) Vazirlikning faoliyati rejalashtirilishini tashkil etish, davriy ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlash;
9) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va monitoringini olib borishning amaliy tizimini yaratish, Vazirlik faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni bajarish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha qarorlariga muvofiq topshiriqlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy va hududiy boʻlinmalar, idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
10) Vazirlik xodimlari, hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari xodimlarining tizimli ravishda malakasini oshirishni tashkil etish;
11) Vazirlik tizimida xodimlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularning samarali faoliyat koʻrsatishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish, Vazirlik tizimining kadrlar zaxirasini shakllantirish;
12) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi nomenklaturasiga kiradigan boʻsh lavozimlarga taklif etilgan kadrlarning, shuningdek, Vazirlikka ishga qabul qilinadigan boshqa kadrlarning professionalligi, oʻz ishini bilishi, amaliy ish tajribasi, yuqori ishchanlik darajasi va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega boʻlishini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
13) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi topshiriqlariga va oʻz tashabbusiga koʻra normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli ishlab chiqilishini, ular Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Reglamenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Reglamenti talablariga qatʼiy rioya qilgan holda, Vazirlar Mahkamasiga oʻz vaqtida kiritilishini taʼminlash, ularni Vazirlar Mahkamasining rahbariyati huzurida himoya qilish hamda Vazirlar Mahkamasida ishlab chiqilishida va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida koʻrib chiqilishida ishtirok etish;
14) “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga va Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qonun loyihalariga doir faoliyatining namunaviy reglamentiga muvofiq Vazirlikning qonun loyihalarini tayyorlash faoliyatini tashkil etish;
15) Vazirlikka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining toʻliq va har tomonlama koʻrib chiqilishini taʼminlash, ularni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Reglamenti va Vazirlar Mahkamasi Reglamentida belgilangan muddatlarda kelishish (viza qoʻyish);
16) Vazirlikning qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish faoliyatini “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq tashkil etish;
17) Vazirlik vakolatiga tegishli masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, zarur hollarda, boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tegishli qarorlar qabul qilish;
18) Vazirlik rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlarini qonunchilik talablariga toʻla muvofiq ravishda tashkil etish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, xizmat safarlariga ajratiladigan mablagʻlardan oqilona foydalanishni taʼminlash;
19) oʻrinbosarlari, Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar, tarkibiy va hududiy boʻlinmalar rahbarlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini doimiy tanqidiy tahlil qilish, Vazirlikning hayʼat yigʻilishlarida ularning shaxsiy hisobotlarini tinglash, muhokama yakunlari boʻyicha zarur choralar koʻrish;
20) Vazirlik xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etish, alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlarni, oʻrinbosarlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida, shu jumladan, ularning egallab turgan lavozimida qolishi maqsadga muvofiqligi masalasini koʻrib chiqish boʻyicha takliflar kiritish, Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlashga taqdim etish, ularning shaxsiy masʼuliyatini oshirish yuzasidan tizimli choralarni amalga oshirish;
21) Vazirlik xodimlari tomonidan Vazirlik odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish;
22) korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq Vazirlik tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yoʻli bilan ularni sodir etishga imkon yaratuvchi omillarni aniqlash, tahlil qilish, sabab va sharoitlarini bartaraf etish;
23) Vazirlik xodimlari tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishini taʼminlash, shu jumladan, ular tomonidan lavozim majburiyatlarini yoki xizmat vakolatlarini bajarish chogʻida manfaatlar toʻqnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan shaxsiy manfaatdorlikka yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;
24) Vazirlik hamda uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari ishini tashkil etishning ilgʻor shakllarini joriy etishni taʼminlash;
25) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish ishlarini qonunchilikka muvofiq samarali tashkil etish, jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqot oʻrnatish, shaxsan qabul qilishni muntazam ravishda oʻtkazish, shu jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini joylarga borib qabul qilishni belgilangan muddatlarda va tartibda amalga oshirish;
26) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlikni, Vazirlik rahbarlari va xodimlarining ular faoliyatida faol ishtirok etishini tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan kelib tushadigan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini oʻz vaqtida va toʻliq koʻrib chiqilishini taʼminlash;
27) davlat sirlari bilan ishlashda qonunchilik talablariga rioya etish;
28) Vazirlik markaziy apparati shtat jadvali va xarajatlar smetasini, shuningdek, Vazirlikning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari nizomlarini hamda idoraviy mansub tashkilotlar ustavlarini tasdiqlash;
29) Vazirlik markaziy apparati xodimlari, tarkibiy boʻlinmalar hamda idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish;
30) Vazirlik, hududiy boʻlinmalar, idoraviy mansub tashkilotlar mansabdor shaxslari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar ishlab chiqish va topshiriqlar berish, shuningdek, ularning ijrosini oʻrnatilgan tartibda nazorat qilish;
31) Vazirlik markaziy apparati, hududiy boʻlinmalar, idoraviy mansub tashkilotlarning tasdiqlangan tuzilmalari va shtatlar jadvaliga xodimlarning cheklangan soni va ish haqi fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish;
32) oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar boʻyicha xalqaro va hukumatlararo aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish boʻyicha xalqaro tadbirlarda ishtirok etish.
Vazir qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
22. Quyidagilar vazir oʻrinbosarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan Vazirlikka yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish, tegishli tarkibiy boʻlinmalar faoliyatini muvofiqlashtirish;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Vazirlik faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va chora-tadbirlarning ijrosini taʼminlash;
3) vazir vaqtincha boʻlmaganda, tegishli buyruq asosida uning vazifalarini bajarish;
4) Vazirlikning tarkibiy boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va ularga bevosita rahbarlik qilish, ularning xodimlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlash hamda shaxsiy javobgarligini belgilash;
5) Vazirlik va uning tuzilmaviy va boʻysunuvchi boʻlinmalari, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlarga erishish yuzasidan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va rahbariyatga taqdim etish;
6) Vazirlar Mahkamasida, vazirlik va idoralarda boʻlib oʻtadigan majlislarda vakolat doirasida ishtirok etish;
7) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari koʻrsatmalarini soʻzsiz bajarish;
8) Vazirlikning tarkibiy boʻlinmalari faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, tarkibiy va boʻysunuvchi boʻlinmalar rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar bajarilishini nazorat qilish, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun topshiriqlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy boʻlinmalar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
9) davlat sirlari bilan ishlashda qonunchilik talablariga rioya qilish.
Vazir oʻrinbosarlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
23. Quyidagilar Vazirlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
1) tarkibiy boʻlinmalar faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish, ushbu boʻlinmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;
2) tegishli tarkibiy boʻlinmalar va Vazirlik tizimidagi tashkilotlar faoliyatini oʻz vakolatlari doirasida muvofiqlashtirish;
3) prognoz koʻrsatkichlarning bajarilishini muntazam tahlil qilish hamda tarkibiy boʻlinmalar ushbu koʻrsatkichlarga soʻzsiz erishishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha vazir yoki uning mutasaddilik qiladigan oʻrinbosarlariga takliflar kiritish;
4)Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari va topshiriqlari ijrosini taʼminlash, Vazirlik tarkibiy boʻlinmalari xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, topshiriqlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy boʻlinmalar xodimlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
5) Vazirlik hayʼati qarorlari, vazir buyruqlari hamda topshiriqlari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
6) tarkibiy boʻlinmalarning har choraklik ish rejalari ishlab chiqilishini taʼminlash, ularni tasdiqlash uchun kiritish, koʻrsatilgan vazifalar va tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
7) tarkibiy boʻlinmalarga yuklangan vazifalar bajarilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish, Vazirlik tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar faoliyatiga amaliy va metodik yordam koʻrsatish;
8) tarkibiy boʻlinmalar faoliyatiga oid masalalar yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va ularni koʻrib chiqish uchun Vazirlik rahbariyatiga kiritish;
9) tarkibiy boʻlinmalarda kadrlarning professional darajasini, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligining kafolatini taʼminlash, kasb malakasini oshirish choralarini koʻrish, kadrlar zaxirasini shakllantirish;
10) normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tarkibiy boʻlinmalar tomonidan sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish, Vazirlikning tarkibiy boʻlinmalarida tayyorlangan hujjatlar loyihalarini keyinchalik Vazirlik rahbariyati tomonidan koʻrib chiqish, imzolash (viza qoʻyish), ularning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Reglamenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Reglamenti talablariga qatʼiy muvofiq ravishda Vazirlar Mahkamasiga oʻz vaqtida kiritilishini taʼminlash, Vazirlik rahbariyatining topshirigʻi boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasida ishlab chiqishda ishtirok etish;
11) Vazirlikka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini toʻliq va har tomonlama koʻrib chiqish, moliyaviy, iqtisodiy, huquqiy ekspertiza va boshqa ekspertizadan puxta oʻtkazish;
12) tarkibiy boʻlinmalar xodimlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini muntazam ravishda tanqidiy tahlil qilish, yigʻilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, yakunlari boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrish;
13) tarkibiy boʻlinmalar xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etishini taʼminlash;
14) davlat sirlari bilan ishlashda qonunchilik talablariga rioya qilish.
Vazirlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
24. Quyidagilar Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar rahbarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
1) Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari va boshqa qonunchilik hujjatlari, shuningdek Vazirlik buyruqlari bilan ularga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
2) Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlarga erishishni soʻzsiz taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini taʼminlash, ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Hukumatining ijro intizomini mustahkamlash yuzasidan qarorlariga muvofiq topshiriqlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
4) Vazirlik hayʼati qarorlari, vazirning buyruqlari va topshiriqlari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
5) Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar vakolati doirasidagi masalalar yuzasidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
6) oʻz oʻrinbosarlari vakolatlarini belgilash, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlash, boshqa mansabdor shaxslar vakolatlarini, faoliyatning alohida uchastkalariga rahbarlik qilish uchun oʻz oʻrinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarlik darajasini belgilash;
7) Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar faoliyatini rejalashtirishni tashkil etish, oʻz oʻrinbosarlarining har choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlash;
8) Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar va hududiy boshqarmalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularning samarali faoliyat koʻrsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, kadrlar zaxirasini shakllantirish;
9) vazir nomenklaturasiga kiradigan boʻsh lavozimlarga taklif etilgan kadrlarning, shuningdek, ishga qabul qilinayotgan boshqa kadrlarning professional darajasini amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligining kafolatini taʼminlash;
10) xodimlarni, oʻz oʻrinbosarlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, shu jumladan, ular egallab turgan lavozimda qolishi maqsadga muvofiqligiga doir masalalarni koʻrib chiqish, shaxsiy masʼuliyatini oshirish boʻyicha muntazam chora-tadbirlar koʻrish;
11) xodimlar tomonidan odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini taʼminlash;
12) huquqni qoʻllash amaliyotini va qonunchilikni takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali hududiy boshqarmalar tizimida qonunchilik talablariga muvofiq korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, ularning sodir etilishiga koʻmaklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
13) prognoz koʻrsatkichlarning bajarilishini muntazam tahlil qilish hamda ushbu koʻrsatkichlarga soʻzsiz erishishni taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha vazirning mutasaddilik qiladigan oʻrinbosarlariga takliflar kiritish;
14) xodimlar faoliyatining samaradorligi va natijadorligini tizimli ravishda tanqidiy tahlil qilish, yigʻilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, yakunlari boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrish;
15) faoliyatiga oid masalalar boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish, shuningdek, davlat xizmatlari samaradorligi, sifatini va ulardan erkin foydalanishni oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish hamda ularni Vazirlik rahbariyatiga kiritish;
16) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish, qonunchilik bilan belgilangan muddatlarda va tartibda aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini muntazam ravishda shaxsan, shu jumladan, joylarga borib qabul qilish;
17) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, ularning faoliyatida faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasiga tushgan murojaatlarini oʻz vaqtida va toʻlaqonli koʻrib chiqish;
18) xodimlarning lavozim maoshiga mukofotlar, ustamalar toʻlash, ularga moddiy yordam berish, mukofotlash, ragʻbatlantirish va ularga nisbatan intizomiy chora qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilish, davlat mukofotlari va idoraviy mukofotlar bilan taqdirlash toʻgʻrisida Vazirlikka takliflar kiritish;
19) davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarning himoya qilinishini taʼminlash.
Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar rahbarlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
6-bob. Vazirlik rahbariyatining javobgarligi
25. Vazir Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
26. Vazir oʻrinbosarlari:
Vazirlik nazoratidagi tarkibiy boʻlinmalarda Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
oʻz funksional majburiyatlarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar.
27. Markaziy apparatning tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari:
tegishli tarkibiy boʻlinmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun;
oʻz funksional majburiyatlari sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar.
28. Vazirlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tumanlar (shaharlar)dagi hududiy boʻlinmalari rahbarlari:
boʻlinmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun;
oʻz funksional majburiyatlarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar.
7-bob. Vazirlik faoliyatini tashkil etish
29. Vazirlikka Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan Vazir rahbarlik qiladi.
30. Vazir oʻz maqomiga koʻra Vazirlar Mahkamasining aʼzosi hisoblanadi.
31. Vazirning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan bir nafar birinchi oʻrinbosari hamda uch nafar oʻrinbosari boʻladi.
32. Vazir boʻlmagan davrda uning vakolatlari vazirning birinchi oʻrinbosari, u boʻlmaganda esa — Vazirning buyrugʻiga binoan boshqa oʻrinbosar tomonidan amalga oshiriladi.
33. Vazir:
Vazirlik faoliyatiga yakka boshchilik asosida umumiy rahbarlik qiladi va Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Vazirlik faoliyatining alohida yoʻnalishlari va tuzilmalariga rahbarlik qilish va tizimiga kiradigan tashkilotlar faoliyati uchun vazir oʻrinbosarlari va Vazirlik tizimining boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini va shaxsiy javobgarligi darajasini belgilaydi;
oʻz vakolati doirasida Vazirlik tizimi xodimlari tomonidan ijro etilishi shart boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida markaziy apparat xarajatlar smetasini va shtat jadvalini tasdiqlaydi, Vazirlikning respublika budjetidan moliyalashtiriladigan idoraviy mansub tashkilotlarining xarajatlar va daromadlar smetalarini roʻyxatdan oʻtkazadi;
vazir maslahatchilari, Vazirlik tizimiga kiradigan tashkilotlar, hududiy Davlat mehnat inspeksiyasi rahbari va oʻrinbosarlarini mustaqil tarzda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari boshliqlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan kelishgan holda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari, tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari, shuningdek, Vazirlikning tizimiga kiradigan tashkilotlar tuzilmasiga, zarur boʻlsa, xodimlarning umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritadi;
Vazirlik markaziy apparati, hududiy boʻlinma va Vazirlik tizimidagi tashkilotlarning rahbarlari va xodimlari uchun faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini (KPI) belgilaydi hamda nazorat qiladi;
markaziy apparat boʻlinmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni, tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomlarni, Vazirlik tizimiga kiradigan tashkilotlar ustavlarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Vazirlik tizimida belgilangan tartibda moliyaviy ishlarni tashkil etadi, tizimiga kiradigan tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarni, shuningdek, mazkur sohadagi ilmiy tadqiqotlarni moliyaviy jihatdan taʼminlaydi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
34. Tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari boshliqlari tegishli tumanlar (shaharlar) hokimlari tomonidan Vazir, Qoraqalpogʻiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari boshliqlari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari hamda tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlariga ishga qabul qilingan xodimlar majburiy tartibda bir haftalik kirishish-moslashish kurslaridan, mehnat organlari xodimlari esa muntazam ravishda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazida har uch yilda kamida bir marta malaka oshirish kurslaridan oʻtadilar.
35. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari toʻgʻrisidagi nizomlar Vazirning buyruqlari bilan tasdiqlanadi.
Tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari toʻgʻrisidagi nizomlar tumanlar (shaharlar) hokimlari bilan kelishilgan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari buyruqlari bilan tasdiqlanadi.
36. Markaz davlat muassasasi shaklidagi tashkilot hisoblanadi.
Markazga Vazir tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
Markaz direktorining Vazir tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ikki nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻladi.
Markaz Bandlik jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Malaka oshirish oʻquv kurslarini moliyalashtirish yoʻnalishlari va hajmlari, shuningdek, malaka oshirishga jalb qilingan mehnat organlari xodimlari soni Vazirlik tomonidan belgilanadi.
Markazda davlat organlari va tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarining inson resurslari bilan ishlashga masʼul tarkibiy tuzilmalarining rahbar va xodimlari shartnoma asosida har uch yilda kamida bir marta mehnat munosabatlarini tashkil etish boʻyicha malakasini oshirib boradi.
37. Malakani baholash markazlariga Vazir tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
Malakani baholash markazlari direktorining Vazir tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan uch nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻladi.
Malakani baholash markazlari davlat muassasasi shaklidagi tashkilot hisoblanadi.
38. Milliy texnik malakani baholash va malaka oshirish markaziga Vazir tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
Milliy texnik malakani baholash va malaka oshirish markazi davlat taʼlim muassasasi shaklidagi tashkilot hisoblanadi. Vazirlik Milliy texnik malakani baholash va malaka oshirish markazi muassisi hisoblanadi.
Milliy texnik malakani baholash va malaka oshirish markazi direktorining Vazir tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ikki nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻladi.
39. Malakani baholash markazlari faoliyati Bandlik jamgʻarmasi mablagʻlari, xoʻjalik faoliyati natijasida tushgan mablagʻlar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
40. Vazirlikda Vazir (Hayʼat raisi), vazir oʻrinbosarlari, maslahatchilari, shuningdek, Vazirlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy boʻlinmalar rahbarlaridan iborat hayʼat tuziladi.
Hayʼatning soni va shaxsiy tarkibi Vazir taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hayʼatga quyidagi vazifalar yuklanadi:
kambagʻallikni qisqartirish, bandlik va mehnat munosabatlari, mehnatni muhofaza qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirishni yanada takomillashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqqan holda, Vazirlik faoliyatining qonunchilikda belgilangan asosiy yoʻnalishlarini tanqidiy koʻrib chiqish;
qonunchilik hujjatlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida va Hukumat qarorlarida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha Vazirlik va uning tuzilmaviy boʻlinmalari rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirishga doir aniq choralar koʻrgan holda, quyi tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini tizimli ravishda eshitib borishni tashkil qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentabrda qabul qilingan “Kambagʻallikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish toʻgʻrisida”gi PF-143-son Farmoni hamda “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-330-son qaroriga muvofiq “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi ijrosini tashkil qilishning yaxlit tizimini joriy etish;
ijro intizomi darajasini oshirish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalaridan tushayotgan murojaatlarni oʻz vaqtida hamda sifatli koʻrib chiqish asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari bajarilishi yuzasidan samarali nazoratni taʼminlash va bandlik sohasidagi eng zarur muammolarni hal qilish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
Hayʼatning kengaytirilgan koʻchma majlislari oʻtkazilishini tashkil etish, kambagʻallikni qisqartirish va bandlik, mehnat bozori, mehnat munosabatlari boʻyicha dolzarb masalalarning joylarda muhokama etilishini taʼminlash, shuningdek, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha tegishli qarorlar ishlab chiqish va qabul qilish;
Vazirlik nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joylashtirish, tayyorlash va qayta tayyorlash masalalarini koʻrib chiqish.
Hayʼat, shuningdek, Vazirlik vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni ham koʻrib chiqishga haqli.
Hayʼat majlislariga Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha boshqa vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hayʼat, agar uning majlisida hayʼat tarkibining yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Hayʼat qarorlari Vazirning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Vazir va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda, Vazir paydo boʻlgan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda, mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikr-mulohazalarini Vazirlar Mahkamasiga xabar qilishlari mumkin.
Hayʼat faoliyati tartibi uning hayʼat tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
8-bob. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi
1-§. Inspeksiyaning asosiy vazifalari va funksiyalari
41. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiya (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi.
42. Inspeksiya oʻz faoliyatini bevosita va oʻz hududiy inspeksiyalari orqali amalga oshiradi.
43. Mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, barcha tashkilotlar mansabdor shaxslari, fuqarolar — ish beruvchilar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma asosida mehnat qilayotgan chet ellik fuqarolar tomonidan mehnat, aholi bandligi, mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtalash toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda mehnat jarayonida tazyiq va zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik va uning har qanday shaklda namoyon boʻlishining oldini olish masalalariga doir tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda mehnat standartlari talablariga rioya etishini nazorat qilish — mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazoratining predmeti hisoblanadi.
44. Quyidagilar Inspeksiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, barcha tashkilotlar mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar — ish beruvchilar tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari, mehnat toʻgʻrisidagi boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda mehnat jarayonida tazyiq va zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik va uning har qanday shaklda namoyon boʻlishining oldini olish masalalariga doir normativ-huquqiy hujjatlar hamda mehnat standartlari talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
respublikadagi mehnatni muhofaza qilish holatini, mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar sabablarini muntazam tahlil qilish, ularni bartaraf etish yoʻllarini ishlab chiqish;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlari normalari buzilishining oldini olish hamda mehnat toʻgʻrisidagi bitimlar va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning, ish beruvchilar tomonidan qabul qilinadigan buyruqlarning mehnat qonunchiligiga muvofiqligi yuzasidan monitoring oʻtkazish;
ish oʻrinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish sifati ustidan davlat nazoratini va ekspertizadan oʻtkazilishini amalga oshirish;
majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik va uni toʻliq bartaraf etish choralarini koʻrish hamda aybdor mansabdor shaxslarni qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish, shuningdek, majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik va uni bartaraf etish chora-tadbirlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini manfaatdor vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda tashkil etish;
mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozori professional ishtirokchilarining faoliyati yuzasidan belgilangan tartibda monitoring yuritish va ularning faoliyatini takomillashtirish, shu jumladan, ular tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish toʻgʻrisida takliflar tayyorlash;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini qoʻllash va ularga rioya etish masalalari boʻyicha xodimlar va ish beruvchilarga maslahat va uslubiy yordam berish, mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarning hamda mehnat jarayonida tazyiq va zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik va uning har qanday shaklda namoyon boʻlishining oldini olishga doir profilaktika ishlarini oʻtkazish;
mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, barcha tashkilotlarda mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish, aholi bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini kameral nazoratdan oʻtkazish;
mehnat, mehnatni muhofaza qilish va mehnat gigiyenasi sohasidagi davlat dasturlari, normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar, shuningdek, fuqarolarning xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlashga boʻlgan huquqlarini taʼminlashga doir takliflar va chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
Xalqaro mehnat tashkiloti hamda boshqa xalqaro tashkilotlar bilan Inspeksiya faoliyatiga oid masalalarda oʻzaro hamkorlik qilish.
45. Inspeksiya oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, barcha tashkilotlar mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar — ish beruvchilar tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari, mehnat toʻgʻrisidagi boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda mehnat jarayonida tazyiq va zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik va uning har qanday shaklda namoyon boʻlishining oldini olish masalalariga doir texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda mehnat standartlari talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish yoʻnalishida:
ish beruvchilar tomonidan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari, aholi bandligi, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik, mehnat toʻgʻrisidagi boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, mehnatni muhofaza qilish qoidalari, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda mehnat jarayonida tazyiq va zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik va uning har qanday shaklda namoyon boʻlishining oldini olish masalalariga doir texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda mehnat standartlari talablariga rioya etilishini tekshiradi;
nazorat predmetiga muvofiq qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoring oʻtkazadi va qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan ish beruvchilarga (uning vakiliga) koʻrsatmalar beradi;
jamoa shartnomalarida va boshqa ichki hujjatlarda nazarda tutilgan majburiyatlar bajarilishini nazorat qiladi;
xotin-qizlar mehnatidan foydalanish taqiqlangan noqulay mehnat sharoitlarida bajariladigan ishlar roʻyxatini hamda ogʻir yuklarni koʻtarishda va tashishda xotin-qizlar uchun cheklangan yuk normalari toʻgʻri qoʻllanishi boʻyicha davlat nazoratini amalga oshiradi;
oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan ogʻir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning roʻyxati, shuningdek, ularning ogʻir yuklarni koʻtarishi va tashishi chogʻida yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp normalari toʻgʻri qoʻllanishi boʻyicha nazoratni amalga oshiradi;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassislarga malaka sertifikati berilishini hamda berilgan malaka sertifikatlarining reyestri yuritilishini taʼminlaydi;
xodimlarning shaxsiy va jamoaviy himoya vositalari, ishlab chiqarish muhitini nazorat qilish uskunalari bilan toʻgʻri taʼminlanganini, shuningdek, noqulay va alohida tusga ega boʻlgan sharoitlarda ishlaganlik uchun xodimlarga imtiyozlar va kompensatsiyalar berilishini nazorat qiladi;
xodimlarning hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha ish beruvchilar tomonidan toʻlovlar amalga oshirilishini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat qiladi;
xodimlarning muayyan toifalari (xotin-qizlar, voyaga yetmaganlar, oliy va oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari talabalari, nogironligi boʻlgan shaxslar, Qurolli Kuchlar safidan boʻshatilgan shaxslar, odam savdosidan jabrlanganlar va boshqalar) uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan mehnat huquqlari hamda kafolatlariga rioya etilishini nazorat qiladi;
ish beruvchilar tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnomalar shartlariga rioya etilishini, chet ellik fuqarolarning kasbiy-malakaviy mansubligi doirasida faoliyat yuritayotgani, yuqori malakali va malakali mutaxassislar uchun belgilangan miqdorda oylik ish haqi toʻlanishini tekshiradi;
oʻtkazilgan nazorat tadbirlari natijalariga koʻra mehnat xavfsizligi talablariga javob bermaydigan va xodimlarning sogʻligʻi yoki hayotiga xavf soladigan tashkilotlar (uning ayrim boʻlinmalari) faoliyatini yoki ishlab chiqarish vositalaridan foydalanishni ular mehnat xavfsizligi talablariga muvofiqlashtirilguniga qadar 10 kundan ortiq boʻlmagan muddatga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda toʻxtatib turadi;
2) respublikadagi mehnatni muhofaza qilish holatini, mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar sabablarini muntazam tahlil qilish, ularni bartaraf etish yoʻllarini ishlab chiqish yoʻnalishida:
mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiradi va hisobini yuritadi;
mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar sabablarini tahlil qiladi va ularning oldini olish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
3) mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlari normalari buzilishining oldini olish hamda mehnat toʻgʻrisidagi bitimlar va boshqa ichki hujjatlarning, ish beruvchilar tomonidan qabul qilinadigan buyruqlarning mehnat qonunchiligiga muvofiqligi yuzasidan monitoring oʻtkazish yoʻnalishida:
mehnat munosabatlari subyektlari, shu jumladan, kasanachilik shartlari asosida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlar hamda shaxsiy tomorqa, dehqon va fermer xoʻjaliklarida band boʻlgan shaxslarning mehnat huquqlari himoyasini taʼminlaydi;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi hamda ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilgani aniqlangan holatlar yuzasidan ularga barham berish va ularning yuzaga kelishiga koʻmaklashadigan shart-sharoitlarni bartaraf etish uchun huquqiy tartibga solish choralarini koʻradi;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi hamda ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida kasaba uyushmalariga va xodimlarning boshqa vakillik organlariga berilgan huquqlarni amalga oshirishga koʻmaklashadi, shuningdek, ularga ish beruvchilar rioya etishini oʻrganadi;
mehnat toʻgʻrisidagi bitimlar va boshqa ichki hujjatlarning, ish beruvchilarning mehnat munosabatlari sohasidagi buyruqlari qonunchilik hujjatlariga mos kelishini tizimli tahlil qiladi;
tomonlar imzolagan tarmoq kelishuvlarni, uning ilovalarini belgilangan tartibda bildirish roʻyxatidan oʻtkazadi;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi bitimlar va boshqa ichki hujjatlarning, ish beruvchilarning mehnat munosabatlari masalalariga doir buyruqlari qonunchilik hujjatlariga mos kelmasligi aniqlanganda xulosalar beradi;
4) ish oʻrinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish sifati ustidan davlat nazoratini va ekspertizadan oʻtkazilishini amalga oshirish yoʻnalishida:
ish oʻrinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish sifati ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
mehnat sharoitlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazadi;
davlat nazorati va tekshiruvi organlari, shuningdek, sud murojaatlari boʻyicha mehnat sharoitlari yuzasidan davlat ekspertizasini oʻtkazadi hamda tegishli xulosalar beradi;
5) majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik va uni toʻliq bartaraf etish choralarini koʻrish hamda aybdor mansabdor shaxslarni qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish, shuningdek, majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik va uni bartaraf etish chora-tadbirlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini manfaatdor vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda tashkil etish yoʻnalishida:
manfaatdor vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik va uni toʻliq bartaraf etish, shu jumladan, aybdor shaxslarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish orqali bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil etadi;
biror-bir shaklda majburiy mehnatdan foydalanish bilan bogʻliq xavf-xatarni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish orqali xodimlarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlash yuzasidan qonunchilik hujjatlari normalari ijrosini nazorat qiladi;
majburiy mehnatdan foydalanish va kamsitish yuzasidan aniqlangan har bir holat boʻyicha qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlikka tortish choralarini koʻradi;
voyaga yetmagan shaxslarning mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash holati boʻyicha maʼlumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga huquqiy baho berish uchun yuboradi;
6) mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozori professional ishtirokchilarining faoliyati yuzasidan belgilangan tartibda monitoring yuritish va ularning faoliyatini takomillashtirish, shu jumladan, ular tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish yuzasidan takliflar tayyorlash yoʻnalishida:
mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozori professional ishtirokchilari tomonidan amalga oshiradigan xizmatlari sifati yuzasidan tashkilotlarda bir yilda kamida bir marotaba soʻrovnomalar oʻtkazadi;
mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozori professional ishtirokchilarining amalga oshirilgan ishlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlari va hisobotlarini tanlov asosida joylarga borib oʻrganadi;
mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozori professional ishtirokchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni doimiy ravishda tahlil qilib boradi;
monitoring natijasida qonunchilik talablarining buzilish holatlari aniqlangan taqdirda, kamchiliklar va ularni bartaraf etish muddatlarini belgilagan holda mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozori professional ishtirokchisiga yozma koʻrsatma yuboradi;
mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozori professional ishtirokchilarining xizmat koʻrsatish turlari boʻyicha monitoring yakunlariga asosan ularning reytingini yuritadi;
mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozori professional ishtirokchilari faoliyatida oʻtkazilgan monitoring natijalarida jiddiy qonun buzilishi holatlari aniqlangan taqdirda, ularning faoliyatini qonunchilikda belgilangan tartibda toʻxtatib turish boʻyicha sudga daʼvo arizalari kiritadi;
monitoring va tahlillarga asosan mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozori professional ishtirokchilarining faoliyatini takomillashtirish, shu jumladan, ular tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
7) mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini qoʻllash va ularga rioya etish masalalari boʻyicha xodimlar va ish beruvchilarga maslahat va uslubiy yordam berish, mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarning hamda mehnat jarayonida tazyiq va zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik va uning har qanday shaklda namoyon boʻlishining oldini olishga doir profilaktika ishlarini oʻtkazish yoʻnalishida:
Inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan amaliy, konsultativ va uslubiy yordam koʻrsatish uchun ishonch telefonlari joriy etilishini va ishlab turishini taʼminlaydi;
ishonch telefoni raqamlariga kelib tushgan muammoli masalalar yuzasidan statistik hisobot yuritadi, ularni tahlil qiladi hamda muammoli va salbiy omillarni bartaraf etish yuzasidan, shu jumladan, inspektorlar faoliyati boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
mehnat munosabati subyektlari uchun huquqiy targʻibot, seminarlar, tushuntirish ishlari va amaliy mashgʻulotlar tashkil etadi;
tadbirkorlik subyektlariga pochta aloqasi yoki elektron axborot tizimlari orqali ularning faoliyati yuzasidan qonunchilik talablari buzilishining oldini olishga qaratilgan tavsiyalar, ish beruvchilar tomonidan sodir etilayotgan tizimli huquqbuzarliklarning sabablari va ularga imkon beruvchi shart-sharoitlar boʻyicha xabarnomalar yuboradi;
amaldagi mehnat qonunchiligi talablarini tushuntirish yuzasidan ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qiladi;
8) mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, barcha tashkilotlarda mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish, aholi bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini kameral nazoratdan oʻtkazish yoʻnalishida:
mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilishiga doir jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqadi;
zarur hollarda, murojaatda koʻrsatilgan holatlarni aniqlashtirish maqsadida ish beruvchini (uning vakilini) chaqirib oladi hamda ularning tushuntirishlarini oladi;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazoratiga muvofiq qonunchilik hujjatlari buzilishiga doir jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini zarur hollarda joyning oʻziga borib koʻrib chiqadi;
murojaat predmetiga taalluqli hujjatlarni ish beruvchidan soʻrab oladi;
Inspeksiyada mavjud maʼlumotlar asosida tashkilotlarda mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish, aholi bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini tahlil qiladi;
9) mehnat, mehnatni muhofaza qilish va mehnat gigiyenasi sohasidagi davlat dasturlari, normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar, shuningdek, fuqarolarning xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlashga boʻlgan huquqlarini taʼminlashga doir takliflar va chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish yoʻnalishida:
mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholini ish bilan taʼminlash va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan oʻtkazilgan tekshiruvlar va monitoring materiallarini tahlil qiladi hamda umumlashtiradi;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligiga doir amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni va xodimlarning mehnat huquqlari va manfaatlariga rioya etilishini va himoyasini, ularning ishlash jarayonida mehnat shart-sharoitlarini va xavfsizligini taʼminlashga doir mehnat huquqi normalarini oʻz ichiga olgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qiladi, zarur boʻlganda, qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan takliflar kiritadi;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
mehnatni muhofaza qilishga doir davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va hujjatlarni belgilangan tartibda ishlab chiqishda ishtirok etadi;
10) Xalqaro mehnat tashkiloti hamda boshqa xalqaro tashkilotlar bilan Inspeksiya faoliyatiga oid masalalarda oʻzaro hamkorlik qilish yoʻnalishida:
Xalqaro mehnat tashkilotining Inspeksiya faoliyatiga oid konvensiyalarini tahlil qilib boradi;
Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalarini milliy qonunchilik hujjatlariga implementatsiya qilish boʻyicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
Inspeksiya faoliyatiga oid Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning forumlar, konferensiyalar, seminarlarda ishtirok etadi.
46. Inspeksiya qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
2-§. Inspeksiyaning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
47. Inspeksiyaning mansabdor shaxslari oʻzlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, barcha tashkilotlar mansabdor shaxslaridan, shuningdek, fuqarolar — ish beruvchilardan nazorat funksiyalarini bajarish uchun zarur hujjatlar, axborot, statistik maʼlumotlar va maʼlumotnomalarni soʻrab olish;
Inspeksiyaga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning axborot dasturlaridan olinishi mumkin boʻlgan maʼlumotlardan foydalanish;
ish beruvchilar tomonidan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik, aholining bandligi, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilik, mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlar, mehnatni muhofaza qilish qoidalari hamda mehnat standartlari talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini va tekshiruvini amalga oshirish;
tekshiruv va oʻrganish (monitoring) davomida foto-video tasvirga tushirish, tushuntirishlar hamda boshqa maʼlumotlarni olish, shuningdek, zaruratga koʻra, tarjimon, ekspertlarni jalb etish va ekspertiza tayinlash;
mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, barcha tashkilotlar mansabdor shaxslariga, shuningdek, fuqarolar — ish beruvchilarga mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazorati predmetiga muvofiq qonunchilik hujjatlari buzilishini bartaraf etish, jumladan, qonunchilik hujjatlariga zid boʻlgan buyruqlar va boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda toʻxtatib turish, zarur hollarda ularni belgilangan tartibda bekor qilish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berish;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilishiga doir daʼvolar, shuningdek, mehnat jarayonida xodimlar hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zararni qoplash masalalari yuzasidan sudda ekspert yoki mutaxassis sifatida ishtirok etish;
mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobini yuritish (tekshiruvlarda ishtirok etish);
maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish va maʼmuriy javobgarlikka tortish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqbuzarlik holatida jinoyat alomatlari mavjud materiallarni huquqni muhofaza qilish organlarga yuborish;
tashkilotlarning mansabdor shaxslariga mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlari buzilishini bartaraf etish hamda qonunchilik hujjatlariga zid boʻlgan buyruqlari va boshqa hujjatlarini belgilangan tartibda toʻxtatib turish toʻgʻrisida taqdim etilgan yozma koʻrsatmalar ijrosini nazorat qilish;
tashkilotlarning mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga zid boʻlgan buyruqlari va boshqa hujjatlarini belgilangan tartibda toʻxtatib turish, zarur hollarda, ularni belgilangan tartibda bekor qilish yuzasidan koʻrsatmalar kiritish;
tashkilotlarning mehnat xavfsizligi talablariga javob bermaydigan va xodimlarning hayoti yoki sogʻligʻiga xavf tugʻdiradigan faoliyatini yoki uskunalardan foydalanishni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda toʻxtatib turish;
xodimlarning mehnatni muhofaza qilishga doir talablarga mos kelmaydigan hamda muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlmagan shaxsiy va jamoaviy himoya vositalaridan foydalanishni taqiqlash;
huquqbuzarliklar sodir etishga tayyorgarlik koʻrilayotganligi haqida maʼlumotlar boʻlsa, mehnat va aholi bandligi, mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilishiga yoʻl qoʻymaslik haqida tashkilot mansabdor shaxslariga, shuningdek, ish beruvchi fuqarolarga ogohlantirishlar kiritish;
mehnat va aholi bandligi, mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilishini, shuningdek, ularning kelib chiqishiga sabab boʻladigan shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida yuqori turuvchi tashkilotlar va huquqni muhofaza qilish organlariga taqdimnomalar, yuqorida koʻrsatilgan qonunchilik hujjatlarini buzishda aybdor boʻlgan tashkilotlar va mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda choralar koʻrish toʻgʻrisida takliflar kiritish;
tekshirish oʻtkazish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻrganish, shuningdek, Inspeksiya vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash uchun vazirliklar, idoralar, ilmiy va taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlar vakillarini chaqirish va jalb etish;
ish beruvchilar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnomalar shartlariga rioya etilmagani, chet ellik fuqarolar kasbiy-malakaviy mansubligi doirasida faoliyat yuritmagani, yuqori malakali va malakali mutaxassislar uchun belgilangan miqdorda oylik ish haqi toʻlanmagani aniqlanganda, ushbu qonun buzilishlari ish beruvchi tomonidan belgilangan muddatlarda bartaraf etilmagan hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnomalarning amal qilishini tugatish haqida qaror qabul qilish;
Inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan tashkilot va xodim (xodimlar) oʻrtasidagi mehnat nizosini koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi daʼvo bilan sudga yoki boshqa organga murojaat qilish;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish, mehnat jarayonida xodimlarning hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisida qonunchilik hujjatlari buzilishi haqidagi daʼvolar boʻyicha sudda ekspert yoki mutaxassis sifatida ishtirok etish;
mehnat va aholi bandligi, mehnatni muhofaza qilish va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish yuzasidan xodimlarning va mehnat munosabatlari boshqa subyektlarining shikoyatlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqish;
xodimlar va mehnat munosabatlarining boshqa subyektlari shikoyatlarini koʻrib chiqishda ishtirok etish uchun tashkilotlar mansabdor shaxslarini (ularning vakillarini) chaqirish, ulardan holat yuzasidan ogʻzaki hamda yozma tushuntirishlar olish hamda shikoyatni koʻrib chiqish uchun zarur hujjatlarni talab qilib olish;
belgilangan tartibda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha oʻquvdan, yoʻl-yoʻriqdan oʻtmagan va bilimlari tekshirilmagan xodimlarni ishdan chetlatish toʻgʻrisida takliflar kiritish;
Inspeksiya mansabdor shaxslarining qonuniy faoliyatiga aralashgan, toʻsqinlik qilgan yoki taʼsir oʻtkazgan, shuningdek, uning qonuniy talablarini bajarmagan shaxslarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma rasmiylashtirish;
Inspeksiyaning mansabdor shaxslari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
48. Inspeksiyaning mansabdor shaxslari oʻz vakolatlari doirasida mehnat va aholi bandligi, mehnatni muhofaza qilish va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish sohasidagi nazoratini amalga oshirishda:
mehnat va aholi bandligi, mehnatni muhofaza qilish va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qoʻyish boʻyicha qonunchilik hujjatlariga muvofiq berilgan vakolatlarni oʻz vaqtida va toʻliq bajarishi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga va xalqaro shartnomalar normalariga, tekshirilayotgan yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilishi;
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha tashkilotlar mansabdor shaxslariga, shuningdek, fuqaro — ish beruvchilarga tekshiruv oʻtkazishda ishtirok etishga toʻsqinlik qilmasligi hamda tekshiruv predmetiga taalluqli masalalar yuzasidan tushuntirishlar berishi;
tekshiruv oʻtkazish vaqtida ishtirok etayotgan rahbarga, boshqa mansabdor shaxsga yoki yuridik shaxsning vakolatli vakiliga, yakka tartibdagi tadbirkorga, uning vakolatli vakiliga hamda fuqaro — ish beruvchiga tekshiruv predmetiga taalluqli axborot va hujjatlarni taqdim etishi;
rahbarni, boshqa mansabdor shaxsni yoki yuridik shaxsning vakolatli vakilini, yakka tartibdagi tadbirkorni, uning vakolatli vakilini hamda fuqaro — ish beruvchini tekshiruv natijalari bilan tanishtirishi;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tekshiruvlar oʻtkazish tartibi va muddatlariga rioya qilishi shart.
49. Inspeksiya Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining tarkibiy boʻlinmasi boʻlib, uning mansabdor shaxslari oʻz vakolatlarini amalga oshirishda nazorat predmetiga muvofiq davlat organlaridan mustaqildir hamda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
50. Inspeksiyaning mansabdor shaxslari oʻz zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni samarasiz bajarganligi, shuningdek, gʻayriqonuniy harakatlari yoki harakatsizligi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
3-§. Inspeksiya faoliyatini tashkil etish
51. Inspeksiyaning tashkiliy tuzilmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalarining inspeksiyalaridan (keyingi oʻrinlarda — hududiy inspeksiyalar) iborat.
Davlat mehnat huquq inspektori lavozimiga oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar tayinlanadi.
Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat texnik inspektorlari hamda mehnat sharoitlari boʻyicha (bosh) davlat eksperti lavozimiga oliy muhandis-texnik maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar tayinlanadi.
Qishloq xoʻjaligi sohasida mehnat inspektori lavozimiga oliy yuridik yoki oliy muhandis-texnik maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar tayinlanadi.
52. Inspeksiya va hududiy inspeksiyalarning inspektorlari hamda mehnat sharoitlari boʻyicha ekspertlari Vazirlik tomonidan belgilangan tartibda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazida ishga qabul qilingandan keyin bir oy ichida bir oylik majburiy tayyorlash, shuningdek, davriy malaka oshirish kurslaridan oʻtishlari kerak.
53. Inspeksiyaga Vazir tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan boshliq rahbarlik qiladi.
Inspeksiyasi boshligʻi bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat mehnat inspektori hisoblanadi.
Inspeksiya boshligʻi lavozimiga oliy yuridik yoki oliy muhandis-texnik maʼlumotli, mehnat yoki mehnatni muhofaza qilish tizimida kamida uch yillik ish stajiga ega shaxs tayinlanishi mumkin.
54. Inspeksiya boshligʻining mehnatiga haq toʻlash boʻyicha razryadi vazir oʻrinbosari razryadidan 5 foizga kamaytirilgan miqdorda belgilanadi.
55. Inspeksiya boshligʻi Vazir tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan quyidagi ikki nafar oʻrinbosarlarga ega boʻladi:
Inspeksiya boshligʻining mehnat huquqi boʻyicha oʻrinbosari — Bosh davlat mehnat huquq inspektori;
Inspeksiya boshligʻining mehnatni muhofaza qilish boʻyicha oʻrinbosari — Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bosh davlat texnik inspektori.
Inspeksiya boshligʻining mehnat huquqi boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga oliy yuridik maʼlumotga va mutaxassisligi boʻyicha kamida uch yillik ish stajiga ega shaxs tayinlanadi.
Inspeksiya boshligʻining mehnatni muhofaza qilish boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga oliy muhandis-texnik maʼlumotga va mutaxassisligi boʻyicha kamida uch yillik ish stajiga ega shaxs tayinlanadi.
56. Mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish hamda mehnat jarayonida tazyiq va zoʻravonlik va uning har qanday shaklda namoyon boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini davlat tomonidan nazorat qilish vakolatlariga Inspeksiyaning quyidagi mansabdor shaxslari ega:
Inspeksiya boshligʻi — Oʻzbekiston Respublikasi bosh davlat mehnat inspektori;
Inspeksiya boshligʻining mehnatni muhofaza qilish boʻyicha oʻrinbosari — Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bosh davlat texnik inspektori;
Inspeksiyaning mehnatni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi — Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat texnik katta inspektori;
Inspeksiyaning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat texnik inspektori;
Inspeksiyaning mehnat sharoitlari boʻyicha bosh davlat eksperti;
hududiy inspeksiya boshligʻi — hududiy bosh davlat mehnat inspektori;
hududiy inspeksiya boshligʻi oʻrinbosari — hududiy mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bosh davlat texnik inspektori;
hududiy inspeksiyaning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat texnik inspektorlari;
hududiy inspeksiyaning mehnat sharoitlari boʻyicha davlat eksperti;
hududiy inspeksiyaning qishloq xoʻjaligi sohasida davlat mehnat inspektorlari.
57. Mehnat va aholi bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini davlat tomonidan nazorat qilish vakolatlariga Inspeksiyaning quyidagi mansabdor shaxslari ega:
Inspeksiya boshligʻi — Oʻzbekiston Respublikasi bosh davlat mehnat inspektori;
Inspeksiya boshligʻining mehnat huquqi boʻyicha oʻrinbosari — Bosh davlat mehnat huquq inspektori;
Inspeksiyaning mehnat huquqi boshqarmasi boshligʻi — davlat mehnat huquq katta inspektori;
Inspeksiyaning davlat mehnat huquq inspektorlari;
hududiy inspeksiya boshligʻi — hududiy bosh davlat mehnat inspektori;
hududiy inspeksiya boshligʻi oʻrinbosari — hududiy bosh davlat mehnat huquq inspektori;
hududiy inspeksiyaning davlat mehnat huquq inspektorlari;
hududiy inspeksiyaning qishloq xoʻjaligi sohasida davlat mehnat inspektorlari.
58. Inspeksiya oʻz faoliyatini Vazir tomonidan tasdiqlanadigan ish rejalari asosida amalga oshiradi.
59. Inspeksiya boshligʻi oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun:
1) Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, uni muvofiqlashtiradi;
2) hududiy inspeksiyalar boshliqlarining hisobotlarini chorakda kamida bir marta eshitadi;
3) Inspeksiya va hududiy inspeksiyalarning barcha mansabdor shaxslarining avval berilgan koʻrsatmalari, taqdimnomalari, qarorlarini koʻrib chiqadi, oʻzgartiradi va lozim boʻlganda bekor qiladi;
4) Inspeksiya va hududiy inspeksiyalarning barcha mansabdor shaxslarining bilim saviyasini va malakasini doimiy oshirib borish boʻyicha choralar koʻradi, oʻz vakolatlari doirasida bajarilishi shart boʻlgan koʻrsatma va topshiriqlar beradi;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi buyruqlari va koʻrsatmalarining tegishlicha ijrosini taʼminlaydi;
6) Inspeksiyaga yuklangan vazifa va funksiyalar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi, oʻziga taqdim etilgan huquqlar va yuklangan majburiyatlar ijro etilishi uchun shaxsan javob beradi;
7) Vazirga:
Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari;
Inspeksiya va hududiy inspeksiyalarning tashkiliy-shtat tuzilmalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida takliflar;
Inspeksiya hamda hududiy inspeksiyalar xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida, shu jumladan, ularni egallab turgan lavozimida qolish-qolmaslik masalasini koʻrib chiqish boʻyicha taqdimnomalar;
xodimlarga martaba darajalari va kasbiy toifa berish toʻgʻrisida takliflar;
Inspeksiya va hududiy inspeksiyalarning xodimlarini ragʻbatlantirish, ularni Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlariga taqdim etish haqida takliflar;
Inspeksiya faoliyati natijalari toʻgʻrisida har oylik hisobotlar kiritadi;
8) oʻz vakolati doirasida Inspeksiya faoliyatini tashkil etish, shu jumladan, mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar yuzasidan maxsus tekshirish tashkil etish masalalari boʻyicha Inspeksiya va hududiy inspeksiyalarning barcha xodimlari tomonidan bajarilishi shart boʻlgan koʻrsatmalar va topshiriqlar beradi;
9) Inspeksiya xodimlarining samarali taqsimlanishini tashkil etadi, shu jumladan, muayyan funksiyalarni bajaruvchi ayrim xodimlarni Inspeksiyaga yuklangan boshqa ishlarga jalb qilishi mumkin;
10) qonunchilik hujjatlariga va ushbu Nizomga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
60. Inspeksiya boshligʻi yoʻqligida uning vakolatlarini Vazirning buyrugʻiga binoan Inspeksiya boshligʻining oʻrinbosarlaridan biri bajaradi.
61. Sud organlari tomonidan qaror qabul qilingandan keyin qarorga bogʻliq masalalar yuzasidan qoʻshimcha xulosalar, tushuntirishlar Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar tomonidan berilmaydi.
62. Hududiy inspeksiyalarga Vazirning buyrugʻiga asosan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan inspeksiya boshligʻi rahbarlik qiladi.
Hududiy inspeksiya boshligʻi oʻrinbosari Vazirning buyrugʻiga asosan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Hududiy inspeksiya boshligʻi va uning oʻrinbosari lavozimiga oliy yuridik yoki oliy muhandis-texnik maʼlumotga ega boʻlgan, mehnat yoki mehnatni muhofaza qilish tizimida kamida uch yillik ish stajiga ega shaxs tayinlanadi.
Hududiy inspeksiya boshligʻi lavozimiga oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan shaxs tayinlanganda, uning oʻrinbosari lavozimiga oliy muhandis-texnik maʼlumotga ega shaxs tayinlanadi.
Hududiy inspeksiya boshligʻi lavozimiga oliy muhandis-texnik maʼlumotga ega boʻlgan shaxs tayinlanganda, uning oʻrinbosari lavozimiga oliy yuridik maʼlumotga ega shaxs tayinlanadi.
Hududiy inspeksiya boshligʻi oʻz faoliyatida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, tegishli viloyatlar hamda Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari boshligʻiga boʻysunadi hamda hisobot beradi.
63. Hududiy inspeksiyalar boshliqlari tegishli hududlar doirasida:
hududiy inspeksiyaga rahbarlik qiladi, hududiy inspeksiyaning mansabdor shaxslari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
hududiy inspeksiyaning mansabdor shaxslarining avval berilgan koʻrsatmalari, taqdimnomalari va qarorlarini koʻrib chiqish, ularni oʻzgartirish va lozim boʻlganda bekor qilish huquqiga ega;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri, viloyatlar hamda Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari boshliqlarining (keyingi oʻrinlarda — hududiy bandlik boshqarmalari boshliqlari) inspeksiya faoliyatiga oid buyruqlarini va koʻrsatmalari, Inspeksiyaning koʻrsatmalarining tegishli ravishda ijro etilishini taʼminlaydi;
oʻz vakolatlari doirasida hududiy inspeksiya xodimlariga koʻrsatma va topshiriqlar beradi;
hududiy inspeksiyaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga va yuqori turuvchi organlarning qarorlariga muvofiq inspeksiya faoliyati bilan bogʻliq boshqa vakolatlarni bajaradi.
64. Hududiy inspeksiyalar oʻz faoliyati toʻgʻrisida Inspeksiyaga har oyning 5-sanasidan kechikmay, belgilangan tartibda oylik, choraklik va yillik hisobotlar taqdim etadi.
65. Hududiy inspeksiyalarning davlat mehnat huquq inspektorlari, mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat texnik inspektorlari, mehnat sharoitlari boʻyicha ekspertlari va qishloq xoʻjaligi sohasida davlat mehnat inspektorlari Inspeksiyaning yozma roziligiga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri hamda hududiy bandlik boshqarmalari boshliqlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
66. Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlangan yagona namunadagi guvohnomalarga ega boʻladi.
Inspeksiyaning mansabdor shaxslariga, hududiy inspeksiyalar boshliqlari va ularning oʻrinbosarlariga xizmat guvohnomalari Vazir tomonidan beriladi.
Hududiy inspeksiyalarning mansabdor shaxslariga xizmat guvohnomalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri hamda hududiy bandlik boshqarmalari boshliqlari tomonidan beriladi.
67. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi tegishli namunadagi guvohnomalar Inspeksiyaning mansabdor shaxslariga Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tegishli attestatsiya natijalariga koʻra beriladi.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi tegishli namunadagi guvohnomalar hududiy inspeksiyalarning mansabdor shaxslari hamda tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi davlat mehnat huquq inspektorlariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari tomonidan attestatsiya natijalariga koʻra beriladi.
68. Inspeksiyaga birinchi marta ishga kirgan shaxslarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq uch oygacha sinov muddati belgilanadi, bundan ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydigan shaxslar mustasno.
69. Korrupsiya va boshqa suiisteʼmolliklarning oldini olish va ularga yoʻl qoʻymaslik, xodimning shaxsiy va ish yuzasidan fazilatlarini, uning faoliyati samaradorligini oʻrganish, shuningdek, Inspeksiya faoliyatining turli yoʻnalishlarida malaka va ish tajribasiga ega kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida xodimlar rotatsiyasi amalga oshirilishi mumkin, bundan qonunchilikka muvofiq rotatsiya qilinmaydigan shaxslar mustasno.
Xodimlar rotatsiyasi, qoida tariqasida, Inspeksiya boshligʻining taqdimnomasiga binoan egallab turgan lavozimida uch yil ishlaganidan keyin amalga oshirilishi mumkin.
Xodimlar rotatsiyasini amalga oshirish tartibi Vazir tomonidan tasdiqlanadi.
70. Xodimning egallab turgan lavozimiga muvofiqligini aniqlash maqsadida Vazir tomonidan tasdiqlanadigan attestatsiya oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda va muddatlarda attestatsiya oʻtkaziladi.
Attestatsiya oʻtkazishda xodimning egallab turgan lavozimiga loyiqligi, shuningdek, uning keyingi faoliyati va navbatdagi martaba darajasi va kasbiy toifalar berish boʻyicha takliflar koʻrib chiqiladi.
Xodimlar attestatsiyadan Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlangan attestatsiya oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining attestatsiya komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi.
71. Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar oʻz rasmiy blankasiga ega boʻladi.
72. Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar xodimlari nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlarga (tekshiruv guruhlariga) mutaxassis xulosasini olish zarurati yuzaga kelganda jalb qilinishi mumkin.
Bunda Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar xodimlari bir oyda oʻn ish kunidan ortiq boʻlgan muddatga tekshiruvlarga (tekshirish guruhlariga) jalb qilinishi mumkin emas.
73. Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar xodimlari Vazirning buyrugʻi asosida har oyda qoʻllagan maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha undirilgan jarimalar summasining 10 foizigacha boʻlgan miqdorda, biroq mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 35 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda mukofotlanadi.
4-§. Martaba darajalari va kasbiy toifalarni berish hamda ulardan mahrum qilish
74. Oliy yuridik maʼlumotga ega inspeksiya xodimlariga adliya organlarining darajali unvonlarini berish tartibi tatbiq etiladi.
Inspeksiya xodimlariga martaba darajalarini berish tartibi Adliya vazirligi hamda Vazirlik tomonidan belgilanadi.
75. Inspeksiya xodimlariga martaba darajalari oliy yuridik maʼlumotga ega va attestatsiyadan ijobiy oʻtgan boʻlsa, malaka va ish stajiga muvofiq egallagan lavozimi, avvalgi ish yoki xizmat joyi boʻyicha berilgan maxsus unvonlar hisobga olingan holda izchillik tartibida, Vazirning taqdimnomasiga binoan adliya organlari xodimlariga martaba darajalarini berish tartibida beriladi.
Oliy yuridik maʼlumotga ega Inspeksiya xodimlariga quyidagi martaba darajalari beriladi:
1-darajali adliya maslahatchisi;
2-darajali adliya maslahatchisi;
3-darajali adliya maslahatchisi;
1-darajali yurist;
2-darajali yurist;
3-darajali yurist.
75. Inspeksiya xodimlariga quyidagi martaba darajalari beriladi:
1-darajali adliya maslahatchisi — Inspeksiya boshligʻiga;
2-darajali adliya maslahatchisi — Inspeksiya boshligʻining mehnat huquqi boʻyicha oʻrinbosariga, Inspeksiyaning boshqarma va boʻlim boshliqlariga hamda hududiy inspeksiya boshligʻiga;
3-darajali adliya maslahatchisi — Inspeksiyaning davlat mehnat huquq inspektoriga va hududiy inspeksiya boshliqlarining mehnat huquqi boʻyicha oʻrinbosarlariga;
1, 2 va 3-darajali yurist — hududiy inspeksiyalarning davlat mehnat huquq inspektorlariga;
Tegishli malaka boʻyicha ish tajribasiga ega boʻlmagan xodimlarga lavozimga tayinlanganidan keyin kamida 6 oydan soʻng martaba darajasi beriladi.
76. Inspeksiya xodimlariga kasbiy toifalar oliy muhandis-texnik maʼlumotga ega va attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtgan boʻlsa, malakasi va ish stajiga muvofiq izchillik tartibida beriladi.
Oliy muhandis-texnik maʼlumotga ega xodimlarga quyidagi kasbiy toifalar beriladi:
III toifali mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat texnik inspektori;
II toifali mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat texnik inspektori;
I toifali mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat texnik inspektori;
oliy toifali mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat texnik inspektori.
Kasbiy toifalar:
oliy toifali mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat texnik inspektori — Inspeksiya boshligʻiga;
I toifali mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat texnik inspektori — inspeksiya boshligʻining mehnatni muhofaza qilish boʻyicha oʻrinbosariga, Inspeksiyaning boshqarma va boʻlim boshliqlariga hamda hududiy inspeksiyalar boshliqlariga;
II toifali mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat texnik inspektori — Inspeksiyaning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat texnik inspektorlariga, mehnat sharoitlari boʻyicha bosh davlat ekspertiga va hududiy inspeksiyalar boshliqlarining oʻrinbosarlariga;
III toifali mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat texnik inspektori — hududiy inspeksiyalarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat texnik inspektorlari va mehnat sharoitlari boʻyicha ekspertlariga beriladi.
Tegishli malaka boʻyicha ish tajribasiga ega boʻlmagan xodimlarga lavozimga tayinlanganidan keyin kamida 6 oydan soʻng kasbiy toifa beriladi.
9-bob. Vazirlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlari
77. Vazirlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligi muntazam ravishda baholab boriladi.
78. Vazirlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligiga berilgan baholar Vazir tomonidan tasdiqlanadigan Vazirlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlariga asosan amalga oshiriladi.
79. Vazirlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari boʻyicha:
Vazirlik rahbarlari va xodimlarini ragʻbatlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlikka tortish;
Vazirlik faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish choralari koʻriladi.
Vazirlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash tartibi va metodikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
10-bob. Vazirlik tizimi xodimlarini moddiy-texnik taʼminlash va moddiy ragʻbatlantirish chora-tadbirlari
80. Vazirlik tizimi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va mehnatiga haq toʻlash budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, Mehnat organlari xodimlarining mehnatini ragʻbatlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash jamgʻarmasi hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
81. Vazir Mehnat organlari xodimlarining mehnatini ragʻbatlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan hududiy va idoraviy boʻysunuvidagi tashkilotlarga, shu jumladan, Vazirlik huzuridagi budjetdan tashqari jamgʻarmalarga ish haqiga ustamalarni moliyalashtirish uchun mablagʻlar ajratishga haqli.
82. Quyidagilar Mehnat organlari xodimlarining mehnatini ragʻbatlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash jamgʻarmasini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar tomonidan undiriladigan jarimalarning 30 foizi;
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar hamda Bandlik jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarning pulli xizmatlaridan tushadigan tushumlarning vazir tomonidan belgilab beriladigan, biroq 50 foizdan oshmagan qismi;
(82-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-49-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.02.2026-y., 07/26/49/0121-son)
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
83. Mehnat organlari xodimlarining mehnatini ragʻbatlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash jamgʻarmasidan yetarli mablagʻlar mavjud boʻlganda:
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq ishlanmaydigan bayram kunlari munosabati bilan ikki oylik ish haqi miqdorigacha yoki mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining oʻn baravarigacha mukofot;
jamoa shartnomasiga asosan transport xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha oylik toʻlovlar va ovqatlanish xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha oylik toʻlovlar;
faoliyat samaradorligining yuqori koʻrsatkichlarini taʼminlovchi xodimlar oylik ish haqining (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hamda koʻp yillik xizmati uchun ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda) ikki baravari miqdorigacha shaxsiy ustamalar;
tashabbuskorlik va xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarganlik hamda mehnatda erishgan yuksak yutuqlari uchun xodimlar faoliyatini yakka tartibda baholash asosida oylik ish haqining (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hamda koʻp yillik xizmati uchun ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda) besh baravari miqdorigacha mukofot;
Oldingi tahrirga qarang.
jamoa shartnomasiga koʻra (yubiley sanalarida, xodimlar 50, 55 va 60 yoshga toʻlganda, baxtsiz hodisa, ogʻir kasalligi sababli davolanish, sogʻligʻini tiklash, oilaning Ijtimoiy reyestrga kiritilganligi va moliyaviy holatining ogʻirligi, xodim yoki uning farzandlari nikohdan oʻtishi munosabati bilan, xodim yoki yaqin qarindoshlari vafot etganda) mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining oʻn baravari miqdorigacha moddiy yordam;
(83-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Vazirlik markaziy apparati xodimlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish uchun yilda bir marta (qoida tariqasida, kuz oylarida) mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining oʻn barobari miqdorigacha moddiy yordam berilishi mumkin.
84. Vazirlik xodimlarining ish haqi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan lavozim maoshi, mukofotlar, qoʻshimcha haqlar, ustamalar, ragʻbatlantiruvchi toʻlovlardan iborat boʻladi.
11-bob. Vazirlikning hisobdorligi
85. Vazir Vazirlikning faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hamda jamoatchilik oldida bevosita hisobdor boʻladi.
86. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi bilan oʻzaro hamkorlik qilish doirasida:
oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlar hamda boshqa hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish uchun respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari bilan birgalikda oʻz faoliyat sohasidagi muammolarni hal etish, davlat boshqaruvi tizimini maqbullashtirishga qaratilgan taklif, tavsiya va tahliliy maʼlumotlar tayyorlanishini taʼminlaydi;
kambagʻallikni qisqartirish va bandlikni taʼminlashning eng muhim yoʻnalishlari hamda vazifalarini amalga oshirishda mavjud tizimli muammo va kamchiliklarning muntazam ravishda koʻrib chiqilishini tashkil qiladi.
87. Monitoring va baholash natijalariga koʻra, Vazirlikning alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini ragʻbatlantirish choralari koʻriladi, kamchiliklarga yoʻl qoʻygan xodimlarga nisbatan esa intizomiy jazo choralari qoʻllaniladi.
88. Vazirlik har chorak yakuni boʻyicha tegishli hisobot davri uchun respublikada kambagʻallikni qisqartirish va bandlikni taʼminlash natijalari toʻgʻrisidagi press-relizni oʻz rasmiy veb-saytida yoritilib borilishini taʼminlaydi.
12-bob. Yakunlovchi qoida
89. Vazirlikni qayta tashkil etish va tugatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 706-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Bandlik jamgʻarmasi) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Bandlik jamgʻarmasi hududlarda aholi turmush shart-sharoitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga doir tadbirlarni moliyalashtirishni samarali tashkil etishni taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) hamda Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar faoliyatining ustuvor yoʻnalishlarini va loyihalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.
3. Bandlik jamgʻarmasining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
mehnat bozorining barqaror va mutanosib ravishda rivojlanishini taʼminlash, aholi bandligi darajasini oshirish va mehnat resurslaridan oqilona foydalanish xamda aholini kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha aniq maqsadli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini moliyalashtirish;
ishsizlarni, professional taʼlim tashkilotlari, akademik litseylar, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini, shuningdek, ish izlashda qiyinchiliklarga duch kelayotgan va mehnat bozorida teng shartlar asosida raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan kafolatlarni amalga oshirishni moliyalashtirishda ishtirok etish;
ish oʻrinlari tashkil etilishini ragʻbatlantirish va aholi bandligiga koʻmaklashish, shu jumladan, ish oʻrinlarini tashkil etishga doir davlat buyurtmasini hamda ish qidirayotgan shaxslarni va ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga hamda ularning malakasini oshirishga doir davlat buyurtmalarini moliyalashtirish;
ishsizlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularni ijtimoiy himoya qilishga hamda mehnat organlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga doir sifatli xizmatlarning ishsizlar va band boʻlmagan aholiga, birinchi navbatda, yoshlarga, xotin-qizlarga va nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatilishini tashkil etishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish;
ishsiz shaxslarni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilish, ishsizlikni kamaytirish choralarini koʻrish va aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini band qilishda zarur moliyaviy koʻmaklashish.
4. Bandlik jamgʻarmasi yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmasdan tashkil qilinadi, Bandlik jamgʻarmasining mablagʻlari uning mustaqil balansida aks ettiriladi.
5. Bandlik jamgʻarmasining mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida jamlanadi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahri Gʻaznachilik xizmati boshqarmalari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari uchun ochiladigan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga oʻtkazib beriladi.
2-bob. Bandlik jamgʻarmasining mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish
6. Quyidagilar Bandlik jamgʻarmasining mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan ijtimoiy soliq tushumlari;
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan har yili ajratiladigan transfertlar;
Vazirlikning ichki audit xizmati tomonidan Vazirlik tizimiga kiradigan hamda Bandlik jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar faoliyatini oʻrganish va tekshirish natijalari boʻyicha aniqlangan ortiqcha toʻlov va kamomad summalari;
Vazirlik tizimiga kiradigan hamda Bandlik jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarning pulli xizmatlari, shuningdek, tijoriy elektron xizmatlari koʻrsatishdan tushadigan tushumlarning 50 foizi;
Bandlik jamgʻarmasining boʻsh mablagʻlarini tijorat banklariga depozitga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Vazirlik, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari tegishli ravishda Bandlik jamgʻarmasi mablagʻlarini taqsimlovchilar hisoblanadi.
8. Bandlik jamgʻarmasining mablagʻlaridan quyidagi maqsadlar uchun foydalaniladi:
tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlarida (keyingi oʻrinlarda — bandlikka koʻmaklashish) ish qidirayotgan va ishsiz maqomiga ega shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan shaxslarni vaucher va buyurtma asosida kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga doir ishlarni moliyalashtirish, malakasini oshirish va kasbga qayta tayyorlanish istagidagi shaxslarga qoʻshimcha taʼlim olish uchun “kasb vaucheri” berish va fuqarolarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq stipendiyalarni toʻlash;
ishsizlarga muddatidan oldin pensiyalar tayinlanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining xarajatlarini qoplash;
qishloq xoʻjaligi texnikalariga xizmat koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlarining buyurtmasi (talabi) boʻyicha aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari yoʻllanmasiga asosan ishsiz yoshlarni zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalariga xizmat koʻrsatuvchi mutaxassis sifatida va ushbu texnikalarni boshqaruvchi operatorlikka (traktorchi-mashinist) oʻqitish va qayta tayyorlash xarajatlarini qoplab berish;
ishsiz fuqarolarni va band boʻlmagan aholini vaucher va buyurtma asosida ishga joylashtirish, oʻqitish va ularning malakasini oshirish, malakani baholash boʻyicha xizmatlarga boʻlgan davlat buyurtmasini moliyalashtirish hamda malakani baholash markazlarini tashkil etish, saqlash, qayta ixtisoslashtirish;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan boʻlgan shaxslarni ish oʻrinlarining belgilangan eng kam sonidan ortiq miqdorda ishga qabul qilish uchun subsidiyalar berish;
ish oʻrinlari va sharoitlarini nogironligi boʻlgan shaxslarga moslashtirish uchun subsidiya berish;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga qabul qilganlik uchun subsidiya berish;
bandlikka koʻmaklashish boʻlimlarining yoʻllanmasi boʻyicha ishga qabul qilingan xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchun subsidiyalar berish;
bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari, vaqtincha bir martalik ish bilan taʼminlash markazlari, ishsizlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish oʻquv markazlarining ayrim boʻlinmalarini qonunchilik hujjatlariga muvofiq moddiy-texnik taʼminlash va saqlab turish, shuningdek, mehnat organlarini joylashtirish uchun binolar, xonalar va inshootlarni xarid qilish, qurish, taʼmirlash va kapital taʼmirlashni moliyalashtirish;
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini boshqarish direksiyasi hamda “Kambagʻallik va bandlik sohasida loyihalarni boshqarish markazi” MCHJ bilan tuzilgan shartnomalarga asosan Vazirlik va uning tizimiga kiruvchi tashkilotlar faoliyatida aholini ishga joylashtirish va uning bandligini taʼminlash, mehnatni muhofaza qilish, vakansiyalar va band boʻlmagan aholini hisobga olish sohalarida dasturiy taʼminotlarni ishlab chiqish, takomillashtirish, kuzatib borish, texnik qoʻllab-quvvatlash, serverlar va telekommunikatsiya tarmoqlariga texnik xizmat koʻrsatish, axborot xavfsizligini taʼminlash hamda ushbu maqsadlarda texnik vositalarni xarid qilish uchun mablagʻ ajratish;
Vazirlik xodimlarini Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazida, shuningdek, chet davlatlarning ilmiy-tadqiqot, taʼlim va boshqa muassasalarida oʻqitish, malakasini oshirish va amaliyot oʻtkazishini tashkil etish xarajatlarini qoplash;
aholi bandligi sohasida xalqaro hamkorlikni moliyalashtirish, shuningdek, xalqaro loyihalar va shartnomalarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish;
Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar bilan bogʻliq masalalarga bagʻishlangan xalqaro va milliy konferensiyalar, forumlar, seminarlar va treninglar oʻtkazish, xalqaro va xorijiy tashkilotlar, xorijiy hukumatlar va hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlar tomonidan tashkil etiladigan tadbirlarda ishtirok etish uchun mehnat organlari xodimlarini xorijga yuborish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish;
“Kambagʻallik va mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazi” MCHJda shartnoma asosida rekruting tashkilotini yoki rekruterlarni yollash orqali malakali mutaxassislardan iborat loyiha guruhini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar;
Vazirlik faoliyatini isloh qilish hamda ish beruvchilarning faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish uchun xalqaro va milliy ekspertlarga (kompaniyalarga) haq toʻlash xarajatlari;
kasb-hunarga oʻqitishni uch bosqichli (videodarsliklar, kasbga oʻqitish hamda malaka oshirish) tizimga oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar;
oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga ragʻbatlantiruvchi imtiyozlar berish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa maqsadlar uchun.
9. Yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun Vazirlik, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari:
Bandlik jamgʻarmasining shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida ijtimoiy soliq tushumlari boʻyicha mablagʻlarning jamlanishini;
ishsizlik boʻyicha nafaqalar, ishsizlarga kompensatsiyalar, stipendiyalar va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlarning oʻz vaqtida tayinlanishi, moliyalashtirilishi va toʻlanishini;
Bandlik jamgʻarmasi samarali faoliyat koʻrsatishi uchun zarur normativ-huquqiy hujjatlarning oʻz vakolatlari doirasida ishlab chiqilishini;
Bandlik jamgʻarmasining keyingi yilga moʻljallangan daromad manbalari va mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlari boʻyicha prognoz loyihasi ishlab chiqilishini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etilishini;
Bandlik jamgʻarmasi budjetini ijro etish boʻyicha hisobotlar, shuningdek, bir yilda bir marta Bandlik jamgʻarmasi daromadlari va mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha mustaqil auditor tekshiruvi natijalari tayyorlanishini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilishini;
Bandlik jamgʻarmasining moliyaviy holati muntazam tahlil qilinishi va prognozlashtirilishini, shuningdek, uning moliyaviy barqarorligini qoʻllab-quvvatlash uchun ogohlantirish chora-tadbirlari ishlab chiqilishini;
Bandlik jamgʻarmasi toʻlov subyektlari va moliyalashtirish obyektlari boʻyicha elektron maʼlumotlar bazasi toʻliq hisobga olinishini va yuritilishini taʼminlaydi.
Vazirlik Bandlik jamgʻarmasi faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan xalqaro tashkilotlar va chet davlatlarning vakolatli organlari bilan belgilangan tartibda hamkorlik qiladi.
10. Bandlik jamgʻarmasining shaxsiy gʻazna hisobvaraqlaridagi boʻsh mablagʻlar yil boshida qonunchilik hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti taqchilligini qoplashga yoʻnaltirilishi mumkin emas.
11. Bandlik jamgʻarmasi mablagʻlarini ushbu Nizomda nazarda tutilmagan maqsadlar uchun ishlatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Bandlik jamgʻarmasining daromadlari prognozini koʻrib chiqish va kelishish hamda mablagʻlaridan foydalanish tartibi
12. Bandlik jamgʻarmasi tushum manbalari boʻyicha keyingi yilga moʻljallangan daromadlarini hamda mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlari boʻyicha xarajatlar prognozini har yili qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda, biroq joriy yilning 1-iyulidan kechiktirmay, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.
Bandlik jamgʻarmasining budjet loyihasi quyidagilarni hisobga olgan holda ishlab chiqiladi:
avvalgi yil uchun mablagʻlarning amalda tushishi va hududlar kesimida joriy yilning birinchi yarim yilligidagi tushumlar manbalari boʻyicha daromadlarning kutilayotgan ijrosi;
hududlar kesimida Bandlik jamgʻarmasiga toʻlanadigan qonunchilik hujjatlarida belgilangan toʻlovlar boʻyicha hisobot moliya yili oxiridagi tashkilotlarning (ish beruvchilarning) kreditor qarzdorligi;
Bandlik jamgʻarmasining avvalgi yildagi mablagʻlari sarfining yakuniy koʻrsatkichlari va foydalanish yoʻnalishlari, shuningdek, hududlar kesimida hamda koʻrib chiqilayotgan davrda tasdiqlangan prognozlarni bajarish natijalaridan kelib chiqib, joriy yilning birinchi yarim yilligidagi Bandlik jamgʻarmasi xarajatlarining kutilayotgan ijrosi;
avvalgi yilda ish haqi oshishi va xodimlar soni koʻpayishi surʼatlarini inobatga olgan holda hisoblab chiqilgan mehnatga haq toʻlash fondining prognoz parametrlari.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
Bandlik jamgʻarmasining taqdim etilgan budjet loyihasini koʻrib chiqishda ijtimoiy soliq tushumlari stavkasining kelgusi yilga moʻljallangan prognoz oʻzgarishini va makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi taʼsirini hisobga oladi;
keyingi yilga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining asosiy parametrlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlangandan keyin oʻn ish kuni ichida Bandlik jamgʻarmasi budjetining asosiy parametrlarini Vazirlikka yetkazadi.
14. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligidan tasdiqlangan Bandlik jamgʻarmasi budjetining asosiy parametrlarini olganidan keyin:
Bandlik jamgʻarmasining keyingi yilga moʻljallangan daromadlari va xarajatlarining asosiy parametrlarini bir hafta muddatda tasdiqlaydi;
Bandlik jamgʻarmasining keyingi yilga moʻljallangan tasdiqlangan daromadlari va xarajatlarining asosiy parametrlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari uchun taqsimlaydi va moliyalashtiradi.
15. Vazirlik, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari, bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari Bandlik jamgʻarmasi budjetining tasdiqlangan koʻrsatkichlarini bajarish uchun Bandlik jamgʻarmasi daromadlari va xarajatlarining tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlari bajarilishini taʼminlaydi.
4-bob. Bandlik jamgʻarmasining ijro etuvchi organi
16. Quyidagilar Bandlik jamgʻarmasining ijro etuvchi organlari hisoblanadi:
Vazirlikning Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasini muvofiqlashtirish boʻlimi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalarining Bandlik jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish boʻlimi.
17. Ushbu Nizomning 16-bandida koʻrsatilgan Ijro etuvchi organlar:
tegishlicha Bandlik jamgʻarmasi daromadlari va xarajatlari boʻyicha prognozni va hisobot balanslarini shakllantiradi;
Bandlik jamgʻarmasining daromadlari va xarajatlarini ijro etish boʻyicha hisob va hisobot yuritilishini taʼminlaydi, Bandlik jamgʻarmasi mablagʻlari taqsimlovchi tomonidan tasdiqlangandan soʻng hisobotni tegishli iqtisodiyot va moliya organlariga yuboradi;
Bandlik jamgʻarmasining moliya hisoboti ishonchliligini taʼminlaydi;
Bandlik jamgʻarmasi mablagʻlaridan maqsadli foydalanish auditini tashkil etadi;
Bandlik jamgʻarmasi mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish masalalari boʻyicha izohlar beradi.
5-bob. Bandlik jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanishni nazorat qilish hamda javobgarlik
18. Vazirlik, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari Bandlik jamgʻarmasi mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi uchun javob beradi.
19. Ishsizlik boʻyicha nafaqalar, ishsizlarga kompensatsiyalar, stipendiyalar va moliyaviy yordam hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa toʻlovlar toʻgʻri toʻlanishi Vazirlik hamda viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari tomonidan nazorat qilinadi.
20. Bandlik jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish yuzasidan nazorat Vazirlik hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
21. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 706-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 31-dekabrdagi 1066-son qarorining 1 — 5, 7 — 11, 13, 14-bandlari hamda qarorga 1 — 4b-ilovalar.
2. Vazirlar Mahkamasining “Mehnat bozorida mehnat munosabatlarini tartibga solishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 6-sentabrdagi 743-son qaroriga 5-ilovaning 2-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnatga haq toʻlash, pensiyalar va boshqa toʻlovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2019-yil 21-maydagi PF-5723-son Farmoni)” 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-son qaroriga ilovaning 261-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida” 2019-yil 10-dekabrdagi OʻRQ-591-son Qonuni)” 2020-yil 16-apreldagi 234-son qaroriga ilovaning 15-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirishga oid davlat siyosati tubdan takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2020-yil 14-dekabrdagi 777-son qaroriga 1-ilovaning 41-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2020-yil 23-dekabrdagi 806-son qaroriga 2-ilovaning 6-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sarimsoqpiyoz hamda toʻqsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishni koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 15-oktabrdagi PQ-4863-son qarori)” 2021-yil 30-yanvardagi 44-son qaroriga ilovaning 2-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)” 2021-yil 22-fevraldagi 87-son qaroriga ilovaning 1874-bandi.
10. Vazirlar Mahkamasining “Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish tizimini takomillashtirish hamda mehnat organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 5-apreldagi 183-son qaroriga 6-ilovaning 21-bandi.
11. Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 29-apreldagi 258-son qaroriga 4-ilovaning 28-bandi.
12. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida” 2021-yil 1-apreldagi OʻRQ-680-son va “Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida” 2021-yil 1-apreldagi OʻRQ-681-son qonunlari)” 2021-yil 23-iyundagi 391-soni qaroriga ilovaning 8-bandi.
13. Vazirlar Mahkamasining “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 25-oktabrdagi 656-son qaroriga 2-ilovaning 9-bandi.
14. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2024-yil 6-maydagi 266-son qaroriga ilovaning 345-bandi.
15. Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulkini boshqarish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2024-yil 15-maydagi 282-son qaroriga 1-ilovaning 26-bandi.
16. Vazirlar Mahkamasining “Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 11-martdagi 158-son qaroriga 4-ilovaning 2-bandi.
17. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2025-yil 12-iyundagi 362-son qaroriga 1-ilovaning 13-bandi.
18. Vazirlar Mahkamasining “Rasmiy statistika faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish toʻgʻrisida” 2025-yil 6-oktabrdagi 627-son qaroriga 3-ilovaning 35-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.11.2025-y., 09/25/706/1024-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son; 09.02.2026-y., 07/26/49/0121-son)