Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining
Qarori
Radiatsiyaviy manbalar xavfsizligini taʼminlash qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 28-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3695]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-son “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Radiatsiyaviy manbalar xavfsizligini taʼminlash qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais A. RAFIQOV
Toshkent sh.,
2025-yil 13-oktabr,
24-son
Kelishildi:
Atom energiyasi agentligi direktori A. AXMEDXADJAYEV
2025-yil 18-sentabr
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2025-yil 10-sentabr
Fanlar akademiyasi prezidenti Sh. AYUPOV
2025-yil 9-sentabr
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining 2025-yil 13-oktabrdagi 24-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Radiatsiyaviy manbalar xavfsizligini taʼminlash
QOIDALARI
Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi hududida yadroviy qurilmalar jumlasiga kirmaydigan, yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan radiatsiyaviy manbalar (bundan buyon matnda radiatsiyaviy manbalar deb yuritiladi) xavfsizligini taʼminlash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalarda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
radiatsiyaviy manbalar— tarkibida radioaktiv moddalar mavjud boʻlgan yoki ionlashtiruvchi nurlanish chiqaradigan, yadroviy qurilmalar jumlasiga kirmaydigan majmualar, qurilmalar, apparatlar, uskunalar va buyumlar;
radioaktiv moddalar— ionlashtiruvchi nurlanishni tarqatadigan, yadroviy materiallar jumlasiga kirmaydigan moddalar;
ochiq radionuklid manbai— qoʻllanilishi davrida oʻzidan chiqayotgan radionuklidlarni atrof-muhitga tarqatuvchi ionlashtiruvchi nurlanish manbai;
yopiq radionuklid manbai — qoʻllanilishi va eskirishi davrida, oʻzidan chiqayotgan radionuklidlarning atrof-muhitga tarqalishini istisno qiluvchi qurilma, ionlashtiruvchi nurlanish manbai;
ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etilgan hamda yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti uchun masʼul etib tayinlangan hamda oʻz kuchlari bilan yoki boshqa yuridik shaxslarni jalb etgan holda yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini ekspluatatsiya qilishga qodir boʻlgan yuridik shaxs.
2. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan radiatsiyaviy manbalar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha quyidagi talablar bajarilishi shart:
xodimlar uchun yillik nurlanish dozasining eng yuqori yoʻl qoʻyiladigan miqdori SanQvaM 0193-06-son “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006) va Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari (RXTASQ 2006)”ga muvofiq 20 millizivertdan, aholi uchun esa 1 millizivertdan oshmasligi taʼminlanishi;
radiatsiyaviy manbalar loyiha hujjatlari va texnologik hujjatlarga muvofiq tarzda ishlatilishi va ularning texnik soz holatda saqlanishi taʼminlanishi;
favqulodda vaziyatlar va avariya holatlarida aholining xavfsizligini taʼminlash choralarining koʻrilishi.
3. Avariya holatlarida radioaktiv moddalar va ionlashtiruvchi nurlanishning tarqalishini cheklash quyidagi vositalar yordamida taʼminlanishi shart:
radiatsiyaviy manbalarni jisman himoya qilish toʻsiqlari;
avtomatik xavfsizlik tizimlari;
avariyaga qarshi choralar rejasi.
2-bob. Radiatsiyaviy manbalar xavfsizligini taʼminlash
4. Radiatsiyaviy manbalar ularning xavfsizligi ionlashtiruvchi nurlanish va radionuklidlarning tarqalishini oldini olish uchun fizik toʻsiqlar hamda xodimlar, aholi va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha tashkiliy va texnik chora-tadbirlardan tashkil topgan koʻp bosqichli himoya dasturi (bundan buyon matnda koʻp bosqichli himoya dasturi deb yuritiladi) bilan taʼminlanishi kerak.
5. Radiatsiyaviy manbalarni joylashtirish va foydalanishdan chetlanishlarning oldini olishga qoʻyiladigan talablar quyidagilarni oʻz ichiga olishi shart:
1 va 2-toifalarga kiruvchi radiatsiyaviy manbalar uchun mos joy tanlanishi;
radiatsiyaviy manbalar loyihasida xavfsizlik shartlari hisobga olinishi;
radiatsiyaviy manbalarning avtomatik xavfsizlik tizimlari oʻz-oʻzini himoya qilish xususiyatlari bilan taʼminlanishi;
radiatsiyaviy manbalar uskunalarining texnik diagnostikasi texnologik hujjatlarda koʻrsatilgan muddatlarda oʻtkazilishi va aniqlangan nuqsonlar bartaraf etilishi.
6. Radiatsiyaviy manbalardan foydalanishda loyiha hujjatlarida koʻrsatilgan talablardan chetlanishlarni bartaraf etish quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
loyiha hujjatlarida koʻrsatilgan talablardan chetlanishlar aniqlanishi va ularning sabablari bartaraf etilishi;
loyiha hujjatlarida koʻrsatilgan talablardan chetlanishlar texnik tizimlar orqali nazorat qilinishi va avtomatik xavfsizlik tizimlari ishga tushirilishi.
7. Radiatsiyaviy manbalarning loyihasida koʻzda tutilmagan avariyalarni oldini olish talablari quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
radiatsiyaviy manbalarning loyiha hujjatlarida koʻrsatilmagan avariyalarni oldi olinishi va radiatsiyaviy manbalar joylashgan xona yaxlitligi saqlanishi;
radiatsiyaviy manbalardan chiquvchi radioaktiv moddalar chiqishi 24 soat ichida avtomatik xavfsizlik tizimlari orqali bartaraf etilishi.
8. Koʻp bosqichli himoya dasturining bajarishi shart boʻlgan tashkiliy chora-tadbirlar va texnik yechimlar radiatsiyaviy manbalarning xavf darajasi asosida loyihada belgilanishi shart.
9. Radiatsiyaviy manbalarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan radiatsiyaviy avariya oqibatlarini yumshatish boʻyicha tashkiliy va texnik tadbirlar SanQvaM 0193-06-son “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006) va Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari (RXTASQ 2006)”ga muvofiq amalga oshirilishi shart.
10. Radiatsiyaviy manbalar loyihasida avtomatik xavfsizlik tizimlarining ishonchliligi, hosil boʻlishi mumkin boʻlgan avariyalar va ularning oqibatlari loyiha hujjatlariga asosan tahlil qilinishi, aniqlangan nosozliklar bartaraf etilishi kerak.
11. Radiatsiyaviy manbalarda yuzaga kelgan avariyalarning radiatsiyaviy oqibatlarining tahlil natijalari xodimlar va aholini himoya qilish choralar rejasini (evakuatsiya, hudud cheklovi) ishlab chiqish uchun asos boʻlib xizmat qilishi shart.
12. Radiatsiyaviy manbalarni ishga tushirish, foydalanishdan chiqarish va ulardan foydalanish SanQvaM 0193-06-son “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006) va Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari (RXTASQ 2006)”ga muvofiq boʻlishi shart.
3-bob. Radiatsiyaviy manbalar, ularning tizimlari va elementlarining tasnifi
13. Radiatsiyaviy manbalar ularda xavfsizlikni taʼminlash uchun zarur boʻlgan barcha tashkiliy va texnik chora-tadbirlar bajarilishini taʼminlash maqsadida quyidagi belgilar asosida tasniflanadi:
radiatsiyaviy manbalarning vazifasi;
radiatsiyaviy manbalarining radiatsiyaviy xavfi;
radiatsiyaviy manbalarning statsionar (koʻchmas), koʻchma va koʻtarma ekanligi;
radiatsiyaviy manbalar tarkibiga kiritilgan radionuklid manbai turi.
14. Radiatsiyaviy manbalar oʻz vazifasiga koʻra komplekslar, qurilmalar, uskunalar va buyumlardan iborat boʻladi.
15. Radiatsiyaviy manbalar xavf darajasiga qarab quyidagi toʻrt toifaga ajratiladi:
1 toifa — avariya holatida aholiga radiatsiyaviy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan radiatsiyaviy manbalar;
2 toifa — avariya holatida radiatsiyaviy taʼsir radiatsiyaviy manbalarning sanitar-himoya zonasi hududi bilan cheklanadigan radiatsiyaviy manbalar;
3 toifa — avariya holatida radiatsiyaviy taʼsir radiatsiyaviy manbalar joylashtirilgan maydon yoki bino hududi bilan cheklanadigan radiatsiyaviy manbalar;
4 toifa — avariya holatida radiatsiyaviy taʼsir radiatsiyaviy manbalar joylashgan xona bilan cheklanadigan radiatsiyaviy manbalar.
16. Radiatsiyaviy manbalarning radiatsiyaviy xavf toifasi ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan radiatsiyaviy manbalar loyihasida belgilanishi kerak.
17. Radiatsiyaviy manbalarni tashish boʻyicha quyidagicha tasniflanadi:
statsionar radiatsiyaviy manbalar — foydalanish muddati davomida doimiy joyda ishlashga moʻljallangan va maxsus jihozlangan inshootlar yoki xonalarni talab qiladigan;
koʻchma radiatsiyaviy manbalar — transport vositalariga oʻrnatiladigan hamda harakatlanish yoki tashish uchun moslashtiriladigan;
koʻtarma radiatsiyaviy manbalar — koʻtarish va turli joylarda ishlatish imkonini beradigan, xonalarni qayta jihozlashsiz yoki dala sharoitida foydalaniladigan.
18. Radiatsiyaviy manbalar tarkibiga kiritilgan radionuklid manbai turiga qarab quyidagicha tasniflanishi kerak:
yopiq radionuklid manbai ishlatiladigan radiatsiyaviy manbalar;
ochiq radionuklid manbai ishlatiladigan radiatsiyaviy manbalar.
19. Radiatsiyaviy manbalar tarkibiga kiruvchi tizimlar va elementlar quyidagicha tasniflanishi kerak:
xavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlar va elementlar;
xavfsizlikka taʼsir koʻrsatmaydigan tizimlar va elementlar.
20. Xavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlar va elementlar quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
radionuklid manbaini koʻchirish va mahkamlash tizimi;
radiatsiyaviy manbalarni boshqarish tizimi (boshqaruv pulti);
radiatsiyaviy xavf haqida signalizatsiya va ogohlantirish tizimi;
himoya tizimi;
radiatsiyaviy manbalarni jisman himoya qilish toʻsiqlari;
elektr taʼminoti tizimi;
shamollatish tizimi.
21. Avtomatik xavfsizlik tizimlari (elementlari) bajaradigan vazifalariga qarab quyidagicha tasniflanishi kerak:
himoya tizimlari — avariyalar paytida radiatsiyaviy manbalar elementlarining shikastlanishini oldini olishi va xavfsizligini saqlash uchun moʻljallangan;
lokalizatsiya tizimlari — avariya holatida radioaktiv moddalar va ionlashtiruvchi nurlanishning tarqalishini cheklashi hamda ularning atrof-muhitga chiqishini oldini olish uchun moʻljallangan;
taʼminlovchi tizimlar — boshqa avtomatik xavfsizlik tizimlarni energiya va zarur ish sharoitlari bilan taʼminlash uchun moʻljallangan.
22. Radiatsiyaviy manbalar elementlari xavfsizlikka taʼsiri boʻyicha quyidagilarga ajratiladi:
1-sinf elementlari — ularning shikastlanishi yoki germetikligi buzilishi avariyaga olib keladigan hamda xodimlarning doza chegaralaridan yuqori nurlanishiga yoki radioaktiv moddalar chiqishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan;
2-sinf elementlari — ularning nosozliklari avariyaga olib keladigan hamda xodimlarning doza chegaralaridan yuqori nurlanishiga yoki radioaktiv moddalar chiqishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan;
3-sinf elementlari — ularning nosozliklari normal foydalanishdan chetga chiqishlarga olib keladigan, biroq avariyaga yoki radioaktiv moddalar chiqishiga sabab boʻlmaydigan.
4-bob. Radiatsiyaviy manbalarni loyihalash, joylashtirish, ishlab chiqarish va qurishda xavfsizlikni taʼminlash
23. Radiatsiyaviy manbalarni loyihalash, joylashtirish, ishlab chiqarish va qurish hamda ular tarkibiga kiruvchi tizimlar va elementlarning xavfsizligini taʼminlash ushbu Qoidalarga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
24. Radiatsiyaviy manbalar xavfsizligi uchun oʻz-oʻzini himoya qiluvchi, tashqi energiya yoki inson aralashuvisiz ishlaydigan tizimlar va elementlar bilan loyihalanishi shart.
25. Yopiq radionuklidli radiatsiyaviy manbalar loyihalashda quyidagilar taʼminlanishi shart:
ularning parametrlari va xususiyatlari texnologik hujjatlarda belgilangan meʼyorlar doirasida saqlanishi;
butun belgilangan foydalanish muddati davomida texnogen va tabiiy tashqi taʼsirlarni hisobga olgan holda saqlanishi.
26. Yopiq radionuklidli radiatsiyaviy manbalar konstruksiyasi loyihada koʻzda tutilgan yongʻin, portlash va zarba taʼsirlari sharoitida radiatsiyaviy manbaning xavfsizligini taʼminlashi shart.
27. Statsionar radiatsiyaviy manbalarni jisman himoya toʻsiqlari loyihalanayotganda ish kamerasiga xavfsiz kirish imkoniyati koʻzda tutilishi shart.
Ish kamerasi himoya eshigining konstruksiyasi uning ichkaridan ochilish imkoniyatini taʼminlashi kerak.
28. Radiatsiyaviy manbalarni jisman himoya qilish toʻsiqlari hududida effektli doza chegaralari SanQvaM 0193-06-son “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006) va Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari (RXTASQ 2006)”ga muvofiq boʻlishi kerak.
29. Radiatsiyaviy manbalarning himoyasida transport, texnologik va boshqa tizimlar uchun moʻljallangan kanallar hamda teshiklarning konstruksiyasi quyidagilarni taʼminlashi shart:
xodimlar boʻlishi mumkin boʻlgan xonalarda, ionlashtiruvchi nurlanish chiqishi ehtimoli boʻlgan joylarda nurlanish dozasining nazorat qilinishini;
nurlanish dozasi SanQvaM 0193-06-son “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006) va Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari (RXTASQ 2006)”ga muvofiq boʻlishini.
30. Statsionar radiatsiyaviy manbalar joylashgan ish kameralari shamollatish tizimi bilan jihozlanishi kerak.
31. Statsionar radiatsiyaviy manbalar loyihasida quyidagi holatlarning yuz berishini oldini oluvchi himoya tizimi joriy etilishi shart:
yopiq radionuklid manbai (nurlantirgich) ish holatida boʻlganida, elektr taʼminoti uzilishi natijasida ish kamerasining himoya eshigi ochilishi;
shamollatish tizimi ishlamayotgan, himoya eshigi ochiq boʻlgan yoki radiatsiyaviy nazorat tizimi ishlamayotgan holatda nurlantirgichning ish holatiga oʻtkazilishi.
32. Statsionar radiatsiyaviy manbalar saqlash holatiga oʻtkazish tizimlari quyidagi holatlarda ishga tushishi lozim:
himoya tizimi nosozliklari;
elektr taʼminoti uzilishi;
radiatsiyaviy manbalar yongʻini;
avariya rivojlanishi ehtimoli;
loyihada hisobga olingan boshqa dastlabki hodisalar.
33. Statsionar radiatsiyaviy manbalar loyihasida boshqaruv pultiga quyidagi maʼlumotlar uzatilishi kerak:
radiatsiyaviy manbalarning ishlash holati;
nurlantirgichning holati;
shamollatish tizimining ishlashi;
ish kamerasi va unga tutash xonalardagi nurlanish dozasi quvvati va uning oʻzgarishi;
yongʻin yuzaga kelishi;
himoya tizimining nosozligi.
34. Radiatsiyaviy manbalar boshqaruv pulti faqat maxsus kalit bilan yoqilishi va oʻchirilganda nurlantirgich avtomatik xavfsiz holatga oʻtishi shart.
35. Radiatsiyaviy manbalar boshqaruv pulti joylashgan xona ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning avariya xizmatlari bilan doimiy aloqa vositalari bilan jihozlanishi kerak.
36. Statsionar radiatsiyaviy manbalar ish kamerasining kirish qismida va boshqaruv pultida nurlantirgich holatini bildiruvchi ogohlantiruv chiroqlari oʻrnatilishi kerak.
37. Radiatsiyaviy manbalar blokidan chiqayotgan nurlanishni nazorat qiluvchi koʻrsatkich tizimi radiatsiyaviy manbalar ish yoki saqlash holatini oʻzgartiruvchi boshqaruv tizimidan mustaqil boʻlishi lozim.
38. Koʻtarma radiatsiyaviy manbalar mexanik yoki elektr signalizatsiya tizimlari bilan, koʻchma radiatsiyaviy manbalar esa mexanik, elektr yoki radiometrik signalizatsiya tizimlari bilan jihozlanishi shart.
5-bob. Radiatsiyaviy manbalarni ishga tushirish va foydalanishda xavfsizlikni taʼminlash
39. Radiatsiyaviy manbalarni ishga tushirishdan oldin radiatsiyaviy nazorat tizimi ishga tushirilishi kerak.
40. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan radiatsiyaviy manbalarni ishga tushirishdan oldin sozlash ishlari, tizimlar va elementlarning kompleks sinovi boʻyicha quyidagilar ishlab chiqilishi kerak:
radiatsiyaviy xavfli ishlarning roʻyxati;
avariyalarni oldini olish choralari roʻyxati.
41. Radiatsiyaviy manbalar tizimlari va elementlari foydalanilishidan oldin loyiha hujjatlariga muvofiqligi ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan oʻrganilishi kerak.
42. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot radiatsiyaviy manbalar bilan ishlovchi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar uchun nurlanish dozalari hisobini yuritishni taʼminlashi shart.
43. Radiatsiyaviy manbalardan foydalanish boʻyicha koʻrsatmalarda quyidagilar belgilanishi shart:
radiatsiyaviy manbalarni jisman himoya qilish toʻsiqlari yaxlitligi va samaradorligini nazorat qilish choralarini koʻrish;
nazorat choralarining aniq davriyligi;
radiatsiyaviy manbalar xavfsiz foydalanish chegaralarining buzilishiga olib keluvchi chetlanishlarni oldini olishga qaratilgan choralarni koʻrish.
44. Radiatsiyaviy xavf darajasi boʻyicha 1 va 2-toifaga kiruvchi radiatsiyaviy manbalar uchun sanitariya-himoya zonasi hamda kuzatuv zonasidagi radiatsiyaviy holat doimiy yoki davriy oʻlchovlar orqali nazorat qilinishi shart.
45. Radiatsiyaviy manbalarni foydalanishga kiritish ishlari natijalariga koʻra topshirish-qabul qilish dalolatnomasi tuzilishi shart.
46. Har qanday radiatsiyaviy xavf toifasidagi manbalar uchun avariya va xodimlarni himoya qilish rejasi ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan ishlab chiqilishi lozim.
6-bob. Radiatsiyaviy manbalarni foydalanishdan chiqarishda xavfsizlikni taʼminlash
47. Radiatsiyaviy manbalarni foydalanishdan chiqarish toʻgʻrisidagi qaror ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan qabul qilinishi shart.
48. Radiatsiyaviy manbalarni foydalanishdan chiqarish toʻgʻrisidagi qaror chiqarishga quyidagilar asos hisoblanadi:
radiatsiyaviy manbalardan foydalanishga yaroqsiz ekanligi;
radiatsiyaviy manbalarni taʼmirlashning imkonsizligi.
49. Radiatsiyaviy manbalarni foydalanishdan chiqarish ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan ularni tekshirish natijalariga koʻra amalga oshiriladi.
50. Radiatsiyaviy xavf boʻyicha 1 va 2-toifaga kiruvchi radiatsiyaviy manbalar uchun ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot ularning xizmat muddati tugashidan kamida bir yil oldin radiatsiyaviy manbalarni foydalanishdan chiqarish dasturini ishlab chiqishni taʼminlashi lozim.
51. Radiatsiyaviy xavf boʻyicha 3 va 4-toifaga kiruvchi radiatsiyaviy manbalar uchun ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot ularning xizmat muddati tugashidan kamida olti oy oldin radiatsiyaviy manbalarni foydalanishdan chiqarish dasturini ishlab chiqishni taʼminlashi lozim.
52. Radiatsiyaviy manbalarni foydalanishdan chiqarish loyihasida quyidagilar keltirilishi lozim:
bajariladigan ishlarning turlari;
ishlarning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar;
ishlarning bajarilish ketma-ketligi;
har bir foydalanishdan chiqarish bosqichida zarur boʻlgan inson, moliyaviy va moddiy-texnik resurslar hamda ularning asoslanishi;
xodimlar malakasiga qoʻyiladigan talablar roʻyxati.
53. Radiatsiyaviy manbalarni foydalanishdan chiqarishda xonalar va saqlash joylarida vaqtincha saqlanadigan radioaktiv chiqindilar va radioaktiv materiallarning hisobi va nazorati amalga oshirilishi lozim.
54. Radiatsiyaviy manbalarni foydalanishdan chiqarishda xodimlar ish joylariga kirish va radioaktiv chiqindilarning jisman himoyasi taʼminlanishi lozim.
55. Radiatsiyaviy manbalarni jisman himoya, shamollatish, yongʻin oʻchirish va radiatsiyaviy nazorat tizimlari demontaji radiatsiyaviy manbalarni foydalanishdan chiqarish yakunida amalga oshirilishi lozim.
7-bob. Yakunlovchi qoida
56. Ushbu Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.10.2025-y., 10/25/3695/0995-son)