Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining
Qarori
Atom elektr stansiyasi blokining ehtimoliy xavfsizlik tahliliga qoʻyiladigan asosiy talablarni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 8-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3684]
Oʻzbekiston Respublikasining “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-son “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Atom elektr stansiyasi blokining ehtimoliy xavfsizlik tahliliga qoʻyiladigan asosiy talablar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi va Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais A. RAFIQOV
Toshkent sh.,
2025-yil 2-sentabr,
23-son
Kelishildi:
Fanlar akademiyasi prezidenti Sh. AYUPOV
2025-yil 14-avgust
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi direktori A. AXMEDXADJAYEV
2025-yil 12-avgust
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2025-yil 11-avgust
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining 2025-yil 2-sentabrdagi 23-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Atom elektr stansiyasi blokining ehtimoliy xavfsizlik tahliliga qoʻyiladigan
ASOSIY TALABLAR
Mazkur asosiy talablar loyihalashtirilayotgan, barpo etilayotgan va foydalanilayotgan atom elektr stansiyasi blokining ehtimoliy xavfsizlik tahliliga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu asosiy talablarda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
atom energiyasi— atom yadrolarida mavjud boʻlgan va yadroviy reaksiyalar hamda radioaktiv parchalanish chogʻida ajralib chiqadigan energiya;
atom elektr stansiyasi blokining ehtimoliy xavfsizlik tahlili (bundan buyon matnda ehtimoliy xavfsizlik tahlili deb yuritiladi) — sodir boʻlishi mumkin boʻlgan avariyalar va ularning oqibatlarini kompleks baholash usuli boʻlib, u texnik va statistik maʼlumotlar asosida turli avariyaviy holatlarni tahlil qilishni oʻz ichiga oladi;
avariyaviy tashlanmalar — avariya, texnologik nosozlik, operator xatosi yoki favqulodda vaziyatlar natijasida nazoratdan tashqari va rejada koʻzda tutilmagan holda atrof-muhitga chiqib ketadigan radioaktiv moddalar;
ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻi — yadroviy reaktorning faol zonasidan butunlay chiqarib tashlangan va texnik xususiyatlariga koʻra yadroviy qurilmada foydalanish uchun moʻljallanmagan yadroviy material;
himoya qobigʻi (konteynment) — yadroviy reaktorni va undagi radiatsiyaviy xavf manbalarini tashqi muhitdan izolyatsiya qilish hamda favqulodda vaziyatlarda radiatsiya tarqalishining oldini olish, shuningdek tashqi taʼsirlardan (tabiiy ofatlar, portlash, samolyot qulashi va boshqalar) himoya qilish uchun moʻljallangan maxsus inshoot;
radioaktiv moddalar — ionlashtiruvchi nurlanishni tarqatadigan, yadroviy materiallar jumlasiga kirmaydigan moddalar;
referent atom elektr stansiyasi — texnologik, konstruktiv va foydalanish xususiyatlari boʻyicha loyihalashtirilayotgan obyektga oʻxshash boʻlgan, faoliyat yuritayotgan atom elektr stansiyasi;
yadroviy yoqilgʻi — nazorat qilinadigan yadroviy boʻlinish reaksiyasini amalga oshirish hisobiga yadroviy qurilmada issiqlik energiyasi va (yoki) nurlanish oqimlarini olish uchun moʻljallangan yadroviy material;
1-darajali ehtimoliy xavfsizlik tahlili — yadroviy reaktor shikastlanishiga olib kelishi mumkin boʻlgan texnik va inson omillarini tahlil qilish hamda ushbu hodisaning ehtimolini baholash;
2-darajali ehtimoliy xavfsizlik tahlili — yadroviy reaktor shikastlanganidan soʻng radioaktiv moddalarning himoya qobigʻidan (konteynmentdan) tashqariga chiqib ketish ehtimolini va ushbu moddalarning tarkibini baholash.
2. Ehtimoliy xavfsizlik tahlilini oʻtkazish muddati va koʻlami Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi va atom elektr stansiyasini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot oʻrtasida tuziladigan litsenziya shartnomasiga muvofiq belgilanadi.
3. Ehtimoliy xavfsizlik tahlili quyidagi maqsadlarda oʻtkaziladi:
atom elektr stansiyasi bloki xavfsizligining ehtimoliy koʻrsatkichlarini (bundan buyon matnda xavfsizlikning ehtimoliy koʻrsatkichlari deb yuritiladi) hisoblash;
ogʻir avariyalar va katta avariyaviy tashlanmalar ehtimolini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan normativ chegaralar bilan taqqoslash;
atom elektr stansiyasi bloki xavfsizligi uchun muhim boʻlgan boshlangʻich hodisalarni (bundan buyon matnda boshlangʻich hodisalar deb yuritiladi), ehtimoliy avariyaviy holatlar ketma-ketligini, atom elektr stansiyasi bloki tizimlarini (elementlarini), xodimlarning (personalning) xatti-harakatlarini aniqlash;
atom elektr stansiyasi bloki xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ustuvorliklarni belgilash;
atom elektr stansiyasi bloki tizimlarini (elementlarini) modernizatsiya qilish tadbirlarining atom elektr stansiyasi bloki xavfsizligiga taʼsirini baholash.
4. Ehtimoliy xavfsizlik tahlili natijalaridan quyidagi maqsadlarda foydalanilishi mumkin:
xavfsizlik uchun muhim boʻlgan atom elektr stansiyasi bloki tizimlarining (elementlarining) ishonchliligini baholash;
atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar hamda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablaridan chetga chiqish holatlarining atom elektr stansiyasi xavfsizligiga taʼsirini tahlil qilish;
xavfsizlikka taʼsiri boʻyicha atom elektr stansiyasi bloki tizimlarining (elementlarining) tasniflanishini asoslash;
nazorat va tekshiruv ishlarini rejalashtirish va baholash;
loyihaviy avariyalar uchun boshlangʻich hodisalar roʻyxatini asoslash;
loyihadan tashqari avariyalar roʻyxatini asoslash;
loyihadan tashqari avariyalarni boshqarish boʻyicha qoʻllanmalarni asoslash.
5. Ehtimoliy xavfsizlik tahlilini oʻtkazish uchun atom elektr stansiyasini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot masʼul hisoblanadi.
2-bob. Ehtimoliy xavfsizlik tahliliga qoʻyiladigan talablar
6. Ehtimoliy xavfsizlik tahlili atom elektr stansiyasining har bir bloki uchun alohida oʻtkaziladi.
7. Ehtimoliy xavfsizlik tahlili quyidagi holatlarda oʻtkazilishi lozim:
atom elektr stansiyasi blokini barpo etish va foydalanishda uning xavfsizligini asoslash yuzasidan hisobot tayyorlashda;
atom elektr stansiyasi blokining xavfsizligini davriy baholashda;
atom energiyasidan foydalanish obyektlarining ekspluatatsiya muddatini uzaytirishni asoslashda;
atom elektr stansiyasi blokidan xavfsiz foydalanish chegaralari va shartlarini oʻzgartirishni asoslashda;
xavfsizlik uchun muhim boʻlgan atom elektr stansiyasi blokining tizimlari va elementlariga oʻzgartirishlar kiritishni asoslashda;
loyiha va ekspluatatsiya hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritishni asoslashda.
8. Xavfsizlikning ehtimoliy koʻrsatkichlariga quyidagi holatlarning taʼsir qilmasligi tahlil natijalariga koʻra asoslantirilgan va hujjatlashtirilgan boʻlsa, ehtimoliy xavfsizlik tahlili oʻtkazilmasligi mumkin:
atom elektr stansiyasi blokidan xavfsiz foydalanish chegaralari va shartlarini oʻzgartirish;
xavfsizlik uchun muhim boʻlgan atom elektr stansiyasi blokining tizimlari va elementlariga oʻzgartirishlar kiritish;
loyiha va ekspluatatsiya hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish.
9. Ehtimoliy xavfsizlik tahlili quyidagi ikki darajada oʻtkaziladi:
1-darajali ehtimoliy xavfsizlik tahlili;
2-darajali ehtimoliy xavfsizlik tahlili.
10. 1-darajali ehtimoliy xavfsizlik tahlilini oʻtkazishda barcha boshlangʻich hodisalar, normal ekspluatatsiyaning barcha rejimlari hamda atom elektr stansiyasi blokidagi yadroviy materiallar (shu jumladan, yadroviy yoqilgʻi va ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻi) joylashgan barcha hududlar boʻyicha bir yil davomida atom elektr stansiyasining bitta bloki uchun yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ogʻir avariyalarning umumiy ehtimoli hisoblanishi lozim.
11. 1-darajali ehtimoliy xavfsizlik tahlilida har bir tahlil qilinayotgan ekspluatatsiya holati uchun atom elektr stansiyasi blokidagi yadroviy materiallar (shu jumladan, yadroviy yoqilgʻi va ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻi) joylashgan barcha hududlarni hisobga olgan holda ichki boshlangʻich hodisalar boʻyicha atom elektr stansiyasi blokining ehtimoliy modeli ishlab chiqiladi.
Bunda, atom elektr stansiyasi blokining ehtimoliy modelini ishlab chiqishda quyidagi vazifalar bajarilishi shart:
atom elektr stansiyasi blokining ekspluatatsiya holatlarini tanlash va guruhlash;
boshlangʻich hodisalarni tanlash va guruhlash;
avariyaviy holatlar ketma-ketligini modellashtirish;
atom elektr stansiyasi bloki tizimlarining (elementlarining) mantiqiy modellarini ishlab chiqish (tizimlarning ishonchlilik tahlili);
atom elektr stansiyasi bloki tizimlarining (elementlarining) ishonchlilik koʻrsatkichlari va boshlangʻich hodisalar ehtimolligini (chastotalarini) aniqlash;
xodimlar (personal) tomonidan yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan xatoliklar ehtimolini aniqlash (xodimlarning (personalning) ishonchlilik tahlili);
oʻzaro bogʻliqliklarni aniqlash va hisobga olish (oʻzaro bogʻliqliklar tahlili);
ichki boshlangʻich hodisalarda ogʻir avariyalar yuz berishi ehtimolini aniqlash.
12. 1-darajali ehtimoliy xavfsizlik tahlilida atom elektr stansiyasi blokining ehtimoliy modelini ishlab chiqishda tizimlararo bogʻliqliklar, xodimlarning (personalning) harakatlari oʻrtasidagi bogʻliqliklar, xavfsizlikka taʼsir koʻrsatuvchi atom elektr stansiyasi bloki tizimlarining (elementlarining) va bir maydonchada joylashgan boshqa atom elektr stansiyasi bloklarining ishlashi hisobga olinishi lozim.
13. 2-darajali ehtimoliy xavfsizlik tahlilini oʻtkazishda barcha boshlangʻich hodisalar, normal ekspluatatsiyaning barcha rejimlari hamda atom elektr stansiyasi blokidagi yadroviy materiallar (shu jumladan, yadroviy yoqilgʻi va ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻi), radioaktiv moddalar va radioaktiv chiqindilar joylashgan barcha hududlar boʻyicha bir yil davomida atom elektr stansiyasining bitta bloki uchun yuzaga kelishi mumkin boʻlgan katta avariyaviy tashlanmalarning umumiy ehtimoli hisoblanishi lozim.
14. 2-darajali ehtimoliy xavfsizlik tahlilida ichki boshlangʻich hodisalar, shuningdek ichki va tashqi taʼsir tufayli yuzaga keladigan boshlangʻich hodisalar uchun atom elektr stansiyasi blokining ehtimoliy modellari ishlab chiqilishi lozim. Bu modellar ehtimoliy xavfsizlik tahlilida oʻrganilayotgan har bir ekspluatatsiya holati uchun tuzilishi kerak.
Bunda, atom elektr stansiyasi blokidagi barcha yadroviy materiallar (shu jumladan, yadroviy yoqilgʻi va ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻi), radioaktiv moddalar va radioaktiv chiqindilar joylashgan hududlar inobatga olinishi shart.
15. 2-darajali ehtimoliy xavfsizlik tahlilida atom elektr stansiyasi blokining ehtimoliy modellarini ishlab chiqishda quyidagi vazifalar bajarilishi lozim:
1-darajali ehtimoliy xavfsizlik tahlili natijalarini 2-darajali ehtimoliy xavfsizlik tahlilining boshlangʻich maʼlumotlari sifatida qabul qilish;
atom elektr stansiyasi bloki tizimlarining (elementlarining) ehtimoliy modellarini ishlab chiqish (tizimlarning tahlili);
himoya qobigʻiga (konteynmentga) tushadigan yuklamalarni aniqlash;
avariyaviy holatlar ketma-ketligini modellashtirish;
radiatsiyaviy tashlanmalar miqdorini aniqlash;
avariya oqibatlarini aniqlash;
katta avariyaviy tashlanmalar ehtimolligini aniqlash.
16. 2-darajali ehtimoliy xavfsizlik tahlilida atom elektr stansiyasi blokining ehtimoliy modelini ishlab chiqishda ogʻir avariyalar paytida sodir boʻladigan fizik hodisalar hamda fizik hodisalar bilan atom elektr stansiyasi blokining tizimlari va elementlari holati oʻrtasidagi bogʻliqlik hisobga olinishi kerak.
17. Atom elektr stansiyasi blokini jisman va (yoki) energetik ishga tushirish hamda atom elektr stansiyasi blokining sanoat sinovlari natijalari boʻyicha xavfsizlikni asoslash yuzasidan hisobotga kiritilgan oʻzgartirishlar xavfsizlikning ehtimoliy koʻrsatkichlariga taʼsir koʻrsatsa, 1 va 2-darajali ehtimoliy xavfsizlik tahlillari mazkur oʻzgartirishlarni inobatga olgan holda qayta ishlanishi kerak.
18. Xavfsizlikning ehtimoliy koʻrsatkichlarini aniqlashda quyidagi omillar inobatga olinishi kerak:
atom elektr stansiyasi bloki tizimlarining (elementlarining) ishonchlilik koʻrsatkichlarining ehtimoliy xususiyatlari;
boshlangʻich hodisalarning yuzaga kelish ehtimoli;
xodimlar (personal) tomonidan yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan xatolar;
tahlil natijasiga taʼsir qiluvchi noaniqliklar.
Xavfsizlikning ehtimoliy koʻrsatkichlari uchun ularning oʻrtacha qiymatlari hamda 90 foiz ishonchli oraliqning yuqori va pastki chegara qiymatlari hisoblanishi shart.
19. Xavfsizlikning ehtimoliy koʻrsatkichlarini hisoblashda quyidagilarni inobatga olish zarur:
atom elektr stansiyasi bloki tizimlaridagi (elementlaridagi) nosozliklar va xodimlarning (personalning) xatolari bilan bogʻliq ichki boshlangʻich hodisalar;
ichki taʼsirlardan kelib chiqadigan boshlangʻich hodisalar;
tabiiy va texnogen xususiyatli tashqi taʼsirlardan kelib chiqadigan boshlangʻich hodisalar.
20. Xavfsizlikning ehtimoliy koʻrsatkichlarini hisoblashda atom elektr stansiyasi blokining barcha normal ekspluatatsiya rejimlari (bundan buyon matnda ekspluatatsiya holatlari deb yuritiladi), jumladan quyidagilar inobatga olinishi shart:
quvvatda ishlash;
toʻxtash rejimlari;
sovutish jarayonlari;
yoqilgʻi yuklash;
texnik xizmat koʻrsatish;
atom elektr stansiyasi bloki tizimlarini (elementlarini) taʼmirlash va qayta ishga tushirish.
21. Atom elektr stansiyasi blokini barpo etishda va undan foydalanishda 1 va 2-darajali ehtimoliy xavfsizlik tahlillarini oʻtkazish uchun soddalashtirilgan (baholovchi) hisob-kitoblar va usullardan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
Bunda, mazkur hisob-kitoblar va usullar atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar hamda xalqaro standartlar talablariga muvofiq ilmiy-texnik jihatdan asoslantirilgan boʻlishi shart.
22. Barpo etilayotgan atom elektr stansiyasi bloklarining ehtimoliy xavfsizlik tahlilini oʻtkazish uchun boshlangʻich maʼlumotlar sifatida ularning loyiha hujjatlari hamda referent atom elektr stansiyasi blokining ekspluatatsiya hujjatlaridan foydalaniladi.
23. Foydalanilayotgan atom elektr stansiyasi bloklarining ehtimoliy xavfsizlik tahlilini oʻtkazish uchun boshlangʻich maʼlumotlar sifatida ularning loyiha va ekspluatatsiya hujjatlari, shuningdek ulardan foydalanish tajribasi (boshlangʻich hodisalar, atom elektr stansiyasi bloki tizimlarining (elementlarining) ishdan chiqishi, ishlash rejimlari) hamda referent atom elektr stansiyasi blokining ekspluatatsiya maʼlumotlaridan foydalaniladi.
24. 1 va 2-darajali ehtimoliy xavfsizlik tahlillarining natijalari quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
a) atom elektr stansiyasi bloki xavfsizligining ehtimoliy bahosi;
b) ehtimoliy xavfsizlik tahlili asosida ishlab chiqilgan atom elektr stansiyasi bloki xavfsizligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar;
v) quyidagilarga nisbatan noaniqlik, sezgirlik va ahamiyatlilik tahlili natijalari:
xavfsizlikning ehtimoliy koʻrsatkichlari;
atom elektr stansiyasi bloki ehtimoliy modelining taxminlari;
boshlangʻich hodisalar;
avariyaviy holatlarning ketma-ketliklari;
atom elektr stansiyasi blokining ehtimoliy xavfsizlik tahlilida koʻrib chiqiladigan tizimlar (elementlar) nosozliklari, shu jumladan umumiy sababga koʻra yuz beradigan nosozliklar;
xodimlarning (personalning) xatolari;
ehtimoliy xavfsizlik tahlili asosida ishlab chiqilgan atom elektr stansiyasi bloki xavfsizligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar.
25. 1 va 2-darajali ehtimoliy xavfsizlik tahlillarining natijalari atom elektr stansiyasi blokining haqiqiy holatiga mos boʻlishi shart.
26. Avariyaviy holatlarning ketma-ketligi modellari, xavfsizlik funksiyalarini taʼminlaydigan tizimlarning (elementlarning) minimal toʻplamiga qoʻyiladigan talablar hamda 1 va 2-darajali ehtimoliy xavfsizlik tahlillarida modellashtiriladigan va qoʻllaniladigan avariyalarning fizik parametrlari deterministik hisob-kitoblar bilan asoslantirilishi lozim.
3-bob. Yakuniy qoidalar
27. Ushbu asosiy talablarga rioya etilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi hamda atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga solish boʻyicha alohida vakolatlarga ega boʻlgan davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
28. Mazkur asosiy talablarning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2025-y., 10/25/3684/0907-son)