Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
QarorI
BOJ-TARIF BILAN TARTIBGA SOLIShNI YaNADA TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada erkinlashtirish, import operatsiyalarini boj-tarif bilan tartibga solishni takomillashtirish, boj poshlinalarini unifikatsiya qilish, faoliyat koʻrsatayotgan korxonalarni yanada zamonaviylashtirish va texnologiya bilan qayta jihozlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizning raqobatga bardoshli mahsulotlarini ishlab chiqarishni taʼminlaydigan yangi zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 19-sentabrdagi PQ-183-sonli Qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2005-y., 40-son, 304-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Yuridik shaxslar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun chetdan keltirilayotgan, shuningdek vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalarining tashqi savdo kompaniyalari (birlashmalari), “Oʻzinterimpeks”, “Oʻzmarkazimpeks”, “Oʻzsanoatmashimpeks”, “Markazsanoateksport” davlat-aksiyadorlik tashqi savdo kompaniyalari hamda lizing kompaniyalari orqali belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq chetdan keltirilayotgan texnologiya jihozlari hamda butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlarga import boj poshlina stavkasi, agar ularni yetkazib berish texnologiya jihozlari yetkazib berish uchun tuzilgan kontrakt shartlarida nazarda tutilgan boʻlsa, 2004-yil 1-yanvardan boshlab nol foiz miqdorida belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi oʻz ehtiyojlari uchun chetdan keltirilgan texnologiya jihozlaridan belgilangan maqsadda foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsinlar. Chetdan keltirilgan texnologiya jihozlari (texnologiya jihozlari yetkazib berishga tuzilgan kontrakt shartlariga muvofiq chetdan keltirilgan butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar)dan belgilangan maqsadda foydalanilmagan, shuningdek import qilingan vaqtdan boshlab uch yil mobaynida sotilgan va tekin berilgan taqdirda ularga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan import boj poshlinalari stavkalari tatbiq etiladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 17-maydagi 102-sonli qarori tahririda — 2007-y., 19-20-son, 202-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 28-yanvardagi 16-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2008-y., 5-son, 19-modda)
4. Belgilab qoʻyilsinki, 2004-yil 1-yanvargacha “vaqtinchalik saqlash” bojxona rejimi ostida boʻlgan tovarlarni erkin muomalaga chiqarishda 2004-yil 1-fevralgacha Vazirlar Mahkamasining “Import boj poshlinalarini unifikatsiya qilishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2002-yil 31-maydagi 189-son qarori bilan tasdiqlangan stavkalar qoʻllanadi.
“Vaqtinchalik saqlash” rejimidan erkin muomalaga chiqariladigan barcha tovarlarga 2004-yil 1-fevraldan boshlab ushbu qaror bilan tasdiqlangan import boj poshlinalari stavkalari qoʻllanadi.
5. Idoralararo boj-tarif Kengashi (E.M. Gʻaniyev) oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksporti va importi tarkibi hamda hajmlarining mutanosibligi ustidan doimiy monitoringni taʼminlasin va zarurat boʻlganda Vazirlar Mahkamasiga tashqi savdo operatsiyalarini tarif bilan va tarifsiz tartibga solish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrishga doir takliflar kiritsin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Import boj poshlinalarini unifikatsiya qilishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2002-yil 31-maydagi 189-son qarori 2-bandining birinchi xatboshi, 3-bandi va qarorga 1-ilova (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 5-son, 28-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 7-yanvar,
4-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 1-2-son, 12-modda; 2005-y., 10-11-son, 72-modda; 40-son, 304-modda; 2007-y., 19-20-son, 202-modda; 2008-y., 5-son, 19-modda; 2009-y., 25-son, 288-modda)