OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI SANOAT, RADIATSIYA VA YADRO XAVFSIZLIGI QOʻMITASINING
QARORI
Xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi avariyalarni texnik jihatdan tekshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 18-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2558-3]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-son “Yer qaʼridan foydalanish, sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi hamda atom energiyasidan foydalanish sohalarida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-son “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2014-yil 9-yanvardagi 5-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2558, 2014-yil 3-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 6-son, 69-modda) bilan tasdiqlangan Xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi avariyalarni texnik jihatdan tekshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais A. RAFIQOV
Toshkent sh.,
2025-yil 4-aprel,
1-son
Kelishildi:
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZAXIDOV
2025-yil 13-mart
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 13-mart
Ichki ishlar vaziri A. TASHPULATOV
2025-yil 13-mart
Favqulodda vaziyatlar vaziri B. KUDRATXODJAYEV
2025-yil 12-mart
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining 2025-yil 4-apreldagi 1-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi avariyalarni texnik jihatdan tekshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 3-bandning beshinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya sabablarini texnik jihatdan tekshirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi raisining buyrugʻi bilan tashkil etiladigan va qoʻmita vakili boshchilik qiladigan Xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya sabablarini texnik jihatdan tekshiruvchi komissiya (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.”.
3. 10-banddagi “Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi raisi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.07.2025-y., 10/25/2558-3/0631-son)