Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining
Qarori
Presslash va ekstraksiyalash usuli bilan oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish xodimlari uchun xavfsizlik qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 7-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2225-3]
Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PQ-186-son “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 4-oktabrdagi 633-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2011-yil 25-apreldagi 93-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2225, 2011-yil 10-may) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 19-son, 194-modda) bilan tasdiqlangan Presslash va ekstraksiyalash usuli bilan oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish xodimlari uchun xavfsizlik qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais A. RAFIQOV
Toshkent sh.,
2025-yil 16-iyun,
9-son
Kelishildi:
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZAXIDOV
2025-yil 30-may
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh. XIDOYATOV
2025-yil 28-may
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining 2025-yil 16-iyundagi 9-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Presslash va ekstraksiyalash usuli bilan oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish xodimlari uchun xavfsizlik qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.”.
2. 5 va 12-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Mehnatni muhofaza qilish xizmati va yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tashkilotning mustaqil tarkibiy boʻlinmalari boʻlib, ular bevosita tashkilot rahbariga boʻysunadi.”.
4. 13-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalar ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.”.
5. 14-banddagi “GOST 17.2.3.02-78” degan soʻzlar “GOST 17.2.3.02-2014” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
6. 32-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“32. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-iyuldagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan ogʻir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning roʻyxatiga muvofiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar ogʻir ishlarga hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.”.
7. 35 — 37-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“35. Tashkilot rahbariyati (yoki ish beruvchi) kasaba uyushmasi qoʻmitasi va vakolatli sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili dastlabki (mehnat shartnomasini tuzayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning koʻrikka kelishini taʼminlashi lozim.
36. Majburiy tibbiy koʻriklar tashkilotga tibbiy xizmatlar koʻrsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, ular boʻlmagan taqdirda esa tashkilot joylashgan yerdagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan oʻtkaziladi.
37. Ish beruvchi majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtmagan yoxud majburiy tibbiy koʻrik natijalariga koʻra tibbiy komissiyalar tomonidan berilgan tavsiyalarni bajarishdan boʻyin tovlagan shaxslarni ishdan chetlashtirishi shart.”.
8. 40-banddagi “QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” degan soʻzlar “SHNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” shaharsozlik normalari va qoidalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
9. 48-banddagi “QMQ 2.04.05-97 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” degan soʻzlar “SHNQ 2.04.05-22 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” shaharsozlik normalari va qoidalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
10. 50-banddagi “QMQ II-89-80 “Sanoat tashkilotlarining bosh plani” degan soʻzlar “SHNQ 2.09.17-21 “Sanoat korxonalarining bosh rejalarini loyihalash” shaharsozlik normalari va qoidalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
11. 56-banddagi “QMQ 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari” degan soʻzlar “SHNQ 2.09.02-23 “Korxonalarning ishlab chiqarish hamda maʼmuriy-maishiy bino va inshootlari. Loyihalash talablari” shaharsozlik normalari va qoidalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
12. 57-banddagi “QMQ 2.09.04-98 “Tashkilotlarning maʼmuriy va maishiy binolari” degan soʻzlar “SHNQ 2.09.02-23 “Korxonalarning ishlab chiqarish hamda maʼmuriy-maishiy bino va inshootlari. Loyihalash talablari” shaharsozlik normalari va qoidalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
13. 67-banddagi QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” degan soʻzlar “SHNQ 2.04.05-22 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” shaharsozlik normalari va qoidalari” shaharsozlik normalari va qoidalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
14. 73-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“73. Ish joylarida, xonalarda va tashkilot hududida shovqin va tebranishning darajasi SanQvaN 0325-16 “Ish joylarida shovqinning yoʻl qoʻyilgan darajasi sanitariya meʼyorlari”, SanQvaN 0326-16 “Ish joylarida umumiy va lokal tebranishning sanitariya meʼyorlari”, GOST 12.1.003-14 “Mehnat xavfsizligi standartlari tizimi. Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari” va GOST 12.1.012-2004 “Mehnat xavfsizligi standartlari tizimi. Tebranma xavfsizlik. Umumiy talablar” talablariga muvofiq boʻlishi kerak.”.
15. 76-banddagi “QMQ 2.04.01-98 “Binolarni ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” degan soʻzlar “SHNQ 2.04.01-22 “Binolarning ichki suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish” shaharsozlik normalari va qoidalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
16. 81-banddagi “sanitariya-epidemiologiya xizmatlari” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining hududiy boshqarmalari yoki tuman (shahar) boʻlimlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2025-y., 10/25/2225-3/0576-son)