OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI SANOAT, RADIATSIYA VA YADRO XAVFSIZLIGI QOʻMITASINING
QARORI
Sanoat xavfsizligi sohasidagi ekspert tashkilotlarini akkreditatsiya qilish va ular faoliyati ustidan inspeksiya nazoratini oʻtkazish qoidalariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 23-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2022-5]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PQ-186-son “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2009-yil 24-avgustdagi 167-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2022, 2009-yil 20-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 43-son, 463-modda) bilan tasdiqlangan Sanoat xavfsizligi sohasidagi ekspert tashkilotlarini akkreditatsiya qilish va ular faoliyati ustidan inspeksiya nazoratini oʻtkazish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais A. RAFIQOV
Toshkent sh.,
2025-yil 22-aprel,
3-son
Kelishildi:
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZAXIDOV
2025-yil 2-aprel
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi K. RAFIKOV
2025-yil 2-aprel
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi H. TURAXUJAYEV
2025-yil 2-aprel
Favqulodda vaziyatlar vaziri B. KUDRATXODJAYEV
2025-yil 31-mart
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining 2025-yil 22-apreldagi 3-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Sanoat xavfsizligi sohasidagi ekspert tashkilotlarini akkreditatsiya qilish va ular faoliyati ustidan inspeksiya nazoratini oʻtkazish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Akkreditatsiya natijalaridan qatʼi nazar, akkreditatsiya qilish uchun toʻlov Sanoat xavfsizligi sohasidagi ekspert tashkilotlarini akkreditatsiya qilish va ular faoliyati ustidan inspeksiya nazoratini oʻtkazish uchun toʻlovlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2105, 2010-yil 25-may) muvofiq belgilangan tartibda buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi.”.
2. 48-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“48. Inspeksiya nazorati natijalaridan qatʼi nazar, rejali inspeksiya nazoratini oʻtkazish uchun toʻlov Sanoat xavfsizligi sohasidagi ekspert tashkilotlarini akkreditatsiya qilish va ular faoliyati ustidan inspeksiya nazoratini oʻtkazish uchun toʻlovlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2105, 2010-yil 25-may) muvofiq belgilangan tartibda ekspert tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.”.
3. Quyidagi mazmundagi IX1-boʻlim bilan toʻldirilsin:
“IX1. Apellyatsiyalarni koʻrib chiqish
821. Buyurtmachi yoki akkreditatsiya qilingan ekspert tashkilotlari akkreditatsiya yoki inspeksiya nazoratini oʻtkazish natijalari boʻyicha Akkreditatsiya komissiyasining qabul qilgan qaroridan norozi boʻlgan taqdirda Akkreditatsiya komissiyasining qarori qabul qilingan sanadan boshlab oʻttiz kalendar kun ichida Qoʻmitaga yozma shaklda apellyatsiya berish huquqiga ega.
Akkreditatsiya komissiyasining qarori buyurtmachi yoki akkreditatsiya qilingan ekspert tashkilotlarga yetkazilgan kundan boshlab oʻttiz kalendar kundan ortiq muddatda berilgan apellyatsiyalar koʻrib chiqilmaydi.
822. Apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun Qoʻmita raisining buyrugʻi bilan kamida besh kishidan iborat tarkibda Apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Bunda, Apellyatsiya komissiyasining tarkibi apellyatsiya bergan buyurtmachi yoki akkreditatsiya qilingan ekspert tashkilotini akkreditatsiya qilishda ishtirok etmagan va Akkreditatsiya komissiyasi tarkibida boʻlmagan Qoʻmitaning kamida uch vakili, jalb qilinadigan manfaatdor tashkilotlarning mutaxassislari, shu jumladan ekspert tashkilotlarining ekspert xodimlaridan shakllantiriladi.
823. Apellyatsiya komissiyasi tarkibini shakllantirish va tasdiqlash muddatlari apellyatsiya berilgan kundan boshlab uch kundan ortiq boʻlmasligi kerak.
824. Apellyatsiya komissiyasi berilgan apellyatsiyani koʻrib chiqadi va uni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha qabul qilingan qaror toʻgʻrisida buyurtmachiga yoki akkreditatsiya qilingan ekspert tashkilotiga yozma ravishda maʼlum qiladi. Apellyatsiyani koʻrib chiqish muddati u berilgan sanadan boshlab oʻn kalendar kundan oshmasligi kerak.
825. Apellyatsiyani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha apellyatsiya komissiyasi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
apellyatsiyani qanoatlantirish;
Akkreditatsiya komissiyasining qarorini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish.
826. Akkreditatsiya komissiyasining qarorini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror:
apellyatsiya berish talablari buzilgan holda taqdim etilgan boʻlsa;
apellyatsiyada keltirilgan sabablar tasdiqlanmasa qabul qilinadi.
827. Apellyatsiyani qanoatlantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinsa, Qoʻmita tomonidan akkreditatsiya attestatini berish yoki akkreditatsiya attestatini tasdiqlash haqida qaror qabul qilinadi.
828. Qoʻmita ikki ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi xabarnomani apellyatsiya bergan buyurtmachiga yoki akkreditatsiya qilingan ekspert tashkilotiga yozma shaklda yuboradi.
829. Aynan bir masala boʻyicha apellyatsiyani takroran berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8210. Apellyatsiya komissiyasining qarori yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish mumkin.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2025-y., 10/25/2022-5/0500-son)