Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
QAMOQQA OLIShGA SANKSIYA BERISh HUQUQINI SUDLARGA OʻTKAZISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq tizimi islohotining eng muhim vazifasi insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari, avvalo, asossiz jinoiy taʼqib va xususiy hayotga aralashishdan himoyalanish, shaxsiy daxlsizlik huquqlari hamda adolatli sud muhokamasiga boʻlgan huquqi samarali muhofaza etilishini taʼminlash hisoblanadi.
Soʻnggi yillarda huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatida qonuniylikni taʼminlash, inson huquqlarini samarali himoya qilishning eng muhim kafolati sifatida sud hokimiyatining nufuzini mustahkamlash, sudlarning chinakam mustaqilligini taʼminlash, ularning demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishdagi rolini kuchaytirish borasida muhim ishlar amalga oshirildi.
Sudlarning jinoyat, fuqarolik va xoʻjalik ishlari boʻyicha ixtisoslashtirilishi qonunan mustahkamlab qoʻyildi, bu esa ishlarni koʻrib chiqish sifati oshishini taʼminladi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirdi. Ishlarni koʻrib chiqishning apellatsiya tartibi joriy etilishi sud xatolarini oʻz vaqtida tuzatish, sud ishlarini yuritishda sansalorlikka yoʻl qoʻymaslikning muhim kafolati boʻlib xizmat qilmoqda. Kassatsiya instansiyasi isloh qilindi: fuqarolar qonuniy kuchga kirgan sud qaroridan norozi boʻlgan taqdirda oʻz huquqlarini mazkur instansiyada shaxsan va bevosita himoya qilish imkoniyatiga ega boʻldilar. Sud protsessida ayblov bilan himoyaning huquqiy jihatdan tengligini, ularning tortishuv prinsipini amalga oshirishni taʼminlaydigan huquqiy mexanizmlar yaratildi.
Dastlabki tergov muddatlari ikki yildan bir yilgacha hamda ayblanuvchilarni qamoqda saqlash muddatlari bir yarim yildan 9 oygacha, alohida hollarda esa 1 yilgacha qonun yoʻli bilan qisqartirildi. Shuningdek, ushbu ehtiyot chorasini qoʻllash doirasi cheklandi.
Qonunchilikni, huquqni qoʻllash amaliyotini liberallashtirish boʻyicha yuqoridagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi sudgacha tergov, odil sudlovning tezkorligi va sifati oshishini, sud protsessi ishtirokchilari huquqlariga rioya etilishining protsessual kafolatlari kengayishini taʼminladi.
Mamlakatda roʻy berayotgan sudgacha tergovni liberallashtirish dalolati sifatida fuqarolarni qamoqqa olish tariqasidagi ehtiyot chorasidan foydalanish soʻnggi 4 yilning oʻzida ikki baravardan koʻproqqa qisqardi.
Sud-huquq tizimini yanada liberallashtirishning eng muhim vazifasi sudgacha tergov bosqichida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini samarali himoya qilish boʻyicha sud vakolatlarini kengaytirish, eng avvalo, qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini prokuratura organlaridan sudlarga oʻtkazishdan iboratdir. Ushbu chora fuqarolarning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik borasidagi konstitutsiyaviy huquqlari himoya qilinishi samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga bu shaxsning huquq va erkinliklari daxlsizligi hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qoʻyishga xech kim haqli emasligi belgilangan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalariga ham toʻla mos keladi.
Ayni vaqtda qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini sudlar vakolatiga oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya kodekslari va boshqa qonun hujjatlariga puxta ishlab chiqilgan tegishli oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritilganidan; bu sohadagi xorijiy tajriba oʻrganilganidan; sudlar tomonidan qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy, protsessual mexanizmlari ishlab chiqilganidan; sud va huquqni muxofaza qilish organlari tizimi kadrlarini tegishlicha tayyorlash va qayta tayyorlash hamda boshqa tayyorgarlik tadbirlari oʻtkazilganidan keyin izchillik bilan amalga oshirilishi lozim.
Sud-huquq tizimini yanada liberallashtirish, insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini cheklash bilan bogʻliq protsessual majburlov choralarini qoʻllashga sanksiya berish huquqi sudlarga bosqichma-bosqich va izchil oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining fuqarolarni sud orqali himoya qilish huquqini belgilovchi 19, 25 va 44-moddalariga muvofiq:
1. Jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarni qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi 2008-yil 1-yanvardan eʼtiboran sudlar vakolatiga oʻtkazilsin.
Belgilansinki, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish qonunda belgilangan boshqa ehtiyot choralarini qoʻllash samarasiz boʻlgan alohida holatlarda va faqat jinoyat ishlari boʻyicha sudlar yoki harbiy sudlar vakolatiga muvofiq ularning qarori boʻyicha amalga oshirilishi lozim.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya kodekslariga, Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”, “Prokuratura toʻgʻrisida”gi qonunlariga qamoqqa olishga sanksiya berish, qamoqda saqlash muddatlarini uzaytirish tartibi va jarayonlarini belgilovchi, shuningdek sudgacha ish yuritish bosqichida insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etish, uning daxlsizligini taʼminlash borasida qoʻshimcha kafolatlarni belgilovchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar tayyorlasin. Shu bilan birga mazkur Farmonning 1-bandiga muvofiq nafaqat qonunlar va qonun osti hujjatlari, balki idoraviy huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan norma va normativlar ham qayta koʻrib chiqilishi zarur.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, moliya, iqtisodiyot, adliya, ichki ishlar vazirliklari, Bosh prokuraturasi, Milliy xavfsizlik xizmati hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasi ikki oy muddatda qamoqqa olishga sanksiya berish boʻyicha prokuratura organlarining vakolatlari sudlarga oʻtkazilishini hisobga olib, umumiy yurisdiksiya sudlarini tashkiliy-kadrlar jihatdan taʼminlash tizimini takomillashtirishga oid takliflar tayyorlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi adliya, ichki ishlar vazirliklari, Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Milliy xavfsizlik xizmati sud qaroriga binoan qamoqqa olish tartibi joriy etilishi munosabati bilan sudyalar hamda prokuratura organlari, IIV va MXX tergov boʻlinmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
5. Ushbu Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining muhokamasiga kiritilsin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T. Xudaybergenov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 8-avgust,
PF-3644-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 32-33-son, 242-modda)