Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Mamlakatimizda qayta sugʻurta tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Milliy qayta sugʻurta bozori hajmini yanada oshirish, tavakkalchiliklarni moʻtadil taqsimlash, sugʻurta qildiruvchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va qayta sugʻurta tizimini yanada takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar qayta sugʻurta tizimini 2025-yilda yanada takomillashtirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) milliy qayta sugʻurta bozori hajmini 4 trln soʻmga yetkazish;
(b) qayta sugʻurta xizmatlari eksportini kamida 30 foizga oshirish;
(v) xalqaro hamkorlikni kengaytirish va qayta sugʻurta sohasiga jalb qilinadigan investitsiyalar hajmini 150,0 mlrd soʻmgacha oshirish.
II. Milliy qayta sugʻurta kompaniyasini tashkil etish
2. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik), Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Oʻzbekiston qayta sugʻurta kompaniyasi” milliy qayta sugʻurta tashkilotini (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) tashkil etish va uning faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilarni belgilash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
(a) sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq barcha qayta sugʻurta qilish turlarini amalga oshirish;
(b) xorijiy va mahalliy investorlarning respublika iqtisodiyotiga kiritadigan toʻgʻridan-toʻgʻri va portfel investitsiyalarining hamda investitsiya loyihalari boʻyicha tavakkalchiliklarning kompleks qayta sugʻurta himoyasini taʼminlash;
(v) xorijiy mamlakatlarning sugʻurta va qayta sugʻurta kompaniyalari bilan qayta sugʻurta masalalarida hamkorlik qilish va qayta sugʻurta operatsiyalarini amalga oshirish.
3. Belgilansinki:
(a) Kompaniya aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil qilinadi hamda qonunchilik hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda qayta sugʻurta faoliyatini amalga oshiradi;
(b) Kompaniyaning ustav kapitali 300 milliard soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda shakllantiriladi, uning ellik foizini davlat ulushi va ellik foizini xususiy investorlar ulushi tashkil etadi;
(v) Agentlik Kompaniyadagi davlat ulushi boʻyicha aksiyador funksiyasini amalga oshiriladi.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) Agentlik oʻz mablagʻlari hisobidan Kompaniya ustav kapitalidagi davlat ulushining besh foizini Kompaniya tashkil etilganidan soʻng bir oy muddatda, qolgan qismini choraklik teng ulushlarda bir yil davomida kiritadi;
(b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi Kompaniyaning sugʻurta majburiyatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Kompaniya ustav kapitalining shakllantirilmagan qismiga kafil hisoblanadi.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
5. Agentlik Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(a) Kompaniya faoliyatini tashkil etish masalalariga oid Hukumat qarori loyihasini;
(b) qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 23-may,
PQ-191-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-maydagi PQ-191-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4412-son qarorining 5-bandiga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. 2025-yil 1-sentabrdan boshlab shunday tartib joriy qilinsinki, unga muvofiq qayta sugʻurta qildiruvchilar sugʻurta vositachilari ishtirokisiz, shuningdek, sugʻurta (qayta sugʻurta) brokerlari sugʻurta majburiyatlarini qayta sugʻurtalash uchun xorijiy sugʻurta tashkilotlariga berishdan avval beriladigan sugʻurta majburiyatlari boʻyicha qayta sugʻurtalash boʻyicha ofertani (qayta sugʻurtalash shartnomalarini tuzish takliflarini) vakolatli davlat organi taʼsischiligida tashkil etilgan qayta sugʻurta tashkilotlariga yuborishi, keyinchalik (rad etilgan holatda yoki qolgan qismini) Oʻzbekiston Respublikasi hududida qayta sugʻurtalash faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan sugʻurta tashkilotlariga yuborishi shart. Bunda:”.
2. Oltinchi xatboshidan “obligator qayta sugʻurtalashga tatbiq etilmaydi hamda” soʻzlari chiqarib tashlansin.
Izoh: ushbu ilova 2025-yil 1-sentabrdan boshlab kuchga kiradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.05.2025-y., 07/25/191/0465-son)