O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrug‘i
QAYTA SUG‘URTA QILISH XIZMATLARI KO‘RSATISHNING YAGONA TALABLARI VA STANDARTLARI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 29-yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2190]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 10-apreldagi PQ-618-sonli “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 15-son, 158-modda) ijrosini ta’minlash maqsadida buyuraman:
1. Qayta sug‘urta qilish xizmatlari ko‘rsatishning yagona talablari va standartlari to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 27-dekabr,
111-son
O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2010-yil 27-dekabrdagi 111-sonli buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Qayta sug‘urta qilish xizmatlari ko‘rsatishning yagona talablari va standartlari to‘g‘risidagi
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 10-apreldagi PQ-618-sonli “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 15-son, 158-modda) muvofiq qayta sug‘urta qilish xizmatlari ko‘rsatishning yagona talablari va standartlarini belgilaydi.
I-bo‘lim. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom bilan o‘rnatilayotgan yagona talablar O‘zbekiston Respublikasi hududida qayta sug‘urta qilish xizmatini ko‘rsatuvchi sug‘urtalovchilar — O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari uchun majburiydir.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Qayta sug‘urta qilish xizmatlari ko‘rsatishning standartlari qayta sug‘urta qilish bo‘yicha standart tushunchalardan va qayta sug‘urta qilish xizmatlarini ko‘rsatishning standart shartlaridan iboratdir. Qayta sug‘urta qilish xizmatlarini ko‘rsatishning standartlari, agar qayta sug‘urta qilish shartnomasida yoki qonunchilik hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, qayta sug‘urta qilish xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida qo‘llaniladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
II-bo‘lim. Qayta sug‘urta qilish xizmatlari ko‘rsatishning yagona talablari
3. Qayta sug‘urta qilish xizmatlari qayta sug‘urta qilish shartnomasi asosida ko‘rsatiladi. Qayta sug‘urta qilish shartnomasi yozma shaklda tuzilishi lozim. Bu talabga rioya etmaslik qayta sug‘urta qilish shartnomasining haqiqiy sanalmasligiga sabab bo‘ladi.
4. Qayta sug‘urta qilish shartnomasi qayta sug‘urta qildiruvchining (qayta sug‘urta brokerining) oferta (shartnoma tuzish haqida taklif) yo‘llashi va qayta sug‘urtalovchi uni akseptlashi (taklifni qabul qilishi) yo‘li bilan tuziladi.
5. Qayta sug‘urta qilish shartnomasi quyidagi yo‘llar bilan tuzilishi mumkin:
a) mazkur Nizomning 8-bandida ko‘rsatilgan barcha shartlarni o‘z ichiga olgan bitta hujjatni tuzish;
b) qayta sug‘urta qilish to‘g‘risidagi bosh shartnoma (bitim) va uning asosida tuzilgan qayta sug‘urta qilish sliplarini tuzish.
6. Qayta sug‘urta qildiruvchi (qayta sug‘urta brokeri) tomonidan qayta sug‘urtalovchiga ular o‘rtasida avval tuzilgan qayta sug‘urta qilish to‘g‘risidagi bosh shartnoma (bitim) asosidagi qayta sug‘urta qilish slipini yuborish yo‘li bilan tavakkalchiliklarni qayta sug‘urtaga berilganda, qayta sug‘urta qilish to‘g‘risidagi bosh shartnoma (bitim) shartlari qayta sug‘urta qilish slipining ajralmas qismi hisoblanadi. Bunda har bir qayta sug‘urta qilish slipi alohida qayta sug‘urta qilish shartnomasi hisoblanadi.
7. O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lmish sug‘urtalovchilar o‘rtasida qayta sug‘urta qilish shartnomasi tuzilganda tomonlarning har biri boshqa tomondan sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya nusxasini taqdim etishini talab qilishi shart. Tomonlarning biri sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyada ko‘rsatilmagan sug‘urta klasslari bo‘yicha tavakkalchiliklarni qayta sug‘urta qilishga (sug‘urtalashga) berganligi yoki qabul qilganligi aniqlansa, ushbu holatni aniqlagan tomon ofertani to‘xtatishi (qaytarib olishi/rad qilishi) yoki, agar tavakkalchilik qayta sug‘urta qilishga qabul qilingan (berilgan) bo‘lsa, qayta sug‘urta qilish shartnomasini bekor qilishi shart.
8. Qayta sug‘urta qilish shartnomasida quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:
tomonlarning to‘liq nomi;
qayta sug‘urta qilish shartnomasining raqami, tuzilgan joyi va sanasi;
qayta sug‘urta qilish shartnomasining amal qilish muddati;
qayta sug‘urta qilish obyekti;
sug‘urta hodisasi va istisnolar;
qayta sug‘urta qilishga berilayotgan tavakkalchiliklar;
sug‘urta qoplamasi amal qilish hududi (sug‘urta himoyasi amal qiluvchi hudud);
tavakkalchiliklarni qayta sug‘urta qilishga berish va qabul qilish tartibi;
Oldingi tahrirga qarang.
qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta summasi va qayta sug‘urta qilish mukofoti;
(8-bandning o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
qayta sug‘urta qilish komissiyasi;
tomonlarning huquq va majburiyatlari;
qayta sug‘urta qilish mukofoti bo‘yicha to‘lovlarni, sug‘urta tovonlarini va qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha boshqa to‘lovlarni amalga oshirish tartibi, muddatlari va valyutasi;
sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda tomonlarning xatti-harakatlari;
qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovoni miqdorini aniqlash tartibi;
tavakkalchiliklarni qayta sug‘urta qilishga berish va qabul qilishda tomonlarning xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yishi oqibatlari;
qayta sug‘urta qilish shartnomasini bekor qilish tartibi;
shartnoma majburiyatlari bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda tomonlarning javobgarligi;
nizolarni hal qilish tartibi;
tomonlarning rekvizitlari;
tomonlar vakillarining mansabi, familiyasi, ismi, otasining ismi;
Oldingi tahrirga qarang.
tomonlar vakillarining imzolari.
(8-bandning yigirma ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2019-yil 12-iyundagi 75-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2190-1, 01.07.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.07.2019-y., 10/19/2190-1/3352-son)
Oldingi tahrirga qarang.
81. Qayta sug‘urtalovchi (qayta sug‘urta brokeri) sug‘urta majburiyatlarini qayta sug‘urtalash uchun xorijiy sug‘urta tashkilotlariga berishdan avval beriladigan sug‘urta majburiyatlarining kamida 50 foizi miqdorida qayta sug‘urtalash bo‘yicha ofertani (qayta sug‘urtalash shartnomalarini tuzish takliflarini) O‘zbekiston Respublikasi hududida qayta sug‘urtalash faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan sug‘urta tashkilotlariga yuborishi shart. Bunda:
oferta shartlari sug‘urta majburiyatlarini xorijiy sug‘urta tashkilotlariga qayta sug‘urtalashga berish shartlariga muvofiq bo‘lishi kerak;
oferta aksepti yoki akseptni rad etish qayta sug‘urtalovchilar — mahalliy sug‘urta tashkilotlari tomonidan, agar ofertada aksept uchun kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ikki ish kunidan kechikmagan holda amalga oshiriladi;
sug‘urta majburiyatlari qayta sug‘urtalovchi — mahalliy sug‘urta tashkiloti tomonidan o‘zining ushlab qolish hajmi doirasida qabul qilinadi;
qayta sug‘urtalovchi — mahalliy sug‘urta tashkiloti sug‘urta hodisasi sodir bo‘lgan taqdirda va asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta to‘lovini amalga oshirishda qayta sug‘urtalash shartnomasi shartlari doirasida qayta sug‘urta qildiruvchining qarorlariga amal qiladi.
Ushbu band talablari obligator qayta sug‘urtalashga tatbiq etilmaydi hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va investitsiya bitimlarida o‘zgacha tartib nazarda tutilgan bo‘lsa, qo‘llanilmaydi.
(81-band O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2019-yil 30-sentabrdagi 101-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2190-2, 16.10.2019-y.) asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.10.2019-y., 10/19/2190-2/3917-son)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta summasi va qayta sug‘urta qilish mukofoti absolyut miqdor ko‘rinishida yoki tomonlar kelishuviga ko‘ra belgilangan sug‘urta summasi va qayta sug‘urta qilish mukofotini hisoblash mexanizmi ko‘rinishida aniqlanadi.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
10. Qayta sug‘urta qilish shartnomasining amal qilish muddatini (qayta sug‘urta qilish davrini) aniqlashda tomonlar shartnoma amal qilishining boshlanish va tugash paytini daqiqagacha aniqlikda belgilaydilar.
11. Qayta sug‘urta qilish shartnomasining tomonlari qayta sug‘urta qilish shartnomasiga yoki tomonlarning moliyaviy ahvoliga taalluqli ma’lumotlarni e’lon qilish va boshqa usul orqali uchinchi shaxslarga oshkora etishga haqli emas.
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur bandning birinchi xatboshida ko‘rsatilgan ma’lumotlar, qayta sug‘urta qilish shartnomasi tomonidan boshqa tomonning yozma roziligi asosida, shuningdek qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda uchinchi shaxslarga oshkora qilinishi mumkin.
(11-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
III-bo‘lim. Qayta sug‘urta qilish xizmatlarini ko‘rsatishning standartlari
1-bob. Qayta sug‘urta qilish bo‘yicha standart tushunchalar
12. Qayta sug‘urta qilish xizmatlarini ko‘rsatishda foydalaniladigan asosiy atamalar va ta’riflarni turlicha talqin etilishining oldini olish maqsadida quyidagi standart tushunchalar qo‘llaniladi:
qayta sug‘urta qilish shartnomasining agregat limiti — qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha qayta sug‘urtalovchi qayta sug‘urta qildiruvchiga to‘lab berish majburiyatini olgan sug‘urta tovonining maksimal to‘lovlar summasi;
agregatlash — ziyon baholanayotgan va qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovoni summasi belgilanayotgan bir hodisa bo‘yicha barcha zararlarning yig‘indisini chiqarish;
addendum — avval kelishilgan shartlarning tomonlar o‘rtasida kelishilgan o‘zgarishlarini o‘z ichiga olgan avval tuzilgan qayta sug‘urta qilish shartnomasiga yozma qo‘shimcha;
bordero — sug‘urta qilishga olingan va qayta sug‘urta qilish uchun mo‘ljallangan tavakkalchiliklar ro‘yxatini, shuningdek ularning batafsil tavsifini o‘z ichiga olgan va qayta sug‘urta qilish shartnomasida belgilangan muddatda qayta sug‘urtalovchiga beriladigan hujjat;
brokerlik slipi — qayta sug‘urta brokerining qayta sug‘urtalovchiga qayta sug‘urta qilish shartnomasini tuzish to‘g‘risidagi ofertasi;
mukofot deposi — qayta sug‘urta qilish shartnomasiga muvofiq qayta sug‘urtalovchiga to‘lanishi lozim bo‘lgan va qayta sug‘urta qildiruvchi hisob raqamida vaqtinchalik turgan sug‘urta mukofoti;
qayta sug‘urta qilish shartnomasi — ushbu shartnomaga muvofiq qayta sug‘urtalovchi qayta sug‘urta qilish shartnomasida kelishilgan to‘lov (qayta sug‘urta mukofoti) evaziga qayta sug‘urta qilish shartnomasi shartlari asosida qayta sug‘urta qildiruvchining sug‘urta shartnomasi bo‘yicha aniqlangan sug‘urta tovonini (sug‘urta summasini) to‘lash majburiyati bilan bog‘liq xarajatlarini to‘liq yoki qisman qayta sug‘urta qildiruvchiga (yoki u tomonidan ko‘rsatilgan boshqa shaxsga) qoplab berish majburiyatini oladi;
retrotsessiya shartnomasi — qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘lib, unga ko‘ra qayta sug‘urtalovchi o‘zi tuzgan qayta sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha sug‘urta majburiyatlarining bir qismini yoki to‘liq qismini boshqa qayta sug‘urtalovchiga beradi;
qayta sug‘urtaga olingan sug‘urta shartnomasi — tavakkalchiliklari qayta sug‘urtaga olingan sug‘urta (birgalikda sug‘urta qilish, qayta sug‘urta qilish) shartnomasi;
kassa zarari — asosiy sug‘urta shartnomalari bo‘yicha qayta sug‘urta qilish shartnomasi tomonlari kelishgan zarar hajmi bo‘lib, unga yetganda yoki oshganda qayta sug‘urtalovchi qayta sug‘urta qilish shartnomasida belgilangan muddatlarda sug‘urta tovonini qayta sug‘urta qildiruvchiga to‘lab berishga majbur;
kovernota — qayta sug‘urtalovchilar ro‘yxati va ularning ulushlari ko‘rsatilgan holda qayta sug‘urtalovchi yoki qayta sug‘urta brokeri tomonidan qayta sug‘urta qildiruvchiga beriladigan tavakkalchilik qayta sug‘urtaga olinganligini yoki qayta sug‘urta qilish shartnomasi tuzilganligini tasdiqlovchi qayta sug‘urta qilish to‘g‘risidagi guvohnoma;
Oldingi tahrirga qarang.
kompromiss to‘lov — sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta hodisasi deb tan olinmasligi yoxud qonunchilik hujjatlarida ko‘rsatib o‘tilgan yoki sug‘urta shartnomasi asosida qayta sug‘urta qildiruvchi sug‘urta tovonini (sug‘urta to‘lovini) to‘lashni rad qilishi yoki uning hajmini kamaytirishi mumkin bo‘lgan hodisa sodir bo‘lganligi natijasida qayta sug‘urta qildiruvchi sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovonini (sug‘urta to‘lovini) to‘lashi;
(12-bandning o‘n uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
kvota ulushli qayta sug‘urta qilish — proporsional qayta sug‘urta qilish turi bo‘lib, uning shartlariga muvofiq qayta sug‘urta qildiruvchi ma’lum sug‘urta turi, sug‘urta turlarining guruhi yoxud butun sug‘urta portfeli bo‘yicha qabul qilingan oldindan kelishilgan yoki istisnolarsiz barcha sug‘urta tavakkalchiliklarning qayta sug‘urtalovchi bilan kelishilgan ulushini qayta sug‘urta qilishga berish;
qayta sug‘urta qilish shartnomasi limiti — qayta sug‘urta qilish shartnomasiga muvofiq qayta sug‘urtalovchining sug‘urta tovoni to‘lovini amalga oshirish majburiyati yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan maksimal summa;
noproporsional qayta sug‘urta qilish — shunday qayta sug‘urta turiki, u bo‘yicha barcha hisob-kitoblar asosiy sug‘urta yoki qayta sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha zararlar miqdoriga asoslanadi, qayta sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lash majburiyati qayta sug‘urta qildiruvchining qayta sug‘urta qilish shartnomasida o‘rnatilgan tartibda hisoblangan yakuniy zarari miqdori qayta sug‘urta qilish shartnomasida kelishilgan miqdordan ortganda yuzaga keladi;
obligator qayta sug‘urta qilish — qayta sug‘urta qilishning shunday shakliki, unda qayta sug‘urta qildiruvchi qayta sug‘urtalovchi bilan tuzgan qayta sug‘urta qilish shartnomasi shartlariga ko‘ra ushbu shartnoma ta’sir doirasiga kiruvchi asosiy sug‘urta shartnomalari bo‘yicha tavakkalchiliklarni qayta sug‘urtalovchiga qayta sug‘urta qilishga berishga, qayta sug‘urtalovchi esa ushbu tavakkalchiliklarni qayta sug‘urta qilishga qabul qilishga majburdirlar;
obligator-fakultativ qayta sug‘urta qilish — qayta sug‘urta qilishning shunday shakliki, unda qayta sug‘urta qildiruvchi qayta sug‘urtalovchi bilan tuzgan qayta sug‘urta qilish shartnomasi shartlariga ko‘ra tavakkalchiliklarni qayta sug‘urta qilishga berishga majbur, qayta sug‘urtalovchi esa qayta sug‘urta qildiruvchining tavakkalchiliklarini o‘z xohishiga ko‘ra qayta sug‘urtaga qabul qilish huquqiga ega;
Oldingi tahrirga qarang.
qayta sug‘urta qilish obyekti — qayta sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urtalovchi sifatida tuzilgan sug‘urta (birgalikda sug‘urta qilish, qayta sug‘urta qilish) shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovonini (sug‘urta to‘lovini) to‘lash xavfi;
(12-bandning o‘n to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
da’vo ustidan nazorat to‘g‘risida shartlashish — ushbu shartlashishga asosan qayta sug‘urta qilish bo‘yicha tomon (qayta sug‘urtalovchi, qayta sug‘urta brokeri) sug‘urta da’vosini mustaqil ko‘rib chiqish (hal qilish) bo‘yicha butkul huquqqa ega. Qayta sug‘urta qildiruvchi qayta sug‘urta qilish bo‘yicha tomonning sug‘urta javobgarligini tan olish yoki rad etish to‘g‘risidagi har qanday qarorini tan oladi;
taqdirga ergashish to‘g‘risida shartlashish — ushbu shartlashishga asosan sug‘urta da’vosini ko‘rib chiqish (hal qilish) bo‘yicha barcha huquqlarga qayta sug‘urta qildiruvchi butkul egalik qiladi. Qayta sug‘urtalovchi (qayta sug‘urta brokeri) qayta sug‘urta qildiruvchining sug‘urta javobgarligini tan olish yoki rad etish to‘g‘risidagi har qanday qarorini tan oladi;
da’volarni hal qilish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida shartlashish — ushbu shartlashishga asosan qayta sug‘urta qilish bo‘yicha tomonlar (qayta sug‘urta qildiruvchi, qayta sug‘urtalovchi, qayta sug‘urta brokeri) sug‘urta da’vosini ko‘rib chiqish (hal qilish) bo‘yicha o‘zlarining barcha harakatlarini o‘zaro kelishadilar;
original sug‘urta mukofoti — asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha qayta sug‘urta qilish shartnomasiga ko‘ra qayta sug‘urta qildiruvchi bo‘lgan sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urta qildiruvchidan olinayotgan sug‘urta mukofoti;
original shartlar — asosiy sug‘urta shartnomasi tarkibida bo‘lgan shartlar;
original sug‘urta qildiruvchi — asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta qildiruvchi;
original sug‘urtalovchi — asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalovchi;
Oldingi tahrirga qarang.
asosiy sug‘urta shartnomasi — qayta sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urtalovchi sifatida tuzilgan sug‘urta (birgalikda sug‘urta qilish, qayta sug‘urta qilish) shartnomasi bo‘lib, u bo‘yicha sug‘urta tovonini (sug‘urta to‘lovini) to‘lash tavakkalchiligi qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta qilinadi;
(12-bandning yigirma yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
Oldingi tahrirga qarang.
qayta sug‘urta qilish — sug‘urtalovchi sug‘urta shartnomasi bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan sug‘urta tovonini (sug‘urta to‘lovini) to‘lash xavfi uning tomonidan to‘liq yoki qisman boshqa sug‘urtalovchida (sug‘urtalovchilarda) u bilan tuzilgan qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalanishi;
(12-bandning yigirma sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
Oldingi tahrirga qarang.
summalar eksedenti asosida qayta sug‘urta qilish — proporsional qayta sug‘urta qilishning shunday turiki, uning shartlariga ko‘ra qayta sug‘urta qildiruvchi qayta sug‘urta qilishga faqat sug‘urta summasi qayta sug‘urta qilish shartnomasida ko‘rsatilgan miqdordan (o‘zida qoldirilgan ulush miqdoridan) katta bo‘lgan sug‘urta qilish shartnomalarini qayta sug‘urta qilishga beradi, qayta sug‘urtalovchi esa ularni qabul qiladi. Bunda qayta sug‘urta qildiruvchi shartlashilgan o‘z ulush miqdorini o‘z mas’uliyatida olib qoladi, qayta sug‘urtalovchi esa sug‘urta summasining qolgan qismidagi, lekin qayta sug‘urta qilish shartnomasida o‘rnatilgan limit doirasida sug‘urta majburiyatlarini qabul qiladi;
(12-bandning yigirma to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
zarar ekssedenti asosidagi qayta sug‘urta qilish — noproporsional qayta sug‘urta qilishning shunday turiki, uning shartlariga ko‘ra qayta sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lash majburiyati faqat sug‘urta qilingan tavakkalchilik bo‘yicha sug‘urta hodisasi yoki bir voqea tufayli yuzaga kelgan bir qancha sug‘urta hodisalari natijasida yetkazilgan zarar miqdori qayta sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan miqdordan ortgandagina yuzaga keladi;
zararlilik ekssedenti asosida qayta sug‘urta qilish — noproporsional qayta sug‘urta qilishning shunday turiki, uning shartlariga ko‘ra qayta sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lash majburiyati faqat asosiy sug‘urta shartnomalari bo‘yicha ma’lum bir vaqt davrida sug‘urta tovonlarining sug‘urta mukofotlariga nisbati sifatida aniqlanadigan sug‘urta mukofotlari zararliligi qayta sug‘urta qilish shartnomasida belgilangan foizdan yoki ma’lum miqdordan ortgandagina yuzaga keladi;
qayta sug‘urta qildiruvchi — o‘ziga qabul qilgan tavakkalchiliklarni qayta sug‘urtaga beruvchi sug‘urtalovchi (qayta sug‘urtalovchi);
qayta sug‘urta qilish sig‘imi — qayta sug‘urtalovchining tavakkalchilikni qayta sug‘urta qilishga qabul qilishining moliyaviy imkoniyati bahosi;
qayta sug‘urta qilish komissiyasi — qayta sug‘urta qilish shartnomasi shartlariga muvofiq qayta sug‘urtalovchi tomonidan qayta sug‘urta qildiruvchiga to‘lanadigan yoki qayta sug‘urta qildiruvchi qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha qayta sug‘urta mukofotidan ushlab qoladigan mukofot;
qayta sug‘urta mukofoti (brutto-mukofot) — qayta sug‘urta qilish shartnomasida belgilangan qayta sug‘urta qilish komissiyasi, shuningdek qayta sug‘urta qilish shartnomasida ko‘zda tutilgan boshqa to‘lovlarni o‘z ichiga olgan qayta sug‘urta qilish uchun to‘lov;
qayta sug‘urta netto-mukofoti — qayta sug‘urta mukofotidan (brutto-mukofotdan) qayta sug‘urta qilish shartnomasida ko‘zda tutilgan qayta sug‘urta qilish komissiyasi va qayta sug‘urta brokerining komission mukofotining ayirmasiga teng miqdor;
qayta sug‘urta xizmati — qayta sug‘urtalovchi tomonidan qayta sug‘urta qildiruvchiga ular o‘rtasida tuzilgan qayta sug‘urta qilish shartnomasi asosida ko‘rsatilayotgan xizmat;
Oldingi tahrirga qarang.
qayta sug‘urta qoplamasi — asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha qayta sug‘urta qildiruvchi tomonidan to‘langan sug‘urta tovonini (sug‘urta to‘lovini) yoki uning bir qismini qayta sug‘urta qildiruvchiga qoplab berish bo‘yicha qayta sug‘urtalovchining majburiyati;
(12-bandning o‘ttiz sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
qayta sug‘urta qilish slipi — qayta sug‘urta qilishga berilayotgan tavakkalchilikni sug‘urta qilishning asosiy shartlarini o‘z ichiga olgan va uni yuborish yo‘li bilan qayta sug‘urta qilish to‘g‘risidagi bosh shartnoma (bitim) asosida qayta sug‘urtalovchiga qabul qilish uchun tavakkalchiliklar taklif qilinuvchi hujjat;
Oldingi tahrirga qarang.
qayta sug‘urtalovchi — faqat qayta sug‘urta qilish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega yoxud sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega tijorat tashkiloti bo‘lgan yuridik shaxs, o‘zi joylashgan davlat qonunchilik hujjatlariga muvofiq, qayta sug‘urta faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega chet el sug‘urta tashkiloti;
(12-bandning qirqinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
proporsional qayta sug‘urta qilish — qayta sug‘urta qilishning shunday turiki, unga muvofiq qayta sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lash borasidagi majburiyati qayta sug‘urta qilish shartnomasida kelishilgan proporsiyada (foizlarda) aniqlanadi;
professional qayta sug‘urtalovchi — faqat qayta sug‘urta qilish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyasiga ega tijorat tashkiloti bo‘lgan yuridik shaxs;
qayta sug‘urta qilish davri — qayta sug‘urta qilish shartnomasiga muvofiq qayta sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lash majburiyatini olib borish vaqt oralig‘i;
Oldingi tahrirga qarang.
qayta sug‘urta qilishga qabul qilingan tavakkalchiliklar — asosiy sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan va ular bo‘yicha sug‘urta hodisasi ro‘y berganda qayta sug‘urtalovchi qayta sug‘urta qildiruvchiga to‘langan sug‘urta tovonini (sug‘urta to‘lovini) yoki uning bir qismini qayta sug‘urta qilish shartnomasiga asosan qoplab berish majburiyatini olgan tavakkalchiliklar;
(12-bandning qirq to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
o‘zida qoldirilgan ulush — qayta sug‘urta qildiruvchining asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha o‘z javobgarligida olib qolayotgan sug‘urta majburiyatlari miqdori;
qayta sug‘urta qilish shartnomasi amal qilish muddati — qayta sug‘urta qilish shartnomasi kuchga kirishdan uning amal qilishi to‘xtagungacha bo‘lgan vaqt oralig‘i;
sug‘urta voqeasi — sug‘urta (birgalikda sug‘urta qilish, qayta sug‘urta qilish) shartnomasi bo‘yicha sug‘urta hodisasi deb tan olinishi mumkin bo‘lgan ro‘y bergan voqea;
Oldingi tahrirga qarang.
asosiy shartnoma bo‘yicha sug‘urta hodisasi — sug‘urta (birgalikda sug‘urta qilish, qayta sug‘urta qilish) shartnomasida ko‘zda tutilgan, u yuzaga kelganda sug‘urtalovchining (qayta sug‘urtalovchining) sug‘urta qildiruvchi (qayta sug‘urta qildiruvchi) yoki naf oluvchiga sug‘urta tovonini (sug‘urta to‘lovini) to‘lash majburiyati paydo bo‘ladigan voqea;
(12-bandning qirq sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
Oldingi tahrirga qarang.
sug‘urta majburiyatlari — sug‘urtalovchining sug‘urta (birgalikda sug‘urta qilish, qayta sug‘urta qilish) shartnomalari bo‘yicha sug‘urta tovonini (sug‘urta to‘lovini) to‘lash bo‘yicha majburiyatlari;
(12-bandning qirq to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
Oldingi tahrirga qarang.
qayta sug‘urta qilishga berilgan sug‘urta majburiyatlari — qayta sug‘urta qilish shartnomasiga muvofiq qayta sug‘urtalovchi tomonidan qoplab beriladigan qayta sug‘urta qildiruvchining sug‘urta tovonini (sug‘urta to‘lovini) to‘lash bo‘yicha majburiyatlari;
(12-bandning elliginchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
qayta sug‘urta qilishga qabul qilingan sug‘urta majburiyatlari — qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha qayta sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lash bo‘yicha majburiyatlari;
tantyema — qayta sug‘urtalovchi tomonidan qayta sug‘urta qildiruvchiga to‘lanadigan qayta sug‘urta qilish shartnomasi yoki qayta sug‘urta qilish shartnomalari guruhining amal qilishi yakuniy natijalari bo‘yicha qayta sug‘urtalovchi olgan daromadidan komission haq;
fakultativ qayta sug‘urta qilish — qayta sug‘urta qilishning shunday shakliki, unga ko‘ra qayta sug‘urta qildiruvchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra tavakkalchiliklarni qayta sug‘urta qilishga beradi, qayta sug‘urtalovchi esa o‘z ixtiyoriga ko‘ra ushbu tavakkalchiliklarni qayta sug‘urta qilishga oladi;
fakultativ-obligator qayta sug‘urta qilish — qayta sug‘urta qilishning shunday shakliki, uning shartlariga ko‘ra qayta sug‘urta qildiruvchi qayta sug‘urtalovchi bilan tuzilgan qayta sug‘urta qilish shartnomasi shartlarida tavakkalchiliklarni qayta sug‘urtalovchiga o‘z ixtiyoriga ko‘ra qayta sug‘urta qilishga berish huquqiga ega, qayta sug‘urtalovchi esa taklif qilinayotgan tavakkalchiliklarni qabul qilishga majbur.
2-bob. Qayta sug‘urta qilish xizmatlari ko‘rsatishning standart shartlari
1-§. Qayta sug‘urta qilish shartnomasining tuzilishi va kuchga kirishining standart shartlari
13. Qayta sug‘urta qildiruvchi va qayta sug‘urtalovchi o‘rtasida tuzilayotgan qayta sug‘urta qilish shartnomasi tomonlarning qayta sug‘urta qilish sohasidagi munosabatlarini tartibga soluvchi asosiy hujjatdir.
14. Qayta sug‘urta qilish shartnomasining tuzilishi va kuchga kirishi sanasi bo‘lib, qayta sug‘urta qildiruvchi tomonidan qayta sug‘urta qilish mukofoti yoki uning birinchi badalini to‘langanligidan qat’i nazar, qayta sug‘urtalovchi tomonidan qayta sug‘urta qildiruvchining (qayta sug‘urta brokerining) ofertasini akseptlash sanasi hisoblanadi.
15. Agar fakultativ qayta sug‘urta qilishda oferta qayta sug‘urta qildiruvchi (qayta sug‘urta brokeri) tomonidan qayta sug‘urtalovchiga asosiy sug‘urta shartnomasi kuchga kirgandan keyin yuborilgan bo‘lsa, qayta sug‘urtalovchi tomonidan qayta sug‘urta qildiruvchining (qayta sug‘urta brokerining) ofertasi qabul qilinganda, qayta sug‘urtalovchi ofertani akseptidan avval asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha ro‘y bergan sug‘urta hodisalari bo‘yicha javobgarlik olib bormaydi.
16. Qayta sug‘urta qildiruvchi (qayta sug‘urta brokeri) qayta sug‘urtalovchiga qayta sug‘urta qilish slipini yuborish yo‘li bilan tavakkalchiliklarni qayta sug‘urta qilishga berayotganda qayta sug‘urtalovchi qayta sug‘urta qildiruvchiga (qayta sug‘urta brokeriga) qayta sug‘urta qilish slipida ko‘rsatilgan tavakkalchiliklarni qabul qilishi bo‘yicha qarori to‘g‘risida besh ish kuni ichida yozma xabar berishi shart.
17. Qayta sug‘urta qilish shartnomasida nazarda tutilgan tomonlarning huquq va majburiyatlari qayta sug‘urta qilish shartnomasi kuchga kirgan paytdan boshlab yuzaga keladi.
18. Tavakkalchiliklar qayta sug‘urta qilishga berilayotganda qayta sug‘urta qildiruvchi qayta sug‘urtalovchi talabi bo‘yicha qayta sug‘urta qilishga berilayotgan tavakkalchilik haqida barcha zarur axborotni, shuningdek tegishli hujjatlar va sug‘urta qoidalarini qayta sug‘urtalovchiga taqdim etishi shart.
19. Obligator qayta sug‘urta qilish shartnomasi tuzilayotganda qayta sug‘urta qilish davri obligator qayta sug‘urta qilish shartnomasi kuchga kirish paytidan avval asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sodir bo‘lgan sug‘urta hodisalarini qamrab olishi mumkin.
20. Obligator qayta sug‘urta qilish shartnomasi uni tomonlar imzolagan paytdan ayni paytda u qamrab oladigan qayta sug‘urta qildiruvchi tomonidan tuzilgan asosiy sug‘urta shartnomalarining mavjudligidan va kuchga kirganligidan qat’i nazar, tuzilgan hisoblanadi va kuchga kiradi.
21. Fakultativ qayta sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha qayta sug‘urta qildiruvchi asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta obyektidagi barcha o‘zgarishlar va sug‘urta tavakkalchiligining oshishiga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan boshqa holatlar haqida unga ma’lum bo‘lgan kundan boshlab uch ish kunidan kechiktirmasdan qayta sug‘urtalovchiga xabar berishi shart.
22. Agar asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha ikki va undan ortiq sug‘urta obyektlari sug‘urtalangan bo‘lsa, proporsional qayta sug‘urta qilinganda qayta sug‘urta qildiruvchi har bir sug‘urta obyekti bo‘yicha sug‘urta majburiyatlarining proporsional qismini o‘zida qoldiradi.
2-§. Qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirishning standart shartlari
23. Qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha qayta sug‘urta mukofoti va sug‘urta tovoni miqdorlarini aniqlash uchun to‘lov valyutasidan farq qiluvchi boshqa valyuta ekvivalentidan foydalanilsa, hisob-kitoblar uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining to‘lovni amalga oshirish kunidagi rasmiy kursi qabul qilinadi.
24. To‘lov kuni bo‘lib, tegishli summa mablag‘ oluvchi tomonning hisob raqamiga kelib tushgan kun hisoblanadi.
25. Qayta sug‘urta qildiruvchi qayta sug‘urtalovchiga qayta sug‘urta mukofotini (uning birinchi badalini) qayta sug‘urta qilish shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda qayta sug‘urta qilish komissiyasi va boshqa to‘lovlarni chegirib qolgan holda qayta sug‘urta qildiruvchining hisob raqamiga asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta mukofoti (uning birinchi badali) kelib tushgan kundan boshlab yoki qayta sug‘urtalovchi qayta sug‘urta qilish shartnomasini (agar tavakkalchilik qayta sug‘urta qilishga qayta sug‘urta qilish slipini yuborish yo‘li bilan amalga oshirilayotgan bo‘lsa, qayta sug‘urta qilish slipini) imzolagan kundan boshlab, ushbu ikki sananing qay biri kechroq ekanligidan kelib chiqib, o‘n ish kuni ichida to‘laydi.
26. Qayta sug‘urta qilish shartnomasi muddatidan ilgari bekor qilinsa, qayta sug‘urtalovchi qayta sug‘urta qildiruvchiga qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha qayta sug‘urta mukofotining qayta sug‘urta qilish shartnomasi amal qilishi muddatining tugamagan davriga proporsional qismini qayta sug‘urta qilish shartnomasi muddatidan ilgari bekor qilingan kundan boshlab besh ish kuni ichida qaytarishi shart.
27. Agar qayta sug‘urta qilish shartnomasida qayta sug‘urta mukofotini qismlarga bo‘lib (har oyda, har chorakda, har yarim yilda va sh.k.) to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa, navbatdagi badallar qayta sug‘urta qildiruvchi tomonidan qayta sug‘urta shartnomasi tuzilgan kundan yoki avvalgi badal to‘langan kundan tegishli muddat o‘tgungacha bo‘lgan sanadan kechiktirmasdan, ushbu sanalardan qay biri kechroq ekanligidan kelib chiqib, to‘lanishi shart.
28. Qayta sug‘urta mukofoti yoki uning navbatdagi badali to‘lovi qayta sug‘urta qildiruvchiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra kechikkan taqdirda qayta sug‘urta qildiruvchi bu haqda imkon bo‘lishi bilanoq qayta sug‘urtalovchini yozma xabardor qilishi shart.
29. Qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha qayta sug‘urta mukofotining navbatdagi badal to‘lovini kechiktirilishi qayta sug‘urta qilish shartnomasini muddatidan ilgari bekor bo‘lishiga olib kelmaydi.
30. Sug‘urta voqeasi sodir bo‘lgan paytda qayta sug‘urta qildiruvchi qayta sug‘urta qilish shartnomasiga muvofiq qayta sug‘urta mukofotini to‘lash majburiyatini bajarmagan yoki tegishli ravishda bajarmagan holatlarda, qayta sug‘urtalovchi qayta sug‘urta qildiruvchiga to‘lashi lozim bo‘lgan sug‘urta tovonini to‘layotganda sug‘urta hodisasi sodir bo‘lgan paytda kelib tushmagan qayta sug‘urta mukofoti summasini ushlab qolishga haqli.
3-§. Qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarning yuzaga kelishi va sug‘urta tovoni to‘lanishining standart shartlari
31. Qayta sug‘urtalovchining qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovonini to‘lash majburiyatlari asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha qayta sug‘urta qildiruvchining shunday majburiyatlari kelib chiqqunga qadar yuzaga kelishi mumkin emas.
32. Asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta hodisasi deb tan olinishi mumkin bo‘lgan voqea sodir bo‘lganda, qayta sug‘urta qildiruvchi tegishli xabarni olgandan keyin besh ish kunidan kechiktirmasdan qayta sug‘urtalovchini bu haqda xabardor qilishi shart.
33. Asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta da’volarini hal etish qayta sug‘urta qilish shartnomasida nazarda tutilgan sug‘urta da’volarini hal etish bo‘yicha shartlashish asosida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar qayta sug‘urta qilish shartnomasida sug‘urta da’volarini hal etish bo‘yicha shartlashish nazarda tutilmagan bo‘lsa, qayta sug‘urta qildiruvchi sug‘urta da’vosini asosiy sug‘urta shartnomasiga muvofiq mustaqil hal etadi, bunda u maslahatlar olish uchun qayta sug‘urtalovchiga murojaat etishi mumkin. Qayta sug‘urtalovchi asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta summasining 50% dan ko‘pini qayta sug‘urta qilishga olgan taqdirda qayta sug‘urta qildiruvchi sug‘urta voqeasini sug‘urta hodisasi deb tan olish, sug‘urta tovoni (sug‘urta to‘lovi) miqdorini aniqlash va uni to‘lash haqidagi qarorini qayta sug‘urtalovchi bilan kelishishi shart.
(33-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
34. Qayta sug‘urtalovchi qayta sug‘urta qildiruvchidan sug‘urta tovonini to‘lash haqidagi talabi bo‘yicha arizani barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida bunday ariza bo‘yicha qaror qabul qilishi va qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovonini to‘lash haqida qaror qabul qilgan taqdirda, sug‘urta tovonini to‘lash haqida qaror qabul qilgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida sug‘urta tovonini qayta sug‘urta qildiruvchiga o‘tkazishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
35. Qayta sug‘urta qildiruvchi qayta sug‘urta qilish shartnomasi amalda bo‘lgan davrda asosiy sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta tovoni (sug‘urta to‘lovi) to‘lovlari bilan bog‘liq qayta sug‘urtalovchining qayta sug‘urta qildiruvchiga sug‘urta tovonini to‘lash majburiyatlari qayta sug‘urta qilish shartnomasi muddati tugashi bilan to‘xtamaydi.
(35-band O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
36. Qayta sug‘urtalovchi qayta sug‘urta qildiruvchi bilan kelishgan holda o‘z mutaxassislarini yoki mustaqil ekspertlarni sug‘urta voqeasi kelib chiqish holatlarini tekshirishda qatnashish uchun yuborishga haqli.
Bunda qayta sug‘urtalovchi jalb etgan mutaxassislar yoki mustaqil ekspertlarning tekshirishda qatnashishi bilan bog‘liq xarajatlar qayta sug‘urtalovchi tomonidan to‘lanadi.
Sug‘urta hodisasini tekshirishda qatnashish uchun mustaqil ekspertlar qayta sug‘urtalovchi tomonidan qayta sug‘urta qildiruvchining so‘roviga muvofiq jalb qilingan holda bunday ekspertlarning xizmatlari uchun to‘lovlar bo‘yicha xarajatlar qayta sug‘urta qildiruvchi tomonidan to‘lanib, keyinchalik qayta sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urta tovonida o‘zining ulushiga proporsional ravishda qoplanadi.
37. Qayta sug‘urtalovchi qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovonini to‘lashni rad etish yoki uning miqdorini kamaytirish huquqiga ega, agarda:
Oldingi tahrirga qarang.
qayta sug‘urta qildiruvchi sug‘urta tovonini (sug‘urta to‘lovini) to‘lash haqidagi qarorini asosiy sug‘urta shartnomasi yoki qayta sug‘urta qilish shartnomasi shartlarini buzgan holda qabul qilgan bo‘lsa;
(37-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
qayta sug‘urta qildiruvchi qayta sug‘urtalovchidan asosiy sug‘urta shartnomasi shartlarini yoki tavakkalchilik darajasiga, muddatlar va qayta sug‘urtalovchi majburiyatlari hajmiga jiddiy ta’sir etuvchi holatlarni yashirgan bo‘lsa;
sug‘urta hodisasi haqidagi xabar kelishilgan muddatlarga rioya etmagan holda bildirilib, bunday rioya etmaslik sug‘urta hodisasi sodir bo‘lishi holatlari haqida to‘g‘ri axborot olib bo‘lmasligiga sabab bo‘lsa;
Oldingi tahrirga qarang.
qayta sug‘urta qildiruvchi sug‘urta tovonini (sug‘urta to‘lovini) qayta sug‘urta qilish shartnomasiga muvofiq qayta sug‘urta qilinmagan tavakkalchiliklar yoki obyektlar bo‘yicha to‘lagan bo‘lsa;
(37-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
Oldingi tahrirga qarang.
qayta sug‘urta qildiruvchi sug‘urta tovonining (sug‘urta to‘lovining) kompromiss to‘lovini amalga oshirgan bo‘lsa.
(37-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
Oldingi tahrirga qarang.
38. Qayta sug‘urtalovchi qayta sug‘urta qildiruvchining sug‘urta hodisalarini hal etish xarajatlarini qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta summasining asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta summasiga bo‘lgan nisbatga (proporsional qayta sug‘urta qilish shartnomalari uchun) yoki qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan sug‘urta tovonining qayta sug‘urta qildiruvchi tan olgan zararning umumiy miqdoriga bo‘lgan nisbatga (noproporsional qayta sug‘urta qilish shartnomalari uchun) proporsional qoplaydi.
(38-band O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
39. Qayta sug‘urta qildiruvchi qayta sug‘urtalovchiga regress talablari va da’volaridan yoki asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalangan va qaytarilgan mol-mulkni sotishdan olingan pul mablag‘larining tuzilgan qayta sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha uning majburiyatlariga proporsional bo‘lgan ulushini qayta sug‘urta qildiruvchining hisob raqamida tegishli mablag‘ hisobga olingan kundan boshlab o‘n ish kuni ichida to‘lashi shart.
40. Agar qayta sug‘urta qildiruvchi unga sug‘urta qildiruvchidan o‘tgan zararlar uchun javobgar shaxsdan talab qilish huquqidan oldindan voz kechgan bo‘lsa va bu qayta sug‘urta qilish shartnomasini tuzish paytida qayta sug‘urtalovchiga ma’lum bo‘lgan bo‘lsa, bu holat qayta sug‘urtalovchini sug‘urta tovonini to‘lashdan ozod qilinishi uchun asos bo‘lmaydi.
4-§. Qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha qayta sug‘urtalovchining majburiyatlarini to‘xtatib turish va sug‘urtaning amal qilish muddatini uzaytirish bo‘yicha standart shartlar
41. Qayta sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lash majburiyatlari to‘xtatib turilgan taqdirda qayta sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini to‘lash majburiyatlari to‘xtatib turilgan davrda sodir bo‘lgan sug‘urta hodisalari natijasida yuzaga kelgan zararlar uchun sug‘urta tovonini to‘lamaydi.
42. Asosiy sug‘urta shartnomasining amal qilish muddatining uzaytirilishi qayta sug‘urta qilish shartnomasining amal qilish muddatining uzayishiga olib kelmaydi.
5-§. Qayta sug‘urta qilish shartnomasiga o‘zgartirishlar va/yoki qo‘shimchalar kiritishning, shuningdek uning muddatidan ilgari bekor qilishning standart shartlari
43. Qayta sug‘urta qilish shartnomasiga o‘zgartirishlar va/yoki qo‘shimchalar kiritish faqat tomonlarning yozma kelishuvi bo‘yicha yo‘l qo‘yilishi mumkin.
44. Qayta sug‘urta qilish shartnomasi tomonlarning o‘zaro roziligi bilan bir tomon ikkinchi tomonni qayta sug‘urta qilish shartnomasi muddatidan ilgari bekor qilinishi taxmin qilingan sanadan kamida 30 kun oldin yozma xabar berish orqali muddatidan ilgari bekor qilinishi mumkin.
45. Qayta sug‘urta qilish to‘g‘risidagi bosh shartnoma (bitim) muddatidan ilgari bekor qilinsa, qayta sug‘urta qilish to‘g‘risidagi bosh shartnoma (bitim) asosida va u amalda bo‘lgan davrda imzolangan qayta sug‘urta qilish sliplari bo‘yicha tomonlarning majburiyatlari o‘z kuchida qoladi.
IV-bo‘lim. Yakuniy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
46. Qayta sug‘urta qilish shartnomasini tuzish va ijro etish jarayonida yuzaga keladigan barcha bahs va kelishmovchiliklar tomonlar o‘rtasida muzokaralar yo‘li bilan hal etilishi, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etilishi lozim.
(46-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Oldingi tahrirga qarang.
47. Sug‘urtalovchi tomonidan mazkur Nizom talablari buzilgan taqdirda sug‘urtalovchiga nisbatan qonunchilik hujjatlariga muvofiq choralar qo‘llaniladi.
(47-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 4-5-son, 46-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.07.2019-y., 10/19/2190-1/3352-son, 16.10.2019-y., 10/19/2190-2/3917-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son; 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)