Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzini oʻzi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati oʻzini oʻzi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻroviga (bundan buyon matnda parlament soʻrovi deb yuritiladi) berilgan javobni koʻrib chiqib, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 408-moddasida nazarda tutilgan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan toʻlanadigan ijtimoiy soliq hisobot yilining 1-dekabrigacha amalga oshirilishiga oid norma qayta koʻrib chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasining “Soliq va budjet siyosatining 2025-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi.
Ushbu Qonun asosida oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan toʻlanadigan ijtimoiy soliq hisobot yilining 31-dekabrigacha amalga oshirilishi belgilandi.
Ijtimoiy soliqning ahamiyati va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun yaratilgan qulayliklar boʻyicha “Soliq xizmati xabarlari” ijtimoiy tarmoq kanali orqali 200 dan ziyod postlar eʼlon qilinib, jamoatchilikka yetkazildi.
Shu bilan birga, parlament soʻrovida koʻrsatilgan ayrim masalalar yuzasidan javob yetarli darajada aks etmagan.
Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan ijtimoiy soliq summasi belgilangan miqdordan kam toʻlangan hollarda mehnat stajini toʻlangan soliq miqdoriga mutanosib ravishda inobatga olish yoki toʻlangan summani soliq toʻlovchiga qaytarishning huquqiy mexanizmlari joriy etilmagan.
Yoshga doir pensiya tayinlash uchun yetarli mehnat stajiga ega boʻlmagan fuqarolarga (oz muddat yetmagan hollarda, 6 oydan 1 yilgacha) oʻzini oʻzi band qilish orqali zarur mehnat stajiga ega boʻlish imkoniyati yaratilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasida doimiy asosda ishlovchi senator M. Kadirxanovaning axborotini eshitib va muhokama qilib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2024-yil 10-iyuldagi SQ-949-IV-sonli Qarori bilan oʻzini oʻzi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovida qoʻyilgan masalalar chuqur oʻrganilmaganligi koʻrsatib oʻtilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hamda Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda 2025-yil 15-noyabrga qadar:
oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan toʻlangan ijtimoiy soliqni majburiy tartibda toʻlash tizimi yaratilishini koʻrib chiqish;
oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan ijtimoiy soliq summasi belgilangan miqdordan kam toʻlangan hollarda mehnat stajini toʻlangan soliq miqdoriga mutanosib ravishda inobatga olish yoki toʻlangan summani soliq toʻlovchiga qaytarishning huquqiy mexanizmlarini joriy etish;
yoshga doir pensiya tayinlash uchun yetarli mehnat stajiga (oz muddat yetmagan hollarda, 6 oydan 1 yilgacha) ega boʻlmagan fuqarolarga oʻzini oʻzi band qilish orqali zarur mehnat stajiga ega boʻlish imkoniyatini yaratish choralarini koʻrsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan toʻlanadigan ijtimoiy soliq miqdorini Soliq kodeksidagi 408-modda talablariga muvofiqlashtirishga oid takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi parlament soʻrovida aks ettirilgan mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrsin va har oy yakuni boʻyicha keyingi oyning 5-sanasiga qadar amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Senatga axborot kiritsin.
5. Mazkur Qaror ijrosi boʻyicha Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi O. Kozixonova Senat Kengashiga 2025-yil 15-dekabrga qadar axborot taqdim etsin.
6. Mazkur Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2025-yil 18-mart,
SQ-103-V-son