Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzini oʻzi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga oʻzini oʻzi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan parlament soʻrovi yuborish haqidagi masalani koʻrib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 12-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga oʻzini oʻzi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan parlament soʻrovi ilovaga muvofiq yuborilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi parlament soʻrovini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha 2024-yilning 30-oktabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yozma javob taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi (M. Kadirxanova) parlament soʻroviga kelib tushgan javobni tahlil qilib, shu yilning 10-noyabriga qadar Oliy Majlis Senatining Kengashiga axborot kiritsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2024-yil 10-iyul,
SQ-949-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2024-yil 10-iyuldagi SQ-949-IV-sonli qaroriga
ILOVAOʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga
PARLAMENT SOʻROVI
(oʻzini oʻzi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan aholini oʻzini oʻzi band qilish, xususan fuqarolar tomonidan ijtimoiy soliq toʻlash orqali pensiya uchun zarur mehnat stajini hisobga olish borasidagi ishlar holati oʻrganildi.
Oʻzbekiston Respublikasida oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan 100 dan ziyod faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 408-moddasiga asosan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida ijtimoiy soliq ixtiyoriy ravishda toʻlanadi. Shuningdek, ushbu moddaga koʻra oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar ijtimoiy soliq toʻlovini hisobot yilining 1-dekabrgacha amalga oshiradi.
2020 — 2023-yillar davomida 2,5 mln dan ziyod fuqaro (shundan 1,1 mlni ayollar) oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatga olingan.
Maʼlumot uchun: oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning 45 foizi maishiy xizmat koʻrsatish, 19 foizi qishloq xoʻjaligi, 14 foizi ijtimoiy yoʻnalish, 10 foizi xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda roʻyxatga olingan.
Jumladan, oʻzini oʻzi band qilgan ayollarning 42 foizi maishiy xizmat koʻrsatish, 26 foizi ijtimoiy yoʻnalish, 15 foizi qishloq xoʻjaligi, 14 foizi xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqarish, 2 foizi AKT, 1 foizi sanoat yoʻnalishida roʻyxatga olingan.
Oʻrganish va tahlillar, jumladan aholi murojaatlari oʻzini oʻzi band qilish bilan bogʻliq ayrim muammolar borligini koʻrsatmoqda.
Birinchidan, oʻzini oʻzi band qilish tizimining mazmun-mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida aholi oʻrtasida yetarlicha targʻibot-tushuntirish ishlari olib borilmayotgani sababli oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatga olinganlar tomonidan ijtimoiy soliq toʻlash darajasi pastligicha qolmoqda. Xususan, 2020 — 2023-yillarda roʻyxatga olinganlarning 13 foizi (336 mingi, shu jumladan 131 mingi ayol) ijtimoiy soliq toʻlovini amalga oshirgan, xolos.
Shuningdek, 2023-yilda aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 65 mingga yaqin fuqarolarga oʻzini oʻzi band qilish uchun 313 mlrd soʻm subsidiya ajratilgan boʻlib, ushbu fuqarolarning 88 foizi ijtimoiy soliq toʻlovlarini amalga oshirmagan.
Ikkinchidan, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan kam miqdorda soliq toʻlangan hollarda ularga tegishli yil uchun mehnat staji hisoblanmayapti. Ayni paytda mazkur holatda toʻlangan ijtimoiy soliq summasini soliq toʻlovchiga qaytarib berish amaliyoti shakllanmagan.
Maʼlumot uchun: 2023-yilda Toshkent shahrida oʻzini oʻzi band qilgan 437 nafar fuqaro (70,7 %) bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan kam miqdorda soliq toʻlagan va ularga tegishli yil uchun mehnat staji hisoblanmagan (ushbu holat boshqa hududlarda ham kuzatilgan).
Uchinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 408-moddasi talablariga muvofiq oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar ijtimoiy soliq toʻlovlarini hisobot yilining 1-dekabrga qadar amalga oshirishlari belgilangan. Lekin amalda mazkur sanadan keyin 31-dekabrga qadar soliq toʻlagan shaxslar mavjud.
Maʼlumot uchun: 2021 — 2023-yillarda dekabr oyida jami oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning soni 381,7 ming nafarni tashkil qilgan. Shundan 2023-yil dekabr oyida oʻzini oʻzi band qilgan sifatida roʻyxatdan oʻtgan shaxslar soni 173,6 mingni tashkil etgan va bu koʻrsatkich 2021-yil dekabr oyida roʻyxatdan oʻtganlar (52 ming nafar) soniga nisbatan qariyb 3,5 baravarga koʻp. Mazkur shaxslarning 70 mingi aynan 1 — 31-dekabr oraligʻida ijtimoiy soliq toʻlovini amalga oshirgan.
Toʻrtinchidan, amaldagi qonunchilikka muvofiq 2022-yil 1-noyabrdan mehnatga layoqatli aholini roʻyxatga olish va hisobini yuritish tartibi joriy qilingan. Biroq soliq organlarining elektron tizimida 55 yoshga toʻlgan ayollar hamda 60 yoshga toʻlgan erkaklar oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻta olmaydi. Bu esa yoshga doir pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan mehnat staji yetarli boʻlmagan hollarda aynan oʻzini oʻzi band qilish orqali mehnat stajiga ega boʻlish imkoniyatini cheklamoqda.
Beshinchidan, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan toʻlanadigan ijtimoiy soliq miqdorini belgilashda tegishli qonunlarda ayrim nomuvofiqliklar bor. Xususan, Soliq kodeksining 408-moddasiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida ijtimoiy soliq toʻlanishi lozim. “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 36-moddasida ushbu miqdor bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan kam boʻlmasligi belgilangan. Bu esa huquqni qoʻllash amaliyotida ayrim tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunining 12-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunining 14-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati:
1) oʻzini oʻzi band qilishning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga yetkazish boʻyicha ishlar holati, jumladan oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatga olinganlar tomonidan ijtimoiy soliq ixtiyoriy toʻlanishi darajasini oshirish;
2) oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan ijtimoiy soliq summasi belgilangan miqdordan kam toʻlangan hollarda mehnat stajini toʻlangan soliq miqdoriga mutanosib ravishda inobatga olish yoki toʻlangan summani soliq toʻlovchiga qaytarishning huquqiy mexanizmlarini joriy etish;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 408-moddasida nazarda tutilgan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan toʻlanadigan ijtimoiy soliq hisobot yilining 1-dekabrgacha amalga oshirilishiga oid normani qayta koʻrib chiqish va 31-dekabrga qadar belgilash, jumladan, 2023-yil dekabr oyi davomida 31 mingga yaqin fuqarolar toʻlagan soliq asosida tegishli yil uchun toʻliq mehnat stajini hisobga olish normasini tatbiq etish masalasini koʻrib chiqish;
4) yoshga doir pensiya tayinlash uchun yetarli mehnat stajiga (oz muddat yetmagan hollarda, 6 oydan 1 yilgacha) ega boʻlmagan fuqarolarga oʻzini oʻzi band qilish orqali zarur mehnat stajiga ega boʻlish imkoniyatini yaratish;
5) oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan toʻlanadigan ijtimoiy soliq miqdoriga oid tegishli qonun hujjatlaridagi oʻzaro nomuvofiqlik holatlarini bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda koʻzda tutilayotgan rejalar toʻgʻrisida yozma ravishda asoslantirilgan tushuntirish berish yoki oʻz nuqtai nazaringizni bayon qilish talabi qoʻyilgan parlament soʻrovi bilan murojaat etadi va javobingiz Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama etilib, uning yakunlari boʻyicha tegishli qaror qabul qilinishi maʼlum qilinadi.