Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflarini koʻrib chiqish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari R. Xakimovning “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflarini koʻrib chiqish borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, keyingi yillarda xalq vakillari faoliyatida fuqarolarning qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflarini koʻrib chiqish, qonun loyihalarini muhokama qilish jarayonida ulardan foydalanish, taklif bergan fuqarolar bilan hamkorlik qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yangi saylangan Oliy Majlis palatalarining 2024-yil 18 — 20-noyabr kunlari boʻlib oʻtgan majlislaridagi dasturiy nutqlarida aholi bilan bevosita muloqot qilib, odamlarni qiynayotgan muammolarning huquqiy yechimini topish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqotni yanada kuchaytirish, aholi fikrlari va takliflarini eshitish muhim ekanligiga ustuvor ahamiyat qaratilgan edi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) oʻz faoliyatini ochiq va oshkora olib bormoqda. Birgina quyi palata majlislarini toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatish amaliyotining yoʻlga qoʻyilgani aholi uchun muhokama qilinayotgan qonun loyihalari yuzasidan oʻz fikr-mulohaza va takliflarini bildirish imkonini kengaytirdi.
Qonunchilik palatasiga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 2024-yilda yuborilgan murojaatlar tahlili olib borilayotgan islohotlar natijasida aholining huquqiy madaniyati yuksalib, qonun ijodkorligi jarayoniga daxldorlik hissi ortib borayotganligini koʻrsatmoqda.
Xususan, Qonunchilik palatasiga kelib tushgan murojaatlar orasida qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflar soni yildan-yilga koʻpaymoqda. 2023-yilda Qonunchilik palatasiga jismoniy va yuridik shaxslardan qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir jami 332 ta taklif kelib tushgan boʻlsa, 2024-yilda ularning soni 378 taga yetgan.
Takliflarning 204 tasi Qonunchilik palatasi Virtual qabulxonasi, 71 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasi, 45 tasi fuqarolar qabuli hamda 58 tasi pochta aloqa vositalari orqali kelib tushgan.
Ularda tadbirkorlik, taʼlim, sogʻliqni saqlash va ekologiya sohalarini yanada rivojlantirish, sud-huquq, bank-moliya, soliq, aholi bandligi va ijtimoiy himoya yoʻnalishlaridagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan qator takliflar bildirilgan.
Takliflar asosan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi, Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Mehnat, Uy-joy, Soliq kodekslari, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi, “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi, “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi, “Reklama toʻgʻrisida”gi kabi qonunlarni takomillashtirishga qaratilgan.
Qonunchilik palatasi qoʻmitalari tomonidan qonunlar, qonun loyihalari yuzasidan taklif bildirgan fuqarolar bilan oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Takliflari asosli deb topilgan fuqarolar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularning ishtirokida muhokamalar oʻtkazilgan va ayrim takliflar qonun hujjatlarini takomillashtirish jarayonida foydalanilgan.
Jumladan, Toshkent shahrida yashovchi fuqarolar I. Rasulov va X. Qurbonovaning takliflari “Oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi, fuqaro D. Qahhorovning taklifi “Huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasida aks ettirilgan.
Shu bilan birga, qonun hujjatlariga doir fuqarolarning takliflari tahlili ularni koʻrib chiqish borasida eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan ayrim masalalar ham mavjudligini koʻrsatmoqda.
Xususan, qonun hujjatlariga takliflarni Qonunchilik palatasi qoʻmitalarida mualliflar ishtirokida muhokama qilib borish amaliyotini yanada kengaytirish, asosli taklif yoʻllagan fuqarolarni ragʻbatlantirish choralarini koʻrish muhim ahamiyat kasb etadi.
Murojaatlardagi asosli takliflarni qonun ijodkorligi jarayonida, shu jumladan Qonunchilik palatasi deputatlarining qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanishida inobatga olishga alohida eʼtibor qaratish lozim.
Amaldagi qonun hujjatlaridagi normalar boʻyicha taklif joʻnatgan jismoniy va yuridik shaxslarga qonunchilik talablariga muvofiq oʻz vaqtida va asoslantirilgan javob yuborish zarur.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflarni koʻrib chiqish borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari R. Xakimovning “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflarini koʻrib chiqish borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari tomonidan qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan taklif yuborgan fuqarolar bilan uchrashuvlar tashkil etish boʻyicha “Yoʻl xarita” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga oʻzlarining dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, fuqarolar tomonidan qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan bildirilgan takliflarni oʻz majlislarida doimiy ravishda koʻrib borish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari:
Qonunchilik palatasiga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan yuborilgan takliflarni oʻzlarining majlislarida koʻrib borish amaliyotidan samarali foydalansin;
asosli taklif yoʻllagan fuqarolarni Qonunchilik palatasining Faxriy yorligʻi va Tashakkurnomasi bilan taqdirlash orqali ragʻbatlantirish yuzasidan takliflar kiritib borsin;
qoʻmitalar huzuridagi Jamoatchilik kengashlari majlislariga qonunchilikka taklif bergan fuqarolarni taklif etish, ular bilan uchrashuvlar tashkil qilish amaliyotini yoʻlga qoʻysin hamda bildirilgan takliflardan qonun ijodkorligida foydalanishga alohida eʼtibor qaratsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari va deputatlari qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha taklif joʻnatgan jismoniy va yuridik shaxslarga asoslantirgan holda, qonunchilik talablariga muvofiq oʻz vaqtida javob yuborishni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining Tashkiliy ishlar va kadrlar boʻlimi har yarim yilda qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan takliflarni umumlashtirgan holda Qonunchilik palatasi rahbariyatiga maʼlumot kiritib borsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining Matbuot xizmati qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan bildirilgan takliflarni hamda ularni yuborgan fuqarolar bilan oʻtkaziladigan uchrashuvlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish choralarini koʻrsin.
8. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
9. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2025-yil 6-fevral,
437-V-son