Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorining
buyrugʻi
“Sifat boʻyicha ekspert-auditorlarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 24-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2899-2]
Oʻzbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi va “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-iyuldagi 370-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va uning tizimidagi tashkilotlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish choralari toʻgʻrisida”gi hamda 2024-yil 1-iyuldagi 371-son “Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi davlat boshqaruvi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktorining 2017-yil 20-iyundagi 411-son “Sifat boʻyicha ekspert-auditorlarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2899, 2017-yil 21-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 29-son, 718-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor A. JUMANAZAROV
Toshkent sh.,
2025-yil 27-fevral,
21-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorining 2025-yil 27-fevraldagi 21-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“Sifat boʻyicha ekspert-auditorlarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Buyruq muqaddimasidagi “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-avgustdagi 373-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi toʻgʻrisidagi nizomga” degan soʻzlar “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-iyuldagi 370-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va uning tizimidagi tashkilotlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish choralari toʻgʻrisida”gi qaroriga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. Nizomda:
a) muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom sifat boʻyicha ekspert-auditorlarni hamda sifat boʻyicha ekspert-auditorlikka nomzodlarni (bundan buyon matnda nomzod deb yuritiladi) attestatsiyadan oʻtkazish tartibini belgilaydi.”;
b) 1-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“akkreditatsiya — muvofiqlikni baholash organlarining muayyan faoliyat sohasida muvofiqlikni baholashga doir ishlarni bajarishga vakolatliligini akkreditatsiya organi tomonidan rasman tasdiqlash;”;
beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“davriy baholash — akkreditatsiya qilingan subyekt faoliyatining akkreditatsiya davrida belgilangan talablarga muvofiqligini akkreditatsiya siklida qayta baholash tartib-taomili;”;
d) 3-banddagi “inspeksiya nazoratlarida” degan soʻzlar “davriy baholashlarda” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
e) 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Attestatsiya komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) direktorining buyrugʻiga asosan Agentlik, Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi, “Oʻzbekiston standartlar instituti” davlat muassasasi, “Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi, “Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasasi va “Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi” davlat muassasasi mutaxassislari orasidan kamida toʻqqiz aʼzodan iborat tarkibda tuziladi.”;
f) 8 va 25-bandlardan “bosh” degan soʻz chiqarib tashlansin;
g) 9-banddagi “va sifat tizimlarini joriy etish” degan soʻzlar “boʻyicha texnik siyosatni amalga oshirish” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
i) 14-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“14. Nomzod attestatsiyadan oʻtish uchun attestatsiyadan oʻtish haqidagi ariza bilan Agentlikka murojaat qiladi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
nomzodning mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha anketasi;
akkreditatsiya va davriy baholashlarda ishtirok etganligini tasdiqlovchi buyruq nusxalari;
ish joyidan tavsifnoma;
xodimni sertifikatlashtirilganligi toʻgʻrisidagi muvofiqlik sertifikati nusxasi.
Mazkur bandda nazarda tutilmagan hujjatlar talab qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.”;
j) 26-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“26. Apellyatsiya komissiyasi attestatsiya komissiyasi tarkibiga kirmagan Agentlik, “Oʻzbekiston standartlar instituti” davlat muassasasi, “Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi, “Oʻzbekiston standartlar instituti” davlat muassasasi muvofiqlikni baholash organlarining mutaxassislaridan besh kishidan iborat tarkibda tuziladi.”;
k) 1-ilovadagi “pasportining seriyasi, tartib raqami” degan soʻzlar “pasportining yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining seriyasi va raqami” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
l) 2-ilovadagi “Oʻzstandart” degan soʻz “Texnik jihatdan tartibga solish” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.03.2025-y., 10/25/2899-2/0264-son)