Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanishda sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasining “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanishda sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanishda sodir etiladigan huquqbuzarliklarni aniqlash;
yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanishda sodir etiladigan huquqbuzarliklarda moliyaviy sanksiyalarni hisob-kitob qilish va qoʻllash tartibi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi I.A. Nimatullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 26-fevral,
121-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-fevraldagi 121-son qaroriga
1-ILOVA
Yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanishda sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanishda sodir etilgan huquqbuzarliklarni aniqlash va huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻygan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga (yuridik shaxslar, shuningdek, yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxslar) nisbatan huquqiy taʼsir chorasi sifatida moliyaviy sanksiyalar qoʻllash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organ — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi;
Davlat energetika reyestriga kiritilgan subyektlar — yiliga besh yuz hamda undan ortiq tonna shartli yoqilgʻini va (yoki) ikki yuz ellik va undan ortiq tonna motor yoqilgʻisidan foydalanadigan yuridik shaxslar;
yoqilgʻi — xom neft, uchuvchan neft, ogʻir neft va boshqa neft mahsulotlari, suyultirilgan uglevodorod gazi, tabiiy gaz, shuningdek, yoqilgʻi sifatida foydalaniladigan koʻmir, koks va boshqa mahsulotlar;
yoqilgʻi-energetika resurslari — tabiiy va boshqa manbalardan ishlab chiqariladigan yoqilgʻi va energiyaning barcha turlari yigʻindisi;
yoqilgʻi-energetika resurslarini behuda sarflash — yoqilgʻi-energiya resurslari qurilmalarini hamda dvigatellarni ishlab chiqarish zarurati boʻlmagan holda, jihozlarning unumsiz yoki samarasiz ishlashi oqibatida yoqilgʻi-energiya resurslarining toʻgʻridan-toʻgʻri isrof qilinishi;
yoqilgʻi-energetika resurslarini ishlab chiqaruvchilar — yoqilgʻi-energetika resurslarining bir yoki bir nechta turlarini ishlab chiqaruvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
yoqilgʻi-energetika resurslarini uzatish tizimi operatori — yoqilgʻi-energetika resurslarining bir yoki bir nechta turlarini qabul qilish va yetkazib berish bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar;
yoqilgʻi-energetika resurslaridan oqilona foydalanish — yoqilgʻi-energetika resurslarining asossiz sarflanishini bartaraf etishga va ularning eng maqbul turlaridan foydalanishga qaratilgan tadbirlar;
nazorat tadbirlari — yoqilgʻi-energiya resurslarini behuda sarflash, ulardan noqonuniy va samarasiz, shuningdek, qonunchilikda belgilagan foydalanish qoidalariga zid ravishda foydalanish holatlarini aniqlash yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish doirasida hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq oʻtkaziladigan barcha turdagi tekshiruvlar;
samarasiz foydalanish — yoqilgʻi-energetika resurslarini hosil qilish va sarflash sohasida mahsulot ishlab chiqarish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatishda yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirmasdan bevosita yoqilgʻi-energetika resurslari nobudgarchiligiga yoʻl qoʻyilishi;
taʼminotchi — yoqilgʻi-energetika resurslarining bir yoki bir nechta turlarini foydalanuvchilarga yetkazib berish (sotish) faoliyati bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar;
xoʻjalik yurituvchi subyekt — yuridik shaxs, shuningdek, yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxs;
foydalanuvchi — yoqilgʻi-energetika resurslarining bir yoki bir nechta turlaridan foydalanuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
energiya auditi — foydalanilgan yoqilgʻi-energetika resurslari va energiya samaradorligi koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi ishonchli maʼlumotlarni toʻplashga, ularga ishlov berishga hamda ularni tahlil qilishga, shuningdek, xulosa tayyorlashga qaratilgan faoliyat;
energiyani tejash va energiya samaradorligi koʻrsatkichlari — yuridik va jismoniy shaxslarning energiyani tejash va energiya samaradorligiga doir tadbirlarni amalga oshirish chogʻidagi faoliyati natijalarini tavsiflovchi koʻrsatkichlar;
energiyani tejash — yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanishda energiya sarfini mahsulot ishlab chiqarish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish hajmini qisqartirmagan holda kamaytirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy, texnik, texnologik, iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasining “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish bilan bogʻliq quyidagi:
neft, gaz kondensati, neft mahsulotlari va suyultirilgan uglevodorod gazidan foydalanishdagi huquqbuzarliklar;
tabiiy gazdan foydalanishdagi huquqbuzarliklar;
elektr energiyasidan foydalanishdagi huquqbuzarliklar;
issiqlik energiyasidan foydalanishdagi huquqbuzarliklar;
sertifikatlashtirilmagan energetika uskunalari, energiya taʼminoti tarmoqlari va tizimlarining elementlaridan foydalanishdagi huquqbuzarliklar;
yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilarini energetika tekshiruvlari va ekspertizasidan oʻtkazishda sodir etilgan huquqbuzarlik holatlari aniqlanganda vakolatli organ tomonidan huquqiy taʼsir chorasi sifatida moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi.
2-bob. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash
4. Ishlab chiqaruvchi, yetkazib beruvchi hamda sotuvchilar tomonidan sifati belgilangan talablarga muvofiq boʻlmagan neft, gaz kondensati, neft mahsulotlari va suyultirilgan uglevodorod gazini realizatsiya qilishda huquqbuzarlik holatlari vakolatli organ tomonidan nazorat tadbirlari doirasida ishlab chiqaruvchilarning omborlaridagi, yoqilgʻi va gaz tashish transport vositasidagi, yoqilgʻi va gaz quyish shoxobchalarining sigʻimlaridagi neft va neft mahsulotlaridan namuna olish mexanizmlarini belgilaydigan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari asosida namunalar olish orqali aniqlanadi.
Bunda namuna olishdan oldin tegishli obyektlarda saqlanayotgan, tashilayotgan, realizatsiya qilinayotgan mahsulotlar miqdori aniqlanadi va xoʻjalik hisob-kitob daftarlari (balansi) bilan taqqoslanadi.
Namunalar akkreditatsiyadan oʻtgan muvofiqlikni baholash idoralari tomonidan nazorat xaridlari shaklida vakolatli organ bilan kelishilgan holda olinishi mumkin. Bunda akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyaning sinovlar natijalari bayonnomasidagi xulosalardan vakolatli organ tekshiruvlarni oʻtkazish hamda qoidabuzarlik sodir etilganligi holatini aniqlashda foydalanadi.
Sifati belgilangan talablarga muvofiq emas deb topilgan, yaʼni texnik reglament va standart talablariga mos kelmagan mahsulotlarning realizatsiya qilinishi toʻxtatiladi.
Sifati buzilgan mahsulotning hajm yoki vazn birligidagi miqdori saqlanayotgan sisterna va rezervuardagi haqiqiy miqdorini belgilangan talablar asosida oʻlchash yoʻli bilan aniqlanadi. Uning qiymatini aniqlashda xoʻjalik yurituvchi subyektning xoʻjalik hisob-kitob daftarlarida (balansida) turgan qiymat asos qilib olinadi.
Yoqilgʻi quyish shoxobchalarining rezervuarlarida saqlanayotgan mahsulotlar sifatsiz deb topilgan taqdirda, realizatsiya qilingan sifatsiz mahsulotlarning haqiqiy hajmi (miqdori) sifatsiz mahsulot saqlanayotgan sisterna yoki rezervuarga mahsulot oxirgi marotaba qabul qilinganidan soʻng tashkil etgan miqdoridan qoldiq miqdorni chegirib tashlash yoʻli orqali aniqlanadi.
Bunda vakolatli organ tomonidan qoʻllaniladigan moliyaviy sanksiya miqdori realizatsiya qilingan sifatsiz mahsulotlar hajmidan (vaznidan) kelib chiqib hisob-kitob qilinadi.
Sisterna va rezervuarda saqlanayotgan sifatsiz mahsulotlar ularning sifatini tiklashga, mahsulot sifatini tiklashning imkoni boʻlmagan taqdirda, qayta ishlashga yuboriladi.
Bunda barcha xarajatlar sifatni tiklashga yoki qayta ishlashga yuborilayotgan mahsulotlar sifati buzilishiga yoʻl qoʻygan xoʻjalik yurituvchi subyekt hisobidan amalga oshiriladi.
Quyidagilar neft, gaz kondensati, neft mahsulotlari va suyultirilgan uglevodorod gazining sifat koʻrsatgichlari buzilishi hisoblanadi:
neft mahsulotlarining turlarini (markalarini) aralashtirish yoki ularga har xil qoʻshimchalarni qoʻshish;
neft mahsulotlarining belgilangan sifati saqlanishini taʼminlashda ularning saqlash obyektlarida mahsulotlarning turlari almashganda, tegishli rezervuarlarning tozaligini taʼminlash va ularni toʻldirishga tayyorlash, neft va neft mahsulotlarini qadoqlash, markirovkalash, tashish va saqlash, neft bazalarini ishlatish qoidalarini belgilovchi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga mos kelmasligi;
neft va neft mahsulotlarining har qaysi rusumi (markasi) alohida qabul qilish va tarqatish imkonini beruvchi texnologik quvur uzatgichlar bilan taʼminlanmagan rezervuarlarda saqlanishi;
neft, neft mahsulotlari va suyultirilgan gazni tashishda (transport orqali tashishda) tashish qoidalariga rioya etilmasligi, neft mahsulotlarining sifatini belgilovchi pasportsiz va (yoki) avtotsisternalarni plombalamasdan tashilishi;
rezervuarlar va ulardagi uskunalarning germetikligi taʼminlanmaganligi sababli neft va neft mahsulotlariga atmosfera yogʻinlari va chang tushishiga yoʻl qoʻyilishi;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlar.
5. Neft mahsulotlari va suyultirilgan uglevodorod gazini qonunchilikda belgilangan tartibda sertifikatlashtirishdan oʻtkazilmagan hamda belgilangan tartibda tamgʻalanmagan nazorat oʻlchov asboblari va yoqilgʻi tarqatish uskunalari orqali yetkazib berish, shuningdek, nazorat oʻlchov asboblariga tashqaridan bevosita taʼsir koʻrsatishda huquqbuzarlik holatlarini aniqlash vakolatli organning xodimlari tomonidan nazorat tadbirlari doirasida ishlab chiqaruvchi, yetkazib beruvchi hamda sotuvchilarga tegishli temir yoʻl va avtotarozilar, avtotsisterna, tirkamali agregatlar, yoqilgʻi tarqatish, moy tarqatish va gaz tarqatish ustunlari (dispenserlar) hamda boshqa quyish-toʻkish uskunalarining quyish meʼyorlarini korxona rahbari yoki uning masʼul vakillari ishtirokida tekshirish orqali qayd qilinadi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan mahsulotlar yetkazib berilishida metrologiya tekshiruvidan oʻtkazilmagan, davriy qiyoslash muddati oʻtgan, tamgʻalanmagan, nosoz va oʻlchash xatoligi normativ hujjatlarga mos kelmaydigan temir yoʻl va avtotarozi, avtotsisterna, tirkamali agregatlar, yoqilgʻi tarqatish, moy tarqatish va gaz tarqatish ustunlaridan (dispenser) hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat sinovlaridan oʻtmagan va turi tasdiqlanmagan yoki metrologik attestatsiyadan oʻtkazilmagan gaz tarqatish ustunlaridan (dispenser), hisoblagichlardan va boshqa qurilmalardan foydalanish holatlari huquqbuzarlik sifatida belgilanadi.
Quyidagilar hisoblagichga bevosita taʼsir koʻrsatish deb hisoblanadi:
yetkazib beruvchi hamda sotuvchilarning temir yoʻl va avtotarozilari, yoqilgʻi tarqatish, moy tarqatish va gaz tarqatish ustunlari va boshqa quyish-toʻkish uskunalariga qoʻyilgan tamgʻalarni buzilishi;
yetkazib beruvchi hamda sotuvchilarning temir yoʻl va avto tarozilari, yoqilgʻi tarqatish, moy tarqatish va gaz tarqatish ustunlari va boshqa quyish-toʻkish uskunalari orqali yetkazib berilayotgan miqdorlarni namunaviy oʻlchagich va tarozi toshlari yordamida oʻlchash orqali neft mahsulotlari va suyultirilgan uglevodorod gazini kam quyish holatlari aniqlanishi hamda avtotsisterna va tirkamali agregatlarga oʻrnatilgan sath oʻlchov cheklagichlari joylashuvining oʻzgartirilishi (Texnik jihatdan tartibga solish agentligi xulosasi asosida baholanadi), yaʼni ularga inson omili orqali tashqi taʼsir koʻrsatilishi;
yoqilgʻi tarqatish, moy tarqatish va gaz tarqatish ustunlarining mahsulot miqdorini oʻlchash uskunasiga tashqi taʼsir koʻrsatish;
yoqilgʻi tarqatish, moy tarqatish va gaz tarqatish ustunlariga (dispenser) ruxsat etilmagan modem yoki boshqa aloqa vositalarini ruxsatsiz ulash yoxud qurilmalarga qonunchilikka zid ravishda tashqi taʼsir koʻrsatish.
Huquqbuzarlik holatlari aniqlangan taqdirda, hisob-kitoblar oxirgi tekshiruv oʻtkazilgan davrdan boshlab mazkur uskunalar orqali yetkazib berilgan mahsulotlarni miqdor koʻrsatkichlari asosida hisob-kitob qilinadi.
6. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi davlat nazorati organlarining tegishli ruxsatnomasi va xulosasisiz tabiiy gazdan foydalanish qurilmalarida sinov-sozlash ishlarini amalga oshirishda huquqbuzarlik holatlari vakolatli organ tomonidan oʻtkaziladigan nazorat tadbirlari doirasida aniqlanadi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan tabiiy gazdan foydalanish qurilmalarida tegishli xulosasiz sinov-sozlash ishlari amalga oshirilganligi aniqlangan taqdirda, ushbu xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan amalga oshirilgan sinov-sozlash ishlarining shartnoma bahosidan kelib chiqib, moliyaviy sanksiya qoʻllaniladi, shuningdek, amalga oshirilayotgan barcha ishlar toʻxtatilib, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning qurilmalari gaz tarmogʻidan uzib qoʻyiladi.
Sinov-sozlash ishlari narxini aniqlash imkoni boʻlmaganda, ushbu ishlar hajmi ularning oʻrtacha bozor qiymatidan kelib chiqib, hisob-kitob qilinadi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektga nisbatan moliyaviy sanksiya qoʻllanilishi, tarmoqda yoki qurilmada oʻtkaziladigan sinov-sozlash ishlari uchun vakolatli organning xulosasini olish majburiyatidan ozod etmaydi.
7. Magistral gaz quvurlari va gaz taqsimlash tarmoqlari orqali tabiiy gazni qabul qilish, tashish va yetkazib berishda belgilangan normadan ortiqcha texnologik yoʻqotishlarga yoʻl qoʻyish, mazkur holat ularning harakatsizligi natijasida yuzaga kelganligini aniqlashda huquqbuzarlik holatlari vakolatli organ tomonidan aniqlanadi.
Vakolatli organ har chorak yakuni bilan keyingi oyning 15-sanasiga qadar bir yilda 100 ming va undan ortiq kub metr tabiiy gazdan foydalanuvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotni (oylik tabiiy gaz isteʼmoli toʻgʻrisidagi maʼlumot) gaz uzatish va gaz taʼminoti korxonalaridan soʻrov yoʻli bilan oladi hamda mazkur maʼlumotlar boʻyicha qabul qilingan, tashilgan va yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmlarini hududlar (obyektlar) kesimida tahlil qiladi.
Vakolatli organ tomonidan soʻralgan maʼlumotlar birlamchi hujjatlar bilan birgalikda gaz uzatish va gaz taʼminoti tashkilotlari tomonidan taqdim etilishi zarur.
Tahlil davomida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning texnologik yoʻqotishlari qonunchilik va normativ hujjatlarda belgilangan texnologik yoʻqotishlar meʼyorlariga muvofiqligi oʻrganib chiqiladi.
Tabiiy gazni qabul qilish, tashish va yetkazib berishda texnologik yoʻqotishlarga belgilangan meʼyorlardan ortiqcha yoʻl qoʻyilganligi maxsus uskuna, jihozlar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa usullar bilan ham aniqlanadi. Mazkur holat huquqbuzarlik sifatida baholanadi.
Yoʻqotilgan gaz miqdori hamda uning qiymati magistral gaz quvurlari va gaz taqsimlash tarmoqlari boʻylab oʻrnatilgan hisoblagichlarning koʻrsatgichlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning xoʻjalik hisobotlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan boshqa normativlar asosida hisoblab chiqiladi.
8. Reaktiv quvvat kompensatsiyasi boʻyicha ishlarni tashkil etish tartibini buzish yoki unga rioya etmaslik bilan bogʻliq huquqbuzarlik holatlari vakolatli organ xodimlari tomonidan hududiy elektr tarmoqlari korxonasining billing tizimi orqali aniqlanadi.
Vakolatli organ xodimlari elektr energiyasidan samarasiz foydalanish, reaktiv energiyasini kompensatsiya qilmaslik holati xoʻjalik yurituvchi subyektlar ishtirokida nazorat tadbirlar davomida xar oylik foydalanilgan aktiv va reaktiv energiya miqdorlaridan quvvat koeffitsiyenti aniqlanib, qonunchilik va normativ hujjatlarda belgilangan miqdoriga nisbatan pasayganligi oʻrganiladi.
Oʻrganish natijasiga koʻra quvvat koeffitsiyenti belgilangan normalardan pasayganligi aniqlangan taqdirda, xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan huquqbuzarlik holati sodir etilgan deb topiladi hamda aniqlangan holat yuzasidan xoʻjalik yurituvchi subyekt ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Elektr energiyasining miqdori tekshiruv qamrab olgan davr mobaynida quvvat koeffitsiyentining normativ qiymatiga nisbatan pasaygan oylarda elektr energiyasining qoʻshimcha texnologik yoʻqotishlari hisob-kitoblar boʻyicha aniqlanadi.
9. Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilari tomonidan elektr yoritgichlardan qonunchilikda belgilangan normalardan ortiqcha, ishlab chiqarish zarurati boʻlmagan holda foydalanish, shuningdek, hududlarni kunning yorugʻ davri davomida maqsadsiz yoritishda huquqbuzarlik holatlari vakolatli organ tomonidan oʻtkaziladigan nazorat tadbirlari davomida aniqlanadi.
Bunda elektr energiyasining miqdori elektr taʼminoti shartnomasi rasmiylashtirilgan kundan dalolatnoma rasmiylashtirilgan kunga qadar, biroq daʼvo muddatidan ortiq boʻlmagan muddatda elektr yoritgichlar quvvatidan kelib chiqib, sutkasiga 12 soat ishlashi inobatga olinib hisoblanadi.
Quyidagi holatlar ishlab chiqarish zarurati boʻlmagan holda elektr yoritgichlardan foydalanish hisoblanadi:
ishlab chiqarish jarayoni toʻxtatilganda, sex, omborxona va (yoki) maʼmuriy binolarda elektr yoritgichlarni yoqiq turishi;
ish vaqti boʻlmagan paytda ish joylarini normativ hujjatlarda belgilangan meʼyorlardan ortiq yoritish;
ish joylarida tabiiy yorugʻlik yetarli boʻlgan holatlarda elektr yoritgichlardan foydalanish;
elektr yoritgichlarni normativ hujjatlarda belgilangan meʼyorlardan katta quvvatda oʻrnatish va hududda haddan tashqari yorugʻlik yaratish.
Elektr yoritgichlardan foydalanishda meʼyorlar qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasidagi normativ hujjatlar bilan belgilanadi.
10. Energiya isteʼmolchilariga sifat koʻrsatkichlari milliy standart talablariga javob bermaydigan elektr energiyasi yetkazib berishda huquqbuzarlik holatlarini vakolatli organ jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kelib tushgan murojaatlarga, elektr tarmoqlarida sodir boʻlgan avariyalarga va boshqa tahlillarga asosan nazorat tadbirlarini oʻtkazish orqali aniqlaydi.
Elektr energiyasining sifat koʻrsatkichlari (kuchlanish, chastota) texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan normalardan ogʻgan holda elektr energiyasi yetkazib berilishi, sifat koʻrsatkichlari belgilangan standart talablariga javob bermaydigan elektr energiyasi yetkazib berilishi deb hisoblanadi va bu toʻgʻrisida tegishli dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Sifat koʻrsatkichlari (kuchlanish, chastota) milliy standart talablariga javob bermaydigan elektr energiyasini yetkazib berish holatlari elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi korxonada aniqlansa, moliyaviy sanksiya ularning hisoblagichlarida koʻrsatilgan davrda aniqlangan elektr energiyasi hajmini ishlab chiqaruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlari va elektr energiyasini uzatuvchi yoki taqsimlovchi xoʻjalik yurituvchi subyektlari bilan tuzilgan shartnomada koʻrsatilgan har bir kVt soat uchun belgilangan tarif asosida hisoblab chiqiladi.
Sifat koʻrsatkichlari (kuchlanish, chastota) belgilangan standart talablariga javob bermaydigan elektr energiyasini yetkazib berish holatlari elektr energiyasini uzatish tizimi operatorlarida aniqlangan taqdirda, moliyaviy sanksiya ularning hisoblagichlarida koʻrsatilgan davrda aniqlangan elektr energiyasini uzatuvchi xoʻjalik yurituvchi subyekt va elektr energiyasini taqsimlovchi xoʻjalik yurituvchi subyekt oʻrtasida tuzilgan shartnomada har bir kVt soat uchun belgilangan tarif asosida sifatsiz yetkazib berilgan elektr energiyasining qiymati hisoblab chiqiladi.
Taʼminotchi korxonada sifat koʻrsatkichlari (kuchlanish, chastota) milliy standart talablariga javob bermaydigan elektr energiyasini yetkazib berish holati aniqlanganda, moliyaviy sanksiya elektr energiyasini taqsimlovchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning hisoblagichlarida koʻrsatilgan davrda aniqlangan elektr energiyasini taqsimlovchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar va elektr energiyasi foydalanuvchilari oʻrtasida tuzilgan shartnomada har bir kVt soat uchun belgilangan tarif asosida sifatsiz yetkazib berilgan elektr energiyasining qiymati hisoblab chiqiladi.
Sifat koʻrsatkichlari (kuchlanish, chastota) milliy standart talablariga javob bermaydigan elektr energiyasi yetkazib berishda bir nechta korxonaning aybdorligi aniqlangan taqdirda, elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi, uzatuvchi yoki taʼminotchi korxonalarning har biriga belgilangan standart talablariga javob bermaydigan yetkazib berilgan elektr energiyasiga mutanosib ravishda jarima belgilanadi.
Barcha holatlarda moliyaviy sanksiya hisob-kitoblari elektr energiyasi miqdorining har bir holatiga koʻra elektr energiyasini qabul qilib oluvchi nuqtalariga oʻrnatilgan elektr energiyasini hisobga olish uskunalari xotirasida va (yoki) elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi maʼlumotlarini saqlash bazasida saqlangan sifat meʼyorlarining buzilgan davrlari boʻyicha hisob-kitob qilinadi, hisoblagichlarda sifatsiz elektr energiyasi yetkazib berilgan davrni aniqlashning imkoni boʻlmagan hollarda, moliyaviy sanksiyalar bir oylik davrga nisbatan hisoblab chiqiladi.
11. Yiliga besh yuz hamda undan ortiq tonna shartli yoqilgʻini va (yoki) ikki yuz ellik hamda undan ortiq tonna motor yoqilgʻisini isteʼmol qiladigan yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilari tomonidan isitish tarmoqlaridan issiq suv, bugʻ va bugʻ kondensatining asossiz ravishda sarflanishi, xususan, issiq suvning sirqib toʻkilishi, issiqlik va bugʻ quvurlaridan, issiqlikdan foydalanuvchi uskunalardan, issiqlik tarmoqlaridan issiqlik izolyatsiyasisiz foydalanishda huquqbuzarlik holatlari vakolatli organ tomonidan oʻtkaziladigan nazorat tadbirlarida koʻzdan kechirish orqali aniqlanadi.
Isitish tarmoqlarida issiq suvning sirqib toʻkilishi hamda issiqlik va bugʻ quvurlaridan, issiqlikdan foydalanuvchi uskunalardan, issiqlik tarmoqlaridan issiqlik izolyatsiyasisiz foydalanish issiqlik energiyasidan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar hisoblanadi.
Isitish tarmoqlaridan issiq suvning sirqib toʻkilishi natijasida yoʻqotiladigan issiq suvning miqdori instrumental va hisoblash usullarda quyidagi formulalar asosida hisoblanadi:
Instrumental usulda:
G=A*24*P (tonna)
Bunda:
G — issiq suvning miqdori, tonna;
A — isitish tarmoqlarida issiq suvning sirqib toʻkilishi orqali oʻlchov asboblari bilan aniqlangan 1 soat davomida yoʻqotilayotgan issiq suv miqdori, tonna/soat;
24 — isitish tizimidan yoʻqotilayotgan issiq suvning sirqib toʻkilish vaqti, soat (isitish tizimini sutkada 24 soat davomida ishlash hisobidan);
P — isitish tizimidan yoʻqotilayotgan issiq suvning sirqib toʻkilish davri, kun. (Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlari tomonidan isitish mavsumi boshlanishi toʻgʻrisidagi chiqarilgan qarorda belgilangan sanadan qoida buzilishi holati aniqlangan sanagacha boʻlgan davr).
Hisoblash usulida:
G =7,76*10-3*d2*√H*n, (tonna)
Bunda:
G — issiq suvning miqdori, tonna;
7,76 — suv sarfini oʻlchashning doimiy koeffitsiyenti;
d — quvur diametri yoki undan issiq suv oqib chiqadigan teshikning ekvivalent diametri, mm;
N — quvurdagi teshikdan oqib tushadigan issiq suv bosimi, m;
n — quvurdan issiq suv oqqan muddat, soat.
Isitish tarmoqlaridan issiq suvning sirqib toʻkilishi aniqlanganda, yoʻqotilgan issiqlik energiyasi va qoʻllaniladigan jarima miqdori quyidagi formula orqali hisoblanadi:
Q = G*(tissiq s - tsovuq s )*10-3*S*3 (soʻm)
Bunda:
Q — hisoblangan jarima miqdori, soʻm;
G — sirqib toʻkilgan issiq suvning miqdori, tonna;
tissiq s. — sirqib toʻkilayotgan issiq suv harorati, 0S;
tsovuq s — sovuq suv harorati, 0S (QMQ 2.04.01-98 “Binolarning ichki vodoprovodi va kanalizatsiyasi”ga asosan +5 0S deb qabul qilinadi);
S — bir Gkal issiqlik energiyasining amaldagi tarifi, soʻm;
3 — yoʻqotilgan issiqlik energiyasi qiymatining 3 baravar jarima miqdori.
Issiqlik va bugʻ quvurlaridan, issiqlikdan foydalanuvchi uskunalardan, issiqlik tarmoqlaridan issiqlik izolyatsiyasisiz foydalanish holatlari aniqlanganda, yoʻqotilgan issiqlik energiyasi va qoʻllaniladigan jarima miqdori issiqlik energiyasini ishlab chiqish va uzatish uchun yoqilgʻi, elektr energiyasi, issiqlik energiyasi va suv sarflarining meʼyorlarini hamda issiqlik yuklamalarini, shuningdek, texnologik yoʻqotishlarni aniqlashga oid qonunchilik hujjatlariga asosan hisoblanadi.
Moliyaviy sanksiyalar tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar va issiqlik taʼminoti faoliyatini amalga oshiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyekt oʻrtasida tuzilgan shartnomada belgilangan narx (tarif) asosida hisoblanadi.
Issiqlik energiyasi tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomondan oʻz manbai orqali ishlab chiqarilganda, moliyaviy sanksiyalar mazkur korxona tomonidan 1 Gkal issiqlik energiyasi tannarxi boʻyicha hisoblanadi.
Ushbu hisob-kitoblar mavjud boʻlmaganda, xoʻjalik yurituvchi subyektdan tegishli maʼlumotlar olinadi va moliyaviy sanksiyalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan tasdiqlangan issiqlik energiyasi narxlari (tariflari) boʻyicha hisoblanadi.
12. Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilari tomonidan issiqlikdan foydalanuvchi uskunalardan va issiqlik tarmoqlaridan texnik jihatdan foydalanish qoidalarida belgilangan talablarga javob bermaydigan texnik holatda foydalanishda huquqbuzarlik holatlari vakolatli organ tomonidan oʻtkaziladigan nazorat tadbirlarida koʻzdan kechirish orqali aniqlanadi.
Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmada foydalanilgan, issiqlik tarmoqlaridan uzatilgan issiqlik energiyasining oʻrtacha oylik miqdori (Gkal) issiqlik energiyasini hisobga olish uskunasi yoki hisobga olishni nazorat qilish uskunasidan olingan koʻrsatkichlarga, hisobga olish uskunasidan koʻrsatkichlarni olish imkoni boʻlmagan taqdirda, ushbu qurilmaning pasportdagi yoki xoʻjalik yurituvchi subyektda mavjud boʻlgan maʼlumotlarga asosan aniqlanadi.
Issiqlik energiyasi tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt tomondan oʻz manbai orqali ishlab chiqarilganda, moliyaviy sanksiyalar mazkur xoʻjalik yurituvchi subyekti tomonidan 1 Gkal issiqlik energiyasi tannarxi boʻyicha hisoblanadi.
Ushbu hisob-kitoblar mavjud boʻlmaganda, xoʻjalik yurituvchi subyektdan tegishli maʼlumotlar olinadi va moliyaviy sanksiyalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi tomonidan tasdiqlangan issiqlik energiyasi narxlar (tariflar) boʻyicha hisoblanadi.
13. Issiqlik taʼminoti tashkiloti tomonidan normativ hujjatlarda yoki issiqlik taʼminoti shartnomasida nazarda tutilgan issiqlik energiyasi sifat koʻrsatkichlaridan chetga chiqishdagi huquqbuzarlik holatlari isteʼmolchilar tomonidan kelib tushgan murojaatlarga asosan vakolatli organ tomonidan nazorat tadbirlarini oʻtkazish yoki tahliliy oʻrganishlar orqali aniqlanadi.
Foydalanuvchi va issiqlik taʼminoti korxonasi mansublik chegarasiga oʻrnatilgan issiqlik energiyasini hisobga olish uskunasidan issiq suv yoki bugʻning bosim va harorat koʻrsatkichlari olinadi.
Ushbu koʻrsatkichlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan koʻrsatkichlardan ortib yoki kamayib ketganligi holati aniqlangan taqdirda, huquqbuzarlik sifatida dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Foydalanuvchiga sifatsiz yetkazib berilgan issiqlik energiyasi davri issiqlik energiyasini hisobga olish uskunasining xotirasidagi maʼlumotlardan olinadi, issiqlik energiyasini hisobga olish uskunasidan sifatsiz yetkazib berilgan issiqlik energiyasi davrini aniqlash imkoni boʻlmagan taqdirda, foydalanuvchi va issiqlik taʼminoti oʻrtasida tuzilgan shartnomada koʻrsatib oʻtilgan issiqlik yuklamasi miqdorining sifat koʻrsatkichlari buzilgan davr olinadi.
14. Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilari tomonidan sertifikatlashtirilmagan energetika uskunalaridan, energiya taʼminoti tarmoqlari va tizimlarining elementlaridan foydalanishda huquqbuzarlik holatlari vakolatli organ tomonidan oʻtkaziladigan nazorat tadbirlari davomida mavjud hujjatlarni va uskunalarni koʻzdan kechirish, ulardagi maʼlumotlarni solishtirish orqali aniqlanadi.
Energetika uskunalaridan, energiya taʼminoti tarmoqlaridan foydalanishdagi qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bilan belgilangan talablarga javob bermaydigan texnik holat va tizimlarning elementlaridan sertifikatlashtirilmagan holda foydalanish huquqbuzarlik hisoblanadi.
Nazorat tadbirlari davomida uskunalarning pasporti, belgilangan tartibda sertifikatlanganligi boʻyicha hujjatlar Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga taqdim etiladi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligining xulosasiga muvofiq qoniqarsiz texnik holatdagi energetika uskunalari va energiya taʼminoti tarmoqlari sertifikatlashdan oʻtkazilmaganligi holatlari aniqlanadi.
Energetika uskunalaridan, energiya taʼminoti tarmoqlaridan foydalanishda qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bilan belgilangan talablarga javob bermaydigan qoniqarsiz texnik holat va tizimlarning elementlaridan sertifikatlashtirilmagan holda foydalanish qonunchilikda belgilangan boshqa nazorat mexanizmlari orqali ham aniqlanishi mumkin.
Nazorat tadbirlari natijalari boʻyicha obyektida tekshiruvlar oʻtkazilgan xoʻjalik yurituvchi subyektga kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha vakolatli organ tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatma yuboriladi hamda qoidabuzarlik holati aniqlanganligi yuzasidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
15. Davlat energetika reyestriga kiritilgan yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilari tomonidan belgilangan muddatlarda majburiy energetika tekshiruvlarini oʻtkazmaslik yoki ular tomonidan majburiy energetika tekshiruvlari natijasida belgilangan chora-tadbirlarni bajarmaslik boʻyicha huquqbuzarlik holatlari vakolatli organ tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida mavjud hujjatlarni va uskunalarni koʻzdan kechirish, ulardagi maʼlumotlarni solishtirish orqali aniqlanadi.
Vakolatli organning hududiy boshqarmalari tomonidan belgilangan muddatlarda majburiy energiya auditini oʻtkazmagan hamda energiya auditi natijasi boʻyicha energiya auditorlarning hisobotiga asosan tashkiliy-texnik chora-tadbirlar rejasining belgilangan muddatlarda bajarilishini taʼminlamagan Davlat energetika reyestriga kiritilgan subyektlarga har yilning uchinchi choragi yakuni boʻyicha ogohlantirish xati yuboriladi.
Yil yakuni bilan majburiy energiya auditini oʻtkazmagan hamda energiya auditi natijasi boʻyicha energiya auditorlarining hisobotiga asosan tashkiliy-texnik chora-tadbirlar rejasining bajarilishini taʼminlamagan Davlat energetika reyestriga kiritilgan subyektlar roʻyxati keyingi yil yanvar oyining 15-sanasiga qadar vakolatli organning hududiy boshqarmalari tomonidan shakllantirilib, vakolatli organga taqdim etiladi.
Moliyaviy sanksiya qiymati quyidagi formula orqali aniqlanadi:
J | = | (YE × TE) + (YG × TG) | × | 3% (soʻm) |
12 |
Bunda:
J — qoʻllaniladigan jarima miqdori, soʻm.
YE — yillik elektr energiyasi isteʼmoli, kVt soat;
YG — yillik tabiiy gaz isteʼmoli, kub metr;
TE — amaldagi 1 kVt soat elektr energiyasi tarifi, soʻm;
TG — amaldagi 1 kub metr tabiiy gazning tarifi, soʻm.
3-bob. Moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
16. Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar xoʻjalik yurituvchi subyekt aniqlangan huquqbuzarlikdagi aybini tan olganda vakolatli organ tomonidan qoʻllaniladi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-iyuldagi 393-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2026-y., 09/26/393/0764-son)
17. Moliyaviy sanksiyalar energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi davlat nazoratini amalga oshirish doirasida oʻtkaziladigan nazorat tadbirlari asosida qoʻllaniladi. Bunda vakolatli organning vakolatli shaxslari tomonidan nazorat tadbirlarini oʻtkazish davomida aniqlangan huquqbuzarlik toʻgʻrisida 3 nusxada dalolatnoma tuziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Vakolatli organning xodimlari tuzgan dalolatnomalar tegishlicha vakolatli organning mansabdor shaxsi va xoʻjalik yurituvchi subyekt (yuridik shaxs boʻlganda uning vakili) tomonidan imzolanadi.
(18-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-iyuldagi 393-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2026-y., 09/26/393/0764-son)
Bunda vakolatli organning xodimlari tomonidan nazorat tadbirlari davomida xoʻjalik yurituvchi subyektining faoliyatida qonunchilikda belgilangan huquqbuzarliklarning bir nechta turi aniqlansa, barcha huquqbuzarlik holatlari bitta dalolatnomada aks ettiriladi va har bitta huquqbuzarlik holati boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda alohida javobgarlikka tortish choralari qoʻllaniladi.
19. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning rahbari yoxud u tomonidan vakolat berilgan shaxs dalolatnomaga imzo qoʻygan holda tanishishdan va yoʻl qoʻyilgan huquqbuzarlik holati yuzasidan tushuntirish berishdan bosh tortishi yoki boshqacha tarzda dalolatnoma bilan tanishishdan boʻyin tovlash holatlari huquqbuzarlikni aniqlash va rasmiylashtirishning keyingi jarayonlarining toʻxtatilishiga asos boʻlmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda xoʻjalik yurituvchi subyekt (uning vakili) dalolatnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda, vakolatli organning xodimi ushbu holatni koʻrsatilgan dalolatnomaga ilova qilinadigan videoyozuv yordamida yoki ikki nafar xolis hozirligida tasdiqlashi kerak. Xolislar oʻzining hozirligida amalga oshirilgan harakatlar, ularning mazmuni va natijalarini dalolatnomada tasdiqlashi shart.
(19-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-iyuldagi 393-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2026-y., 09/26/393/0764-son)
20. Vakolatli organning xodimlari tomonidan yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanishda aniqlangan huquqbuzarliklar toʻgʻrisida rasmiylashtirilgan dalolatnomaning bir nusxasi xoʻjalik yurituvchi subyektining mansabdor shaxsiga topshirilishi kerak.
Xoʻjalik yurituvchi subyektning rahbari yoki u tomonidan vakolat berilgan shaxs aniqlangan huquqbuzarliklar toʻgʻrisida rasmiylashtirilgan dalolatnoma nusxasini olishdan bosh tortgan taqdirda, vakolatli organ xodimlari “dalolatnoma nusxasini olishdan bosh tortganligi haqida” dalolatnoma rasmiylashtiradi va huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisida rasmiylashtirilgan dalolatnoma nusxasi pochta aloqa vositalari orqali obyektida tekshiruv oʻtkazilgan xoʻjalik yurituvchi subyektga yuboriladi.
Aniqlangan huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisida rasmiylashtirilgan dalolatnomaning nusxasini olishdan bosh tortganlik haqidagi dalolatnomani rasmiylashtirishda xolislar ishtiroki talab etilmaydi.
21. Vakolatli organning xodimlari tomonidan tuzilgan dalolatnomalar hamda vakolatli organ tomonidan qabul qilingan qaror moliyaviy sanksiyalar qoʻllash uchun asos hisoblanadi.
Bunda vakolatli organning xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan dalolatnomada bir nechta turdagi huquqbuzarlik holati aks ettirilgan boʻlsa, vakolatli organning qabul qilgan qarorida mazkur huquqbuzarliklar tasnifi hamda uni sodir etganlik uchun qoʻllaniladigan moliyaviy sanksiyalar toʻliq aks ettiriladi.
22. Moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash uchun asos boʻlgan huquqbuzarlik aniqlanganligi toʻgʻrisida dalolatnoma rasmiylashtirilgan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida vakolatli organ jarima solish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror vakolatli organning birinchi rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi va uch ish kunidan kechiktirmay huquqbuzarga yuboriladi.
23. Moliyaviy sanksiyalar boʻyicha hisob-kitob qilinadigan jarima miqdori yoqilgʻi-energetika resurslarining amaldagi qiymatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
24. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar vakolatli organning huquqiy taʼsir chorasi sifatida moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori ustidan belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga murojaat qilishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
Moliyaviy sanksiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat berilganda, uning ijrosi toʻxtatib turiladi.
Vakolatli organning moliyaviy sanksiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, undirilgan mablagʻlar, shu jumladan, moliyaviy sanksiya hamda penya yoʻnaltirilgan manbalar (tegishli budjet va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari va boshqalar) hisobidan oʻn besh kun muddatda mutanosib ravishda qaytariladi.
Ushbu bandning uchinchi xatboshisida belgilangan muddatda qaytarilmagan mablagʻlar summasiga nisbatan kechiktirilgan har bir kalendar kun uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki asosiy stavkasining uch yuzdan biriga teng miqdorida foiz toʻlanadi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-iyuldagi 393-sonli qaroriga asosan ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2026-y., 09/26/393/0764-son)
25. Vakolatli organ tomonidan qabul qilingan qaror ijrosini toʻxtatib turishga qonunchilikka muvofiq tegishli sudning qonuniy kuchga kirgan qarori yoki ajrimi asosida yoʻl qoʻyiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
26. Ushbu Nizomda nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash boʻyicha qaror qabul qilingandan soʻng tan olingan huquqbuzarlik boʻyicha moliyaviy sanksiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror huquqbuzarning tanloviga koʻra quyidagi shakllardan birida ixtiyoriy ijro etilishi mumkin:
vakolatli organning moliyaviy sanksiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori topshirilgan kundan boshlab bir oy muddatda moliyaviy sanksiya miqdorining ellik foizini ixtiyoriy ravishda toʻlash sharti bilan moliyaviy sanksiyaning qolgan qismini toʻlashdan ozod etish;
qoʻllanilgan moliyaviy sanksiya summasini olti oy davomida teng miqdorlarda boʻlib-boʻlib toʻlash. Bunda huquqbuzar moliyaviy sanksiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy davomida moliyaviy sanksiya miqdorining kamida oltidan bir qismidan iborat dastlabki toʻlovni toʻlaganda, moliyaviy sanksiyani boʻlib-boʻlib toʻlash tartibi avtomatik ravishda amal qiladi.
Huquqbuzar huquqbuzarlikni tan olmagan yoki vakolatli organning qaroridan norozi boʻlgan yoxud vakolatli organning moliyaviy sanksiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorini ixtiyoriy ravishda ijro etmagan taqdirda, unga nisbatan moliyaviy sanksiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi masala vakolatli organning murojaati asosida sud tartibida hal etiladi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-iyuldagi 393-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2026-y., 09/26/393/0764-son)
27. Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan xoʻjalik yurituvchi subyekt yoʻl qoʻyilgan huquqbuzarlikni ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va yetkazilgan zararning oʻrnini toʻliq qoplagan boʻlsa, moliyaviy sanksiya qoʻllanilmaydi.
28. Vakolatli organning qarori asosida qoʻllanilgan moliyaviy sanksiyalar bir oy muddatda, ushbu Nizomning 32-bandidagi holatlarda olti oy muddatda toʻlab berilmagan taqdirda, moliyaviy sanksiyalar vakolatli organ tomonidan sud tartibida undiriladi.
Bunda vakolatli organ jarimani undirish toʻgʻrisidagi arizani sudga belgilangan tartibda oʻn ish kuni ichida kiritadi. Sudning jarimani undirish toʻgʻrisidagi qonuniy kuchga kirgan qarori qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
29. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan ushbu Nizomda nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun huquqiy taʼsir chorasi sifatida moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilishi, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa javobgarlikdan ozod etmaydi.
30. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan huquqiy taʼsir chorasi sifatida moliyaviy sanksiyalarni qoʻllanilishi, ular tomonidan qonunchilikka xilof xatti-harakatlarni sodir etganlik natijasida yetkazilgan toʻgʻridan-toʻgʻri zararni toʻliq qoplashdan ozod etmaydi.
31. Ushbu Nizomga muvofiq yoqilgʻi-energetika resurslaridan, neft mahsulotlari, gaz, elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun qoʻllanilgan maʼmuriy jarimalar va moliyaviy sanksiyalarning 50 foizi Davlat budjetiga oʻtkaziladi, qolgan 50 foizi vakolatli organning ixtiyorida qoladi.
32. Xoʻjalik yurituvchi subyektga nisbatan uning oxirgi hisobot sanasidagi joriy aktivlari qiymatining 20 foizidan ortiq boʻlgan moliyaviy sanksiya qoʻllanilgan taqdirda, xoʻjalik yurituvchi subyektga moliyaviy sanksiya qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab olti oy mobaynida jarima miqdorini har oyda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoni beriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
33. Ushbu Nizom talablari buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-fevraldagi 121-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun iqtisodiy jazolarni qoʻllash toʻgʻrisida” 1994-yil 9-martdagi 124-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash va baʼzilariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2004-yil 16-sentabrdagi 430-son qaroriga 2-ilovaning 2-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (“Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilganligi hamda ularning moliyaviy javobgarligi erkinlashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi OʻRQ-59-son Qonuni)” 2006-yil 10-noyabrdagi 235-son qaroriga 1-ilovaning 5-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat budjetining gʻazna ijrosi tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 28-fevraldagi PQ-594-son qarori) 2007-yil 26-iyundagi 129-son qaroriga ilovaning 1-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Soliq imtiyozlari tartibga solinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish va baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2009-yil 17-iyundagi 168-son qaroriga 1-ilovaning 1-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalariga mablagʻlar ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 2-apreldagi 62-son qaroriga 2-ilovaning 4-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Elektr energetikasi toʻgʻrisida” 2009-yil 30-sentabrdagi OʻRQ-225-son qonuni)” 2010-yil 17-maydagi 92-son qaroriga ilovaning 1-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining “Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2024-yil 24-fevraldagi 100-son qaroriga ilovaning 1-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2025-y., 09/25/121/0186-son; 21.07.2026-y., 09/26/393/0764-son)