Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy nizomlarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Yangi Oʻzbekistonni barpo etish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari faoliyatini tashkil etishning huquqiy asoslari ham tubdan qayta koʻrib chiqilmoqda.
Taʼkidlash joizki, yangi tahrirda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kelgusida Qurolli Kuchlar tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralar hamda ularning tizimida harbiy xizmatni oʻtab kelayotgan harbiy xizmatchilarning kundalik jangovar-xizmat faoliyatini tashkil etish hamda amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida harbiy xizmatni oʻtash masalalarini yanada takomillashtirish, harbiy xizmatchilarning harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtidagi huquq va majburiyatlarini, ichki, garnizon va qorovullik xizmatlarini tashkil etish boʻyicha tartib va qoidalarni belgilash, shuningdek, harbiy intizom va huquq-tartibotni mustahkamlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
harbiy xizmatchilarning huquqlari, majburiyatlari, javobgarligi va huquqiy muhofazasining kafolatlarini, ular oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni, ularni joylashtirishni, harbiy xizmatni oʻtash davrida vaqtning taqsimlanishi va kundalik tartibni, jangovar navbatchilikni (navbatchilikni) va sutkalik naryad xizmatini tashkil etishni, texnikalardan foydalanish davrida ichki xizmatning xususiyatlarini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Ichki xizmat nizomi 1-ilovaga* muvofiq;
harbiy intizomning mohiyatini, unga rioya qilish boʻyicha harbiy xizmatchilarning majburiyatlarini, harbiy xizmatchilarni ragʻbatlantirish va intizomiy taʼzir turlarini, ragʻbatlantirish va intizomiy taʼzirlarni qoʻllashni, harbiy xizmatchilarning murojaatlarini koʻrib chiqish tartibini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Intizom nizomi 2-ilovaga* muvofiq;
garnizonning mansabdor shaxslari va ularning majburiyatlarini, garnizon naryadi, garnizon harbiy komendaturasi va harbiy avtomobil inspeksiyasi faoliyatini tashkil etishni, qoʻshinlar ishtirokida garnizon tadbirlarini oʻtkazishni, qorovullik xizmatini tashkil etish va qorovullarni tayyorlashni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Garnizon va qorovullik xizmatlari nizomi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 3-ilovalar berilmaydi.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy nizomlari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar tarkibidagi harbiy xizmatchilari, harbiy xizmatni oʻtash nazarda tutilgan vazirliklar va idoralarning oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar tarkibi lavozimlaridagi harbiy xizmatchilari, shuningdek, harbiy yigʻinlarni oʻtash davrida va harbiy kiyim-kechakni kiyib yurish huquqi bilan harbiy xizmatdan boʻshatilgan Qurolli Kuchlar rezervida (zaxirasida, isteʼfoda) turgan fuqarolarga nisbatan tatbiq etiladi;
harbiy yigʻinlarni oʻtash, harbiy kiyim-kechakda yurish qoidalarini belgilash, shuningdek, harbiy xizmatchilarni harbiy lavozimlarga tayinlash, harbiy lavozimlardan ozod etish, harbiy xizmatdan Qurolli Kuchlar rezerviga (zaxirasiga) boʻshatish hamda isteʼfoga chiqarish umumiy harbiy majburiyatni bajarishni va harbiy xizmatni oʻtashni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi;
harbiy xizmatchilarning odob-axloq va xulq-atvor qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy nizomlari bilan belgilanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlari 5-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya va Davlat xavfsizlik xizmati boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Saf nizomini tasdiqlasin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-fevral,
PF-23-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-23-son Farmoniga
4-ILOVA
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-fevraldagi PQ-4217-son qarori bilan tasdiqlangan Harbiy boʻlinmalarni davlat mukofotlari bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
15 — 17-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“15. Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan harbiy boʻlinmalar oʻz nomlanishlarida ular taqdirlangan davlat mukofotlarining nomlaridan foydalanish huquqiga ega.
Vazirlikning bayrogʻiga ushbu harbiy boʻlinma taqdirlangan orden va medallar hamda ana shu davlat mukofotlarining lentalari qadab koʻyiladi.
Vazirlikning bayrogʻiga qadab qoʻyiladigan davlat mukofoti lentasining eni 10 sm, lentaning bant bilan birgalikdagi uzunligi — 260 sm, popuk (bubon)lar — 20 sm dan, bantning uzunligi — 25 sm.
16. Harbiy boʻlinma taqdirlangan orden va medallar Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan ketma-ketlikda vazirlik bayrogʻining old tomoniga qadaladi. Birinchi davlat mukofoti bayroq matosining yuqori chekkasidan 10 sm pastda, dastasidan 4 sm masofada qadaladi, qolgan davlat mukofotlari dasta boʻylab yuqoridan pastga birin-ketin 5 sm oraligʻida qadaladi. Davlat mukofotlarini vazirlik bayrogʻiga qadash uchun matoga orden yoki medal oʻlchami boʻyicha maxsus ipak astarlar tikiladi.
Harbiy boʻlinma taqdirlangan orden va medallarning lentalari vazirlik bayrogʻining metall uchiga qadab qoʻyiladi.
17. Harbiy boʻlinma taqdirlangan orden va medallar tinchlik va urush davrining barcha sharoitlarida vazirlik bayrogʻi bilan birga saqlanadi.
Davlat mukofotlari va ularning guvohnomalari harbiy boʻlinmalarda belgilangan tartibda saqlanadi.
Vazirlik bayrogʻining matosini taʼmirlash zarurati tugʻilganida orden va medallar vaqtinchalik harbiy boʻlinma shtabining maxfiy-rejim organiga topshiriladi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida “Amir Temur jangovar bayrogʻi uchun” musobaqasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-24-son qarori 4-bandining ikkinchi xatboshisidagi “Qurolli Kuchlarining umumharbiy nizomlari” soʻzlari “Mudofaa vazirligining ichki idoraviy hujjatlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-23-son Farmoniga
5-ILOVA
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim farmonlari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 22-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy qismining Jangovar Bayrogʻi toʻgʻrisida”gi PF-690-son Farmoni.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 9-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining umumharbiy nizomlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-1571-son Farmoni.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi PF-5456-son Farmoni 1-ilovasi 5-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.02.2025-y., 06/25/23/0168-son)