Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish, huquqbuzarlikni sodir etishga sabab boʻlayotgan ijtimoiy-maishiy muammolarni ijtimoiy profilaktika choralari tizimi orqali hal etish hamda aholida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish borasida samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishning tashkiliy-profilaktik asoslarini zamon talablariga moslashtirish, sodir etiladigan qonunbuzilishlarning asl omillarini oʻz vaqtida aniqlash va kompleks chora-tadbirlar bilan manzilli bartaraf etish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini yanada oshirish dolzarb vazifa sifatida namoyon boʻlmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-158-son Farmonining ustuvor maqsadlariga erishish, shuningdek, masʼul davlat organlari va tashkilotlarining respublika mahallalarida huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi faoliyatini 2025-yilda sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi konsepsiyasi bilan belgilangan masʼul idoralar va muassasalar uchun 2025-yilda “Har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” ustuvor vazifa etib belgilansin va quyidagi ishlash mexanizmlari joriy etilsin:
2024-yilda jinoyat sodir etilgan har bir mahallada kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda jinoyatlarni barvaqt profilaktika qilishning mahallalar kesimida choraklik manzilli chora-tadbirlarini belgilagan holda mahalla — tuman — viloyat darajasida uning ijrosi uchun bevosita masʼul rahbarlarni biriktirish va aniq sohaviy javobgarlikni yuklash;
kriminogen vaziyat ogʻir mahallalarda ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida joylarga chiqqan holda maqsadli oʻrganishlarni oʻtkazish orqali huquqbuzarliklarga sabab boʻlayotgan asl omillarni aniqlash va barham berish boʻyicha tashkiliy-huquqiy choralarni koʻrish;
mahallalarda yoshlar, ayollar va ishsizlar tomonidan, shuningdek, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olishda “mahalla yettiligi” har bir vakilining aniq masʼuliyatini belgilash, ushbu toifadagi huquqbuzarliklar profilaktikasiga yangicha ish uslublarini tatbiq qilish;
aholining huquqiy ongi, ijtimoiy faolligi va fuqarolik masʼuliyatini oshirish, jinoyat sodir etilishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan ijtimoiy muammolarni hal etishga jamoatchilik vakillari, nuroniylar va mahalla faollarini keng jalb etib borish;
mahallalar jamoat joylari va yashash xonadonlarida xavfsiz muhit yaratish, fuqarolar hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga har qanday tajovuzlarning oldini olish maqsadida huquqbuzarliklar profilaktikasiga zamonaviy raqamli texnologiyalar va texnik vositalarni keng joriy etish;
mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish boʻyicha har bir masʼul idora va muassasa tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijalari yuzasidan qatʼiy soʻrov tizimini yoʻlga qoʻyish hamda ushbu masalaga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan rahbarlarga taʼsir choralarini koʻrib borish.
2. Quyidagilar:
2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini oshirish boʻyicha manzilli chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga* muvofiq;
Mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda yangicha yondashuvlar asosida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimini tashkil etish boʻyicha viloyat darajasidagi manzilli chora-tadbirlarning namunaviy “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga* muvofiq;
Tuman (shahar) mahallalarida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini oshirish boʻyicha manzilli chora-tadbirlarning namunaviy “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga* muvofiq;
Mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini taʼminlash boʻyicha manzilli chora-tadbirlarning namunaviy “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga* muvofiq;
Keyingi tahrirga qarang.
2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishning samarali tizimini shakllantirishga qaratilgan asosiy maqsadli koʻrsatkichlar (keyingi oʻrinlarda — maqsadli koʻrsatkichlar) 5-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov) tegishli idoralar hamda ilmiy tashkilot va taʼlim muassasalari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda uch hafta muddatda har bir hudud va kriminogen vaziyat ogʻir mahalla kesimida mazkur qarorga asosan, 2025-yil birinchi choragi uchun hududiy “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish va ijroga qaratishni taʼminlasin.
Dastur va hududiy “yoʻl xaritalari”da belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash hamda maqsadli koʻrsatkichlarga erishish yuzasidan masʼuliyat davlat organlari, muassasalari va mahalliy hokimliklarning shaxsan birinchi rahbarlariga yuklatilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda har bir markaziy davlat organi va muassasa rahbari tomonidan Dastur va hududiy “yoʻl xaritalari” ijrosi ustidan doimiy va taʼsirchan idoraviy nazorat oʻrnatilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Huquq-tartibot idoralarining ilmiy tashkilot va taʼlim muassasalari tomonidan jinoyat sodir etilgan mahallalarda 6-ilovaga* muvofiq tartibda ilmiy yondashuvlar asosida oʻrganishlar oʻtkazilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda bevosita joylarga chiqqan holda:
jinoyat sodir etilayotgan mahallalardagi kriminogen vaziyatga taʼsir qilayotgan asl omillarni oʻrganish hamda ularning xususiyatlaridan kelib chiqib, manzilli profilaktika tizimini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan ilmiy asoslantirilgan takliflarni 2025-yilning ikkinchi choragi uchun ishlab chiqiladigan hududiy “yoʻl xaritalari”ga kiritish;
Keyingi tahrirga qarang.
mahallalardagi kriminogen vaziyatga taʼsir qilayotgan asosiy omillarni hisobga olgan holda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha manzilli metodikalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, shuningdek, buning natijalari yuzasidan biriktirilgan ilmiy tashkilot va taʼlim muassasalaridan sohaga masʼul idoralar bilan teng ravishda soʻrov qilish choralari koʻrilsin.
* 1 — 4, 6-7-ilovalar berilmaydi.
4. Mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi borasidagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda Dastur va hududiy “yoʻl xaritalari”ning ijrosini tizimli ravishda nazorat qilib borish maqsadida Bosh prokuratura huzurida 2025-yil mobaynida doimiy faoliyat koʻrsatuvchi Respublika idoralararo muvofiqlashtirish ishchi guruhi (keyingi oʻrinlarda — Muvofiqlashtirish ishchi guruhi) tuzilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Muvofiqlashtirish ishchi guruhi (B. Valiyev, B. Abdullayev):
masʼul vazirlik va idoralar mutaxassislarini jalb qilgan holda Muvofiqlashtirish ishchi guruhi tarkibini shakllantirsin va 2025-yilda mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi borasidagi ishlarning natijadorligini, shu jumladan, joylarga bevosita chiqqan holda tizimli monitoring qilib borish hamda maqsadli koʻrsatkichlarga erishish holati ustidan nazoratni taʼminlasin;
Dastur va hududiy “yoʻl xaritalari”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning izchil, sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishini hamda huquq-tartibot idoralarining ilmiy tashkilot va taʼlim muassasalari tomonidan joylarda amalga oshirilayotgan oʻrganishlar va ularning natijadorligini doimiy ravishda qatʼiy nazorat qilib borsin;
Keyingi tahrirga qarang.
har oy yakunida kriminogen vaziyat ogʻir va jinoyat sodir etilgan mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlarning ahvoli va natijadorligi boʻyicha barcha masʼul idora va muassasalar bilan tanqidiy muhokamalar oʻtkazilishini hamda ushbu masalaga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan rahbarlarga nisbatan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan taʼsir choralari koʻrib borilishini yoʻlga qoʻysin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Belgilansinki, kriminogen vaziyat ogʻir mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish boʻyicha samarali tizimni yoʻlga qoʻyish hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan manzilli ishlarni tashkil etish maqsadida barcha tuman (shahar) sektor rahbarlariga, Milliy gvardiya qoʻriqlash xizmati boshliqlariga va ichki ishlar organlari boshliqlari oʻrinbosarlariga (keyingi oʻrinda — masʼul rahbarlar) 2025-yilda mahallalar nomma-nom biriktiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
masʼul rahbarlar zimmasiga oʻz hududlarida huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini tashkil etish namunasini yaratish, hududiy “yoʻl xaritalari”ning toʻlaqonli ijro etilishini taʼminlash hamda ijtimoiy profilaktika tizimini samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha qatʼiy shaxsiy javobgarlik yuklanadi;
masʼul rahbarlarning kriminogen vaziyat ogʻir mahallalarda erishilgan natijalari ularning faoliyatini baholashda inobatga olinib, har oy yakunida — ichki ishlar vaziri huzurida, har chorak yakunida — Bosh prokuror huzurida, har yarim yilda Bosh vazir huzurida tegishli respublika rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilinadi, har bir mahalla kesimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib boriladi hamda ragʻbatlantirish yoki intizomiy jazo choralari belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaning quyidagi takliflari maʼqullansin:
a) viloyatlar markazlari va kriminogen vaziyat ogʻir tuman (shahar)lar mahallalarida xizmat olib boruvchi ichki ishlar organlari profilaktika kichik inspektori lavozimini kiritish hamda uning zimmasiga quyidagi asosiy vazifalarni yuklash:
mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqarolar, maktab bitiruvchilari hamda talabalar bilan ijtimoiy profilaktika choralari doirasida manzilli ishlarni amalga oshirish;
mahallalar hududida sodir etiladigan ayrim turdagi maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha belgilangan tartibda bayonnomalar tuzish;
b) ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalari tarkibida quyidagi tuzilmalarni tashkil etish hamda manzilli faoliyatini yoʻlga qoʻyish:
mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqarolar orasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish boʻyicha manzilli ishlarni tashkil etish, mahalla profilaktika inspektorlarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish hamda aniqlangan muammolarni masʼul idoralar bilan hamkorlikda bartaraf etish choralarini koʻrish vazifasini amalga oshiruvchi migratsion profilaktika boʻlinmalarini;
mahalla profilaktika inspektorlari tomonidan aniqlangan maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy qamoqqa olish jazosi qoʻllangan shaxslarni maxsus qabulxonalarga olib borish vazifasini amalga oshiruvchi tumanlararo maʼmuriy konvoy guruhlarini;
v) mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish maqsadida 2025-yil 1-martdan eʼtiboran ichki ishlar organlari profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchisi lavozimini tugatish hamda boʻshayotgan shtat birliklari hisobidan mazkur bandning “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan yangi lavozim va tuzilmalarni tashkil etish;
g) huquqbuzarliklar uchun jazo muqarrarligini taʼminlash maqsadida sinov tariqasida kriminogen vaziyat ogʻir hududlardagi profilaktika boʻlinmalarida Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan maʼmuriy amaliyot guruhlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish va ular zimmasiga profilaktika inspektorlariga tushgan murojaatlar yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan hujjatlarini oʻrganib, tarkibida maʼmuriy huquqbuzarlik boʻlgan holatlar yuzasidan belgilangan hujjatlarni rasmiylashtirish vazifasini yuklash;
Keyingi tahrirga qarang.
d) ayrim hududlarining kriminogen vaziyat ogʻir mahallalarida tashkiliy-shtat tuzilmasi asosida mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda beshtagacha mahallani mikrohududlarga birlashtirgan holda jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha tezkor harakatlanish tizimini joriy etish.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda:
mahalla huquq-tartibot maskani tashkiliy-shtat tuzilmasiga, qoida tariqasida, mikrohududga xizmat koʻrsatuvchi profilaktika (katta, kichik) inspektorlari, xotin-qizlar masalalari boʻyicha, probatsiya, yoʻl harakati xavfsizligi va patrul-post xizmatlari inspektorlari hamda tezkor-qidiruv xizmati xodimi kiritilib, Milliy gvardiya qoʻriqlash boʻlinmalarining naryadlari doimiy ravishda xizmat olib borishi tashkil etiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
mikrohududlarda kunlik jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikning oldini olish, shu jumladan, ijtimoiy profilaktika tizimini joyida tashkil etish, muvofiqlashtirish va nazorat qilib borish maqsadida ichki ishlar organlari profilaktika bosh inspektori lavozimi joriy etiladi hamda uning zimmasiga mahalla huquq-tartibot maskani faoliyatiga rahbarlik qilish vazifasi yuklanadi.
7. Huquqbuzarliklarning ijtimoiy profilaktikasi tizimi samarali amalga oshirilishi maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
yengil tan jarohati, mayda bezorilik, oilaviy (maishiy) zoʻravonlik, giyohvandlik vositalari va alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalar noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklar “E-maʼmuriy ish” axborot tizimida roʻyxatdan oʻtgan vaqtning oʻzida huquqbuzar (jabrlanuvchi)larga nisbatan avtomatik tarzda “E-ijtimoiy profilaktika” axborot tizimida ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha xulosa shakllantiriladi va ijroga qaratiladi;
ijtimoiy profilaktika tadbirlari amalga oshiriladigan shaxslarga nisbatan shakllantirilgan har bir xulosalar ijrosi ustidan kunlik idoraviy nazorat mexanizmlari joriy etiladi;
mahallalarda huquqbuzarliklarning ijtimoiy profilaktikasini amalga oshiruvchi subyektlar va koʻmaklashuvchi shaxslarning faoliyati samaradorligi koʻrsatkichlariga (KPI) ijtimoiy profilaktika tadbirlari natijalari kiritiladi hamda baholashda alohida inobatga olinadi.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari har oyda hududiy “yoʻl xaritalari”da belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan har bir tuman (shahar)ning toʻrtta sektorida kriminogen vaziyat ogʻir mahallalarda kamida ikkitadan “namunali xavfsiz koʻcha” va beshtadan “namunali xavfsiz yoʻlak” tashkil etish choralarini koʻrsin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Bosh prokuratura (B. Valiyev) Ichki ishlar vazirligi (B. Abdullayev) va Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov) bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorga muvofiq tasdiqlanadigan hududiy “yoʻl xaritalari”da belgilangan chora-tadbirlarning viloyat — tuman — mahalla darajalarida ijrosini qayd etuvchi elektron nazorat platformasini ishlab chiqsin va joriy etsin.
10. Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov, B. Abdullayev):
ikki oy muddatda “E-ijtimoiy profilaktika” axborot tizimini “E-maʼmuriy ish” axborot tizimiga integratsiya qilish hamda mazkur qarorga muvofiq ijtimoiy profilaktika tadbirlari amalga oshiriladigan shaxslarga nisbatan avtomatik tarzda xulosa shakllantirish imkoniyatini yaratish choralarini koʻrsin;
ikki oy muddatda ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlariga himoya orderini rasmiylashtirish vakolatini hamda patrul-post xizmati saf boʻlinmalari (brigada, batalyon, otryad) komandirlari va ularning oʻrinbosarlariga patrul-post xizmati inspektorlari tomonidan tuzilgan maʼmuriy bayonnomalar yuzasidan qaror qabul qilish vakolatini berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
mazkur qarorga muvofiq kiritilayotgan profilaktika kichik inspektorlari lavozimlarini jamlash maqsadida 2025-yil 1-aprel kuniga qadar ichki ishlar organlarining amaldagi malakali xodimlari orasidan nomzodlarni maxsus kasbiy tayyorgarlik kurslarida qisqartirilgan uch oylik oʻquv dasturi boʻyicha oʻqitishni taʼminlasin;
profilaktika inspektorlari va profilaktika katta inspektorlari lavozimlariga birinchi navbatda kamida bir yil davomida profilaktika kichik inspektori lavozimida xizmat qilayotgan, tuman (shahar) ichki ishlar organi rahbarining jamoat xavfsizligi xizmati boʻyicha oʻrinbosari va profilaktika boʻlinmasi boshligʻi lavozimlariga — ijobiy natijalarga erishgan profilaktika bosh inspektori lavozimida xizmat qilayotgan xodimlarni tayinlash tartibini joriy qilsin;
Bosh prokuratura, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi D.B. Kadirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 3-yanvar,
PQ-1-son
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son qaroriga
7-ILOVA
7-ILOVA
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi “Ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3413-son qarorining 1-ilovasida:
6-bandning toʻrtinchi xatboshisi “ichki ishlar organlarining xodimlari va harbiy xizmatchilari qabul qilinadi” soʻzlaridan keyin “(“huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” mutaxassisligiga faqat kamida ikki yillik amaliy stajiga ega ichki ishlar organlarining xodimlari qabul qilinadi)” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
19-bandning toʻrtinchi xatboshisidan “profilaktika inspektorining yordamchilari,” va “yoki sirtqi taʼlim shakli boʻyicha tahsil olayotgan” soʻzlari chiqarib tashlansin*;
40-bandning oʻn birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“polkovnik” maxsus unvoni — tegishliligi boʻyicha ichki ishlar organlari profilaktika, tergov, tezkor va ekspert-kriminalistika boʻlinmalarida yigirma kalendar yildan ortiq ish stajiga ega boʻlgan profilaktika katta inspektori, katta tergovchi, katta tezkor vakili, oʻta muhim ishlar boʻyicha tergovchi, oʻta muhim ishlar boʻyicha tezkor vakili, profilaktika bosh inspektori, bosh eksperti lavozimidagi xodimlarga “podpolkovnik” maxsus unvonida xizmat oʻtash muddati tugaganidan soʻng”;
98-bandning ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-dekabrdagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4075-son qarorida:
a) 2-bandda:
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin*;
uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin;
ikkinchi xatboshidagi “inspektorlari va ularning yordamchilariga” soʻzlari “inspektorlariga” soʻzi bilan almashtirilsin;
v) 6-band “v” kichik bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalari xodimlarini ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish, ularga belgilangan tartibda ustamalarni belgilash, shuningdek, qoʻshimcha shtat birliklarini kiritish va moliyalashtirish, shartnoma asosida kadrlarni jalb etish”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5050-son qarorida:
a) 1-bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilaridagi “profilaktika katta inspektori” va “profilaktika katta inspektorining” soʻzlari tegishincha “profilaktika bosh (katta) inspektori” va “profilaktika bosh (katta) inspektorining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 1-ilovada:
“4. Maskanlar oʻz faoliyatini:
profilaktika bosh inspektori, profilaktika katta inspektori, profilaktika inspektori, profilaktika kichik inspektori;
hududda xizmat qilish uchun biriktirilgan yoki tashkiliy-shtat tuzilmasi asosida kiritilgan tuman (shahar) ichki ishlar organining xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori, probatsiya boʻlinmasi inspektori, tezkor vakil, patrul-post xizmati xodimlari, yoʻl harakati xavfsizligi inspektori;
hududda jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasiga koʻmaklashish uchun yuborilgan Milliy gvardiya qoʻriqlash boʻlinmasining naryadi, boshqa vakolatli davlat organlarining xodimlari va jamoat tuzilmalarining vakillari tarkibida amalga oshiradi”;
8-banddagi “Profilaktika katta inspektori” soʻzlari “Profilaktika bosh (katta) inspektori” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshi chiqarib tashlansin*;
yettinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishincha oltinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Profilaktika bosh inspektori yoʻqligida uning vakolatlari profilaktika katta inspektori tomonidan amalga oshiriladi”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-apreldagi “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5076-son qarorida:
4-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “200” raqami “300” raqami bilan almashtirilsin;
7-bandning toʻrtinchi xatboshisidan “profilaktika inspektorining yordamchilari,” va “yoki sirtqi taʼlim shakli boʻyicha tahsil olayotgan” soʻzlari chiqarib tashlansin*;
2-ilova quyidagi mazmundagi 8-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
“ | ||||
8. | Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati | mutaxassis | kunduzgi | 3 oy |
”. |
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-10-son qaroriga 1-ilovaning 66-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“66. Xodimga buyruq asosida tayinlangan intizomiy jazo tayinlangan vaqtdan boshlab quyidagi muddatlarda amalda boʻladi hamda ushbu muddat oʻtganidan soʻng avtomatik tarzda tugallangan hisoblanadi (agar xodim shu muddat ichida yangi intizomiy jazoga tortilmasa):
tanbeh — uch oy;
hayfsan — olti oy;
lavozim maoshining ellik foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima — toʻqqiz oy;
qattiq hayfsan — bir yil.
Ragʻbatlantirish tartibida intizomiy jazo ushbu muddatlar oʻtmasdan bekor qilinishi mumkin.
Agarda belgilangan muddat ichida xodimga nisbatan bir necha intizomiy jazo tayinlansa, ularni bekor qilish (tugallanish) muddati oxirgi tayinlangan intizomiy jazo chorasi sanasi boʻyicha hisoblanadi”.
* Mazkur oʻzgartirishlar 2025-yil 1-martdan eʼtiboran kuchga kiradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.01.2025-y., 07/25/01/0059-son; 20.08.2025-y., 07/25/253/0752-son; 29.11.2025-y., 07/25/360/1110-son; 07.04.2026-y., 06/26/54/0320-son)