Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
“Yolgʻiz keksalar va nogironlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi “Muruvvat” internat uylariga rasmiylashtirish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 7-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2785-3]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-iyuldagi 447-son “Oʻzbekiston Respublikasida ixtisoslashtirilgan psixiatriya va narkologiya xizmatini koʻrsatishning yagona tashkiliy-uslubiy vertikal boshqaruv tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi hamda 2021-yil 17-sentabrdagi 575-son “Oʻzbekiston Respublikasi Ijtimoiy himoya sohasidagi ayrim tibbiy-ijtimoiy muassasalar faoliyatini tartibga soluvchi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2016-yil 27-apreldagi 50-son “Yolgʻiz keksalar va nogironlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi “Muruvvat” internat uylariga rasmiylashtirish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2785, 2016-yil 12-may) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 19-son, 217-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor M. OLLOYOROV
Toshkent sh.,
2024-yil 9-sentabr,
2024/4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining 2024-yil 9-sentabrdagi 2024/4-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“Yolgʻiz keksalar va nogironlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi “Muruvvat” internat uylariga rasmiylashtirish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi buyruqqa kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Buyruqning nomi va 1-bandidagi “Yolgʻiz keksalar va nogironlarni” degan soʻzlar “Ruhiyatida sezilarli yoki ancha sezilarli nuqsonlari mavjud nogironligi boʻlgan shaxslarni” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. Qoidalarda:
a) nomidagi “Yolgʻiz keksalar va nogironlarni” degan soʻzlar “Ruhiyatida sezilarli yoki ancha sezilarli nuqsonlari mavjud nogironligi boʻlgan shaxslarni” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
b) 2-band “Prezidenti huzuridagi” degan soʻzlardan oldin “Oʻzbekiston Respublikasi” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
d) ilovaning ilova belgisidagi “Yolgʻiz keksalar va nogironlarni” degan soʻzlar “Ruhiyatida sezilarli yoki ancha sezilarli nuqsonlari mavjud nogironligi boʻlgan shaxslarni” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
e) ilovaning 2-bandidagi “Ruhiy-asab kasalliklari dispanseri Tibbiy-maslahat komissiyasi xulosasi” degan soʻzlar “Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya xizmati boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar filiallari Tibbiy-maslahat komissiyasi xulosasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2024-y., 10/24/2785-3/0798-son)