O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ixtiro, foydali model va sanoat namunasidan patent egasining roziligisiz foydalanilganda, patent egasiga to‘lanadigan tovon miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasining “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi Qonunining 32-moddasida quyidagilar nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi davlat mudofaasi va xavfsizligini ta’minlash, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish bilan bog‘liq so‘nggi zarurat yuzaga kelgan taqdirda, sanoat mulki obyektidan patent egasining roziligisiz foydalanilishiga uni bu haqda eng qisqa muddatda xabardor qilib, keyinchalik mutanosib miqdorda unga tovon to‘lagan holda ruxsat berishi mumkinligi;
tovon miqdorini aniqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Ixtiro, foydali model va sanoat namunasidan patent egasining roziligisiz foydalanilganda, patent egasiga to‘lanadigan tovon miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
ixtiro, foydali model va sanoat namunasidan (keyingi o‘rinlarda — sanoat mulki obyekti) patent egasining ruxsatisiz foydalanish tartibi;
sanoat mulki obyektidan foydalanish hajmi va davomiyligini belgilash bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish;
patent egasiga to‘lanadigan tovon miqdorini hisoblash va to‘lash tartibini belgilash.
3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
4. Ushbu qarorga 2-ilovaning 1-bandi 2025-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 31-avgust,
535-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-avgustdagi 535-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Ixtiro, foydali model va sanoat namunasidan patent egasining roziligisiz foydalanilganda, patent egasiga to‘lanadigan tovon miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (keyingi o‘rinlarda — vakolatli organ) tomonidan patent egasining roziligisiz ixtiro, foydali model va sanoat namunasidan (keyingi o‘rinlarda — sanoat mulki obyekti) foydalanishga ruxsat berilganda, patent egasiga to‘lanadigan tovon miqdorini aniqlash va to‘lash tartibini belgilaydi.
2. Sanoat mulki obyektidan patent egasining roziligisiz foydalanishga vakolatli organ tomonidan davlat mudofaasi va xavfsizligini ta’minlash, tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish bilan bog‘liq so‘nggi zarurat yuzaga kelganda hamda ushbu holatlarni bartaraf etish uchun patent egasining imkoniyatlari (ishlab chiqarish materiallari, uskunalari va boshqalar) mavjud bo‘lmagan taqdirda ruxsat etiladi.
3. Sanoat mulki obyektidan foydalanishga ruxsat, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasi ichki bozorining ehtiyojlarini ta’minlash uchun beriladi.
4. Mazkur Nizom sanoat mulki obyektidan majburiy litsenziya asosida foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarga tatbiq etilmaydi.
2-bob. Sanoat mulki obyektidan patent egasining roziligisiz foydalanish.
5. Sanoat mulki obyektidan patent egasining roziligisiz foydalanish huquqi vakolatli organ tomonidan sanoat mulki obyektini o‘z ichiga olgan mahsulot yoki buyumni tayyorlash, qo‘llash, sotishga taklif etish imkoniyatiga ega va xohishi bo‘lgan har qanday shaxsga beriladi.
6. Sanoat mulki obyektidan patent egasining roziligisiz foydalanishga ruxsat etilganda, vakolatli organ patent egasini bir ish kuni ichida xabardor qiladi.
7. Vakolatli organ tomonidan sanoat mulki obyektidan foydalanish hajmi, davomiyligi va mazkur Nizomga muvofiq aniqlanadigan patent egasiga to‘lanadigan to‘lov miqdori belgilanadi.
8. Sanoat mulki obyektidan patent egasining ruxsatisiz foydalanish muddati mazkur Nizomning 2-bandida nazarda tutilgan holatlarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan vaqtga mutanosib bo‘lishi kerak.
9. Sanoat mulki obyektidan patent egasining ruxsatisiz foydalanish huquqi uni berish uchun asos bo‘lgan holatlar bartaraf etilgan taqdirda yoki sanoat mulki obyektidan foydalanish huquqini olgan shaxs tashabbusiga ko‘ra vakolatli organ tomonidan bekor qilinadi.
10. Sanoat mulki obyektidan patent egasining ruxsatisiz foydalanish huquqini olgan shaxs tashabbusiga ko‘ra bunday obyektdan foydalanish huquqini bekor qilishda vakolatli organ kamida 10 kun oldin xabardor qilinishi kerak.
3-bob. Patent egasiga tovon to‘lash
11. Tovon miqdori patent egasining roziligisiz sanoat mulki obyektidan foydalangan holda realizatsiya qilingan tovarlardan va (yoki) bajarilgan ishlar va (yoxud) ko‘rsatilgan xizmatlardan olingan tushumlarning 0,5 foizini tashkil etadi.
12. Tovon bo‘yicha to‘lovlar vakolatli organ tomonidan berilgan ruxsatning amal qilish mobaynida har oyda to‘lanadi.
Patent egasi va sanoat mulki obyektidan foydalanish huquqini olgan shaxsning o‘zaro kelishuviga asosan tovon to‘lash shartlari va muddatlari o‘zgartirilishi mumkin.
13. Tovarlarni ishlab chiqarish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun bir nechta sanoat mulki obyektidan foydalanilganda, tovon miqdori huquq egalariga tegishli patentlar soniga teng ravishda taqsimlanadi.
14. Patent egasiga tovon sanoat mulki obyektidan foydalanish huquqini olgan shaxs tomonidan to‘lanadi.
15. Sanoat mulki obyektidan foydalanish huquqini olgan shaxs tovon to‘lashdan bosh tortganda yoki to‘lovni o‘z vaqtida to‘lamaganda, tovon to‘liq vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun shakllantirilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi. Bunda vakolatli organ sanoat mulki obyektidan foydalanish huquqini olgan shaxsdan patent egasiga to‘langan summalarni regress tartibida to‘lashni talab qilishga haqli.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
16. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
17. Sanoat mulki obyektini patent egasining roziligisiz foydalanishga berish tartibi buzilgan holda qabul qilingan qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-avgustdagi 535-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 21-dekabrdagi 263-son qarori bilan tasdiqlangan Madrid bitimiga doir Bayonnomaga (Madrid, 1989-yil 27-iyun) muvofiq belgilarni xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazishda undiriladigan yakka tartibdagi bojlar stavkalarining “Stavkalar (AQSH dollari)” ustunida:
1.1-pozitsiyadagi “1200” raqami “320” raqami bilan almashtirilsin;
1.2-pozitsiyadagi “120” raqami “130” raqami bilan almashtirilsin;
2.1-pozitsiyadagi “1800” raqami “480” raqami bilan almashtirilsin;
2.2-pozitsiyadagi “180” raqami “80” raqami bilan almashtirilsin;
3.1-pozitsiyadagi “600” raqami “160” raqami bilan almashtirilsin;
3.2-pozitsiyadagi “60” raqami “107” raqami bilan almashtirilsin;
4.1-pozitsiyadagi “1200” raqami “320” raqami bilan almashtirilsin;
4.2-pozitsiyadagi “120” raqami “53” raqami bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-yanvardagi 6-son qarori bilan tasdiqlangan Yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatining IV bo‘limi quyidagi mazmundagi 90-pozitsiya bilan to‘ldirilsin:
|
“ |
|
|
90. |
Patent vakili sifatida faoliyatni amalga oshirish |
|
”. |
Oldingi tahrirga qarang.
(O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 738-sonli qaroriga asosan 3-bandning o‘z kuchini yo‘qotish sanasi — 2026-yil 26-fevral — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.11.2025-y., 09/25/738/1087-son)
4. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-oktabrdagi 856-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashi to‘g‘risidagi nizomning 8-bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilaridagi “Vazirlik va Davlat muassasasining” so‘zlari “Vazirlikning” so‘zi bilan almashtirilsin.
5. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomga 4-ilovaning 9-pozitsiyasi quyidagi tahrirdagi “i” kichik bandi bilan to‘ldirilsin:
“i) I reyting guruhi ijrochilari tomonidan o‘zgalarning mualliflik huquqi va turdosh huquqlarini buzmaslik*”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2024-y., 09/24/535/0679-son; 25.11.2025-y., 09/25/738/1087-son)