Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan deputatlarni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga oid masalani koʻrib chiqish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilishga oid dolzarb masalalarni hal qilish boʻyicha vakolatlari kengaytirildi va ularning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi.
Shu bilan birga, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari oʻz vakolatlarini roʻyobga chiqarishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibga rioya etilishini taʼminlash zarur.
Shunga asosan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlarni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga doir faoliyatini tartibga solish, mazkur masala boʻyicha respublika miqyosida yagona amaliyotni yoʻlga qoʻyish orqali ushbu jarayonni yanada takomillashtirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlarni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga doir masalani koʻrib chiqish amaliyotini qonunchilik talablariga muvofiq tashkil etishga koʻmaklashish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 95-moddasi va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar)lar Kengashlari tomonidan deputatlarni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga oid masalani koʻrib chiqishning namunaviy tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi (N. Yoʻldoshev):
hududiy prokurorlar tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlarini daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi taqdimnomalarning “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunning talablariga, shuningdek, ushbu Qaror bilan tasdiqlanayotgan Tartibga asosan taqdim etilishini taʼminlasin;
bir oy muddatda amalga oshirilgan ishlar natijalari toʻgʻrisida Senatga axborot kiritsin.
3. Senatning Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi (T. Madumarov) va Senat devonining Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi (Q. Muqumov) xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlarini daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga oid masalani koʻrib chiqish amaliyotini samarali tashkil qilish maqsadida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari uchun oʻquv seminarlari tashkil qilsin.
4. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga:
bir oy muddatda mazkur Qaror bilan tasdiqlanayotgan Tartibni oʻz sessiyalarida atroflicha muhokama qilish va tasdiqlash;
xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlarini daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga oid masalani qonunchilik hujjatlari, shu jumladan mazkur Qaror bilan tasdiqlanayotgan Tartib talablariga qatʼiy rioya etgan holda koʻrib chiqish;
xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlarini daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi taqdimnomalarni koʻrib chiqishda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov organi ish yurituvida boʻlgan muayyan ishlar va materiallarga aralashmaslik tavsiya etilsin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2024-yil 2-avgust,
KQ-791-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 2-avgustdagi KQ-791-IV-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar)lar Kengashlari tomonidan deputatlarni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga oid masalani koʻrib chiqishning
NAMUNAVIY TARTIBI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar)lar Kengashlari tomonidan deputatlarni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga oid masalani koʻrib chiqishning namunaviy tartibi (bundan buyon matnda Namunaviy tartib deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan.
2. Deputatlarni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga oid masalani koʻrib chiqish tartibini belgilashdan asosiy maqsad “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining talablariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash, deputatlarning daxlsizlik huquqini samarali tashkil etish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning (bundan buyon matnda mahalliy Kengash deb yuritiladi) va boshqa vakolatli organlarning mazkur yoʻnalishda masʼuliyatini yanada oshirishdan iborat.
3. Namunaviy tartib mahalliy Kengashlarning deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga oid masalani koʻrib chiqishga doir faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga qaratilgan.
4. Mahalliy Kengash deputati mahalliy Kengash roziligisiz oʻzi saylangan hududda jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoga tortilishi mumkin emas.
Deputat mahalliy Kengashda ovoz berish chogʻida fikr bildirganligi yoki nuqtai nazarini bayon etganligi uchun hamda oʻz vakolatlarini amalga oshirishi bilan bogʻliq boshqa harakatlari uchun vakolat muddati tugaganidan keyin ham javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Agar shunday xatti-harakatlar munosabati bilan deputat haqorat qilishga, tuhmat qilishga yoki qonunda javobgarlik nazarda tutilgan boshqa qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻygan boʻlsa, daxlsizlik huquqidan mahrum qilingan taqdirdagina javobgarlikka tortiladi.
5. Deputatni jinoiy javobgarlikka tortishga, ushlab turishga, qamoqqa olishga yoki unga nisbatan sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoni qoʻllashga rozilik olish uchun deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi masala tegishincha viloyat, tuman, shahar prokurorining yoki yuqori turuvchi prokurorning taqdimnomasiga (bundan buyon matnda taqdimnoma deb yuritiladi) binoan mahalliy Kengash tomonidan oʻn kun ichida hal etilishi lozim.
6. Senator etib saylangan deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga asosan koʻrib chiqiladi.
7. Deputatni javobgarlikka tortishga rozilik olish toʻgʻrisida quyi prokuror tomonidan kiritilgan taqdimnomani yuqori turuvchi prokuror chaqirtirib olishi mumkin.
8. Hududiy prokuratura organining taqdimnomasida quyidagilar aniq aks ettirilishi lozim:
jinoiy yoki maʼmuriy ishni yuritayotgan vakolatli organ toʻgʻrisida batafsil maʼlumot;
jinoiy yoki maʼmuriy ishning tafsilotlari, bunda jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt va joy;
deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish uchun aniq asoslar, deputatning xatti-harakatlari yoki qilmishlariga baho beruvchi va jinoyat yoki huquqbuzarlikka aloqadorligini koʻrsatuvchi holatlar (sodir etilgan jinoiy yoki maʼmuriy qilmishni isbotlovchi asoslar);
deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish zaruratini yuzaga keltiruvchi surishtiruv yoki tergov organi tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan protsessual harakatlar;
jinoiy javobgarlikka tortishga, ushlab turishga, qamoqqa olishga yoki unga nisbatan sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoni qoʻllashga rozilik olish toʻgʻrisidagi soʻrovi;
taqdimnoma kiritilgan sana, roʻyxatga olish tartib raqami, taqdimnomani kiritgan prokuror toʻgʻrisida maʼlumot.
9. Hududiy prokuratura organining taqdimnomasi mahalliy Kengash kotibiyatida roʻyxatga olingan kundan boshlab taqdim etilgan deb hisoblanadi.
Taqdimnoma boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan kiritilgan taqdirda, mazkur taqdimnoma koʻrib chiqilmaydi va u uni kiritgan davlat organiga mahalliy Kengash kotibiyati tomonidan darhol qaytarib yuboriladi.
10. Deputat oʻzi mahalliy Kengash deputati boʻlgan viloyat, tuman yoki shahar hududidan tashqarida jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan boʻlsa, uni jinoiy javobgarlikka tortishga, ushlab turishga, qamoqqa olishga yoki unga nisbatan sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoni qoʻllashga rozilik olish talab qilinmaydi.
Bundan tashqari, deputat Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 221 va 223-moddalari talablaridan kelib chiqib, quyidagi asoslar mavjud boʻlganda u daxlsizlik huquqidan mahrum qilinmagan holda ushlab turilishi mumkin:
jinoyat ustida yoki bevosita uni sodir etganidan keyin qoʻlga tushsa;
jinoyat shohidlari, shu jumladan jabrlanuvchilar uni jinoyat sodir etgan shaxs tariqasida toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatsalar;
uning oʻzida yoki kiyimida, yonida yoki uyida sodir etilgan jinoyatning yaqqol izlari topilsa;
shaxsni jinoyat sodir etishda gumon qilish uchun asos boʻladigan maʼlumotlar mavjud boʻlib, u qochmoqchi boʻlsa.
2-bob. Deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi taqdimnomani mahalliy Kengashning doimiy komissiyasida dastlabki tarzda koʻrib chiqish tartibi
11. Prokuror taqdimnomasi mahalliy Kengashga kelib tushgandan keyin mahalliy Kengash kotibiyati tomonidan rasmiylashtiriladi va shu kunning oʻzida mahalliy Kengash raisiga taqdim etiladi.
Mahalliy Kengash raisi taqdimnoma bilan tanishib chiqib, uni koʻrib chiqish uchun Reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha doimiy komissiyaga (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) yoʻnaltiradi. Zarur hollarda, mahalliy Kengash raisi ushbu taqdimnomani Komissiya bilan koʻrib chiqish uchun boshqa doimiy komissiyani ham jalb etishi mumkin.
12. Taqdimnoma Komissiyaga kelib tushgandan keyin ikki ish kuni ichida komissiya majlisida yopiq tarzda muhokama qilinadi.
Muhokama jarayonida daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik soʻralgan deputatning oʻzi ham ishtirok etadi.
Muhokama jarayoniga boshqa shaxslarni taklif qilishga faqatgina doimiy komissiya raisining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
13. Komissiya majlisida Komissiya aʼzolarining uchdan ikki qismi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
14. Komissiya oʻz majlisida taqdimnomani koʻrib chiqishda quyidagi masalalarni atroflicha va batafsil oʻrganib chiqadi:
taqdimnoma ushbu Tartibning 8-bandiga muvofiq kiritilganligi va vakolatli mansabdor shaxs tomonidan imzolanganligi;
taqdimnomada koʻrsatilgan jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlikning qisqacha mazmuni, sodir etilgan vaqti va joyi;
deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish uchun aniq asoslar, deputatning xatti-harakatlari yoki qilmishlariga baho beruvchi va jinoyat yoki huquqbuzarlikka aloqadorligini koʻrsatuvchi holatlar (sodir etilgan jinoiy yoki maʼmuriy qilmishni isbotlovchi asoslar);
taqdimnomada koʻrsatilgan jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik deputatning tegishli mahalliy Kengashda ovoz berish chogʻida fikr bildirganligi yoki nuqtai nazarini bayon etganligi hamda oʻz vakolatlarini amalga oshirishi bilan bogʻliq boshqa harakatlari bilan bogʻliq yoki bogʻliq emasligi.
15. Zarur hollarda Komissiya oʻz majlisiga taqdimnomani kiritgan prokuratura vakilini taklif etishi va taqdimnoma yuzasidan qoʻshimcha maʼlumotlarni talab qilib olishi mumkin.
16. Komissiya majlisiga oʻziga nisbatan taqdimnoma kiritilgan deputat taklif qilinadi.
Oʻziga nisbatan taqdimnoma kiritilgan deputat Komissiya tomonidan taqdimnoma mazmuni bilan tanishtiriladi.
17. Oʻziga nisbatan taqdimnoma kiritilgan deputat unga doir masalani koʻrib chiqish jarayonida quyidagi huquqlarga ega:
oʻziga nisbatan kiritilgan taqdimnoma mazmuni bilan tanishib chiqish;
taqdimnoma mazmuni boʻyicha eʼtirozlari mavjud boʻlgan taqdirda Komissiya raisiga yoki yuqori turuvchi prokurorga shikoyat qilish, bunda shikoyat qilinishi Komissiya ishini toʻxtatib turishga asos boʻlmaydi;
holat boʻyicha hujjatlar, maʼlumotnomalar va boshqa materiallar taqdim etish;
taqdimnomani Komissiya majlisida koʻrib chiqish jarayonidan norozi boʻlgan taqdirda mahalliy Kengashga belgilangan tartibda shikoyat qilish.
18. Oʻziga nisbatan taqdimnoma kiritilgan deputat zimmasiga muhokama qilinayotgan ish yuzasidan oʻzining aybsizligini yoki ishning boshqa biror-bir holatini isbotlash majburiyati yuklanishi mumkin emas.
19. Oʻziga nisbatan taqdimnoma kiritilgan deputat mazkur masala yuzasidan soʻralgan zarur hujjatlarni va boshqa axborotlarni taqdim qilishi zarur. Bunda oʻrganish oʻtkazishga toʻsqinlik qilishga, Komissiya aʼzolariga oʻz vazifalarini amalga oshirishga xalaqit qilishga va ularga taʼsir oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
20. Taqdimnomani muhokama qilish yakunlari boʻyicha Komissiya bayonnoma shaklida qaror qabul qiladi.
Komissiya qarorida quyidagi masalalar aks ettirilishi lozim:
Komissiya majlisi boʻlib oʻtgan sana, vaqt va joy;
Komissiya majlisida koʻrib chiqilgan masalaning mazmuni, shu jumladan taqdimnomaning qisqacha mazmuni;
taqdimnomada koʻrsatilgan jinoiy yoki maʼmuriy ishni yuritayotgan vakolatli organ hamda jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan vaqti va joyi toʻgʻrisida maʼlumot;
deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish uchun aniq asoslar, deputatning xatti-harakatlari yoki qilmishlariga baho beruvchi va jinoyat yoki huquqbuzarlikka aloqadorligini koʻrsatuvchi holatlar toʻgʻrisida maʼlumot;
taqdimnomada koʻrsatilgan jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik deputatning tegishli mahalliy Kengashda ovoz berish chogida fikr bildirganligi yoki nuqtai nazarini bayon etganligi hamda oʻz vakolatlarini amalga oshirishi bilan bogʻliq boshqa harakatlari bilan bogʻliq yoki bogʻliq emasligi;
Komissiya aʼzolarining, daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik soʻralgan deputatning va boshqa zarur shaxslarning ishtirokiga oid maʼlumotlar va muhokama jarayonida ular tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar mazmuni va ovoz berish natijalari;
deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berish yoki rad etish boʻyicha asoslantirilgan xulosa hamda ushbu masalani mahalliy Kengashning navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritish haqida taklif.
21. Komissiya qarori Komissiya aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
22. Mahalliy Kengash kotibiyati taqdimnomani rasmiylashtirgandan keyin uni koʻrib chiqish boʻyicha kelgusi oʻn kun ichida oʻtkaziladigan sessiya kun tartibiga kiritish yuzasidan mahalliy Kengash raisiga taklif kiritadi.
Agarda navbatdagi sessiya yaqin uch kun ichida oʻtkazilishi belgilangan va bu sessiya Komissiyaning majlisi oʻtkaziladigan kundan oldin boʻlsa yoki yaqin oʻn kun ichida sessiya oʻtkazilishi rejalashtirilmagan boʻlsa taqdimnomani muhokama qilish boʻyicha navbatdan tashqari sessiya chaqiriladi. Bunda sessiyani chaqirish boʻyicha qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etilishi shart.
23. Komissiyaning majlisida deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berish yoki rad etish boʻyicha yakuniy qarorga kelish imkoni boʻlmagan hollarda, Komissiya ikki ish kunidan kechiktirmagan holda mazkur taqdimnomani Sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari boʻyicha doimiy komissiya bilan birgalikda qoʻshma majlisida taqdimnomani kiritgan prokuratura vakili ishtirokida koʻrib chiqadi.
Bunday holatlarda Komissiya raisi qoʻshma majlislarga raislik qiladi.
Qoʻshma majlisda ikkala komissiya aʼzolarining uchdan ikki qismi ishtirok etganda majlis vakolatli hisoblanadi.
24. Qoʻshma majlis yopiq tarzda oʻtkaziladi va bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Qoʻshma majlis jarayoniga boshqa shaxslarni taklif qilishga faqatgina doimiy komissiya raisining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
25. Qoʻshma majlis yakuni boʻyicha mazkur Tartibning 20-bandida belgilangan tartibda bayonnoma rasmiylashtiriladi.
26. Qoʻshma majlis yakuni yuzasidan mazkur Tartibning 23 va 24-bandlarida belgilangan tartibda mahalliy Kengashning navbatdagi sessiya kun tartibiga kiritish yuzasidan qoʻshma qarori qabul qilinadi.
3-bob. Deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi taqdimnomani mahalliy Kengash sessiyasida koʻrib chiqish
27. Mahalliy Kengash sessiyasida oʻziga nisbatan taqdimnoma kiritilgan deputat, shuningdek, sessiyada taqdimnomani kiritgan prokuror yoki uning oʻrinbosari ishtirok etishi lozim.
Agar, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, viloyat, Toshkent shahar yoki ularga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlariga taqdimnoma kiritilgan boʻlsa, sessiyada tegishli hududiy prokuror yoki uning oʻrinbosari ishtirok etishi mumkin.
Sessiyada taqdimnomani koʻrib chiqish masalasi muhokama qilinayotganda oʻziga nisbatan taqdimnoma kiritilgan deputat raislik qilishi mumkin emas.
28. Deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish haqidagi masala mahalliy Kengash sessiyasiga raislik qiluvchining qisqa kirish soʻzi bilan boshlanadi, bunda raislik qiluvchi sessiya ishtirokchilarini taqdimnoma doirasida koʻrib chiqilayotgan ish yurituvidagi muayyan ishlar va materiallar, shuningdek, mazkur Tartibning 8-bandida koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni oshkor etish taqiqlanishi toʻgʻrisida ogohlantiradi.
29. Raislik qiluvchi tomonidan sessiyada muhokama qilinadigan masala, jinoiy yoki maʼmuriy ishni yuritayotgan vakolatli organ, jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt va joy hamda taqdimnomada koʻrsatilgan jinoiy yoki maʼmuriy ishining tafsilotlari toʻgʻrisida axborot beriladi.
30. Kirish soʻzidan soʻng navbat deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish uchun aniq asoslar, deputatning jinoyat yoki huquqbuzarlikka aloqadorligini koʻrsatuvchi holatlar toʻgʻrisida maʼlumot berish uchun soʻz taqdimnomani kiritgan prokuror yoki uning oʻrinbosariga beriladi.
31. Taqdimnomani kiritgan prokuror yoki uning oʻrinbosarining axborotidan soʻng rais qiluvchining ruxsati bilan sessiya ishtirokchilari eshituvda koʻrib chiqilayotgan masalalarni muhokama qilishga oʻtadilar.
Bunda deputatlar munozaralar bilan chiqishi, taqdimnomani kiritgan prokuror yoki uning oʻrinbosariga yoki daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik soʻralgan deputatga savollar berishi mumkin.
32. Muhokama yakunlari boʻyicha deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berish yoki rad etish boʻyicha ovoz berish jarayoni oʻtkaziladi. Sessiyada ishtirok etayotgan deputatlarning taklifiga asosan ovoz berish yopiq shaklda oʻtkazilishi ham mumkin.
Muhokama yakuni boʻyicha qabul qilinadigan qaror deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
33. Mahalliy Kengashning deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berish yoki rad etish masalasiga doir qarorida quyidagilar aks ettirilishi lozim:
taqdimnoma kiritilgan sana, roʻyxatga olish tartib raqami, taqdimnomani kiritgan prokuror toʻgʻrisida maʼlumot;
jinoiy yoki maʼmuriy ishni yuritayotgan vakolatli organ toʻgʻrisida maʼlumot;
jinoiy yoki maʼmuriy ishining tafsilotlari, bunda jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan vaqti va joyi aniq koʻrsatiladi;
deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish uchun aniq asoslar, deputatning sodir etilgan jinoyat yoki huquqbuzarlikka aloqadorligini koʻrsatuvchi holatlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot;
taqdimnomada koʻrsatilgan jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik deputatning tegishli mahalliy Kengashda ovoz berish chogʻida fikr bildirganligi yoki nuqtai nazarini bayon etganligi hamda oʻz vakolatlarini amalga oshirishi bilan bogʻliq boshqa harakatlari bilan bogʻliq yoki bogʻliq emasligi;
mazkur masalani Komissiyada koʻrib chiqish natijalari;
deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berish yoki rad etish boʻyicha xulosa, bunda rozilik berish yoki rad etish masalasi asoslantirilgan boʻlishi lozim.
34. Mahalliy Kengashning deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berish yoki rad etish masalasiga doir qarori rasmiylashtirilgandan keyin darhol tegishli prokurorga yuboriladi.
35. Mahalliy Kengash sessiyasida deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasini koʻrib chiqish jarayoni oʻziga nisbatan taqdimnoma kiritilgan deputatning roziligi bilan sessiya ochiq yoki yopiq shaklda oʻtkazilishidan qatʼiy nazar videotasvirga olinadi hamda videomateriallar sessiya qaroriga ilova qilingan holda mahalliy Kengash kotibiyatida saqlanadi.
Saqlangan videotasvirdan mahalliy Kengashning deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga oid qarori qonuniyligini yuqori turuvchi Kengash yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan koʻrib chiqish jarayonida foydalanilishi mumkin.
36. Deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik olgan prokuror ish yuritish tamomlangan kundan eʼtiboran uch kunlik muddat ichida mahalliy Kengashga ishni tergov qilish, sudda koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida xabar qilishi shart.
37. Mahalliy Kengash deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum qilish rad etilgan taqdirda yuqori turuvchi prokuror belgilangan tartibda ushbu qarorni bekor qilish va qayta koʻrib chiqish uchun topshirish toʻgʻrisida yuqori turuvchi mahalliy Kengashga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, Oliy Majlis Senatiga taqdimnoma kiritishi mumkin.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
38. Oʻziga nisbatan taqdimnoma kiritilgan deputat mahalliy Kengashning daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berish toʻgʻrisidagi qarori ustidan yuqori turuvchi mahalliy Kengash, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Oliy Majlis Senatiga yoki sudga shikoyat bilan murojaat etishi mumkin.
39. Mahalliy Kengashlar tomonidan deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi taqdimnomalarni koʻrib chiqishda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv hamda tergov organi ish yurituvda boʻlgan muayyan ishlar va materiallarga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
40. Deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasini koʻrib chiqish jarayonida ish yurituvidagi muayyan ishlar va materiallar, mazkur Tartibning 8-bandida koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni oshkor etgan shaxslar, shuningdek mazkur Tartib talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.