Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseylar oʻquvchilarining bilimini nazorat qilish va baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 10-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3527]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyundagi 347-son “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseylar oʻquvchilarining bilimini nazorat qilish va baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2024-yil 10-iyul,
14-mh-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. SHARIPOV
2024-yil 25-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 10-iyuldagi 14-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseylar oʻquvchilarining bilimini nazorat qilish va baholash tartibi toʻgʻrisidagi
Mazkur Nizom Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseylar (bundan buyon matnda akademik litseylar deb yuritiladi) oʻquvchilarining bilimini nazorat qilish va baholash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Akademik litsey oʻquvchilari (bundan buyon matnda oʻquvchilar deb yuritiladi) bilimini nazorat qilish va baholashning maqsadi — oʻquvchilarning nazariy va amaliy bilimlarini oʻzlashtirish darajasini aniqlashdan iborat.
2. Akademik litseyda nazorat turi savollarini umumlashtirish, oʻquvchilarning reyting koʻrsatkichlarini shakllantirish hamda nazorat turlari boʻyicha natijalarni umumlashtirish Oʻquv-metodik boʻlimi tomonidan amalga oshiriladi.
Kafedra mudiri har bir fan boʻyicha oʻquv kontentlarini shakllantirish, nazorat turi savollarini tuzish, nazorat ishlarini tekshirishga masʼul boʻlgan pedagog xodimni belgilaydi.
Oʻquv semestri davomida oʻquvchilar bilimini baholash har bir fan boʻyicha nazorat jadvallari va baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi, shuningdek elektron taʼlim platformasiga kiritib boriladi.
3. Oʻquvchilar akademik litsey oʻqituvchilari tomonidan har bir fanning birinchi mashgʻulotida mazkur Nizom talablari bilan toʻliq tanishtirilishi shart.
2-bob. Nazorat turlari va baholash mezonlari
1-§. Nazorat turlari
4. Akademik litseyda oʻquvchilar bilimini nazorat qilish joriy, oraliq va yakuniy nazorat turlarini oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
Oʻquv dasturlarida belgilangan hollarda faqat joriy va yakuniy nazorat turlari oʻtkazilishi mumkin.
5. Akademik litseyning oʻquvchisi har bir nazorat turini topshirishi shart.
2-§. Joriy nazoratni oʻtkazish
6. Joriy nazorat oʻquvchining fan mavzulari boʻyicha oʻzlashtirish darajasini muntazam ravishda aniqlash va baholash usuli hisoblanadi.
Joriy nazorat fan mavzusi doirasida oʻzlashtirgan bilimlarni ogʻzaki va yozma bayon etish, pedagog xodimning topshiriqlari asosida bahs-munozaraga kirishish, muammoli vaziyatlarni hal etish (keys-stadi), jamoada ishlash, mustaqil ishlar (taqdimotlar) tayyorlash va boshqa shakllarda baholashga qaratiladi.
7. Fanning mazmuni va xususiyatidan kelib chiqqan holda oʻquvchining har bir mavzu boʻyicha oʻzlashtirishi baholab boriladi.
Joriy nazorat seminar va amaliy mashgʻulot shakllarida oʻtkaziladi.
8. Joriy nazorat uchun har bir fan boʻyicha jami ballning (baho foizining) 20 foizigacha ajratiladi.
3-§. Oraliq nazoratni oʻtkazish
9. Oraliq nazorat semestr davomida fan oʻquv dasturining tegishli boʻlimi tugagandan keyin oʻquvchining bilim va amaliy koʻnikmalarini baholash maqsadida oʻtkaziladi.
Oraliq nazorat oʻquvchi tomonidan fan oʻquv dasturining tegishli boʻlimlari mazmunini oʻzlashtirish darajasi, oʻquvchining hujjatlar bilan ishlash amaliy koʻnikmalari, muammoli vaziyatlarni hal etish (keys-stadi), mustaqil izlanishlar olib borish, oʻz fikrlarini izchil va aniq bayon qilish qobiliyatini baholashga qaratilgan.
10. Oraliq nazorat har bir oʻquv fanining xususiyatidan kelib chiqqan holda semestr davomida kamida bir marotaba oʻtkaziladi.
Oraliq nazorat ogʻzaki, yozma ish (individual yoki jamoaviy ish, prezentatsiya, tahliliy maʼlumot tayyorlash, muammoli vaziyat (kazus)lar) yoki test sinovlari shaklida oʻtkaziladi. Oraliq nazorat axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali ham topshirilishi mumkin.
Oraliq nazorat uchun har bir fan boʻyicha jami ballning (baho foizining) 30 foizigacha ajratiladi.
Savollar oʻquvchilarning oʻquv dasturi doirasida oʻzlashtirgan bilimlarini ifoda etish, muammoli vaziyatlar boʻyicha munozaraga kirishish, fan boʻyicha manbalar asosida oʻz pozitsiyasini asoslash koʻnikmalari shakllanganligini aniqlashga qaratilgan boʻlishi lozim.
11. Oraliq nazorat natijalari ushbu nazorat turi oʻtkazilgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida pedagog xodim tomonidan elektron taʼlim platformasiga kiritish orqali rasmiylashtiriladi.
12. Yozma ish va test sinovlari shakllarida oʻtkazilgan oraliq nazorat auditoriyada mustaqil ravishda oʻquvchi tomonidan bajariladi va pedagog xodimga topshiriladi.
Oraliq nazorat elektron taʼlim platformasi orqali kompyuterda topshirilishi mumkin.
4-§. Yakuniy nazoratni oʻtkazish
13. Yakuniy nazorat oʻquv dasturi doirasida oʻquvchining nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarni toʻliq oʻzlashtirganlik darajasini baholashning yakuniy bosqichi hisoblanadi.
Yakuniy nazorat oʻquvchining oʻquv dasturida nazarda tutilgan mavzular doirasida qisqa vaqt mobaynida nazariy savollarga oʻz fikrini bildirish, muammoli vaziyatlarga yechim topish, test sinovlarini topshirish qobiliyatini aniqlashga qaratilgan.
14. Oʻquv rejada belgilangan fanlar boʻyicha yakuniy nazorat semestr yakunida yozma yoki test shakllarida auditoriya kuzatuvchisi nazorati ostida oʻtkaziladi. Yakuniy nazorat elektron taʼlim platformasi orqali kompyuterda topshirilishi mumkin.
Yakuniy nazorat savollari nazariy savollar va muammoli vaziyat (kazus)lar yoki test sinovlaridan tashkil topadi. Yakuniy nazorat savollari tegishli kafedra tomonidan ishlab chiqiladi.
15. Kafedra mudiri tomonidan yakuniy nazorat savollari sifatli tayyorlanishi va ushbu savollar yakuniy nazorat oʻtkazilishidan ikki hafta oldin Oʻquv-metodik boʻlimiga taqdim qilinishi lozim.
Oʻquv-metodik boʻlimi savollar bazasidan yakuniy nazorat variantlarini yakuniy nazorat oʻtkazilishidan bir hafta oldin shakllantiradi.
16. Yakuniy nazoratni oʻtkazishda auditoriya kuzatuvchisi sifatida ishtirok etadigan pedagog xodimlar roʻyxati yakuniy nazorat oʻtkazilishidan uch ish kuni oldin akademik litseyning ijrochi direktori tomonidan tasdiqlanadi.
17. Auditoriya kuzatuvchisi yakuniy nazoratni oʻtkazishda quyidagi huquqlarga ega:
yakuniy nazorat boshlanganidan keyin oʻquvchilarni auditoriyaga kiritmaslik;
yakuniy nazorat oʻtkazilayotgan vaqtda oʻquvchilarning oʻrnini almashtirish.
18. Auditoriya kuzatuvchisi yakuniy nazoratni oʻtkazishda quyidagilarga majbur:
oʻquvchilarni yakuniy nazoratni boshlashdan avval uni oʻtkazish tartibi va davom etish vaqti haqida xabardor qilish;
oʻquvchilarga yakuniy nazoratni boshlashdan oldin foydalanish taqiqlangan barcha predmetlarni kuzatuvchilarga topshirishlari zarurligini tushuntirish;
oʻquvchilarni auditoriyada bir-birlaridan koʻchirishlari uchun imkon boʻlmaydigan holda joylashtirish;
yakuniy nazorat oʻtkazilayotgan vaqt davomida oʻquvchilar tomonidan tartibga rioya qilinishini taʼminlash;
yakuniy nazoratni oʻtkazishda mazkur Nizomda belgilangan qoidalarni buzgan oʻquvchilarni dalolatnoma tuzgan holda ushbu nazorat turidan chetlashtirish.
19. Yakuniy nazorat, qoida tariqasida, 1 soat 20 daqiqa (80 daqiqa) mobaynida oʻtkaziladi. Yakuniy nazoratning boshlanish va tugash vaqti auditoriya kuzatuvchisi tomonidan auditoriya doskasida aks ettirilishi zarur.
Yakuniy nazorat ishi oʻquvchi tomonidan mustaqil ravishda yozilishi shart.
20. Yakuniy nazorat oʻtkazish jarayonida oʻquvchilarning auditoriyadan chiqishi, bir-biri bilan gaplashishi, boshqa oʻquvchilarga oʻz yozma ish varaqalarini berishi, oʻzi bilan darsliklar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar, lugʻatlar, maʼlumotnomalar va boshqa adabiyotlar, konspektlar, elektron va qogʻoz shakldagi shpargalkalar, kalkulyatorlar, aloqa vositalari (shu jumladan uyali aloqa vositasi), audio-, foto- va video-yozuv qurilmalari va boshqalarni olib kirishi va ulardan foydalanishi taqiqlanadi. Shaxsiy buyumlar auditoriyadagi alohida stolga qoʻyilishi kerak.
21. Yakuniy nazorat uchun ajratilgan vaqt tugaganidan soʻng, oʻquvchi oʻz nazorat ishini auditoriya kuzatuvchisiga topshiradi.
Yakuniy nazorat ishlari soni auditoriya kuzatuvchisi tomonidan qayta sanaladi, nazorat ish varaqlari uning imzosi bilan tasdiqlanadi va yakuniy nazoratda qatnashgan oʻquvchilar soniga mutanosib ravishda Oʻquv-metodik boʻlimiga topshiriladi.
5-§. Baholash tartibi va mezonlari
22. Oʻquvchining har bir fan boʻyicha oʻzlashtirish darajasi uning bilim, malaka va koʻnikmalarini baholashning reyting tizimi asosida ballarda aks ettiriladi.
23. Oʻquvchining semestr mobaynidagi har bir fan boʻyicha oʻzlashtirishi 100 ballik tizim asosida butun sonlar bilan baholanadi.
100 ball nazorat turlari boʻyicha, quyidagicha taqsimlanadi:
joriy nazorat — 20 ballgacha;
oraliq nazorat — 30 ballgacha;
yakuniy nazorat — 50 ballgacha.
TDYU Kengashi tomonidan nazorat turlari boʻyicha ballar miqdori oʻzgartirilishi mumkin.
24. Har bir nazorat turi umumiy maksimal ballning 100 foizidan kelib chiqqan holda baholanadi.
Bunda, oʻquvchining fanni oʻzlashtirishi boʻyicha barcha nazorat turlari yuzasidan baholash quyidagi namunaviy mezonlar asosida amalga oshiriladi:
a) 86 — 100 foiz (5 baho) olish uchun oʻquvchi:
mustaqil va ijodiy fikrlashi, qaror qabul qilishi hamda mushohada yuritishi, fikrlarini ravon bayon etishi, nazariy bilimini amalda qoʻllay olishi, fanning (mavzuning) mohiyatini tushunishi, bilishi, seminar va amaliy mashgʻulotlarda ijodiy va faol qatnashishi hamda fan (mavzu) boʻyicha tasavvurga ega boʻlishi lozim;
b) 71 — 85 foiz (4 baho) olish uchun oʻquvchi:
mustaqil fikrlashi, oʻz fikrlarini bayon etishi, fanning (mavzuning) mohiyatini tushunishi, bilishi, nazariy bilimini amalda qoʻllay olishi, seminar va amaliy mashgʻulotlarda ijodiy va faol qatnashishi hamda fan (mavzu) boʻyicha tasavvurga ega boʻlishi lozim;
v) 56 — 70 foiz (3 baho) olish uchun oʻquvchi:
olgan bilimini amalda qoʻllay olishi, fanning (mavzuning) mohiyatini tushunishi, bilishi hamda fan (mavzu) boʻyicha tasavvurga ega boʻlishi lozim;
g) oʻquvchining bilim darajasi 0 — 55 gacha baholanadi, agar:
fan dasturini oʻzlashtirmagan boʻlsa, fanning (mavzuning) mohiyatini tushunmasa hamda fan (mavzu) boʻyicha tasavvurga ega boʻlmasa.
25. Fanlar boʻyicha semestr uchun oʻquvchi reytingi quyidagicha aniqlanadi:
R semestr = JN+ON+YAN
Agar fan ikki semestrda davom etsa umumiy ballarining arifmetik oʻrtachasi olinadi.

Har bir fan boʻyicha umumiy reyting balli yillar boʻyicha toʻplangan ballarning oʻrtacha arifmetik qiymatidan kelib chiqib aniqlanadi.

3-bob. Nazorat ishlarini tekshirish
26. Oraliq va yakuniy nazorat ishlarini tekshirish pedagog xodimlar tomonidan akademik litsey binosining ichki qismida maxsus ajratilgan xonada amalga oshiriladi.
Oraliq va yakuniy nazorat ishlarini maxsus ajratilgan xonadan tashqariga olib chiqish taqiqlanadi. Maxsus ajratilgan xona ichkarisiga akademik litsey ijrochi direktori, direktorning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari, Oʻquv-metodik boʻlimi boshligʻi va tekshiruvchi pedagog xodimlardan tashqari boshqa shaxslarning kirishi man qilinadi.
Pedagog xodim tomonidan oraliq va yakuniy nazorat ishining birinchi varagʻi ustiga ball qoʻyiladi. Ball aniq ifodalangan shaklda pedagog xodimning imzosi bilan tasdiqlangan holda qoʻyilishi kerak.
Pedagog xodim tomonidan har bir tekshirilgan nazorat ishiga taqriz beriladi hamda unda nazorat ishi mazmunining ijobiy jihatlari va yoʻl qoʻyilgan xatoliklar aks ettirilishi lozim.
Nazorat ishlari elektron taʼlim platformasi orqali topshirilgan taqdirda, pedagog xodim tomonidan elektron tarzda tekshirilishi va taqriz yozilib baholanishi lozim.
27. Oraliq va yakuniy nazorat ishlarining ayrimlari TDYU tomonidan tanlab qayta tekshirilishi mumkin. Bunda, nazorat ishlari TDYU xodimlari tomonidan bevosita joyga chiqqan holda qayta tekshiriladi yoki nazorat ishlari tegishli soʻrovga koʻra TDYUga yuboriladi.
Tanlangan ishni qayta tekshirish natijasida unga qoʻyilgan ball oʻzgartirilishi mumkin.
28. Pedagog xodim tomonidan nazorat ishlarini tekshirish ular yakunlangan kundan boshlab uch ish kuni ichida amalga oshiriladi va shu kunning oʻzida elektron taʼlim platformasidagi reyting qaydnomasiga kiritiladi.
Nazorat ishlarining natijalari ularni tekshirish muddati yakunlangan kundan boshlab uch ish kuni ichida eʼlon qilinadi.
29. Oʻquv-metodik boʻlimi tomonidan joriy, oraliq va yakuniy nazorat reyting qaydnomalari asosida jamlovchi reyting qaydnomasi tuziladi.
Jamlovchi reyting qaydnomasini Oʻquv-metodik boʻlimi boshligʻi va masʼul xodim imzolaydi hamda direktorning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari tasdiqlaydi.
Joriy, oraliq va yakuniy nazorat reyting qaydnomalari hamda jamlovchi reyting qaydnomalarining shakllari akademik litsey Kengashi tomonidan tasdiqlangan namuna boʻyicha tuziladi.
30. Oʻquvchilarning apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun direktor buyrugʻi bilan kamida besh nafar mutaxassislardan iborat tarkibda Apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Nazorat ishlarini oʻtkazishga masʼul boʻlgan shaxslarning Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
31. Nazorat ishlarining natijalaridan norozi boʻlgan oʻquvchilar natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab besh kun ichida Apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyati berishlari mumkin.
Bunda, Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan oʻquvchini shikoyat koʻrib chiqilishidan ikki kun oldin uni koʻrib chiqish vaqti va joyi haqida ogohlantiradi.
32. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyatini, u kelib tushgan kundan boshlab uch kun muddat ichida koʻrib chiqadi. Bunda, apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan oʻquvchi mazkur shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etish huquqiga ega.
33. Apellyatsiya komissiyasi unda aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Apellyatsiya komissiyasining qarori oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va majlisda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
34. Apellyatsiyani koʻrib chiqishda apellyatsiya komissiyasi nazorat ishlarini har tomonlama oʻrganadi. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish davomida oʻquvchiga uni qayta baholashga qaratilgan savollar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
35. Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Apellyatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
eʼtiroz asossiz boʻlsa, nazorat ishlarining natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish;
eʼtiroz asosli boʻlsa, nazorat ishlarining natijalariga oʻzgartirish kiritish.
Apellyatsiya shikoyatini koʻrishda oʻquvchining nazorat ishlari natijasida olgan ballini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
36. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan oʻquvchiga oʻz qarorini u qabul qilingan kunning oʻzida maʼlum qilishi kerak.
37. Kasalligi yoki boshqa hujjat bilan tasdiqlangan uzrli sabablar tufayli (kasalligi, yaqin qarindoshlarining vafoti, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlishi sababli) oraliq va (yoki) yakuniy nazorat turlarida belgilangan muddatda ishtirok etmagan oʻquvchiga masʼul xodim tomonidan ushbu holatlarga aniqlik kiritgan holda va asoslantiruvchi hujjatlar mavjud boʻlganda direktorning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari tomonidan tasdiqlangan jadval asosida nazorat turlarini qayta topshirishga ruxsat beriladi.
38. Nazorat turining natijalari boʻyicha oʻquvchi 56 baldan kam toʻplagan hollarda u nazorat turidan oʻtmagan deb hisoblanadi.
39. Nazorat turini topshira olmagan oʻquvchiga uning natijasi eʼlon qilingan kundan boshlab bir hafta ichida qayta topshirish uchun imkoniyat beriladi.
4-bob. Nazoratning xolisligini taʼminlash
40. Nazorat turlarini oʻtkazishda baholarning xolisligini taʼminlash maqsadida oʻquvchilar tomonidan bajarilgan yozma ishlar, test sinovlari elektron taʼlim platformasi orqali topshirilganida avtomatik ravishda identifikatsiya kodlari berish yoʻli bilan shifrlanadi.
41. Oʻquv-metodik boʻlimi elektron taʼlim platformasiga oʻquv yuklamasidan kelib chiqib, fanlar boʻyicha oraliq, yakuniy nazorat ishlarini tekshirishi mumkin boʻlgan pedagog xodimlar roʻyxatini kiritadi.
42. Elektron taʼlim platformasi tomonidan identifikatsiya kodlari berish yoʻli bilan shifrlangan ishlar avtomatik ravishda tegishli pedagog xodimlarga tekshirish uchun yuboriladi.
43. Yozma shakldagi oraliq, yakuniy nazorat ishlarini tekshirishda ishtirok etgan pedagog xodimlar tomonidan oʻquv mashgʻulotlari vaqtida oʻquvchilar uchun yakuniy nazorat ishlarida koʻp uchragan xatolar toʻgʻrisida tushuntirish beriladi hamda mazkur xatolar umumlashtirilib, oʻquvchilarga yetkaziladi.
44. Oʻquv-metodik boʻlimi tomonidan oraliq va yakuniy nazorat natijalari asosida elektron taʼlim platformasida oʻquvchilarning familiyasi, ismi, otasining ismi identifikatsiya qilingan holda jamlovchi elektron reyting qaydnomasi shakllantiriladi.
Jamlovchi elektron reyting qaydnomasida notoʻgʻri qayd qilingan hollar aniqlanganda, elektron taʼlim platformasiga ishlarni tekshirish va baholarni kiritishga masʼul boʻlgan pedagog xodim javobgar boʻladi.
Agar oraliq va yakuniy nazorat ishlari natijasi jamlovchi reyting qaydnomasida notoʻgʻri aks ettirilgan boʻlsa, Oʻquv-metodik boʻlimining jamlovchi reyting qaydnomasini tuzishga masʼul boʻlgan xodimi, shuningdek Oʻquv-metodik boʻlimi boshligʻi javobgar boʻladi.
45. Oraliq va yakuniy nazorat ishlari reyting qaydnomasida toʻgʻri aks etishini monitoring qilish uchun akademik litseyning Kengashi oʻz qarori bilan jamlovchi reyting qaydnomasini haqiqiy ballarga mos kelishini qayta tekshirish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
46. Oʻquv-metodik boʻlimi boshligʻi oraliq va yakuniy nazorat natijasi boʻyicha reyting qaydnomalarini koʻrib chiqib, koʻp miqdorda past oʻzlashtirish reyting balli ishlarni aniqlasa, bu haqda direktorning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosarini xabardor qiladi. Bunda, zaruriyatga koʻra direktor tegishli buyruq qabul qilishi va tashkil etiladigan ekspertlar guruhi tomonidan yozma ishlarni qayta tekshirtirilishini amalga oshirishi mumkin.
47. Ekspertlar guruhining xulosasi rasmiylashtirilgunga qadar oraliq va yakuniy nazorat natijalari yakuniy emas deb hisoblanadi va oʻquvchilarga eʼlon qilinishi mumkin emas. Xulosa rasmiylashtirilgunga qadar natijalar maxfiyligi uchun Oʻquv-metodik boʻlimi javobgar hisoblanadi.
48. Oʻquvchilar nazorat turlari boʻyicha olgan baholarini hamda pedagog xodim tomonidan yozilgan taqrizlarni elektron taʼlim platformasi orqali kuzatib boradi.
5-bob. Yakuniy qoida
49. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga asosan javob beradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.07.2024-y., 10/24/3527/0496-son)