Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga sohalar va tarmoqlarda ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarida ekologik vaziyatni yaxshilash, muqobil energiya resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash va ragʻbatlantirish, shuningdek, “Ekologik transport” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
quyosh fotoelektr stansiyalarini binolarning tom va fasad qismiga oʻrnatish boʻyicha loyiha hujjatlarini davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazish talabini bekor qilish;
atrof-muhitga yuqori va oʻrta darajadagi taʼsir koʻrsatuvchi sanoat korxonalari va ularga tutash hududlarda “yashil belbogʻlar” barpo etish va koʻkalamzorlashtirish tadbirlarini amalga oshirishni belgilash;
“Ekologik transport” tizimini bosqichma-bosqich joriy etishning muddatlarini belgilash.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 3-iyul,
381-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 3-iyuldagi 381-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Atrof-muhitga taʼsirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2020-yil 7-sentabrdagi 541-son qarorida:
a) 1-ilovaning “Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning III toifasiga kiradigan (past darajada xavfli) faoliyat turlari” boʻlimi 52-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“52. Quvvati 100 MVtgacha boʻlgan issiqlik, shuningdek, foto, shamol elektr stansiyalari (binolarning tom va fasad qismida oʻrnatishga moʻljallangan quyosh fotoelektr stansiyalari bundan mustasno) va boshqa yondirish qurilmalari”;
b) 2-ilovaning 43-bandi quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning I va II toifalariga mansub sanoat korxonalari loyiha hujjatlarida oʻz va tutash hududlarida “yashil belbogʻ”lar barpo etilishi va koʻkalamzorlashtirish tadbirlarining nazarda tutilganligi”;
beshinchi — oltinchi xatboshilar tegishlicha oltinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 29-martdagi 166-son qarorida:
a) 1-bandda:
“a” kichik banddagi “2024-yil 1-iyundan” soʻzlari “2025-yil 1-martdan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“b” kichik bandning ikkinchi xatboshisidagi “2024” raqami “2025” raqami bilan almashtirilsin;
b) 2-bandning “a” kichik bandidagi “2024-yil 1-iyundan” soʻzlari “2025-yil 1-martdan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 5-bandda:
“a” kichik banddagi “2024-yil 1-iyunga” soʻzlari “2025-yil 1-aprelga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“v” kichik banddagi “ikki oy muddatda” soʻzlari “2025-yil 1-yanvarga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.07.2024-y., 09/24/381/0474-son)