Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining Oʻzbekistonda inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati toʻgʻrisidagi axboroti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining Oʻzbekistonda inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati toʻgʻrisidagi axborotini koʻrib chiqib, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi, shuningdek, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi doirasida xalqaro majburiyatlari bajarilishini taʼminlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilganini qayd etadi.
Xususan, 2023-yilda mamlakatimiz siyosiy hayotida muhim voqea — yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi umumxalq referendumi yoʻli bilan qabul qilindi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish ekanligi belgilab berildi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarining konstitutsiyaviy asoslari mustahkamlandi. Konstitutsiyada “davlat — jamiyat — inson” tamoyili “inson — jamiyat — davlat” prinsipiga oʻzgartirildi.
2023-yil 9-iyul kuni mamlakatimiz hayotida yana bir muhim siyosiy voqea — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻlib oʻtdi. Ushbu saylovda ovoz berish huquqiga ega respublikamizning barcha fuqarolari bilan birga, qamoqda saqlash joylarida ushlab turilgan hamda qamoqqa olingan, uncha ogʻir boʻlmagan yoki ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlar, shuningdek, ilk bor yangi tahrirda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga koʻra ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganligi uchun jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlar ham ishtirok etdi.
Xususan, qamoqda saqlanayotgan va ozodlikdan mahrum etilgan saylovda ovoz berish huquqiga ega boʻlgan 34 338 shaxsga ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Odam savdosiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrda “Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-210-sonli Farmoni imzolandi.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiya etib qayta tashkil qilindi.
Shuningdek, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy maʼruzachi instituti taʼsis etildi.
2023-yil davomida xalqaro standartlarga muvofiq nogironligi boʻlgan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2 ta Prezident qarori va Vazirlar Mahkamasining 3 ta qarori qabul qilingan.
Oʻzbekiston BMTning Inson huquqlari sohasida Jahon taʼlim dasturida faol ishtirok etib kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy taʼlim dasturi tasdiqlandi.
2023-yil 13-aprelda Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi.
Ushbu Qonun asosida xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan nomaqbul harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlik yanada kuchaytirildi, shuningdek, oilaviy zoʻravonlik, shilqimlik qilganlik uchun javobgarlik belgilandi.
2023-yil 26-sentabr kuni AQSh Mehnat vazirligi bolalar mehnatining eng yomon shakllari boʻyicha hisobotida (TDA Report) davlat tomonidan bolalar mehnatining eng yomon shakllarini bartaraf etishga qaratilgan saʼy-harakatlar samaradorligi boʻyicha Oʻzbekiston ketma-ket ikkinchi yil “sezilarli taraqqiyot”ning eng yaxshi toifasiga kiritilgani qayd etilgan.
Shu bilan birga, inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarni samarali qoʻllash, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash borasida ayrim muammolar mavjud.
Birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda xalqaro majburiyatlarida qayd etilgan davlatning ekologik huquqlarini taʼminlash muammolari saqlanib qolmoqda. Xususan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi maʼlumotiga koʻra atmosfera havosiga tashlamalar 2023-yilda 2 138,3 ming tonnani tashkil etgan, shundan Toshkent viloyatida (679,7 ming tonna) va Toshkent shahrida (417,6 ming tonna) atmosfera havosiga tashlamalar miqdori eng yuqori boʻlgan. Natijada Havo sifati indeksi sayti (IQAir) tomonidan Toshkent shahri dunyodagi havosi eng ifloslangan shaharlardan biri sifatida baholandi.
Shuningdek, 2023-yilgi Farovonlik indeksi (Natural environment) natijalariga koʻra mamlakatdagi ekologik vaziyat dunyodagi eng yomonlaridan biri sifatida baholangan (167 davlat ichida 162 oʻrin).
Ikkinchidan, bola huquqlari buzilishi holatlari kuzatilayotganini inobatga olib, bolalarni turli koʻrinishdagi zoʻravonlikdan himoya qilish, bu borada ota-onalar, taʼlim muassasalari, boshqa mutasaddi idoralar masʼuliyatini oshirish, tegishli qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirish zarur. 2021-yilda voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilib, tergov qilingan jinoyat ishlari soni 1 831 tani tashkil qilgan boʻlsa, mazkur koʻrsatkich 2022-yilda 2 194 taga yetgan.
Soʻnggi 3 yilda ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilganligi, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada boʻlgani, kuch ishlatgani yoki ruhiy taʼsir koʻrsatgani sababli 2 072 nafar shaxs sudlar tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan.
Uchinchidan, 2020-yilda “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan va 2021-yilda Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya ratifikatsiya qilingan boʻlsa-da, joylarda umumiy foydalanishdagi transport vositalaridan nogironligi boʻlgan shaxslarning moneliksiz foydalanishi uchun yetarli darajada shart-sharoitlar yaratilmagan.
Masalan, Samarqand viloyatida mavjud litsenziyaga ega avtobuslarning asosiy qismi “Isuzu” avtobuslari boʻlib, nogironligi boʻlgan shaxslar foydalanishi uchun moslashtirilmagan, avtobekatlarda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun panduslar va harakatlanish yoʻnalishlari boʻyicha maʼlumotlar mavjud emas, Samarqand shahridagi “Temir yoʻl vokzali”da taktil qoplamalar mavjud emas va kutish zalida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun alohida belgisi bor joylar ajratilmagan.
Toʻrtinchidan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 55-moddasida har kim agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib boʻlgan boʻlsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli ekanligi belgilangan.
Bugungi kunda Oʻzbekiston fuqarolari tomonidan BMT ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalarga murojaat qilish imkoniyati yaratilgan boʻlsa-da, ushbu murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha BMT organlarining qarorlarini ijro etishning aniq mexanizmi ishlab chiqilmagan, inson huquqlari boʻyicha xalqaro shartnomalar normalarini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qoʻllash amaliyoti yoʻlga qoʻyilmagan.
Beshinchidan, Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiya doirasidagi tadbirlar belgilangan muddatlarda amalga oshirilmayapti. Xususan, Milliy strategiya doirasida ishlab chiqilgan Tadbirkorlik, Axborot, Ekologiya hamda Aholi sogʻligʻini saqlash kodekslari qabul qilinmagan.
Oltinchidan, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish boʻyicha ayrim davlat organlari tomonidan taqdim etilayotgan maʼlumotlarning noaniqligi va bir davlat organi tomonidan har xil maʼlumotlar berilishi BMT qoʻmitalari tomonidan berilgan tavsiyalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarishga imkon bermayapti.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 18-noyabrdagi Qarorida mahalliy Kengashlarda vazirlik va idoralar hududiy boʻlinmalari rahbarlarining Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiya ijrosi yuzasidan axborotini eshitish hamda tanqidiy muhokama qilish belgilangan boʻlsa-da, muhokamalar faqat Surxondaryo viloyati xalq deputatlari Kengashi tomonidan 2023-yilda oʻtkazilgan xolos. Shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi milliy taʼlim dasturi ijrosi boʻyicha ham eshituvlar tashkil qilinmagan.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 7-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining Oʻzbekistonda inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi qabul qilinganini inobatga olib, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida ishlab chiqilishi koʻzda tutilgan kodeks va qonun loyihalarini belgilangan muddatlarda va tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilishini taʼminlasin;
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi hamda Tashqi ishlar vazirliklari bilan birgalikda iqlim oʻzgarishining inson huquqlarini taʼminlashga salbiy taʼsirining oldini olish yuzasidan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ekologiya tahdidlari masalasiga bagʻishlangan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumini joriy yilda oʻtkazilishini taʼminlasin;
vazirliklar, davlat organlari va tashkilotlari inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning tavsiyalarini amalga oshirish boʻyicha milliy harakat rejalari (“yoʻl xaritalari”) ijrosi ustidan tizimli monitoring joriy qilsin hamda Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazga tegishli maʼlumotlar oʻz vaqtida va sifatli taqdim qilinishini qatʼiy nazoratga olsin.
3. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi ikki oy muddatda:
manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi Konvensiya qabul qilinganining 45 yilligi, Qiynoqlarga qarshi konvensiya qabul qilinganining 40 yilligi hamda Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya qabul qilinganining 35 yilligini nishonlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin;
inson huquqlari sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari masalalari boʻyicha davlat organlari xodimlari va fuqarolik jamiyati instituti vakillari uchun oʻquv kurslari tashkil qilsin;
2024-yilning 1-avgustiga qadar manfaatdor davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda BMT Inson huquqlari kengashining Universal davriy sharh boʻyicha Oʻzbekistonning Toʻrtinchi milliy maʼruzasi yuzasidan bildirilgan tavsiyalarni amalga oshirish maqsadida 2024 — 2027-yillarga moʻljallangan milliy harakatlar rejasi (“yoʻl xaritasini”) ishlab chiqsin va Oliy Majlis palatalariga kiritsin.
Ushbu Qaror ijrosi yuzasidan 2024-yilning 10-sentabrigacha Senatga axborot kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili, Adliya vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi ikki oy muddatida “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining belgilangan tartibda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilishini taʼminlansin.
5. Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengash, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi nogironligi boʻlgan shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda:
madaniy meros obyektlari, temir yoʻl va jamoat transportlarida hamda barcha aeroport, vokzal, avtoshohbekatlarda nogironligi boʻlgan shaxslarning toʻsiqsiz harakatlanishi uchun zarur sharoitlar, maxsus koʻtarilish panduslari hamda biletlarini xarid qilish boʻyicha onlayn platformalarda eshitish va koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslarning tegishli ehtiyojlariga muvofiq eʼlonlar uchun taktil hamda ovozli funksiyali displeylar joriy qilinganligi ustidan doimiy monitoring olib borish;
ushbu masalalar yuzasidan Transport vazirligi, Turizm qoʻmitasi, “Uzbekistan airways” AJ, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va mahalliy hokimliklar faoliyati boʻyicha jamoatchilik eshituvini tashkil qilish tavsiya qilinsin.
6. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Oliy sud bilan birgalikda ikki oy muddatda:
inson huquqlari boʻyicha xalqaro organlar, xususan BMTning ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalarining qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ijro etilishi tartibi toʻgʻrisida takliflar ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari uchun inson huquqlari boʻyicha turkum oʻquv seminarlari tashkil qilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashiga yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalari, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda Oliy sud Plenumining sudlar tomonidan inson huquqlari boʻyicha xalqaro shartnomalar normalarini qoʻllash boʻyicha qarorini ishlab chiqish tavsiya etilsin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga vazirlik va idoralar hududiy boʻlinmalari rahbarlarining Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi, Inson huquqlari sohasidagi milliy taʼlim dasturining hududlar kesimida ijro etilishi yuzasidan axborotlarini kamida bir yilda bir marotaba eshitish va tanqidiy muhokama qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish hamda amalga oshirilgan ishlar boʻyicha maʼlumotlarni Oliy Majlis Senatiga taqdim qilish tavsiya etilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitalari:
Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlariga rioya qilinishi holati toʻgʻrisidagi axborotni oʻz faoliyatida inobatga olsin;
ish rejalarida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda hamda kelgusidagi ish rejalarini tuzishda inson huquqlari boʻyicha milliy maʼruzalardan foydalansin;
Qoʻmita majlislari va parlament eshituvlari mazmunidan kelib chiqib, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazini ushbu tadbirlarga jalb etsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi ikki oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga vazirlik va idoralar hududiy boʻlinmalari rahbarlarining Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi hamda Inson huquqlari sohasidagi milliy taʼlim dasturi ijro etish yuzasidan axborotlarini eshitish amaliyoti boʻyicha metodik yordam koʻrsatsin.
11. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
12. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2024-yil 18-may,
SQ-909-IV-son