Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qoʻshma qarori
Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi Konvensiya qoidalarini bajarish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Oltinchi davriy maʼruzasini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qoʻmitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022 — 2025-yillarga moʻljallangan Milliy harakatlar rejasi haqida
Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi Konvensiya qoidalarini bajarish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Oltinchi davriy maʼruzasini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qoʻmitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022 — 2025-yillarga moʻljallangan Milliy harakatlar rejasini amalga oshirish, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish boʻyicha xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi Konvensiya qoidalarini bajarish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Oltinchi davriy maʼruzasini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qoʻmitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022 — 2025-yillarga moʻljallangan Milliy harakatlar rejasi (bundan buyon matnda Milliy harakatlar rejasi deb yuritiladi) ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* ilova berilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Milliy harakatlar rejasining ijrosini taʼminlash choralarini koʻrsin.
3. Inson huquqlari sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi boʻyicha Parlament komissiyasi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan birgalikda Milliy harakatlar rejasining amalga oshirilishi yuzasidan:
muntazam monitoring olib borsin;
chora-tadbirlar sifatli va oʻz vaqtida ijro etilishi boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarga taklif va tavsiyalarni kiritib borsin;
har chorakda tegishli bandlarning ijro etilishi holati yuzasidan vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotini eshitsin hamda tanqidiy muhokama qilsin;
aniq koʻrsatkichlar va erishilgan natijalar aks ettirilgan batafsil axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining rasmiy veb-saytlariga doimiy ravishda joylashtirib borsin;
umumlashtirilgan maʼlumotni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga kiritib borsin.
4. Milliy harakatlar rejasida belgilangan masʼul ijrochilar oʻzlariga yuklatilgan vazifalar ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har oyning beshinchi sanasiga qadar Inson huquqlari sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi boʻyicha Parlament komissiyasiga taqdim etsin.
Bunda vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari Milliy harakatlar rejasida belgilangan vazifalarning toʻliq, sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgardir.
5. Mazkur Qoʻshma qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. SAIDOV
Toshkent sh.,
2022-yil 19-dekabr,
2778-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 19-dekabr,
KQ-443-IV-son