Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mahallalarni qoʻllab-quvvatlashni yanada takomillashtirish, mahallabay ishlashga masʼul boʻlgan shaxslar faoliyatini samarali tashkil etish va ularning hamkorligini taʼminlash, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, uning tuzilmalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasiga yuklangan vazifalarning toʻlaqonli bajarilishini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi (keyingi oʻrinlarda — Uyushma), Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining:
Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi foydalanishida boʻlgan Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi “Baytqoʻrgʻon” QFY hududida joylashgan “Navbahor” sanatoriysi dam olish maskanini tegishli hududi va ushbu dam olish maskanini rivojlantirish uchun “Aloqa bank” ATdan olingan kreditining qolgan qismini toʻlash majburiyati bilan birgalikda Uyushmaga bepul berish;
Uyushmaning Mahallalar faoliyatini ragʻbatlantirish jamgʻarmasini tashkil etish;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining budjetdan tashqari “Obod va xavfsiz mahalla” jamgʻarmasini tugatish;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga hamda uning hududiy boshqarmalari va boʻlimlariga sobiq Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy boshqarmalari va boʻlimlaridan oʻtgan moddiy-texnik bazani, xizmat avtotransport vositalarini, bino va inshootlarni Uyushmaga bepul berish;
Uyushma huzurida “Mahalla” media-markazi, “Mahalla” press-klubi hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tizimi xodimlarining malakasini oshirish va mahallalarni metodik taʼminlash oʻquv-uslubiy markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining mahallalar faoliyatini ragʻbatlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Uyushmaga ikki oy muddatda:
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda mahallalar va “Mahalla yettiligi” faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar va muammolarni hamda aholi murojaatlarini qabul qilish uchun 24 soat uzluksiz ishlaydigan “Call-markaz” faoliyatini (respublika doirasida yagona qisqa raqam) oʻrnatilgan tartibda yoʻlga qoʻyish;
Uyushma huzurida “Mahalla” media-markazi, “Mahalla” press-klubi hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tizimi xodimlarining malakasini oshirish va mahallalarni metodik taʼminlash oʻquv-uslubiy markazini Respublika mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashi qaroriga asosan tashkil etish choralarini koʻrish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslarida “Mahalla yettiligi” aʼzolarining mahalla fuqarolar yigʻinidagi faoliyati yuzasidan malakasini oshirish tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tartibga soluvchi ayrim normativ-xuquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2022-yil 1-iyundagi 292-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Vazirlar Mahkamasining “Mahalla yettiligi”, yoshlar siyosati va maʼnaviyat masalalari departamenti zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 18-may,
291-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-maydagi 291-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining mahallalar faoliyatini ragʻbatlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining (keyingi oʻrinlarda — Uyushma) Mahallalar faoliyatini ragʻbatlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma yuridik shaxs tashkil etmagan holda Uyushmada tuziladi.
3. Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochilgan Uyushmaning shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida jamlanadi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish tartibi
4. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Uyushmaga va Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondiga har yili oʻtkaziladigan umumxalq xayriya hasharidan tushadigan tushumlarning 10 foizi;
tizim tashkilotlarining sof foydasidan 10 foizi;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
har yili budjet parametrlarida mahallalarning boshqaruv tizimi faoliyatini moliyalashtirish uchun koʻzda tutilgan mablagʻlarning bir qismi;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Respublika mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashi va Uyushma Jamgʻarmaga mablagʻlar tushishining toʻliqligini nazorat qiladi.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish tartibi
6. Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagilar uchun foydalaniladi:
mahallalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mahalla tizimini rivojlantirish;
nuroniylar va keksalarni mahallalarda oilalarni mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlarni Vatanga muhabbat, ezgulik va rahmdillik singari anʼanalarni hurmat qilish ruhida tarbiyalashga keng jalb etish;
“Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini toʻlaqonli va samarali joriy etish;
“Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlash;
“Mahalla yettiligi” aʼzolarini oʻqitish, malakasini oshirish hamda ular orasida oʻz faoliyati namunali tashkil etganlarni ragʻbatlantirish;
Oldingi tahrirga qarang.
keksalar va faxriylar, ijtimoiy himoyaga muhtoj va Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga moddiy koʻmaklashish hamda ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash;
(6-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
Uyushma va uning hududiy boʻlinmalari, fuqarolar yigʻinlarining binolarini kapital va joriy taʼmirlash hamda ularni inventarlar, mebel, kompyuter texnikasi va boshqa uskunalar bilan jihozlash;
Uyushma tizimidagi xodimlarni oʻqitish, ularning malakasini oshirish hamda stajirovka oʻtashi, xizmat safarlari, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarga tashriflarini, chet mamlakatlarda oʻtkaziladigan konferensiya, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish xarajatlarini qoplash;
Uyushma faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyuradigan xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalarining tashriflarini oʻtkazish va tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar;
mahallalar faoliyatiga oid tayyorlangan uslubiy va amaliy qoʻllanmalarni nashr etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hamda Respublika mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashining qarorlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish;
Uyushmaning aholi muammolari masofadan tezkor qabul qilinishi va koʻrib chiqilishini muvofiqlashtirib boruvchi “Call-markaz” xodimlari mehnatiga shartnoma asosida haq toʻlash;
mahalla tizimida turli koʻrik-tanlovlarini tashkil etish va oʻtkazish, gʻolib va sovrindorlarni ragʻbatlantirish;
mahallalarda jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatayotgan faollarni ragʻbatlantirish;
Uyushmaga yuklangan vazifalar va funksiyalar bilan bogʻliq masalalar boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy va milliy ekspertlarni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish;
Uyushma vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni hal etish, shu jumladan, mahalla tizimiga oid materiallarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish uchun malakali mutaxassislarni jalb etish.
7. Uyushma markaziy apparati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, tuman (shahar) boʻlimlari xodimlarini budjet parametrlarida mahallalarning boshqaruv tizimi faoliyatini moliyalashtirish uchun koʻzda tutilgan mablagʻlarning bir qismi hamda Jamgʻarma mablagʻlarining shakllantirishning boshqa manbalari hisobidan quyidagi tartibda moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish qoʻllaniladi:
bayram kunlari munosabati bilan xodimlarni lavozim maoshining (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda) 100 foizigacha boʻlgan miqdorda mukofotlash;
xodimlarga ovqatlanish xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida har oylik toʻlovlar;
xodimlarga transport xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash mikdorining bir baravari mikdorida har oylik toʻlovlar;
Uyushma markaziy apparati xodimlariga lavozim maoshining (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda) 100 foizigacha boʻlgan mikdorda har oylik shaxsiy ustamalar;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari xodimlariga lavozim maoshining (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda) 80 foizigacha boʻlgan miqdorda har oylik shaxsiy ustamalar;
tuman (shahar) boʻlimlari xodimlariga lavozim maoshining (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda) 50 foizigacha boʻlgan miqdorda har oylik shaxsiy ustamalar.
4-bob. Jamgʻarmani boshqarish
8. Jamgʻarma mablagʻlari Uyushma raisi tomonidan boshqariladi va taqsimlanadi.
Bunda Jamgʻarma mablagʻlarini sarflash Uyushma raisi tomonidan tasdiqlangan hamda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq tegishli shaxsiy gʻazna hisobvaraqlaridan sarflanadi.
9. Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasi kelgusi moliya yilida daromadlar prognozidan va kelib tushgan mablagʻlardan kelib chiqqan holda tuziladi.
Qoʻshimcha mablagʻlar kelib tushganda daromadlar va xarajatlar smetasiga belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritish orqali xarajatlar amalga oshiriladi.
10. Jamgʻarmaning joriy yilda foydalanilmagan mablagʻlari Davlat budjetiga olib qoʻyilmaydi va ulardan keyingi yilda mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda foydalaniladi.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi yuzasidan hisobotlar taqdim etish, nazorat va javobgarlik
11. Jamgʻarma mablagʻlarining hisobi va hisoboti qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yuritiladi va taqdim etiladi.
12. Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat qilinadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
13. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
14. Ushbu Nizomni amalga oshirishda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2024-y., 09/24/291/0355-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)