Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining
buyrugʻi
Tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazish va hujjatlarini tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 6-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2521-3]
Oʻzbekiston Respublikasining “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-903-son Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-avgustdagi PQ-257-son “Qishloq xoʻjaligi sohasiga ilgʻor raqamli texnologiyalarni joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-avgustdagi 330-son “Qishloq xoʻjaligi sohasiga ilgʻor raqamli texnologiyalarni joriy qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining 2013-yil 30-oktabrdagi 21-son qarori (roʻyxat raqami 2521, 2013-yil 7-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 45-son, 596-modda) bilan tasdiqlangan Tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazish va hujjatlarini tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir I. ABDURAHMONOV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-aprel,
8-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A. XAITOV
2024-yil 15-aprel
Iqtisodiyot va moliya vaziri D. KUChKAROV
2024-yil 24-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining 2024-yil 30-apreldagi 8-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazish va hujjatlarini tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
1. 1-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tuproq sifatini baholash (tuproq bonitirovkasi) — tuproqning sifati va tabiiy unumdorlik qobiliyatini 100 balli shkala boʻyicha qiyosiy baholash;”;
2. 4-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Tuproq bonitirovkasi ishlari bajarilgandan keyin, yangi oʻzlashtirilgan yerlar sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yer maydoni sifatida hisobga (balans) olingan boʻlsa, u holatda keyingi tur tuproq bonitirovkasi ishlari oʻtkazilgunga qadar, hududning oʻrtacha bali miqdorida belgilanadi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2024-y., 10/24/2521-3/0328-son)