Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tuproq unumdorligini oshirish tizimining takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi yerlari degradatsiyasiga qarshi kurashish, tuproqning gumus miqdori va unumdorligini oshirishni qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 13-fevraldagi PQ-71-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
tuproqshunoslik yoʻnalishidagi faoliyatni yagona tizimda amalga oshirish va uning shaffofligini taʼminlash;
qishloq xoʻjaligi yerlarining agrokimyoviy holati toʻgʻrisidagi axborotlardan foydalanish samaradorligini oshirish hamda ularni tuproqqa oid maʼlumotlar fondida aks ettirish;
normativ-huquqiy hujjatlardagi nomuvofiqliklarni bartaraf etish.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 19-aprel,
224-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-apreldagi 224-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligida tuproqning agrokimyoviy tahlil tizimini takomillashtirish, ekin yerlarida tuproqning unumdorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 18-iyundagi 510-son qarorida:
a) 5-banddagi “Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 6-banddagi “Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiga” soʻzlari “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti hamda Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 1-ilovada:
1-bandning oʻn birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tuproq — yer yuzasining tabiiy yoki antropogen omillar taʼsiri natijasida shakllanadigan, oʻsimliklarning yashashi uchun zarur unumdorlik xususiyatlariga ega bir nechta qatlamdan iborat boʻlgan ustki qismi”;
4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yerlarida tuproqning agrokimyoviy tahlilini oʻtkazishda ilmiy-uslubiy rahbarlik Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti (keyingi oʻrinlarda — Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti) tomonidan amalga oshiriladi”;
6-bandning birinchi xatboshisi “Respublika agrokimyoviy tahlil markazi” soʻzlaridan oldin “Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti hamda” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
9-banddagi “Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi” soʻzlari “Qishloq xoʻjaligi vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
37-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“37. Tuproqning agrokimyoviy tahlili boʻyicha yakuniy maʼlumotlarni koʻrib chiqish yuzasidan har bir tumanda komissiya tuziladi. Mazkur komissiya tarkibiga tuman hokimining oʻrinbosari (rais), tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi (rais oʻrinbosari), Oʻsimliklar karantini va himoyasi tuman boʻlimi boshligʻi, tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi kiritiladi”;
“I-bosqich, III-bosqich va IV-bosqich” pozitsiyalarining “Ijrochilar” ustuni “Respublika agrokimyoviy tahlil markazi” soʻzlaridan oldin “Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti,” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
“V-bosqich” pozitsiyasining “Tadbirlar” ustunidagi birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tuproqning agrokimyoviy tahlili boʻyicha yakuniy maʼlumotlarni koʻrib chiqish yuzasidan har bir tumanda komissiya tuziladi. Mazkur komissiya tarkibiga tuman hokimining oʻrinbosari (rais), tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi (rais oʻrinbosari), Oʻsimliklar karantini va himoyasi tuman boʻlimi boshligʻi, tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi kiritiladi”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-iyuldagi 571-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi toʻgʻrisidagi nizomning 9-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Vazirlik tizimiga quyidagilar kiradi:
Vazirlik markaziy apparati;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qishloq xoʻjaligi boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boʻlinmalar), tumanlar (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda — tuman (Quvasoy shahar) boʻlimlari);
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi;
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi;
Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi;
Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi;
Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi;
Toshkent davlat agrar universiteti;
Urugʻchilikni rivojlantirish markazi;
Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti;
Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti;
Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti;
Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti;
Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti;
Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi;
Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash markazi;
Qishloq xoʻjaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash davlat markazi;
“Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi” davlat muassasasi;
“Maʼmuriy-xoʻjalik xizmati” davlat muassasasi;
“Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MChJ;
Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti;
“Agroservis operator” davlat unitar korxonasi;
“Oʻzbekiston Respublikasi davlat yer tuzishni loyihalash” davlat ilmiy-loyihalash instituti — “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti”.
3. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-iyuldagi 599-son qarori bilan tasdiqlangan Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning yer kadastriga doir axborotni vazirliklar va idoralarning hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 9-bandi “d” kichik bandi birinchi xatboshisidagi “va “Tuproq tarkibi va repozitoriysi, sifati tahlil markazi” davlat unitar korxonasi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi 311-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi toʻgʻrisidagi nizomning 13-bandi “b” kichik bandi beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tuproqning agrokimyoviy tahlilini oʻtkazish dasturini tasdiqlaydi, qishloq xoʻjaligi yerlarining agrokimyoviy holati toʻgʻrisidagi axborotni maʼlumotlar bankiga, Qishloq xoʻjaligi vazirligining Geoaxborot tizimiga va “Yerlar degradatsiyasi” geportaliga kiritib boradi hamda tuproqqa oid maʼlumotlar fondida aks ettirish uchun Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutiga taqdim etadi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2024-y., 09/24/224/0293-son)