Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining
buyrugʻi
Taʼlim muassasalarining oʻquv xonalarida mashgʻulotlar oʻtkazishda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 1-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2446-1]
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi, “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi va “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi PQ-197-son “Maʼmuriy islohotlar doirasida sogʻliqni saqlash sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son “Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2013-yil 1-martdagi 14-B-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2446, 2013-yil 1-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 14-son, 189-modda) bilan tasdiqlangan Taʼlim muassasalarining oʻquv xonalarida mashgʻulotlar oʻtkazishda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 22-fevral,
2-2024/B-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri B. ZAKIROV
2024-yil 20-fevral
Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2024-yil 22-fevraldagi 2-2024/B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Taʼlim muassasalarining oʻquv xonalarida mashgʻulotlar oʻtkazishda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Muqaddima qoʻyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Qoidalar taʼlim muassasalarining oʻquv xonalarida mashgʻulotlar oʻtkazishda mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.”.
2. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Oʻzbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq, ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq boʻlgan har bir taʼlim muassasasida mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini taʼminlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha tegishli tayyorgarlikka ega boʻlgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Ellikta va undan ortiq transport vositasi mavjud boʻlgan taʼlim muassasasida yoʻl harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etiladi yoki yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam boʻlgan taʼlim muassasasida mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassis lavozimini joriy etish toʻgʻrisidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur taʼlim muassasasi faoliyatining oʻziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.”.
3. 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Mehnatni muhofaza qilish xizmati va yoʻl harakati xavfsizligi xizmati taʼlim muassasasining mustaqil tarkibiy boʻlinmalari boʻlib, ular bevosita taʼlim muassasasi rahbariga boʻysunadi.”.
4. 10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Taʼlim muassasalarida mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.”.
5. 37-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“37. Taʼlim muassasasi rahbari majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtmagan yoxud majburiy tibbiy koʻrik natijalariga koʻra tibbiy komissiyalar tomonidan berilgan tavsiyalarni bajarishdan boʻyin tovlagan xodimlarni ishdan chetlashtirishi shart.”.
6. 41-bandning uchinchi xatboshisidagi “QMQ 3.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish. Loyihalashtirish meʼyorlari”ga” degan soʻzlar “QMQ 2.01.05-19 “Tabiiy va sunʼiy yoritish”ga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
7. 52-banddagi “QMQ 2.09.04-98” degan soʻzlar “ShNK 2.09.04-09” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
8. 63-banddagi “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” degan soʻzlar “Isitish, ventilatsiya va konditsiyalash” degan soʻz bilan almashtirilsin.
9. 70-banddagi “Binolarning ichki suv quvuri” degan soʻzlar “Binolar ichki vodoprovodi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
10. 74-banddagi “davlat sanitariya nazorati organlari” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining hududiy boshqarmalari yoki tuman (shahar) boʻlimlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
11. 75-banddagi “QMQ 2.01.05-98” degan soʻzlar “QMQ 2.01.05-19” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
12. 115-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“115. Taʼlim muassasalarida elektr qurilmalarini oʻrnatish va ulardan foydalanishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son qarori bilan tasdiqlangan Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari hamda Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari va mazkur Qoidalar talablariga rioya qilinishi kerak.”.
13. 149-banddagi “davlat standarti” degan soʻzlar “milliy standart” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2024-y., 10/24/2446-1/0169-son)