O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Standartlashtirish to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 15-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022-yil 7-oktabrda ma’qullangan
Senat tomonidan 2022-yil 7-oktabrda ma’qullangan
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi standartlashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Ushbu Qonunning qo‘llanilish sohasi
Ushbu Qonunning amal qilishi standartlarni va standartlashtirishga doir tegishli hujjatlarni ishlab chiqish, qabul qilish hamda qo‘llash, shuningdek standartlashtirish sohasidagi davlat nazoratini amalga oshirish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Harbiy sohada, davlat sirlarini va boshqa axborotni himoya qilish sohasida, atom energiyasidan foydalanish, yadroviy hamda radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash sohasida, moliya va ta’lim sohasida standartlashtirishning o‘ziga xos xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasining alohida qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
3-modda. Standartlashtirish to‘g‘risidagi qonunchilik
Standartlashtirish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining standartlashtirish to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
4-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
milliy standart — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining O‘zbekiston standartlar instituti tomonidan qabul qilingan hamda keng jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan standart;
standart — faoliyatning har xil turlariga yoki ularning natijalariga taalluqli bo‘lgan, umumiy va ko‘p marta foydalanish uchun qoidalarni, umumiy prinsiplarni yoki tavsiflarni belgilaydigan hamda muayyan sohada tartibga solishning eng maqbul darajasiga erishishga qaratilgan hujjat;
standartlashtirish — muayyan sohada tartibga solishning eng maqbul darajasiga erishishga qaratilgan, haqiqatda mavjud bo‘lgan yoki kutilayotgan vazifalarga nisbatan umumiy va ko‘p marta foydalanish uchun qoidalarni belgilaydigan faoliyat;
Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining O‘zbekiston standartlar instituti;
standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita — faoliyatning yo‘nalishlari bo‘yicha standartlashtirish tizimini rivojlantirishni amalga oshirishda ishtirok etuvchi maslahat-kengash organi;
standartlashtirish obyekti — mahsulot, tovarlar, xizmatlar (bundan buyon matnda mahsulot deb yuritiladi), jarayonlar, menejment tizimlari, atamalar, shartli belgilar, tadqiqotlar (sinash), o‘lchash (shu jumladan namunalarni tanlash) hamda sinash usullari, tamg‘alash, muvofiqlikni baholash tartib-taomillari va boshqa obyektlar;
xalqaro (mintaqaviy) standart — standartlashtirish bo‘yicha xalqaro yoki mintaqaviy tashkilot tomonidan qabul qilingan va keng jamoatchilik doirasi uchun ochiq bo‘lgan standart;
xorijiy mamlakatning standarti — xorijiy mamlakatning standartlashtirish bo‘yicha vakolatli organi (tashkiloti) tomonidan qabul qilingan standart;
o‘zaro kelishuv — ko‘pchilik manfaatdor taraflarning mavjud masalalar bo‘yicha e’tirozlari mavjud emasligi bilan tavsiflanadigan hamda barcha taraflarning fikrlarini inobatga olishga va mos kelmayotgan nuqtai nazarlarni yaqinlashtirishga qaratiladigan jarayon natijasida erishiladigan umumiy kelishuv.
5-modda. O‘zbekiston Respublikasining milliy standartlashtirish tizimi
O‘zbekiston Respublikasining milliy standartlashtirish tizimini quyidagilar tashkil etadi:
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (bundan buyon matnda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi deb yuritiladi);
Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari;
standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalar.
6-modda. Standartlashtirishning asosiy prinsiplari
Standartlashtirishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
milliy standartlarni ishlab chiqishda manfaatdor taraflarning o‘zaro kelishuvi;
xolislik;
standartlardagi takrorlanishlarning va ziddiyatlarning oldini olishga qaratilgan hamjihatlik;
mahsulot kelib chiqqan mamlakatdan va (yoki) joydan, shuningdek ishlab chiqaruvchining mulk shaklidan qat’i nazar, mahsulotga nisbatan kamsituvchi munosabatga yo‘l qo‘ymaslik;
ochiqlik va shaffoflik.
7-modda. Standartlashtirishning asosiy vazifalari
Standartlashtirishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
fuqarolarning hayotini, sog‘lig‘ini va mol-mulkini muhofaza qilish;
atrof-muhitni muhofaza qilish;
mahsulotning sifati masalalarida iste’molchilarning huquqlarini va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini himoya qilish;
mahsulotning o‘zaro almashuvchanligini va moslashuvchanligini ta’minlash;
aholining va iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun mahsulotning sifatini hamda raqobatbardoshliligini ilm-fan va texnologiyalarning rivojlanish darajasiga qarab oshirish;
barcha turdagi resurslarni tejashga ko‘maklashish, ishlab chiqarishning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash;
ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnik dasturlarni hamda loyihalarni ro‘yobga chiqarish chog‘ida amaliy jihatdan ko‘maklashish;
O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiyotini rivojlantirishga va ilmiy-texnik taraqqiyotiga ko‘maklashish;
ishlab chiqariladigan mahsulotning nomenklaturasi va sifati to‘g‘risidagi axborotning ochiqligini hamda ishonchliligini ta’minlash;
mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotning xorijiy bozorlarga olib chiqilishiga ko‘maklashish;
o‘lchash birligini ta’minlash.
8-modda. Standartlashtirish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari
Standartlashtirish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
standartlashtirish tizimining huquqiy va tashkiliy asoslarini takomillashtirish;
davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
standartlashtirish tizimi infratuzilmasini takomillashtirish;
ilg‘or innovatsion va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;
xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va milliy standartlashtirish tizimini xalqaro tizim bilan uyg‘unlashtirish.
9-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining standartlashtirish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
standartlashtirish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining standartlashtirish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
milliy standartlashtirish tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi, davlat dasturlarining ishlab chiqilishini va amalga oshirilishini tashkil etadi;
talablariga rioya etilishi majburiy bo‘lgan standartlarni belgilaydi;
standartlashtirish sohasidagi ilmiy-texnikaviy faoliyatni tashkil etadi;
standartlashtirish sohasidagi xo‘jalik faoliyati subyektlarini iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni va rag‘batlantirishni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
10-modda. O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining standartlashtirish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi:
standartlashtirish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi;
standartlashtirish rejasining bajarilishi monitoringini amalga oshiradi;
standartlar talablariga, shuningdek standartlashtirish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
zamonaviy boshqaruv uslublariga asoslangan yagona integratsiyalashgan standartlashtirish tizimining yaratilishini amalga oshiradi;
Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ huzurida Apellyatsiya komissiyasini tuzadi va uning faoliyatini tashkil etadi;
standartlashtirish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11-modda. Standartlashtirish bo‘yicha milliy organning vakolatlari
Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ:
standartlashtirish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni, konsepsiyalarni, shuningdek strategiyalarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
standartlashtirish tizimini raqamlashtirishni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va innovatsion texnologiyalarni joriy etish yo‘li bilan amalga oshiradi;
standartlashtirish rejasini amalga oshiradi;
standartlashtirish bo‘yicha tarmoq texnik qo‘mitalarini tashkil etish, ularning faoliyatini to‘xtatib turish va tugatish haqida manfaatdor taraflarning murojaatlariga binoan, shuningdek o‘z tashabbusiga ko‘ra qarorlar qabul qiladi, ushbu qo‘mitalar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlaydi, ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi va xalqaro amaliyot asosida ularni rivojlantirishga ko‘maklashadi;
standartlashtirish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini ifodalaydi;
xorijiy mamlakatlarning standartlashtirish bo‘yicha milliy organlari bilan bitimlar tuzadi va ular bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
milliy standartlarni tasdiqlaydi va ro‘yxatdan o‘tkazadi, ularni bekor qilish haqida, shuningdek ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;
xalqaro (mintaqaviy) standartlarni, xorijiy mamlakatlarning standartlarini, shuningdek ularga kiritilgan o‘zgartishlarni O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga kiritish va ularning amal qilishini bekor qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;
manfaatdor taraflarning yangi standartlarni ishlab chiqishga, amaldagi standartlarni qayta ko‘rib chiqishga doir ishlarini muvofiqlashtiradi;
milliy standartlarni xalqaro (mintaqaviy) standartlarni va xorijiy mamlakatlarning standartlarini hisobga olgan holda uyg‘unlashtirish yuzasidan manfaatdor taraflarga tavsiyalar beradi;
standartlashtirish bo‘yicha tegishli texnik qo‘mitalar mavjud bo‘lmagan taqdirda standartlarni ishlab chiqadi;
Standartlarning yagona axborot bazasini shakllantiradi va yuritadi;
texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish hamda metrologiya sohasida kadrlarni qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni amalga oshiradi, shuningdek ularning malakasini oshirish tizimini tashkil etadi.
Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12-modda. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining standartlashtirish sohasidagi vakolatlari
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari o‘z vakolatlari doirasida:
yangi standartlarni ishlab chiqishga, amaldagi standartlarga o‘zgartishlar kiritishga, ularni qayta ko‘rib chiqishga va bekor qilishga doir takliflarni tayyorlaydi hamda ularni standartlashtirish rejasiga kiritish uchun Standartlashtirish bo‘yicha milliy organga taqdim etadi;
standartlashtirish rejasida nazarda tutilgan vazifalarni bajaradi;
standartlar loyihalarini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqadi va ularni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
standartlashtirish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar faoliyatida Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ bilan birgalikda ishtirok etadi;
standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalarni tashkil etish, shuningdek rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi va ularni Standartlashtirish bo‘yicha milliy organga kiritadi.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
13-modda. Standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita
Standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita standartlarning qabul qilinishidan hamda qo‘llanilishidan manfaatdor bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hamda boshqa tashkilotlarning ixtiyoriy ishtiroki asosida, Standartlashtirish bo‘yicha milliy organning qaroriga muvofiq tashkil etiladi.
Standartlashtirish sohasidagi tegishli tarmoqning manfaatdor subyektlari standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitani tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbus bilan chiqishi mumkin.
Standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita tarkibiga manfaatdor taraflarning vakillari kiritiladi.
Standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita huzurida uning faoliyatini ta’minlash uchun kotibiyat tashkil etiladi.
Tashkil etilayotgan standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita to‘g‘risidagi axborot barcha manfaatdor taraflar uchun ochiqdir.
Standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita:
milliy standartlar loyihalarini ishlab chiqadi;
faoliyat sohasiga muvofiq milliy standartlar loyihalarining muhokamasini tashkil etadi;
yangi milliy standartlarni ishlab chiqishga, amaldagi milliy standartlarni qayta ko‘rib chiqishga doir standartlashtirish rejasiga kiritish uchun takliflar tayyorlaydi;
standartlashtirish rejasiga kiritilgan standartlarni ishlab chiqishni amalga oshiradi;
o‘z vakolatlariga kiradigan masalalar bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga murojaatlar yuboradi;
faoliyat sohasiga muvofiq standartlarning axborot bazasini shakllantiradi va yuritadi;
standartlashtirish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etadi;
standartlashtirish bo‘yicha xalqaro, mintaqaviy tashkilotlarning standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalari ishida Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ bilan birgalikda ishtirok etadi hamda mazkur qo‘mitalarning majlislarida O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini himoya qiladi.
Standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitaning faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar uni tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbus bilan chiqqan subyektlarning, shuningdek standartlarning qabul qilinishidan va qo‘llanilishidan manfaatdor bo‘lgan boshqa tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitaning faoliyati uning majlisi bayonnomasi asosida Standartlashtirish bo‘yicha milliy organning qarori bilan to‘xtatib turiladi.
Standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitaning faoliyati quyidagi hollardan birida Standartlashtirish bo‘yicha milliy organning qarori bilan tugatiladi:
standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitaning tashkil etilishi maqsadlariga erishilganda va uning keyingi faoliyatiga ehtiyoj mavjud bo‘lmaganda;
standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita tomonidan o‘n ikki oy davomida faoliyat olib borilmaganda;
standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitaning faoliyati samaradorligini baholashning salbiy natijalari tasdiqlanganda;
standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilinganda.
14-modda. Davlat inspektorlari, ularning huquqlari va majburiyatlari
Standartlar talablariga, shuningdek standartlashtirish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati davlat boshqaruvi organlarining vakillari bo‘lgan davlat inspektorlari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat inspektori quyidagi huquqlarga ega:
xo‘jalik faoliyati subyektining xizmat va ishlab chiqarish binolariga belgilangan tartibda kirish;
davlat nazoratini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni va ma’lumotlarni xo‘jalik faoliyati subyektidan olish;
davlat nazoratini o‘tkazishda xo‘jalik faoliyati subyektining texnika vositalaridan foydalanish va mutaxassislarini jalb etish;
mahsulot namunalarini va nusxalarini ularning standartlarning majburiy talablariga muvofiqligini nazorat qilish uchun olishni standartlashtirishga doir normativ hujjatlarga muvofiq amalga oshirish, bunda sarflangan namunalarning qiymati hamda sinashni (tahlillarni, o‘lchashni) o‘tkazish xarajatlari tekshirilayotgan xo‘jalik faoliyati subyektlarining ishlab chiqarish chiqimlari jumlasiga kiritiladi;
mahsulotni ishlab chiqarish, ishlab chiqarishga tayyorlash, realizatsiya qilish (yetkazib berish, sotish), undan foydalanish (uni ishlatish), uni saqlash, transportda tashish va utilizatsiya qilish bosqichlarida standartlar majburiy talablarining aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berish;
xo‘jalik faoliyati subyekti tekshirishdan bo‘yin tovlagan taqdirda, mahsulotni realizatsiya qilishni taqiqlash.
Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash hamda metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat inspektori va uning o‘rinbosarlari ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan huquqlardan tashqari quyidagi mutlaq huquqlarga ega:
standartlarning majburiy talablarini buzganlikda aybdor bo‘lgan xo‘jalik faoliyati subyektlarining mansabdor shaxslariga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan ma’muriy jazo choralarini qo‘llash;
standartlarning majburiy talablarini buzganlikda aybdor bo‘lgan yuridik shaxslarga jarima solish to‘g‘risida qaror qabul qilish va mazkur yuridik shaxslar tomonidan jarima bir oy muddatda ixtiyoriy ravishda to‘lanmagan taqdirda, jarimani undirish haqida sudga murojaat qilish;
tekshirilgan mahsulot standartlarning majburiy talablariga muvofiq bo‘lmagan hollarda, uni ishlab chiqarishni taqiqlash yoki uni realizatsiya qilishni (yetkazib berishni, sotishni), undan foydalanishni (uni ishlatishni) to‘xtatib turish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berish;
standartlar talablariga muvofiq bo‘lmagan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan import mahsulotni sotishni taqiqlash.
Tekshirilgan mahsulot standartlarning majburiy talablariga muvofiq bo‘lmagan hollarda, davlat inspektorlarining mahsulotni ishlab chiqarishni taqiqlash yoki uni realizatsiya qilishni (yetkazib berishni, sotishni), undan foydalanishni (uni ishlatishni) to‘xtatib turish haqidagi ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun xo‘jalik faoliyati subyektlarining mansabdor shaxslari va yakka tartibdagi tadbirkorlar ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Davlat inspektorlari qonunchilik bilan o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik, davlat yoki tijorat sirini oshkor etganlik uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
15-modda. Standartlashtirishga doir ishlarni rejalashtirish
Standartlashtirishga doir ishlar standartlashtirish rejasiga asosan amalga oshiriladi.
Standartlashtirish rejasi standartlashtirish sohasining maqsadlari va uni rivojlantirish yo‘nalishlari hisobga olingan holda, qisqa (bir yilgacha), o‘rta (bir yildan besh yilgacha) va uzoq (besh yildan o‘n yilgacha) muddatli istiqbol uchun qabul qilinishi mumkin.
Standartlashtirish ishlarini rejalashtirish O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga muvofiq bo‘lishi, ilmiy tadqiqotlar natijalarini va zamonaviy texnologiyalarni inobatga olishi kerak.
Standartlashtirish rejasining amal qilish davrida unga manfaatdor taraflarning takliflariga ko‘ra o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Standartlashtirish rejasi quyidagilar asosida shakllantiriladi:
standartlashtirish bo‘yicha manfaatdor taraflarning, texnik qo‘mitalarning takliflari va xalqaro tajriba;
standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalarning ish rejalari;
standartlashtirish sohasidagi monitoring natijalari;
O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning holatini tahlil qilish.
Standartlashtirish rejasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
standartlarning xalqaro tasniflagichi kodini;
xalqaro (mintaqaviy) yoki milliy standart loyihasining nomini;
standartlarni ishlab chiqish (qayta ko‘rib chiqish) asosini;
standartlashtirishga doir ishlarni amalga oshirish muddatlarini;
moliyalashtirish manbaini;
taklif-buyurtmani taqdim etgan buyurtmachi tashkilotni;
iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha mahsulot tasnifining kodini.
16-modda. Standartlarning yagona axborot bazasi
Standartlarning yagona axborot bazasi Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ tomonidan shakllantiriladi va yuritiladi.
Standartlarning yagona axborot bazasi milliy standartlarni, xalqaro (mintaqaviy) standartlarni, xorijiy mamlakatlarning standartlarini o‘z ichiga oladi.
17-modda. Standartlarning toifalari
Standartlarning toifalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
milliy standartlar;
xalqaro (mintaqaviy) standartlar;
xorijiy mamlakatlarning standartlari.
18-modda. Milliy standartlar
Milliy standartlar ushbu Qonunda nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish uchun standartlashtirish rejasi asosida ishlab chiqiladi va O‘zMSt (O‘zbekiston Milliy Standarti) belgisiga ega bo‘ladi.
Milliy standartlarning mazmuni va belgisi bo‘yicha rasmiylashtirilishini, tuzilishini belgilash qabul qilingan milliy standartlar talablariga ko‘ra amalga oshiriladi.
Milliy standartlar quyidagilar inobatga olingan holda ishlab chiqiladi:
ilmiy tadqiqotlarning (sinashning) va o‘lchashning natijalari;
ilm-fan va texnika yutuqlari;
mahsulotning yangi turlarini, jarayonlarni va xizmatlarni qo‘llash orqali orttirilgan amaliy tajriba;
xalqaro (mintaqaviy) standartlar va xorijiy mamlakatlarning standartlari hamda standartlashtirish obyektiga doir talablarni belgilaydigan boshqa hujjatlar.
Milliy standartlarni ishlab chiqish ushbu Qonunning 11, 12 va 13-moddalarida nazarda tutilgan manfaatdor taraflar tomonidan amalga oshiriladi.
Milliy standartlarni ishlab chiqishning boshlanishi va yakunlanishi to‘g‘risidagi axborot, shuningdek milliy standartlar loyihalari Standartlashtirish bo‘yicha milliy organning rasmiy veb-saytiga va elektron portaliga joylashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlarida milliy standart loyihasini kelishish majburiyligi nazarda tutilgan hollarda, ushbu loyiha tasdiqlanguniga qadar manfaatdor taraflar bilan kelishilishi lozim.
Jamoatchilik muhokamasi davrida milliy standartlar loyihalari standartlashtirish bo‘yicha sohaga daxldor texnik qo‘mitada, u mavjud bo‘lmagan taqdirda esa Standartlashtirish bo‘yicha milliy organda texnik muhokamadan o‘tadi.
Standartlashtirish bo‘yicha milliy organning rasmiy veb-saytiga va elektron portaliga joylashtirilgan milliy standartlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasi oltmish kalendar kun ichida amalga oshiriladi.
Ishlab chiquvchi milliy standart tasdiqlanishidan oldin standart loyihasini o‘n kalendar kundan oshmagan muddatda ekspertizaga yuboradi.
Milliy standart davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin, biroq ushbu standart davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi axborot Standartlashtirish bo‘yicha milliy organning rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan kundan e’tiboran ko‘pi bilan oltmish kundan keyin amalga kiritiladi.
Milliy standartlar mamlakatimiz ilm-fani va xorijiy ilm-fan yutuqlariga asoslanishi hamda ushbu Qonunning, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi ishtirokidagi xalqaro shartnomalarning talablariga zid bo‘lmasligi kerak.
Milliy standartlar xalqaro savdo uchun ortiqcha to‘siqlarni yuzaga keltirmasligi kerak.
Milliy standartlarda mahsulotga va uning tasnifiga, atamalarga, shartli belgilarga, sinash (o‘lchash), namunalar tanlash, tamg‘alash usullariga, muvofiqlikni baholash tartib-taomillariga, boshqarish tizimlariga doir talablar belgilanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining manfaatlari himoya qilinishini va ishlab chiqarilayotgan mahsulotning raqobatbardoshliligini ta’minlash uchun asoslantirilgan hollarda, milliy standartlarda an’anaviy texnologiyalarning imkoniyatlaridan o‘zib ketuvchi istiqboldagi dastlabki talablar belgilanadi.
Milliy standartni qabul qilishning majburiy sharti o‘zaro kelishuvga erishishdan iboratdir.
Standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitada milliy standart loyihasi ko‘rib chiqilayotganda, agar standart loyihasida keltirilgan talablar, ilmiy ishlanmalar, tadqiqotlarni davom ettirish qo‘mita a’zolari tomonidan maqsadga muvofiq deb topilsa, mazkur standart loyihasi muayyan muddatga dastlabki standart tarzida qabul qilinadi va unga DS (Dastlabki Standart) belgisi beriladi.
Mahsulot sifatini oshirishga qaratilgan, ishlab chiqarishdagi texnik reglamentlarga va standartlarga zid bo‘lmagan, mamlakat miqyosida qo‘llashga tavsiya etilayotgan loyihalar texnik shartlarda nou-xau sifatida foydalanilgan yutuqlar asosida manfaatdor taraflarning tashabbusiga ko‘ra, standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalarga ko‘rib chiqish va muhokama qilish uchun yuborilishi mumkin.
Davlat sirini va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan standartlar qonunchilikda belgilangan tartibda ishlab chiqiladi hamda qabul qilinadi.
19-modda. Xalqaro (mintaqaviy) standartlar va xorijiy mamlakatlarning standartlari
O‘zbekiston Respublikasida xalqaro (mintaqaviy) standartlar va xorijiy mamlakatlarning standartlari qo‘llanilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi hududida xalqaro (mintaqaviy) standartlar va xorijiy mamlakatlarning standartlari Standartlashtirish bo‘yicha milliy organning ularni amalga kiritish to‘g‘risidagi qarori asosida milliy standartlar bilan teng ravishda qo‘llaniladi.
20-modda. Milliy standartlarga o‘zgartishlar kiritish va ularni bekor qilish
Milliy standartlarga o‘zgartishlar kiritish, milliy standartlarni almashtirish, alohida talablarga qo‘shimchalar kiritish yoki ularni chiqarib tashlash, milliy standartlarning amal qilish muddatlarini uzaytirish yoki tiklash, ularga yangi talablar kiritish va ularni xalqaro (mintaqaviy) standartlar bilan uyg‘unlashtirish amaldagi qonunchilikning buzilishiga olib kelmaydigan hollarda amalga oshiriladi.
Milliy standartlarga o‘zgartishlar kiritish mazkur standartni ishlab chiquvchi yoki Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ tomonidan amalga oshiriladi.
Milliy standartlarni bekor qilish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
mazkur standartlarning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga zid ekanligi;
mazkur standartlar o‘rniga yangi milliy, xalqaro (mintaqaviy) standart amalga kiritilganligi;
mazkur standartni qo‘llashning dolzarbligi yo‘qolganligi.
Milliy standartni bekor qilish tashabbusi bilan chiqqan shaxslar uni bekor qilish uchun Standartlashtirish bo‘yicha milliy organga standartni bekor qilish maqsadga muvofiq ekanligini asoslantirgan holda o‘z takliflarini yuboradi.
Milliy standartlarga o‘zgartishlar kiritish va ularni bekor qilish to‘g‘risidagi axborot Standartlashtirish bo‘yicha milliy organning rasmiy veb-saytiga hamda elektron portaliga joylashtiriladi, shuningdek jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish oltmish kalendar kuni ichida amalga oshiriladi.
21-modda. Standartlashtirish masalalari bo‘yicha uzil-kesil qaror qabul qilish. Apellyatsiya komissiyasining faoliyati
Standartlarni ishlab chiqish, kelishish, tasdiqlash, ro‘yxatdan o‘tkazish, amalga kiritish, ularga o‘zgartishlar kiritish, ularni qayta ko‘rib chiqish, to‘xtatib turish yoki bekor qilish chog‘ida kelishmovchiliklar mavjud bo‘lgan taqdirda, shuningdek standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalar faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi standartlashtirish masalalari bo‘yicha uzil-kesil qaror qabul qiladi.
Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ huzurida Apellyatsiya komissiyasi tuziladi. Apellyatsiya komissiyasi to‘g‘risidagi nizom va Apellyatsiya komissiyasining tarkibi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan tasdiqlanadi.
Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ tomonidan qabul qilingan qarordan norozi bo‘lgan manfaatdor taraflarning yoki standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitaning murojaatlarini (apellyatsiyalarini) ko‘rib chiqish Apellyatsiya komissiyasining vakolatlariga kiradi.
Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ xodimlari Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga kirishi mumkin emas. Agar Apellyatsiya komissiyasining a’zosi apellyatsiyaning taraflari bo‘lgan shaxslarga xizmat yuzasidan yoki boshqa jihatdan tobe bo‘lgan bo‘lsa yoxud tobe bo‘lsa yoki bunday a’zoning xolisligiga shubha tug‘diruvchi boshqa holatlar mavjud bo‘lganda ushbu a’zoning apellyatsiyani ko‘rib chiqishda ishtirok etishi mumkin emas.
Manfaatdor taraf yoki standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita Standartlashtirish bo‘yicha milliy organning qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, shuningdek, agar standartlashtirish sohasidagi tartib-taomillar Standartlashtirish bo‘yicha milliy organning qarori yoki harakatlari (harakatsizligi) tufayli buzilgan deb hisoblasa, Apellyatsiya komissiyasiga apellyatsiya berish huquqiga ega.
Apellyatsiyani ko‘rib chiqish muddati o‘ttiz kundan oshmasligi kerak.
Milliy standartning yoki uning loyihasining mazmuni apellyatsiya predmeti bo‘lishi mumkin emas. Agar Apellyatsiya komissiyasi Standartlashtirish bo‘yicha milliy organning qarori yoki harakatlari (harakatsizligi) standartlashtirish sohasidagi tartib-taomillarni buzadi deb topsa, ushbu komissiya tartib-taomilning buzilishlari Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ tomonidan bartaraf etilishini nazarda tutuvchi qaror qabul qiladi.
Apellyatsiya komissiyasining qarori majlis bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi va nizoning taraflariga taqdim etiladi.
22-modda. Standartlarni qo‘llash
Standartlar ixtiyoriy ravishda qo‘llaniladi, bundan O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlaridagi standart talablariga majburiy ravishda rioya etilishiga oid havolalar ko‘rsatilgan hollar mustasno (standartning majburiy talabi).
Standartlar mahsulotni ishlab chiqish, loyihalashtirish, ishlab chiqarish, saqlash, sinash, tekshirish va o‘lchash, mahsulotning namunalarini olish bosqichlarida, atamalarga, ramzlarga, o‘rovlarga, tamg‘alashga yoki etiketkalarga hamda ularni tushirishga, mahsulotning ishlashiga (uni qo‘llashga, undan foydalanishga), uni tashishga, realizatsiya va utilizatsiya qilishga (qayta ishlashga) nisbatan, boshqa standartlashtirish obyektlariga nisbatan ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish chog‘ida qo‘llanilishi mumkin.
Xalqaro (mintaqaviy) standartlar va xorijiy mamlakatlarning standartlari quyidagi hollarda qo‘llaniladi:
O‘zbekiston Respublikasining standartlashtirish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarga a’zoligida;
standartlashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari mavjud bo‘lganda;
Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ va xalqaro, mintaqaviy, chet el tashkiloti o‘rtasida standartlashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim mavjud bo‘lganda;
xalqaro (mintaqaviy) standartlarni va xorijiy mamlakatlarning standartlarini qo‘llash chog‘ida standartlashtirish organlari bilan tuzilgan shartnomalarga rioya etilganda.
Standartlardan O‘zbekiston Respublikasining texnik reglamentlarini ishlab chiqish uchun asos sifatida foydalanilishi mumkin. Texnik reglamentlarning talablarini bajarish va mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiqligini tanlovga oid qism bo‘yicha ixtiyoriy ravishda baholash uchun o‘zaro aloqador bo‘lgan standartlar qo‘llaniladi.
Ishlab chiqaruvchi va (yoki) ijrochi uchun u mahsulotning mazkur standartga muvofiqligini e’lon qilganda standart talablari bajarilishi shart, shu jumladan mahsulot belgisi tamg‘alashda, foydalanishga oid hujjatlarda yoki boshqa hujjatlarda, shartnomalarda, reklamada, axborot resurslarida va axborot taqdim etishning boshqa shakllarida qo‘llanilgan taqdirda ushbu talablar bajarilishi shart.
Standartlarda mahsulotga oid takrorlanuvchi talablarni qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Quyidagi standartlarni qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi:
umummajburiy xususiyatga ega bo‘lgan normalarni o‘z ichiga olgan, fuqarolarning huquqlariga, erkinliklariga va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan standartlarni;
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi normativ-huquqiy hujjatlariga va texnik reglamentlarga zid bo‘lgan standartlarni;
mahsulotning erkin muomalada bo‘lishiga to‘siqlar yaratadigan, bozor raqobatini bartaraf etishga va cheklashga qaratilgan standartlarni.
Standartlashtirishga doir hujjatlarni jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qo‘llash mualliflik huquqlariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Eksportga yuborilayotgan mahsulotga oid talablar mahsulotni yetkazib berishga doir shartnoma qoidalariga muvofiq belgilanadi.
23-modda. Standartlarni e’lon qilish, tarqatish va nashr etish
Milliy standartlarni e’lon qilish va shartnoma asosida tarqatish Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ tomonidan amalga oshiriladi.
Milliy standartlar davlat tilida e’lon qilinishi kerak.
Standartlashtirish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning, shuningdek xorijiy mamlakatlarning standartlari va boshqa nashrlari keyinchalik davlat tiliga rasmiy tarjima qilingan holda, ushbu tashkilotlarning rasmiy tillaridan birida qabul qilinishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi a’zo bo‘lgan standartlashtirish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning standartlarini nashr etish hamda tarqatish standartlashtirish bo‘yicha xalqaro yoki mintaqaviy tashkilot belgilagan tartibda va shartlar asosida Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ tomonidan amalga oshiriladi.
Xorijiy mamlakatlarning standartlarini nashr etish va tarqatish mazkur davlatlarning standartlashtirish bo‘yicha milliy organlari bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ tomonidan amalga oshiriladi.
Chet el huquq egalari bilan tuzilgan litsenziyaga oid shartnomalarda, shuningdek xalqaro shartnomalarda va boshqa xalqaro huquq normalarida xalqaro (mintaqaviy) standartlardan, xorijiy mamlakatlarning standartlaridan pulli asosda erkin foydalanish nazarda tutilgan va (yoki) ushbu standartlardan erkin foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilgan hollarda, Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ tegishli hujjatlarni taqdim etganlik uchun to‘lov miqdori hamda ularni tarqatish tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.
24-modda. Standartlashtirish sohasidagi axborot ta’minoti
Standartlashtirish sohasidagi axborot ta’minoti quyidagilar vositasida amalga oshiriladi:
standartlar to‘g‘risidagi axborotni veb-saytlarga joylashtirish;
standartlarni, rasmiy nashrlarni va ularning ko‘chirma nusxalarini tarqatish.
Standartlar to‘g‘risidagi axborotni joylashtirish ularni Standartlashtirish bo‘yicha milliy organning rasmiy veb-saytlarida va standartlarning yillik axborot ko‘rsatkichlarida rasmiy e’lon qilish vositasida amalga oshiriladi.
Standartlar to‘g‘risidagi axborot jumlasiga quyidagilar kiradi:
raqami va nomi;
qo‘llanilish sohasi;
tasdiqlanganligi, o‘zgartishlar kiritilganligi hamda bekor qilinganligi to‘g‘risidagi qarorning sanasi va raqami;
ishlab chiquvchi haqidagi ma’lumotlar.
25-modda. Standartlashtirish sohasidagi ishlarni moliyalashtirish
Standartlashtirish sohasidagi ishlarni moliyalashtirish quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:
O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari;
manfaatdor tashkilotlarning mablag‘lari;
ixtiyoriy badallar;
qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa manbalar.
Standartlashtirishga doir quyidagi ishlar davlat tomonidan moliyalashtirilishi lozim:
xalqaro (mintaqaviy) standartlarni ishlab chiqish yoki ularni ishlab chiqishda ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosi bo‘yicha standartlarni ishlab chiqish;
standartlashtirish rejasida nazarda tutilgan milliy standartlarni ishlab chiqish;
standartlashtirish bo‘yicha umumdavlat ahamiyatiga molik ilmiy-tadqiqot ishlarini va boshqa ishlarni amalga oshirish;
Standartlarning yagona axborot bazasini shakllantirish va yuritish;
standartlashtirish sohasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa faoliyat.
26-modda. Nizolarni hal etish
Standartlashtirish sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
27-modda. Standartlashtirish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Belgilangan tartibda ogohlantirish olganidan keyin standartlashtirish sohasidagi huquqbuzarlikni davom ettirganlik yoki bartaraf etmaganlik uchun jismoniy shaxslar qonunchilikka muvofiq ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Belgilangan tartibda ogohlantirish olganidan keyin standartlashtirish sohasidagi huquqbuzarlikni davom ettirganlik yoki bartaraf etmaganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.
Standartning standartlashtirish to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan majburiy talablariga mahsulotni ishlab chiqaruvchi yoki import qiluvchi tomonidan rioya etilmagan taqdirda, ularga nisbatan:
huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilganda — standartlarning majburiy talablariga mos bo‘lmagan, realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining ellik foizigacha miqdorda jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi;
xuddi shunday huquqbuzarlik ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan jarima tarzidagi moliyaviy sanksiya qo‘llanilgan kundan e’tiboran bir yil ichida takroran sodir etilganda — standartlarning majburiy talablariga mos bo‘lmagan, realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining yuz foizigacha miqdorda jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar sud tartibida qo‘llaniladi, bundan mahsulotni ishlab chiqaruvchi yoki import qiluvchi sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybini tan olgan va jarimani ixtiyoriy ravishda to‘lagan hollar mustasno.
Undirilgan jarima summasining ellik foizi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining budjetdan tashqari jamg‘armasiga, qolgan qismi esa O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga yo‘naltiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Standartlarning majburiy talablariga mos bo‘lmagan mahsulotning kamida yetmish foizini qonunchilikda belgilangan tartibda chaqirib olgan yuridik shaxslar ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalardan ozod qilinadi.
(27-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 17-oktabrdagi O‘RQ-1088-sonli Qonuniga asosan oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.10.2025-y., 03/25/1088/0948-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 19-yanvar)
28-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish
O‘zbekiston Respublikasining quyidagi qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritilsin:
Oldingi tahrirga qarang.
(28-moddaning 1-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 24-martdagi O‘RQ-1123-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.03.2026-y., 03/26/1123/0271-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-iyuldagi O‘RQ-1076-sonli Qonuniga asosan 28-modda birinchi qismi 2-bandining chiqarilish sanasi 2025-yil 31-oktabr — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.07.2025-y., 03/25/1076/0672-son)
3. O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan 163-I-sonli va 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan 256-I-sonli qonunlari bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 2-songa ilova, № 11-12; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 9, 229-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 182-modda; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda, № 9, 494, 498-moddalar; 2007-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 4, 156, 164-moddalar, № 8, 367-modda, № 9, 416-modda, № 12, 598, 608-moddalar; 2008-yil, № 4, 192-modda, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2010-yil, № 9, 335, 337, 340-moddalar; 2011-yil, № 12/2, 363, 364, 365-moddalar; 2012-yil, № 4, 106, 109-moddalar, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda, № 12, 343-modda; 2015-yil, № 8, 310, 312-moddalar; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 9, 510-modda, № 12, 773-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda, № 7, 433-modda, № 10, 673-modda; 2019-yil, № 3, 161, 166-moddalar, № 5, 267-modda, № 10, 671-modda, № 12, 880, 886-moddalar; 2020-yil, № 1, 3, 4-moddalar, № 10, 593-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 801-modda, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 217, 218-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 464-modda, № 6, 570-modda) quyidagi o‘zgartishlar kiritilsin:
405-moddaning birinchi qismidagi “davlat standartlarida” degan so‘zlar “milliy standartlarda” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
407-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Standartlarda tovarlarning sifatini nazorat qilishga nisbatan talablar belgilangan hollarda, sifat ulardagi ko‘rsatmalarga muvofiq tekshirilishi kerak”.
4. O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi 265-I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 9, 128-modda; 1999-yil, № 5, 124-modda; 2001-yil, № 5, 89-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 536-modda; 2007-yil, № 10, 473-modda; 2010-yil, № 5, 177-modda; 2016-yil, № 12, 383-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda; 2019-yil, № 2, 47-modda, № 5, 265, 267-moddalar, № 9, 589, 592-moddalar; 2020-yil, № 12, 691-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 797-modda; 2022-yil, № 5, 464-modda) 5-moddasi birinchi qismining ikkinchi xatboshisidagi “davlat” degan so‘z “milliy” degan so‘z bilan almashtirilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 30-avgustda qabul qilingan “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi 483-I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 9, 239-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 157-modda; 2016-yil, № 12, 383-modda; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda; 2019-yil, № 1, 3-modda, № 8, 470-modda, № 11, 791-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 4, 290-modda; 2022-yil, № 5, 465-modda) 5-moddasining birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini ta’minlash sohasida davlat tomonidan normalashtirish oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligiga, uni ishlab chiqarish, tayyorlash, xarid qilish, qayta ishlash, yetkazib berish, saqlash, transportda tashish hamda realizatsiya qilish shart-sharoitlariga doir talablarni o‘z ichiga olgan texnik reglamentlarni, sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini, fitosanitariya normalarini, qoidalarini hamda gigiyena normativlarini, milliy standartlarni, texnik shart-sharoitlarni (bundan buyon matnda normalar va qoidalar deb yuritiladi) belgilash yo‘li bilan amalga oshiriladi”.
6. O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 25-dekabrda qabul qilingan “Radiochastota spektri to‘g‘risida”gi 725-I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 1, 16-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, № 4, 98-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda; 2015-yil, № 6, 228-modda; 2017-yil, № 4, 137-modda; 2019-yil, № 2, 47-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) 6-moddasi birinchi qismining uchinchi xatboshisidagi “davlat standartlari” degan so‘zlar “milliy standartlar” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 27-dekabrdagi O‘RQ-1015-sonli Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 03/24/1015/1087-son)
8. O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 31-avgustda qabul qilingan “Radiatsiyaviy xavfsizlik to‘g‘risida”gi 120-II-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, № 7-8, 212-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 12, 604-modda; 2011-yil, № 4, 98-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2019-yil, № 8, 470-modda, № 9, 591-modda, № 12, 891-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) 11-moddasidagi “davlat standartlarini” degan so‘zlar “milliy standartlarni” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 3-mayda qabul qilingan “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘RQ-97-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 5, 219-modda; 2015-yil, № 6, 228-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) quyidagi o‘zgartishlar kiritilsin:
16-moddaning birinchi qismidagi “davlat standartlari, qoidalari hamda normalari” degan so‘zlar “milliy standartlar, qoidalar hamda normalar” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
17-moddaning birinchi qismidagi “davlat standartlari, qoidalari hamda normalari” degan so‘zlar “milliy standartlar, qoidalar hamda normalar” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(10-band O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 7-avgustdagi O‘RQ-939-sonli Qonuniga asosan 2024-yil 9-noyabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.08.2024-y., 03/24/939/0595-son)
11. O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 26-avgustda qabul qilingan “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-393-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 8, 314-modda; 2019-yil, № 2, 47-modda; 2021-yil, № 1, 13-modda, 4-songa ilova, № 4, 290-modda) 26-moddasining birinchi qismidagi “davlat standartlariga” degan so‘zlar “milliy standartlarga” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 2-iyulda qabul qilingan “Geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risida”gi O‘RQ-626-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 7, 446-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 10, 968-modda) 3-moddasining o‘n beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Fazoviy ma’lumotlarning milliy infratuzilmasi — tashkiliy tuzilma, ilmiy-texnika siyosati, texnik va dasturiy vositalar, bazaviy va sohaga oid fazoviy ma’lumotlar, metama’lumotlar hamda metama’lumotlar bazalarini, fazoviy ma’lumotlar servislarini, normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilishi mumkin bo‘lgan fazoviy ma’lumotlarni ishlab chiqish, yangilash, ularga ishlov berish, ularni saqlash, berish, integratsiyalash hamda ulardan foydalanish masalalari bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni o‘z ichiga oladigan tizim”.
13. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 22-fevralda qabul qilingan O‘RQ-676-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 2, 145-modda; 2022-yil, № 6, 570-modda) 20-moddasi ikkinchi qismining to‘qqizinchi xatboshisidagi “davlat standartlariga” degan so‘zlar “milliy standartlarga” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
14. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 1-aprelda qabul qilingan “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-680-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 4, 286-modda) 12-moddasining uchinchi qismidagi “davlat standartlarida” degan so‘zlar “milliy standartlarda” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
15. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 23-iyulda qabul qilingan “Fazoviy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘RQ-702-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 7, 662-modda) 14-moddasining matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Qonunda Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasi deganda tashkiliy tuzilmani, ilmiy-texnika siyosatini, texnik va dasturiy vositalarni, bazaviy va sohaga oid fazoviy ma’lumotlarni, metama’lumotlarni hamda metama’lumotlar bazalarini, fazoviy ma’lumotlar servislarini, normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilishi mumkin bo‘lgan fazoviy ma’lumotlarni ishlab chiqish, yangilash, ularga ishlov berish va integratsiyalash masalalari bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni o‘z ichiga oladigan tizim tushuniladi”.
16. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 26-noyabrda qabul qilingan “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘RQ-731-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 11, 1063-modda) quyidagi o‘zgartishlar kiritilsin:
15-modda to‘rtinchi qismining:
ikkinchi xatboshisidagi “davlat standartlariga” degan so‘zlar “milliy standartlarga” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshisidagi “davlat standartlari” degan so‘zlar “milliy standartlar” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
24-moddaning ikkinchi qismidagi “davlat standartlariga” degan so‘zlar “milliy standartlarga” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:
1) O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 28-dekabrda qabul qilingan “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi 1002-XII-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-yil, № 2, 46-modda);
2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 28-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunini amalga kiritish tartibi haqida”gi 1003-XII-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-yil, № 2, 47-modda);
3) O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 26-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 82-II-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, № 5-6, 153-modda) X bo‘limi;
4) O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 25-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 482-II-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 5, 67-modda) VII bo‘limi;
5) O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrda qabul qilingan “Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilganligi hamda ularning moliyaviy javobgarligi erkinlashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-59-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 536-modda) 5-moddasi;
6) O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 3-aprelda qabul qilingan “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi O‘RQ-202-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 4, 129-modda);
7) O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 30-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-352-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, № 4, 98-modda) 8-moddasi;
8) O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi O‘RQ-355-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, № 10, 263-modda) 5-moddasi;
9) O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 13-iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi O‘RQ-436-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 6, 300-modda) 9-moddasi;
10) O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi O‘RQ-446-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 9, 510-modda) 12-moddasi;
11) O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrda qabul qilingan “Ba’zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-597-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 12, 891-modda) 4-moddasi;
12) O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-683-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 36-moddasi.
29-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
30-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
31-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n ikki oy o‘tgach kuchga kiradi.
Ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi standartlari va O‘zDSt abbreviaturasi belgisi bilan qabul qilingan tegishli hujjatlar milliy standartlar deb hisoblanadi hamda ular ushbu Qonun kuchga kirgan kundan e’tiboran besh yil ichida qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 3-noyabr,
O‘RQ-800-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2022-y., 03/22/800/0990-son; 08.08.2024-y., 03/24/939/0595-son; 28.12.2024-y., 03/24/1015/1087-son; 30.07.2025-y., 03/25/1076/0672-son; 18.10.2025-y., 03/25/1088/0948-son; 25.03.2026-y., 03/26/1123/0271-son)