Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 6-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3380-1]
Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3150-son “Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi va 2018-yil 3-iyuldagi PQ-3832-son “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2022-yil 14-iyuldagi 32-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3380, 2022-yil 15-avgust) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2022-y., 10/22/3380/0742-son) bilan tasdiqlangan Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilgan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2024-yil 11-yanvar,
4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2024-yil 11-yanvardagi 4-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 14-bandning “v” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“v) litsenziya talabgorining rahbariyati (rahbar, uning oʻrinbosarlari) va taʼsischilari chet el fuqarolari boʻlganda, mazkur Nizomning 9-bandi “z” kichik bandida nazarda tutilgan jinoyatlar boʻyicha belgilangan tartibda legallashtirilgan yoki apostil qoʻyilgan tegishli xorijiy mamlakatning vakolatli organidan olingan sudlanmaganligi haqidagi maʼlumotnoma hamda uning Oʻzbekiston Respublikasi davlat tiliga notarial tartibda tasdiqlagan tarjimasi;”.
2. 24-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“24. Litsenziyani berish toʻgʻrisidagi arizani rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
ushbu Nizomning 14-bandida nazarda tutilgan hujjatlarning litsenziya talabgori tomonidan toʻliq boʻlmagan hajmda taqdim etilganligi;
litsenziya talabgorining litsenziya talablari hamda shartlariga muvofiq emasligi;
bir yil muddatga litsenziyani olish yoki sudning qaroriga (hukmiga) asosan shaxsga nisbatan muayyan faoliyat turi bilan shugʻullanish taqiqlanganligi;
litsenziya talabgori tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjudligi;
talabgorning mansabdor shaxslari va (yoki) taʼsischilarning mazkur Nizomning 9-bandi “z” kichik bandida nazarda tutilgan jinoyatlarda ishtirok etganligi yoki ishtirok etishda gumonlanayotganligi haqida maʼlumotlar mavjudligi.
Litsenziyani berishni maqsadga muvofiq emas degan vajlar bilan yoxud boshqa asoslarga koʻra rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.”.
3. 31-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“31. Hujjatlarni takroran koʻrib chiqishda litsenziyalovchi organ tomonidan talabgorga ilgari bayon qilinmagan rad etish sabablarini keltirishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan ilgari koʻrsatilgan sabablar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan bogʻliq rad etish sabablari keltirilishi hamda mazkur Nizomning 24-bandi oltinchi xatboshisida nazarda tutilgan holatlar mustasno.”.
4. 50-band quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Ushbu bandning yettinchi va sakkizinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda bir yil davomida qaytadan litsenziya berilmaydi. Mazkur talab litsenziatning muassisi yoki benefitsiar mulkdori tomonidan tashkil etiladigan yangi tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2024-y., 10/24/3380-1/0104-son)