Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimchalar kiritish haqida
Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlariga qulayliklar yaratish hamda ushbu sohadagi byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, jumladan, ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishda kompozit usulni qoʻllagan holda boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, hunarmandchilik subyektlari “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlishida eskirgan, idoraga qogʻoz shaklda ariza va hujjatlarni taqdim etish tartibi saqlanib qolmoqda.
Tadbirkorlik subyektlarining masofaviy elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 9-noyabrdagi PF-244-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq hunarmandchilik subyektlari hisoblangan yakka tartibdagi tadbirkorlarni roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida ariza beruvchilar xohishiga koʻra “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlish haqidagi arizani kompozit usulda qabul qilishni nazarda tutuvchi qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimida hunarmandchilik faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha hunarmandchilik subyektlari hisoblangan yakka tartibdagi tadbirkorlarni roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida ariza beruvchilar xohishiga koʻra “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlish haqidagi arizasini “Hunarmand” uyushmasiga kompozit usulda yuborish imkoniyatini yaratsin.
3. “Hunarmand” uyushmasiga hunarmandchilik subyektlari hisoblangan yakka tartibdagi tadbirkorlarni roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida ariza beruvchilarning “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlish haqida Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali berilgan arizalarini qabul qilish va natijasini mazkur tizim orqali yuborish tavsiya etilsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 13-oktabr,
538-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 13-oktabrdagi 538-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimchalar
VIII band quyidagi mazmundagi “8 — 3” pozitsiya bilan toʻldirilsin:
|
“ |
|||
|
8 — 3 |
“Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlasizmi? |
|
|
|
”; |
8-izoh quyidagi mazmundagi 4-kichik band bilan toʻldirilsin:
“4) “Hunarmand” uyushmasi tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorni “Hunarmand” uyushmasi aʼzoligiga qabul qilish yoki qabul qilishni rad etish haqidagi xabarnoma uning Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimidagi shaxsiy kabinetiga yoki Davlat xizmatlari markaziga yuboriladi.
“Hunarmand” uyushmasiga aʼzolik badali “Hunarmand” uyushmasi tomonidan belgilangan tartibda va miqdorda toʻlanadi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2023-y., 09/23/538/0775-son)