Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mamlakatda yuqori texnologiyalarga asoslangan sanoat yoʻnalishlarini jadal rivojlantirish, sanoat tarmoqlariga xususiy investitsiyalarni keng jalb etish orqali raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, hududlarda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish hisobidan aholi daromadlarini oshirish hamda yirik tarmoqlarga ilgʻor xalqaro standartlarga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish maqsadida:
1. Belgilansinki, davlat sanoat siyosatini amalga oshirish hamda sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha vazifa va funksiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuklanadi.
Bunda, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mahalliy sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish, investitsiya, eksport, mahalliylashtirish va sanoat zonalarini rivojlantirish masalalari uchun masʼul hisoblanadi.
2. Quyidagilar Iqtisodiyot va moliya vazirligining sanoatni rivojlantirish boʻyicha asosiy vazifalari etib belgilansin:
yagona sanoat siyosatini amalga oshirish hamda sanoat tarmoqlarini rivojlantirish borasida zamonaviy mexanizmlarni joriy etish;
hududlarning tabiiy xomashyo, mehnat resurslarini va “nisbiy ustunliklarini” inobatga olgan holda sanoatni rivojlantirishga turtki beradigan yoʻnalishlarni belgilash va ularning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
sanoatning bazaviy tarmoqlari, jumladan neft-gaz, energetika, kimyo, togʻ-kon, mashinasozlik sanoatini rivojlantirish, raqobatbardoshligini oshirish, diversifikatsiya qilish hamda ularni isloh qilish strategiyalari va dasturlarini ishlab chiqish;
resurslarning tarmoqlararo va hududlar boʻyicha mutanosib ravishda taqsimlanishini hamda infratuzilmaning oʻzaro muvozanatlashgan rivojlanishini taʼminlash;
tegishli vazirliklar bilan birgalikda energiya resurslari, qimmatbaho va rangli metallar, boshqa strategik resurslarni ishlab chiqarish, ularning isteʼmol balansini shakllantirish va monitoring qilish hamda ishlab chiqarish kuchlarini optimal joylashtirish;
sanoat tarmoqlarida mehnat unumdorligini, energiya va boshqa ishlab chiqarish resurslari tejamkorligini oshirish, mahsulot tannarxini pasaytirish hamda operatsion samaradorlikni oshirishda zamonaviy mexanizm va yondashuvlarning qoʻllanilishi boʻyicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish;
muhim sanoat mahsulotlari boʻyicha bozor konyunkturasini oʻrganish asosida tegishli mahsulotlar bilan ichki bozor talabini qondirish va narxlar keskin oʻzgarishining oldini olish hamda sanoat korxonalarining mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish boʻyicha taklif va choralar ishlab chiqish.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga sanoatni rivojlantirish boʻyicha berilayotgan vakolatlarni inobatga olgan holda iqtisodiyot va moliya vazirining oʻrinbosarlariga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
a) vazirning birinchi oʻrinbosariga (I. Norqulov):
global iqtisodiy-moliyaviy vaziyatni va bozor konyunkturasini tahlil qilish asosida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportyorlarga taʼsiri boʻyicha xatarlarni baholash hamda ularning salbiy taʼsirini yumshatish va oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash maqsadida soha, tarmoq va hududlar kesimida manzilli prognoz parametrlarini shakllantirish;
b) vazir oʻrinbosariga (B. Xodjayev):
sanoat siyosatini ishlab chiqish va uning amalga oshirilishini tashkil etishga masʼul etib belgilagan holda Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarma va boʻlinmalarining sanoatni rivojlantirish yoʻnalishidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
yirik tarmoq korxonalari va hududlarda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini monitoring qilish hamda prognoz koʻrsatkichlariga erishishda mavjud xatarlarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrib borish;
bazaviy sanoat tarmoq korxonalarini transformatsiya qilish, ularda mahsulot va xizmat tannarxini pasaytirish, moliyaviy barqarorligini va operatsion samaradorligini oshirish;
Energetika vazirligi bilan birgalikda elektr energiyasi va tabiiy gaz bozorlarini isloh qilish va rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil etish;
iqtisodiyot tarmoqlarida tarif siyosatini tahlil qilish va takomillashtirish choralarini koʻrish;
v) vazir oʻrinbosariga (A. Boboyev) — hududlarda sanoatni rivojlantirish maqsadida ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha choralar koʻrish, sanoat zonalari va yangi ishga tushiriladigan yirik korxonalarning infratuzilma bilan taʼminlanganlik holatini tahlil qilish va ularni moliyalashtirish ishlarini muvofiqlashtirish.
4. Iqtisodiyot va moliya vazirligida xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda Sanoat siyosatini amalga oshirish va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish yoʻnalishlarini ishlab chiqish boʻyicha loyiha ofisi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha ofisi) tashkil etilsin va unga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
sanoatda iqtisodiy oʻsish “nuqta”larini aniqlash, hududlarda “drayver” sohalarni belgilash, yangi turdagi qoʻshilgan qiymati yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
sanoat tarmoqlarida ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxini pasaytirish va energiyadan samarali foydalanish, shu jumladan resurs va energiya tejamkorligini oshirish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqish;
sanoat tarmoqlarining tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini tahlil qilish, mahalliy ishlab chiqarish korxonalarida samaradorlikni va mehnat unumdorligini oshirish siyosatini ishlab chiqish;
sanoat sohalarini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda davlat tomonidan samarali qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini ishlab chiqish.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Loyiha ofisi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun, istisno tariqasida, xalqaro konsalting kompaniyalari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat etilsin.
5. Quyidagilar Iqtisodiyot va moliya vazirligiga oʻtkazilsin:
“Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK;
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi markaziy apparatining 45 ta shtat birligi.
6. Viloyat, shahar va tumanlarning iqtisodiyot va moliya boshqarmalari va boʻlimlarida sanoatni rivojlantirish va iqtisodiyotning resurslar bilan taʼminlanganligini tahlil qilish yigʻma boʻlimlari tashkil etilsin.
Vazirlar Mahkamasi (J. Xodjayev) ikki hafta muddatda mazkur Farmondan kelib chiqqan holda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi faoliyatini qayta tashkil etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasini kiritsin.
Bunda, sanoatni rivojlantirish va iqtisodiyotning resurslar bilan taʼminlanganligini tahlil qilish yigʻma boʻlimlari shtat birliklarini Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining hududiy boʻlinmalarida tegishli shtat birliklarini qisqartirish hisobiga shakllantirish nazarda tutilsin.
7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
Parij bitimining (Parij, 2015-yil 12-dekabr) 6-moddasiga muvofiq Barqaror rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash mexanizmi yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshirilishini muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organ (milliy organ) hisoblanishi;
“issiqxona gazlari savdosi”ni tartibga solish va amalga oshirishni muvofiqlashtirish va boshqarish, shuningdek, ushbu yoʻnalishda loyihalarni amalga oshirish davrida monitoring va hisobotlarni yuritish uchun masʼul organ sifatida ishtirok etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
8. Belgilansinki:
a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimida davlat muassasasi shaklida tashkil etilgan “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisi “issiqxona gazlari savdosi” sohasida davlat tomonidan tartibga solish va xalqaro hamkorlik boʻyicha ishchi organ hisoblanadi.
Bunda, ishchi organ uglerod birliklarining reyestrini shakllantirish va yuritish, “issiqxona gazlari savdosi” milliy tizimini joriy etish va faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, uglerod birliklarini sotish va sotib olishni tartibga solish faoliyatini amalga oshiradi;
b) “issiqxona gazlari savdosi” milliy tizimi 2024-yil 1-iyundan tajriba-sinov tariqasida yoʻlga qoʻyiladi hamda 2025-yil 1-yanvardan energetika va sanoat tarmoqlarida toʻliq joriy qilinadi;
v) respublika hududida amalga oshirilgan loyihalar asosida uglerod birliklarini xalqaro sertifikatsiyadan oʻtkazish va xalqaro “issiqxona gazlari savdosi” ixtiyoriy bozorlariga savdoga chiqarish uchun yoʻnaltirish Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan majburiy tartibda kelishiladi.
9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda “issiqxona gazlari savdosi” milliy tizimi, issiqxona gazlari kvotasi milliy rejasi hamda uglerod birliklarining reyestrini shakllantirish va joriy qilish masalalarini qamrab oluvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2024-yil 1-yanvardan boshlab kimyo sanoatini tartibga solish va muvofiqlashtirish funksiyalari quyidagicha taqsimlanadi:
a) Iqtisodiyot va moliya vazirligiga:
kimyo sanoatida islohotlarni amalga oshirish, tarmoqda ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, mavjud tabiiy resurslarni chuqur qayta ishlash va talab yuqori boʻlgan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish boʻyicha yagona siyosatni amalga oshirish;
kimyo sanoatida siyosatni belgilovchi strategik hamda oʻrta va uzoq muddatli rivojlanish va islohotlar dasturlari, shuningdek, boshqa dasturiy hujjatlarni ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
tarmoq korxonalarini transformatsiya qilish va ularning operatsion samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilash;
kimyo sanoati korxonalarini asosiy xomashyo bilan taʼminlash prognozlarini, shu jumladan ishlab chiqarish va resurs balanslarini shakllantirish hamda ijrosini muvofiqlashtirish;
b) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga:
kimyo sanoati tarmogʻidagi loyihalarga zamonaviy yuqori texnologiya uskunalar va innovatsion texnologiyalarni jalb qilish, mahalliy mahsulotlarni yangi tashqi bozorlarga chiqarishga koʻmaklashish;
yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga xususiy kapitalni, jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;
kimyo sanoati korxonalarida texnik standartlarni ishlab chiqish;
v) Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga:
davlat ulushiga ega boʻlgan tarmoq korxonalarida boshqaruv tizimini takomillashtirish, shu jumladan korporativ boshqaruv va barqaror rivojlanish boʻyicha xalqaro standartlarni joriy etish;
davlat ulushiga ega boʻlgan tarmoq korxonalarini xususiylashtirishni tashkil etish.
11. Vazirlar Mahkamasi (J. Qoʻchqorov) ikki oy muddatda ilovaga muvofiq kimyo sanoati korxonalaridagi “Oʻzkimyosanoat” AJning aksiya paketlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga oʻtkazilishini taʼminlasin.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Oʻzkimyosanoat” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda “Oʻzkimyosanot” AJ ulushi (aksiyalari) mavjud boʻlgan barcha korxonalarni xatlovdan oʻtkazib, ularni Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazish boʻyicha takliflarni kiritsin.
12. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
kaustik soda, kalsiylangan soda, qurilish oynasi, texnik kerosin, neft parafini, formalin mahsulotlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-noyabrdagi PQ-3386-son qarori bilan tasdiqlangan monopolist korxonalar tomonidan faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida sotiladigan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar, xomashyo va materiallarning roʻyxatidan (keyingi oʻrinlarda — Roʻyxat) chiqarish;
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga tovar-xomashyo birjalari savdolariga ruxsat etiladigan tovar va xomashyolarga mezonlar va tavsiflarni belgilash hamda Roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqini berish.
13. Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi 2024-yil 1-martga qadar Oʻzbekiston Respublikasining “Tovar-xomashyo birjalari toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin hamda unda, shu jumladan, tovar-xomashyo birjalarining faoliyat yuritish tartibi va xususiyatlari, birja orqali sotiladigan tovarlarga qoʻyiladigan talablar, moliyaviy hosilaviy instrumentlarni chiqarish mexanizmlari nazarda tutilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi “Gidroenergetikani yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-44-son qarori 6-bandining “a” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi (J. Qoʻchqorov) bir hafta muddatda “Oʻzbekgidroenergo” AJ tarkibidagi gidroelektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini xarid qilish tariflarini “Oʻzbekgidroenergo” AJning investitsiya dasturlarini moliyalashtirish uchun yetarli miqdorda tasdiqlasin.
15. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
Oldingi tahrirga qarang.
2023-yil 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot va moliya vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini;
(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
ikki oy muddatda Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
16. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 12-oktabr,
PF-169-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-oktabrdagi PF-169-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga “Oʻzkimyosanoat” AJning aksiya paketlari oʻtkazib beriladigan korxonalar
ROʻYXATI
|
Korxona nomi |
Berilayotgan ulushlar (foizda) | ||
|
Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga |
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga | ||
|
1. |
“Dehqonobod kaliy zavodi” AJ |
53,37 |
46,63 |
|
2. |
“Qoʻngʻirot soda zavodi” QK MChJ |
49 |
|
|
3. |
“Kimyotrans-logistik” MChJ |
100 |
|
|
4. |
“Hamkor-kimyoservis” MChJ |
100 |
|
|
5. |
“Kimyotrans” MChJ |
25 |
|
Izoh: Korxonalarning aksiya paketlari (ulushlari) jamiyatlarning aksiyadorlar umumiy yigʻilishlarida tegishli qarorlar qabul qilingandan soʻng oʻtkazib beriladi. Bunda “Oʻzkimyosanoat” AJ ustav kapitali oʻtkazib beriladigan ulushlarning balans (qoldiq) qiymatiga kamaytiriladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2023-y., 06/23/169/0769-son; 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)