Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yaylov yerlardan foydalanish sohasidagi qonunchilik hujjatlari takomillashtirilganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 504-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida chegara rejimi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda yaylov yerlarni muhofaza qilish, ulardan samarali foydalanishni taʼminlash hamda degradatsiyasiga qarshi kurashish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan yaylov yerlardan samarali va maqsadli foydalanishni tashkil etish, ushbu sohada taʼsirchan davlat nazorati va oqilona boshqaruvini amalga oshirish vazifalari yuklatildi.
Shu bilan birga, yaylov yerlardan foydalanishda ochiq va oshkoralikni taʼminlash, barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun teng sharoitlar yaratish, chegaraoldi zonasi va chegaraoldi mintaqasidagi yaylov yerlardan foydalanish, shuningdek, yaylov yerlarda yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor oʻsimliklarning nobud boʻlishi va nazoratsiz yigʻib olinishining oldini olish zarurati mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 16-fevraldagi PF-24-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish koʻmitasining doimiy foydalanishida boʻlgan chegaraoldi zonasi va chegaraoldi mintaqasidagi yaylov yerlardan samarali hamda maqsadli foydalanishni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasining doimiy foydalanishida boʻlgan chegaraoldi zonasi va chegaraoldi mintaqasidagi yaylov yerlardan foydalanish tartibi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasining doimiy foydalanishida boʻlgan chegaraoldi zonasi va chegaraoldi mintaqasidagi yaylov yerlarda geodeziya, topografiya, geologiya, gidrogeologiya, yoʻlsozlik va boshqa izlanishlar, shuningdek, chegara daryolari, koʻllari va boshqa suv havzalarining suv rejimini oʻzgartirish bilan bogʻliq gidrotexnik, melioratsiya, chorva mollarini boqish, qishloq xoʻjaligi va boshqa ishlarni amalga oshirish tartibi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi hamda Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari bilan birgalikda 2024-yil 1-martga qadar chegaraoldi zonasi va chegaraoldi mintaqasidagi yaylov yerlarni xatlovdan oʻtkazsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev va Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri A.B. Voitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 9-oktabr,
534-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 700-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2024-y., 09/24/700/0850-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.10.2023-y., 09/23/534/0762-son; 25.10.2024-y., 09/24/700/0850-son)