Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining
buyrugʻi
Elektr priborlari va tashkiliy texnika bilan ishlashda, ularni taʼmirlash va ularga xizmat koʻrsatishda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 20-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2466-1]
Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi va “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2013-yil 14-maydagi 34-B-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2466, 2013-yil 7-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 23-son, 310-modda) bilan tasdiqlangan Elektr priborlari va tashkiliy texnika bilan ishlashda, ularni taʼmirlash va ularga xizmat koʻrsatishda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Mazkur buyruq ilovasining 8-bandi 2023-yilning 5-noyabridan amalga kiritiladi.
Vazir B. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 22-iyun,
48-2023/B-son
Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 22-iyundagi 48-2023/B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Elektr priborlari va tashkiliy texnika bilan ishlashda, ularni taʼmirlash va ularga xizmat koʻrsatishda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Muqaddima qoʻyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Qoidalar elektr priborlari va tashkiliy texnika bilan ishlashda, ularni taʼmirlash va ularga xizmat koʻrsatishda mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.”.
2. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Oʻzbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq, ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq boʻlgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini taʼminlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha tegishli tayyorgarlikka ega boʻlgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Ellikta va undan ortiq transport vositasi mavjud boʻlgan tashkilotda yoʻl harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etiladi yoki yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam boʻlgan tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassis lavozimini joriy etish toʻgʻrisidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur tashkilot faoliyatining oʻziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.”.
3. 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Mehnatni muhofaza qilish xizmati va yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tashkilotning mustaqil tarkibiy boʻlinmalari boʻlib, ular bevosita tashkilot rahbariga boʻysunadi.”.
4. 10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.”.
5. 34-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
6. 82-banddagi “davlat sanitariya nazorati organlari” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining hududiy boshqarmalari yoki tuman (shahar) boʻlimlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
7. 124-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“124. Tashkilotlarda elektr qurilmalarni oʻrnatish va ulardan foydalanishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son qarori bilan tasdiqlangan Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari va mazkur Qoidalar talablariga rioya qilinishi kerak.”.
8. 189-banddagi “davlat standartlari” degan soʻzlar “milliy standartlar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2023-y., 10/23/2466-1/0513-son)