Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Hukumati oʻrtasida
Bitim
Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Tashki ishlar vazirligi tomonidan davlat reyestrida 4500-Ge-2023-H tartib raqami bilan roʻyxatga olindi.]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Hukumati keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
savdodagi texnik toʻsiqlarni bartaraf etish maqsadida,
texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasidagi ushbu hamkorlikni rivojlantirishga intilib, bunda xalqaro tashkilotlar tarafidan ushbu sohada qabul qilingan prinsiplar va normalardan kelib chiqib,
texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasida hamkorlikda ishlarni amalga oshirish zarurligini eʼtirof etib,
Tomonlarning har birining iqtisodiy manfaatlarini hisobga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlarning texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasidagi hamkorligi mazkur Bitimga va Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
2-modda
Mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirish uchun Tomonlarning vakolatli organlari quyidagilar hisoblanadi:
Gruzin tomoni tarafidan — Gruziya Iqtisodiyot va izchil taraqqiyot vazirligi va Ommaviy huquq yuridik shaxsi — Gruziya Standartlar va metrologiya boʻyicha milliy agentligi;
Oʻzbek tomoni tarafidan — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi.
Koʻrsatilgan vakolatli organlarning nomlanishi yoki funksiyalarida oʻzgarishlar boʻlgan hollarda, Tomonlar oʻz vaqtida diplomatik kanallar orqali xabardor qilinadilar.
3-modda
1. Tomonlar standartlashtirish, oʻlchovlarning birligini va muvofiqlikni baholashni taʼminlovchi milliy tizimlarini oʻzaro tan olib, mazkur Bitimning 2-moddasida belgilangan vakolatli idoralar orqali oʻz vakolatlari doirasida quyidagi sohalarda hamkorlikni amalga oshirishni taʼminlaydilar:
a) Texnik jihatdan tartibga solish:
xalqaro talablarga zid boʻlmagan milliy texnik reglamentlarni ishlab chiqish;
mavjud milliy texnik reglamentlar toʻgʻrisida maʼlumotlarni almashish.
b) Standartlashtirish:
oʻzaro yetkazib beriladigan mahsulotlardagi milliy standartlarni xalqaro standartlar bilan muvofiqlashtirish;
standartlashtirish sohasida axborot texnologiyalaridan foydalanish;
v) Muvofiqlikni baholash:
Tomonlar boshqa Tomonning akkreditatsiyadan oʻtgan va (yoki) tayinlangan (vakolatli) muvofiqlikni baholash idoralari, sinov laboratoriyalari va markazlarini, ular tarafidan berilgan sertifikatlarni va oʻzaro yetkazib berilgan mahsulot uchun sinov natijalarini tan oladilar;
mahsulotning xavfsizligi uchun ishlab chiqaruvchi hamda muvofiqlikni baholash ishlari natijalarining ishonchliligi uchun akkreditatsiyadan oʻtgan va (yoki) tayinlangan (vakolatli) idora javobgar hisoblanadi;
Tomonlar mazkur Bitim asosida import qilinadigan mahsulotlarni Tomonlar davlatlari qonunchiligiga muvofiq tanlab nazorat qilish huquqiga egadirlar. Basharti mahsulotdagi kamchiliklar inson hayoti, sogʻligʻi, mol-mulki yoki atrof-muhit uchun xavfli deb topilsa, Tomonlar oʻz davlatlarining qonunchiligiga muvofiq choralar koʻradilar.
g) Metrologiya:
Tomonlar quyidagilarni tan oladilar:
oʻlchov vositalarini tasdiqlash, qiyoslash, kalibrlash, metrologik attestatsiyalash boʻyicha davlat sinovlari (sertifikatlar, guvohnomalar) natijalarini;
oʻlchash vositalarini qiyoslash, kalibrlash, metrologik attestatsiyadan oʻtkazuvchi vakolatli va akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalar va markazlarini;
moddalar va materiallar tarkibi va xossalarining standart namunalari, fizik konstantalar va moddalar hamda materiallarning xossalari boʻyicha namunaviy maʼlumotlar, har ikkala Tomonning davlatlarida tasdiqlangan oʻlchov birliklarining davlat maʼlumotnomalarini.
2. Mazkur Bitim Oʻzbekiston Respublikasi va Gruziya hududlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga nisbatan qoʻllaniladi.
4-modda
Tomonlar quyidagilarni almashishga kelishib oldilar:
a) texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasidagi qonun hujjatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
b) texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasidagi oʻquv qoʻllanmalari, seminar va konferensiya dasturlarini.
5-modda
Tomonlar kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, mutaxassislar bilan almashish, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasidagi ishlarni tashkil qilish uchun korxonalar, jamoat tashkilotlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish va ushbu hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishda hamkorlik qiladilar.
6-modda
Tomonlar qabul qilingan hujjatlar va mazkur Bitim doirasida amalga oshirilgan tadbirlar va erishilgan ilmiy-texnikaviy natijalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning maxfiyligini, basharti Tomonlardan biri ularning maxfiyligini qayd etsa, taʼminlaydilar.
Mazkur Bitim doirasida Tomonlardan biri tarafidan hamkorlik jarayonida olingan hujjatlar va ilmiy-texnikaviy maʼlumotlar uchinchi tomonga faqat ushbu hujjatlar va maʼlumotlarni taqdim etgan Tomonning yozma roziligi bilan taqdim etilishi mumkin.
7-modda
Mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirish uchun mazkur Bitimning 2-moddasida belgilangan har ikkala Tomonning vakolatli organlari ikki tomonlama idoralararo hujjatlar tuzishlari mumkin.
8-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllash yuzasidan Tomonlar oʻrtasida yuzaga keladigan nizo va kelishmovchiliklar Tomonlarning vakolatli idoralari oʻrtasidagi maslahatlashuvlar va muzokaralar orqali hal qilinadi.
9-modda
Mazkur Bitim Tomonlar davlatlarining ular ishtirok etadigan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquqlari va majburiyatlariga taʼsir qilmaydi.
10-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga asosan mazkur Bitimning 12-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradigan va uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan mazkur Bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
11-modda
Mazkur Bitim doirasida hamkorlikni moliyalashtirish Bitimning 2-moddasida belgilangan vakolatli organlar oʻrtasidagi kelishuvlar asosida amalga oshiriladi.
12-modda
1. Mazkur Bitim besh yil muddatga tuziladi va imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi. Basharti Tomonlardan biri navbatdagi muddat tugallangunga qadar kamida olti oy oldin mazkur Bitimning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida ikkinchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amal qilishi keyingi besh yillik davrga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
2. Mazkur Bitim kuchga kirgandan soʻng 1996-yil 28-mayda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Hukumati oʻrtasida standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning amal qilishi tugatiladi.
Toshkent shahrida 2023-yil 1-aprelda, ikki nusxada, har biri oʻzbek, gruzin va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar autentikdir.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda tafovutlar yuzaga kelgan hollarda, Tomonlar rus tilidagi matndan foydalanadilar.
(imzolar)