Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Hukumati oʻrtasida
Bitim
Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
1996-yil 28-may, Tbilisi
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Hukumati keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataladi,
ikkala davlat oʻrtasida tarixan shakllangan munosabatlarni eʼtiborga olib,
iqtisodiy va savdo munosabatlaridagi texnik toʻsiqlarni bartaraf etish, mahsulotlarning oʻzaro mosligini, oʻzaro bir-birini almashtirishini taʼminlash, ularning odamlar hayoti va salomatligi uchun xavfsizligini, atrof muhit muhofazasini taʼminlash maqsadida,
standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga intilib, bunda xalqaro tashkilotlar tomonidan ushbu sohada qabul qilingan prinsiplar va normalardan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-modda
Tomonlar standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar va mustahkamlaydilar, jumladan standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish milliy tizimlarini ushbu sohada xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilingan tizimlar bilan birxillashtiradilar.
2-modda
Tomonlar, zarurat boʻlganda, Oʻzbekiston davlat standartlari Gruziya hududida va tegishlicha, Gruziya davlat standartlari Oʻzbekiston hududida qoʻllanilishiga koʻmaklashadilar. Tomonlar, zarurat boʻlganda, standartlar va boshqa normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qoʻllash masalalari boʻyicha bir-birlariga tashkiliy, metodik va amaliy yordam koʻrsatadilar.
3-modda
Tomonlar sertifikatlashtirish organlarini, sinov laboratoriyalari (markazlari)ni, sinov va sertifikatlashtirish natijalarini oʻzaro yetkazib beriladigan mahsulotlarga sertifikatlarni va muvofiqlik belgilarini “Oʻzdavstandart” markazi bilan “Gruzstandart” oʻrtasida qoʻshimcha ravishda kelishiladigan shartlarda oʻzaro tan oladilar.
Tomonlar milliy tizimlarda akkreditatsiya etish moʻljallanayotgan sertifikatlashtirish boʻyicha organlar, sinov laboratoriyalari roʻyxati toʻgʻrisidagi axborotni muntazam ayirboshlaydilar hamda ularni akkreditatsiya qilishda qatnashishlari mumkin.
4-modda
Tomonlar sertifikatlashtirish xalqaro tizimlarida mustaqil qatnashadilar. Mazkur Bitim Tomonlarning sertifikatlashtirishning xalqaro tizimlari qoidalaridan kelib chiquvchi huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
5-modda
Tomonlar:
modda va materiallarning tarkibi va xossalarining standart namunalarini, buyumlar va moddalarning fizik konstantlari va xossalari toʻgʻrisidagi standart maʼlumotlarni, sinovlar va turlarni tasdiqlash, metrologik attestatsiyalar, oʻlchov vositalarini tekshirish va kalibrlashning davlatlarda tasdiqlangan kattalik birliklari davlat etalonlarini oʻzaro tan oladilar;
davlatlarda akkreditatsiya qilingan sinov, tekshirish, kalibrlash va oʻlchash laboratoriyalari (markazlari)ni, sertifikatsiyalash organlarini, sertifikatlarni va oʻzaro yetkazib beriladigan oʻlchov vositalariga muvofiqlik belgilari natijalarini tan oladilar.
6-modda
Tomonlar kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishda, mutaxassislar ayirboshlashda, normativ-texnik hujjatlar tayyorlash, metrologiya va sertifikatlashtirish ishlarini tashkil etish boʻyicha korxonalar, tadbirkorlar, jamoat tashkilotlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar oʻrnatilishiga koʻmaklashadilar hamda ushbu oʻzaro hamkorlik uchun qulay sharoitlar yaratadilar.
7-modda
Tomonlar standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish boʻyicha turli xalqaro tashkilotlarda hamkorlik qiladilar va ularning ishi toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiladilar, soʻrovlar boʻyicha xalqaro standartlar matnlari bilan belgilangan tartibda oʻzaro taʼminlaydilar.
Tomonlar, agar ularning maxfiy tusdaligidan Tomonlardan biri xabardor qilingan boʻlsa, olingan hujjatning va mazkur Bitim doirasida amalga oshiriladigan ishlar toʻgʻrisidagi axborotning hamda erishilgan ilmiy-texnik natijalarning maxfiyligini taʼminlaydilar.
8-modda
Hamkorlik davomida Tomonlardan biri tomonidan olinadigan ilmiy-texnik axborot ushbu axborotni bergan Tomonning roziligi bilangina uchinchi Tomonga berilishi mumkin.
9-modda
Mazkur Bitim qoidalari zarurat boʻlganda “Oʻzdavstandart” markazi bilan “Gruzstandart” oʻrtasida tuziladigan qoʻshimcha bitimlar va (yoki) protokollar bilan aniqlashtiriladi.
10-modda
Mazkur Bitimda nazarda tutilgan ishlarni muvofiqlashtirish va ularni amalga oshirish:
Oʻzbekiston Respublikasida — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiya markaziga;
Gruziyada — Gruziya Respublikasi davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiya Departamentiga yuklatiladi.
11-modda
Mazkur Bitim Tomonlar tomonidan standartlashtirish, metrologiya va sertifikatsiyalash sohasida ilgari tuzilgan shartnomalardan kelib chiquvchi majburiyatlarga daxl qilmaydi.
Mazkur Bitimni bajarish va talqin qilish bilan bogʻliq boʻlgan barcha nizolar muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
12-modda
Mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi, besh yil davomida amal qiladi va agar Tomonlardan ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish haqidagi oʻz niyati toʻgʻrisida Bitimning amal qilishining navbatdagi davri tamom boʻlishidan kamida olti oy oldin ikkinchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, keyingi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
1996-yil 28-mayda Tbilisi shahrida oʻzbek, gruzin va rus tillarida ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Mazkur bitimning qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)